Yangilangan sana: 2013-02-27 Ko`rilgan: 1114

Qurilish – rivojlanish belgisi

      Buni “O‘zekspomarkaz”da ochilgan yirik “UzBuild” qurilish va interer xalqaro ko‘rgazmasi, “MebelExpo Uzbekistan” va “Aqua-Therm Tashkent” ko‘rgazmalari ham tasdiqlamoqda.

      Tadbirlar ITE Uzbekistan xalqaro ko‘rgazma kompaniyasi va uning sheriklari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, “O‘zkommunxizmat” agentligi, “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik kompaniyasi, “Fayz” xolding kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

      O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi raisining o‘rinbosari M.Shodiyev qurilish sanoati mamlakatimiz iqtisodiyotining istiqbolli tarmoqlaridan biri ekanini ta’kidladi. Tarmoqni jadal rivojlantirish jarayonida jahon tajribasi e’tiborga olinmoqda, yangi texnologiyalar, innovatsion yechimlar, ishlab chiqarishni tashkil etishning zamonaviy usullari sohaga joriy etilmoqda, kadrlar malakasi oshirilmoqda. Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan tasdiqlangan 2011-2015-yillarda O‘zbekiston Respublikasi sanoatini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risidagi dasturda mazkur tarmoqni yanada taraqqiy ettirishga alohida e’tibor qaratilgan.

      “Uzbuild” qurilish va interer ko‘rgazmasi uskunalar, texnologiyalar, qurilish materiallari va xizmatlarini ishlab chiqaruvchilar hamda yetkazib beruvchilarning bo‘lajak iste’molchilar bilan amaliy muloqoti uchun samarali vosita hisoblanadi. Mazkur tadbirda 24 mamlakatdan ikki yuzdan ziyod kompaniyaning ishtirok etayotgani ham uning qamrovi va darajasidan dalolatdir. Polshaning abraziv materiallar ishlab chiqaradigan “Klingspor” kompaniyasi, Mogilyovdagi uskunalar ishlab chiqaruvchi “Strommashina” zavodi, Turkiyaning tom yopish materiallari ishlab chiqaradigan “Onduline” kompaniyasi ko‘rgazmaning doimiy ishtirokchilari hisoblanadi.

      Birlashgan Arab Amirliklarining “Xamriya” erkin iqtisodiy zonasi ishlab chiqaruvchilari ekspozitsiyaning alohida guruhini tashkil etadi. Beton ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan uskunalarni taqdim etayotgan “Pinnacle LGS” hamda shamollatish tizimlarini namoyish etayotgan “Beta Industrial” kompaniyalari tadbirda ilk marotaba qatnashmoqda. Shuningdek, g‘isht, koshin, oyna, granit buyumlari ishlab chiqarish uchun uskunalar yetkazib beradigan yirik xorijiy kompaniyalar ham ko‘rgazmada birinchi marta ishtirok etmoqda.

      – O‘zbekiston, avvalambor, ishlab chiqarish sohasida katta imkoniyatlarga ega mamlakatdir, – deydi Ispaniyaning “Beralmar” kompaniyasining tijorat direktori Kristobal Kaparros. – O‘tgan yili kompaniyamiz vakillari bozorni o‘rganish maqsadida yurtingizga ilk bor tashrif buyurgandi. Biz uchun maxsus uchrashuvlar va g‘isht ishlab chiqaradigan zavodlar bilan tanishuv tadbirlari uyushtirildi. Biz mamlakatingizda ishlab chiqarishlarni modernizatsiya qilish va texnologik qayta jihozlash jarayoni davom etayotganining guvohi bo‘ldik. Joriy yilda ham ko‘rgazmada ishtirok etishga qaror qildik va tadbirning birinchi kuniyoq bu yaxshi samara berdi – O‘zbekistonning “Global Production Industry” zavodi bilan energiyani tejaydigan texnologiyalar asosida g‘isht pishiradigan to‘rt xil uskunalarni yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzdik. Boshqa ishlab chiqaruvchilar bilan ham hamkorlik qilish niyatidamiz.

