Yangilangan sana: 2013-05-09 Ko`rilgan: 2506

Tinchlik va osoyishtalik – barcha yutuq va marralarimizning asosidir

Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 9-may – Xotira va qadrlash kuni mamlakatimizda umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanmoqda

Ajdodlar xotirasini yod etib, ezgu ishlarini davom ettirish, bugun saflarimizda yurgan, osmonimiz musaffoligi, yurtimiz ravnaqi yo‘lida xizmat qilgan nuroniylarni e’zozlash xalqimizga xos ezgu fazilatlardandir.

Prezidentimiz Islom Karimovning 2013-yil 25-aprelda qabul qilingan “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmoni urushda halok bo‘lgan yurtdoshlarimiz xotirasiga, olovli janggohlardan omon qaytgan bobolarimizga, og‘ir kunlarni sabr-bardosh bilan yenggan momolarimizga ko‘rsatilayotgan ehtiromning yana bir yorqin ifodasidir. Mazkur farmonga muvofiq barcha shahar va tumanlarda, qishloq va mahallalarda urush qatnashchilari va nogironlariga pul mukofotlari va bayram sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.

Bugun oramizda bo‘lgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining holidan xabar olish, tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish – jamoatchiligimizning doimiy e’tiborida.

Ilgari, sovet tuzumi davrida 9-may asosan G‘alaba bayrami sifatida butun SSSR hududida katta dabdaba bilan nishonlanardi. Qizil maydonlarda harbiy paradlar o‘tkazilar, pioner va komsomollar, ishchi va dehqon sinfi vakillari saf tortib o‘tardi, minbarda esa sho‘ro dohiylari turar edi. Afsuski, bunday manzarani bugun ham sobiq sovet hududidagi ayrim mamlakatlarda ko‘rish, kuzatish mumkin.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bundan 15-yil oldin mamlakatimizda bu sanaga Xotira va qadrlash kuni deb nom berilganidan keyin uning ma’no-mazmuni tubdan o‘zgardi. Poytaxtimizda, barcha viloyat va tuman markazlarida avvalgi “Noma’lum soldat” deb nom olgan, qandaydir mavhum g‘oyani ifoda etadigan yodgorlik o‘rniga Motamsaro ona haykali o‘rnatildi. Bu birinchi navbatda mazkur sananing asl insoniy mohiyatini yaqqol ochib beradi.

Endilikda 9-may kuni mamlakatimizda Ikkinchi jahon urushida qurbon bo‘lgan millionlab odamlar xotirasi oldida bosh egib ta’zim qiladigan, bugun hayot bo‘lgan urush qatnashchilariga yuksak hurmat-ehtirom bajo keltiriladigan, ezgu mazmunga ega marosim tusini oldi.

O‘tganlarni yodga olish, xotirlash, ularning oxirati obod bo‘lishini tilash aynan Motamsaro ona siymosi orqali namoyon bo‘lmoqda. Cheksiz qayg‘uga cho‘mgan Onaizor timsolida jigarbandining tirik ekaniga, uning eson-omon o‘z bag‘riga qaytishiga umid qilib o‘tgan ming-minglab onalarning taqdiri, ularning sog‘inch va iztirob tuyg‘ulari aks etgan.

Xotira maydonida milliy uslubda bunyod etilgan peshayvonlardagi lavhalarda o‘sha mudhish urushda halok bo‘lgan barcha yurtdoshlarimizning nomi zarhal harflar bilan yozib qo‘yilgan. Bu ularning jasorati va matonatiga tan berish, urush fojialaridan saboq chiqarishga qaratilgandir. Bularning barchasi mamlakatimizda inson xotirasi muqaddas, uning qadr-qimmati aziz va mo‘tabar ekanini ifoda etadi.

9-may. Poytaxtimizdagi Xotira maydoni har qachongidan gavjum. Bu yerga urush va mehnat faxriylari, hukumat a’zolari, senatorlar va deputatlar, harbiylar, jamoatchilik vakillari tashrif buyurdi.

