Yangilangan sana: 2013-05-17 Ko`rilgan: 1492

Asosiy e’tibor – “elektron hukumat”ga

      “O‘zekspomarkaz”da har yili o‘tkazib kelinayotgan dasturiy mahsulotlar ko‘rgazmasi va mamlakatimiz dasturchilari forumi ish boshladi.

      Tadbir O‘zbekiston axborot texnologiyalari korxona va tashkilotlari uyushmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi, Vazirlar Mahkamasining Kompyuterlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengashi hamda Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi ko‘magida tashkil etildi.

Asosiy e’tibor – “elektron hukumat”ga

      Ettinchi marotaba o‘tkazilayotgan “Best Soft Uzbekistan – 2013” ko‘rgazmasi va forumida mamlakatimiz softver sanoatining biznes-hamjamiyatlar, davlat hokimiyati hamda boshqaruvi organlari, aholi keng qatlamlari uchun mo‘ljallangan yutuqlari namoyish etilmoqda.

      O‘zbekistonda dasturiy mahsulotlar bozori jadal sur’atda rivojlanmoqda. Bunga Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan sohani rivojlantirishga qaratilayotgan ulkan e’tibor, ishlab chiqaruvchilar huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida shakllangan qonunchilik bazasi yordam bermoqda. Natijada, telekommunikatsiya infratuzilmasi, mobil aloqa va boshqa xay-tek mahsulotlarini rivojlantirishga qaratilgan qator yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi A.Jo‘raboyev, Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Sh.Shermatov va boshqalar shu haqda gapirdi.

      “Best Soft Uzbekistan – 2013” ko‘rgazmasi buning yorqin isbotidir. Uning ekspozitsiyasi yildan yilga kengayib bormoqda. Masalan, o‘tgan yili ko‘rgazmada qariyb 40 milliy dasturiy ta’minot ishlab chiquvchilari ishtirok etib, o‘zining 80 dan ortiq ishlanmasini namoyish etgan bo‘lsa, bu yil 60 ga yaqin kompaniya qariyb 120 dasturiy mahsulotni taqdim etmoqda. Ular orasida xalqaro IT-kompaniyalar, ishlab chiqaruvchilar va integratorlar, kontent-ishlab chiquvchilar, xizmat ko‘rsatuvchi provayderlar bor.

      – O‘zbekistonning dasturiy mahsulotlar bozori katta salohiyatga ega va u IT-makonining xorijiy kompaniyalarida katta qiziqish uyg‘otmoqda, – deydi “SK c&c” kompaniyasi bosh direktori Daniyel Kim (Janubiy Koreya). – Shu sababli, ko‘rgazmada, birinchi navbatda, O‘zbekiston korxonalari va tashkilotlari bilan yangi dasturiy ta’minotni ishlab chiqish hamda joriy etish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida ishtirok etmoqdamiz.

      Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning hududiy bo‘limlari ekspozitsiyasi ko‘rgazmaga tashrif buyurganlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Oliy o‘quv yurti talabalari tomonidan yaratilgan “Multimedia amaliy dasturlar paketi” kursi bo‘yicha masofadan turib o‘qitish uchun multimedia o‘quv qo‘llanmasi, elektron tarjimon dasturiy ta’minoti, ingliz tili mobil navigatori, plastik kartochkalardan foydalangan holda davomatni ro‘yxatga va hisobga olish tizimi namoyish etilmoqda. Eng yaxshi ishlanmalar alohida stenddan joy olgan. Ular orasida yangi “Antispam” dasturiy mahsuloti ham bor.

      – Ko‘rgazmada 99 foizgacha spam-xabarlarni tahlil etish va blokirovka qilish imkonini beradigan “Antispam” ishlanmam namoyish etilayotganidan xursandman, – deydi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti magistranti Temur Rafiqov. – Bunday tadbirlar samarasi va yosh dasturchilar ko‘magida tadqiqot o‘tkazish, tajriba almashish va softver sohasini rivojlantirishga hissa qo‘shish imkoniga ega bo‘lmoqdamiz.