      Mamlakatimiz kompaniyalari ham xilma-xil ekspozitsiyani namoyish etmoqda. Ularning soni o‘tgan yilgiga nisbatan ancha ko‘p. Shuningdek, bo‘yoqlar, sifatli qurilish materiallari, quruq aralashmalar, quyoshdan himoyalovchi tizimlar, parket, yelimlar, silliqlaydigan mashinalar, abrazivlar, plintuslar, vitrajlar, quyma pollar, gidroizolyatsiya, quvurlarni taklif etayotgan ishlab chiqaruvchilar, mashhur firma va kompaniyalar distribyutorlari ham ko‘rgazma qatnashchilarini O‘zbekistonning qurilish bozori bilan tanishtirmoqda.

      “Uzbuild” ko‘rgazmasi muntazam rivojlanib, qurilish bozorining barcha ishtirokchisi uchun yangi imkoniyatlar ochib bermoqda. “Isitish, suv ta’minoti, havo almashtirish, santexnika tizimlari va hovuzlar uchun uskunalar” mavzusi ko‘rgazmaning yirik bo‘limlaridan birini tashkil etadi. Bugungi kunda mazkur tarmoq kompaniyalari “Aqua-Therm Tashkent” ko‘rgazmasida o‘z mahsulotlarini namoyish etmoqda. Bunda “Uzbuild” ko‘rgazmasining ko‘magi katta bo‘ldi. “Aqua-Therm Tashkent – 2013” ko‘rgazmasining ish jarayonida ushbu sanoat tarmog‘i tomonidan taqdim etilayotgan barcha turdagi mahsulotlar bilan tanishibgina qolmay, bozorning yetakchi mutaxassislari bilan tajriba almashish va muloqot qilish imkoniyatiga ham ega bo‘lish mumkin. Xalqaro ishtirokchilar orasida issiqlik tizimlari uchun mustahkamlovchi armaturalarni namoyish etayotgan daniyalik ishlab chiqaruvchilar, nasoslar bilan tanishtirayotgan Avstriya ishlab chiqaruvchilari, Fransiyaning havo almashtirish tizimlarini taqdim etayotgan kompaniyalari, Belgiyaning issiqlik ta’minoti uchun issiq suvni transportirovka qilish bilan shug‘ullanadigan kompaniyalari bor. Italiya ishlab chiqaruvchilari ham ko‘rgazmada ilk bor ishtirok etmoqda. Bunda ularga Novar Savdo palatasining E.V.A.E.T. maxsus agentligi xalqaro bozorlarda Italiya kompaniyalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida yordam berdi.

      – Italiya ishlab chiqaruvchilari O‘zbekistonni savdo bo‘yicha muhim sherik deb biladi, – deydi mazkur agentlik rahbari Janfredo Komatsi. – Chunki mamlakatingiz bozori jadal rivojlanmoqda, O‘zbekiston kompaniyalari bilan aloqalarni mustahkamlash uchun barcha imkoniyat mavjud. Mazkur ko‘rgazmada Italiyaning beshta eng yaxshi kompaniyasi ishtirok etmoqda, ular muhandislik quvurlaridan tortib, issiqlik tizimlarigacha bo‘lgan 15 turdagi mahsulotlarni namoyish etmoqda. Shubhasiz, tadbir ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish va ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