Maydon uzra mahzun musiqa taraladi.

Soat 09:30. Maydonga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov kirib keldi.

Davlatimiz rahbari harbiy orkestr sadolari ostida Motamsaro ona haykali poyiga gulchambar qo‘ydi.

Prezidentimiz Ikkinchi jahon urushida jon fido qilgan yurtdoshlarimiz xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

– Bugun xalqimiz Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan G‘alabaning 68-yilligini, 9-may – Xotira va qadrlash kunini keng nishonlamoqda, – dedi Islom Karimov ommaviy axborot vositalari vakillari bilan suhbatda. – Ayni shu kunlarda barcha-barcha yurtdoshlarimiz o‘z insoniy burchini bajo etib, Vatanimiz ozodligi, musaffo osmoni uchun jon berib, qurbon bo‘lganlarning muqaddas xotirasi oldida bosh egib, ta’zim qiladi.

Bugun oramizda bo‘lgan, bizga ma’naviy ibrat bo‘lib yurgan barcha urush qatnashchilarini ana shu buyuk sana bilan chin qalbdan tabriklashni o‘zim uchun katta sharaf deb bilaman, dedi Yurtboshimiz. Shular qatorida front ortida xizmat qilib, o‘ta og‘ir sharoitda g‘alaba qozonishga katta hissa qo‘shgan yurtdoshlarimizga, barcha-barcha faxriylarimizga sihat-salomatlik, uzoq umr tilab qolaman.

Bugun shu ulug‘ ayyomni nishonlar ekanmiz, bu g‘alabaning ko‘pchilik qatorida bizning xalqimiz uchun ham naqadar qimmatga tushganini, xalqimiz bu mudhish urushda qancha qurbonlar, qancha yo‘qotishlar berganini, qancha yetim-esirlar, mislsiz azob-uqubatlarni ko‘rganini yodga olsak, aytish mumkinki, el-yurtimizning taqdiri, uning kelajagi hal bo‘lgan o‘sha davrlarni eslasak, bu qonli urush odamlarimiz xotirasida umrbod qolajak. Urushning tugaganiga 68-yil bo‘lishiga qaramasdan, bunday qirg‘in, bunday ofatni bugun ham odamlarimiz alam va iztirob bilan eslaydi.

Shular haqida gapirganda, ba’zi bir raqamlarni esga olishni o‘rinli, deb bilaman, dedi Prezidentimiz.

Urushdan oldin O‘zbekistonda 6,5 millionga yaqin aholi yashagan bo‘lsa, shundan 1,5 millioni janglarda bevosita ishtirok etgan. 500 mingga yaqin yurtdoshlarimiz urushda halok bo‘lganini, qanchasi bedarak ketganini, qanchasi mayib-majruh bo‘lib qaytganini hisobga oladigan bo‘lsak, bizning xalqimiz fashizm balosiga qarshi kurashga qanday katta hissa qo‘shganini tasavvur qilish qiyin emas.

Bu haqiqatni hech kim hech qachon unutmasligi kerak.

Ayni shu kunlarda xalqimiz urush davrida boshidan kechirgan og‘ir sinovlarni yana bir bor xayolimizdan o‘tkazar ekanmiz, o‘tmish voqealari albatta barchamizni o‘ylantiradi va kerakli xulosalar chiqarishga da’vat etadi.

Hayotning o‘zi bir haqiqatni takror va takror isbotlab bermoqda. Ya’ni, tarixni bilmagan, tarixni unutgan, tarixdan xulosa chiqarmagan har qanday inson, har qanday xalq o‘z yo‘lidan adashishi, bir vaqtlar yo‘l qo‘ygan xatolarini yana takrorlashi mumkin.