      Yosh dasturchilarni tayyorlash va qo‘llab-quvvatlash markazi vorisi bo‘lgan “BePro” dasturchilar markazining stendi ham qiziqish uyg‘otmoqda. Markaz “Doppix” operatsiya tizimi, ob’ektlarga tashrif buyuruvchilarni ro‘yxatga va hisobga olish, nazorat qilish uchun “BuyurtmaData”, “KaDaTa” axborot-kutubxona markazlarining dasturiy ta’minoti, poliklinikalar va statsionarlarda biznes-jarayonni avtomatlashtirish uchun “MedData” dasturiy ta’minoti kabi ishlanmalarni bu yerga tashrif buyurganlar e’tiboriga havola etmoqda.

      Mazkur “Best Soft Uzbekistan – 2013” ko‘rgazmasi doirasida davlat hokimiyati organlari faoliyatini tashkil etishning yangi shakli – axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng qo‘llash hisobidan tashkilotlar hamda fuqarolarning davlat xizmatlaridan foydalanish va davlat hokimiyati hamda boshqaruvi organlari faoliyati natijalari haqida axborot olish tezkorligi va qulayligini ta’minlaydigan “elektron hukumat” tizimini joriy etishga alohida e’tibor berilayotganini ta’kidlash joiz.

Asosiy e’tibor – “elektron hukumat”ga

      Mutaxassislarning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda “elektron hukumat” tizimini shakllantirish ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Buni mamlakatimizda davlat boshqaruvining barcha jabhasiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini izchil joriy etishga doir amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar taqozo etmoqda. Ayni paytda davlat hokimiyati organlari tomonidan veb-saytlar va O‘zbekiston Respublikasi hukumat portalida 400 dan ortiq interfaol xizmatlar ko‘rsatilmoqda.

      Ko‘rgazma doirasida Adliya va Xalq ta’limi vazirliklari, Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat statistika qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi, “O‘zbekenergo” davlat aksiyadorlik kompaniyasi va boshqalar o‘zining interfaol xizmatlarini namoyish etayotir.

      Davlat organlari tomonidan aholi va xususiy sektorga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish orqali taqdim etilayotgan xizmatlar sifatini oshirish istiqbollari bilan dasturchilar forumida tanishish mumkin. Forumda dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish va joriy etish sohasining yetakchi mutaxassislari qatnashmoqda.

      Uni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad “elektron hukumat”ni shakllantirish va takomillashtirish, dasturiy ta’minot sohasini, tarmoqni rivojlantirishga oid me’yoriy-huquqiy bazani, shuningdek, IT-mutaxassislarni tayyorlashni institutsional qo‘llab-quvvatlash masalalarini muhokama etishdan iborat.

      Ko‘rgazma va forum doirasida seminarlar, konferensiyalar, mahorat saboqlari, tajriba almashish tadbirlari, davra suhbatlari, bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi bo‘lib o‘tadi.

      Shuningdek, “Best Soft Uzbekistan – 2013” dasturiy mahsulotlar tanlovining turli nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar taqdirlanadi.

"O‘qituvchi" nashriyot-matbaa ijodiy uyi ("O‘qituvchi" NMIU) umumta`lim maktablari, oliy o`quv yurtlari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari uchun original, tarjima darsliklar, o`quv qo`llanmalar, shuningdek, o`qituvchilar uchun metodik qo`llanmalar nashr etadi. Buyurtma

Batafsil ma`lumot

Asosiy e’tibor – “elektron hukumat”ga O‘qituvchi NMIU umumta'lim maktablari, oliy o'quv yurtlari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari uchun original, tarjima darsliklar, o'quv qo'llanmalar, shuningdek, o'qituvchilar uchun metodik qo'llanmalar nashr e

Yangiliklarni o‘qishni tavsiya etamiz

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qarori

      2013/2014 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalariga qabul to‘g‘risida.

      Umumta’lim maktablarining 9-sinflari bitiruvchilarini kasb-hunar kollejlarida va akademik litseylarda o‘qitish bilan to‘liq qamrab olishni, respublika mintaqalari iqtisodiyoti tarmoqlari va sohalarida talab yuqori bo‘lgan kasblar va mutaxassisliklar bo‘yicha o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumotli kadrlarni maqsadli va sifatli tayyorlashni ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

Ma’naviyat va ma’rifat bayrami

      Poytaxtimizning G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi bosh direktori O.Yunusov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi M.Ahmedov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida...

Mashhur yangiliklar

Войти / Регистрация
Закладки
Корзина покупок
Оформление заказа
Интернет-магазин книги в Ташкенте