      Ta’kidlash joizki, “Uzbuild”da ilk bor 2004-yilda tashkil etilgan va bugungi kunda mustaqil ko‘rgazmaga ajralgan “Mebel va ishlab chiqarish texnologiyalari” bo‘limining yutuqlari ham namoyish etilmoqda. Jahonda mebel va yog‘ochni qayta ishlash sanoatining yetakchilari mebel ishlab chiqarish uchun zamonaviy texnologik yechimlarni namoyish etayotgan ko‘rgazma ekspozitsiyasi O‘zbekiston mebel bozorining keng qamrovligidan dalolat beradi. Bu yerga tashrif buyuruvchilar e’tiboriga mebel ishlab chiqarish uskunalari va butlovchi qismlari, keng turdagi tayyor mebel va boshqa mahsulotlar havola etilmoqda. Bularning barchasini mamlakatimiz va xorijiy kompaniyalar taqdim etayotir. “Progress Impress” mas’uliyati cheklangan jamiyati, “Eman”, “Mebel” qo‘shma korxonalari, “Art Furniture” xorijiy korxonasi, “Simaks Pars” xususiy ishlab chiqarish korxonasi shular jumlasidandir.

      – 2009-yilgi ko‘rgazmada ilk bor bir necha turdagi mahsulotlarimiz bilan ishtirok etgandik, – deydi “Simaks Pars” xususiy ishlab chiqarish korxonasi direktori Solih Zokirov. – So‘ngra har yili mahsulotlarimiz turlarini kengaytirib, yangi mahsulotlar va ishlab chiqarish yechimlarini taklif etdik. O‘zbekiston bozorida yetti yildan ortiq vaqt davomida muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelayotganimiz kompaniyaga xorijiy texnologiyalar asosida yuqori sifatli ikkilamchi porolon ishlab chiqarish imkonini berdi. Bugun so‘nggi ishlanmalar va yutuqlarimizni namoyish etmoqdamiz. Ular import o‘rnini bosish, eksport salohiyatini oshirish va ishlab chiqarish sarf-xarajatlarini kamaytirishga qaratilgan.

      To‘rt kun davom etadigan “UzBuild”, “Aqua-Therm Tashkent” va “MebelExpo Uzbekistan” ko‘rgazmalari quruvchilar, qurilish pudratchilari, arxitektorlar, dizaynerlar, mebel ishlab chiqaruvchilar va sotuvchilar uchun asosiy muloqot joyi bo‘ladi. Bu yerda malakali mutaxassislar keng turdagi qurilish materiallarini baholashi, binolarning kommunal-muhandislik tizimlarini montaj qilish bo‘yicha amaliy takliflar olishi, mebel ishlab chiqarishida dizaynerlik va texnologik yechimlarni muhokama qilishi mumkin.

(UzA)

"O‘qituvchi" nashriyot-matbaa ijodiy uyi ("O‘qituvchi" NMIU) umumta`lim maktablari, oliy o`quv yurtlari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari uchun original, tarjima darsliklar, o`quv qo`llanmalar, shuningdek, o`qituvchilar uchun metodik qo`llanmalar nashr etadi. Buyurtma

Batafsil ma`lumot

Qurilish – rivojlanish belgisi

Yangiliklarni o‘qishni tavsiya etamiz

Oqsaroyda qabul

      O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 19-fevral kuni Oqsaroyda Amerika Qo‘shma Shtatlari Kongressi Vakillar palatasining Yevropa va Yevroosiyo bo‘yicha quyi qo‘mitasi raisi Deyna Rorabaxer hamda kongressmenlar Pol Kuk, Ted Po va Brayan Xigginsdan iborat delegatsiyani qabul qildi.

O‘zbekiston xotin-qizlariga bayram tabrigi

      Muhtarama onaxonlar, qadrli opa-singillar, dilbar qizlarim!

      Tabiat uyg‘onib, tobora chiroy ochayotgan mana shu shukuhli ayyomda siz, azizlarni, sizlar orqali butun O‘zbekiston ayollarini 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etib, ezgu tilaklarimni bildirishdan baxtiyorman.

Mashhur yangiliklar

2017-03-31 Seminar

Войти / Регистрация
Закладки
Корзина покупок
Оформление заказа
Интернет-магазин книги в Ташкенте