Biz bugun qanday shiddat bilan o‘zgarib, yon-atrofimizda qarama-qarshilik, xavf-xatarlar kuchayib borayotgan notinch zamonda yashayotganimizni kuzatish va anglash qiyin emas.

Shular haqida gapirar ekan, Prezidentimiz Afg‘onistonda o‘ttiz yildan ko‘proq davom etayotgan urush hozirgi kunda bizning hududimizda, butun Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va barqarorlikka eng katta xavf-xatar ekanligini alohida ta’kidladi.

Afg‘onistondagi mavjud vaziyatni ko‘pchilik xalqaro siyosatchilar nochor, o‘ta og‘ir va qaltis, deb baholamoqda. Sodda qilib aytganda, ko‘p yillardan buyon davom etayotgan bu qonli urushni harbiy kuch bilan hal qilish mumkin emasligiga urushda qatnashayotgan tomonlar tobora iqror bo‘lmoqda, aynan shu holatni ko‘pchilik tan olmoqda.

Boshqacha aytganda, bu inqirozni bartaraf etishning yagona yo‘li – siyosiy yo‘l bo‘lib, qanday qiyin bo‘lmasin, qarama-qarshi kuchlarni muzokaralar orqali o‘zaro kelishuvga olib kelishdir. Va shu asnoda vaqtinchalik hukumat tuzish, saylovlar o‘tkazish, Afg‘oniston oldida turgan og‘ir muammolarni hal etishga o‘tishdir. Xuddi shunday yo‘l bilan bu inqirozni yechish mumkin edi. Ming afsuski, bugungi kunda Afg‘onistonning o‘zida va uning tashqarisidagi kuchlar o‘z manfaatlarini ko‘zlab, bu mojaroni siyosiy asosda yechishga qarshi chiqmoqda.

Mana shunday o‘ta og‘ir va tahlikali bir vaziyatda Afg‘onistonda joylashgan, asosan AQSh va Yevropa davlatlarining AYSEF deb nom olgan harbiy kuchlarini yaqinda Afg‘oniston hududidan chiqarish jarayonining boshlanishi kutilmoqda. Bu Afg‘onistonda yangi qarama-qarshilikning avj olishiga, turli millat va elatlar o‘rtasidagi ziddiyat va tortishuvlarni yanada kuchaytirishga olib kelishi mumkin.

O‘z-o‘zidan ayonki, bunday holat Afg‘oniston atrofidagi mamlakatlar hududida ham keskinlik va katta muammolar keltirib chiqarishi mumkin.

O‘zbekistonning Afg‘oniston davlatiga nisbatan olib borayotgan siyosati aniq va ochiq, dedi mamlakatimiz rahbari.

O‘zbekiston Afg‘onistonning ichki ishlariga aralashmaslik, Afg‘onistonga qarshi qaratilgan turli harbiy-siyosiy birlashmalarda qatnashmaslik, Afg‘oniston bilan aloqalarimiz va hamkorligimizni faqatgina ikki tomonlama asosda tashkil qilish, afg‘on xalqi tanlagan hukumatni qo‘llab-quvvatlash siyosatini o‘ziga ma’qul topadi.

Bunday yondashuv, bunday pozitsiya bizning mamlakatimizda qabul qilingan qonunlar bilan muhrlab qo‘yilgan.

Ayni shunday siyosatni olib borishni:

- kimningdir “o‘yin”lariga qo‘shilmaslik;
- qo‘shnilarimiz bilan tinch-osoyishta yashash;
- el-yurtimizning tinchligi va manfaatlarini himoyalash;
- yaqin tariximizning saboqlari va boshimizdan kechirayotgan o‘ta murakkab zamonning o‘zi talab qilmoqda.

Prezidentimiz bunday siyosat va maqsadlarni hayotga tatbiq etishda barchamizga kuch-quvvat bag‘ishlaydigan omil va mezonlar haqida ham to‘xtalib o‘tdi.

Avvalo, O‘zbekistonimiz mustaqil taraqqiyot yo‘lida qanday ulkan, boshqalarning havasini tortadigan yutuq va marralarga erishgan bo‘lsa, bularning barchasining negizi – yurtimizda tinch va osuda hayot, millatlar va fuqarolararo totuvlik, o‘zaro mehr-oqibat va hamjihatlikni asrab-avaylab kelayotganimizda.

Albatta, tinch va osoyishta hayot, barqarorlik o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Buning uchun barchamiz shu musaffo osmonni saqlash, asrash uchun kurashishimiz, fidoyilik ko‘rsatishimiz darkor.

Ikkinchidan, har qanday keskinlik, qarama-qarshilik va ofat kelishini uzoqdan anglab, ularning oldini olishga doimo harakat qilishimiz kerak. Buning uchun hamisha sezgir, ogoh va uyg‘oq bo‘lishimiz, beparvolikka, beg‘amlikka yo‘l qo‘ymasligimiz zarur.

Uchinchidan, kundalik hayotimizdan saboq chiqarib, ertangi kunimizning, kelajagimizning mustahkam poydevorini bugun yaratib, bu Vatan meniki, uni har qanday balo-qazolardan asrash, himoyalash uchun men kurashmasam, kim kurashadi, degan da’vat bilan yashash barchamizning, avvalambor, yoshlarimizning – mening farzandlarimning burchiga aylanishini istardim, dedi davlatimiz rahbari.

Bugun el-yurtimiz o‘z tarixida boshidan kechirgan misli ko‘rilmagan sinov va suronli kunlarni yana va yana bir bor o‘zimizga tasavvur qilar ekanmiz, ishonchimiz komil – O‘zbekistonimiz o‘z ozodligi, o‘z qadr-qimmati uchun hamisha mardlik va matonat ko‘rsatib kelgan, hech kimga bosh egmagan va hech qachon bosh egmaydi.

Mening istagim: ana shu go‘zal va betakror yurtimizda yashayotgan har qaysi inson baxtli bo‘lsin, har qaysi oilaga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka doim yor bo‘lsin, dedi pirovardida Islom Karimov.

Shu kuni Motamsaro ona haykali poyi anvoyi gullarga burkandi. Yurt ozodligi va ravnaqi uchun jon fido qilgan vatandoshlarimiz xotirasiga hurmat bajo etish uchun kelgan ziyoratchilarning qadami kechga qadar uzilmadi.

"O‘qituvchi" nashriyot-matbaa ijodiy uyi ("O‘qituvchi" NMIU) umumta`lim maktablari, oliy o`quv yurtlari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari uchun original, tarjima darsliklar, o`quv qo`llanmalar, shuningdek, o`qituvchilar uchun metodik qo`llanmalar nashr etadi. Buyurtma

Batafsil ma`lumot

Tinchlik va osoyishtalik – barcha yutuq va marralarimizning asosidir O‘qituvchi NMIU umumta'lim maktablari, oliy o'quv yurtlari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari uchun original, tarjima darsliklar, o'quv qo'llanmalar, shuningdek, o'qituvchilar uch

Yangiliklarni o‘qishni tavsiya etamiz

AKTni baholashning xalqaro mezonlari

      Poytaxtimizda 3-may kuni AKTni baholashning xalqaro mezonlarini O‘zbekistonda tatbiq etishga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Adabiyotga e’tibor – kelajakka, ma’naviyatga e’tibor

      Hurmatli yurtdoshlar!

      Muhtaram poytaxtimiz mehmonlari!

      2013-yilning 23-24-may kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida hamda Toshkent shahridagi G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida “Adabiyotga e’tibor – kelajakka, ma’naviyatga e’tibor” shiori ostida Respublika “Kitob bayrami” o‘tkaziladi.

Mashhur yangiliklar

Войти / Регистрация
Закладки
Корзина покупок
Оформление заказа
Интернет-магазин книги в Ташкенте