Yangilangan sana: 2013-01-18 Ko`rilgan: 1102

Bosh maqsadimiz – keng ko‘lamli islohotlar va modernizatsiya yo‘lini qat’iyat bilan davom ettirish

      O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2012-yilda mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari hamda 2013-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma’ruzasi

      Hurmatli majlis ishtirokchilari!

      Vazirlar Mahkamasining bugungi kengaytirilgan majlisi kun tartibiga qo‘yilgan asosiy masala – bu O‘zbekistonning 2012-yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlarini muhokama etish va 2013-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlarini tasdiqlab olishdan iborat.

      O‘tgan yil yakunlarini sarhisob qilar ekanmiz, avvalambor shuni ta’kidlashimiz kerakki, global jahon iqtisodiyotida hali-beri saqlanib qolayotgan jiddiy muammolarga qaramasdan, 2012-yilda O‘zbekiston o‘z iqtisodiyotini barqaror sur’atlar bilan rivojlantirishni davom ettirdi, aholi turmush darajasini izchil yuksaltirishni ta’minladi, dunyo bozoridagi o‘z pozitsiyasini mustahkamladi.

      Bu davrda mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti 8,2 foizga o‘sdi, sanoat ishlab chiqarish hajmi 7,7 foizga, qishloq xo‘jaligi 7 foizga, chakana savdo aylanmasi hajmi 13,9 foizga oshdi.

      Makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiyotning mutanosibligi ta’minlandi.

      Eksport hajmi sezilarli ravishda, ya’ni 11,6 foizga o‘sdi, eksport qilinayotgan mahsulotlar tarkibi va sifati yaxshilanib bormoqda. Buning natijasida xomashyo bo‘lmagan tayyor tovarlarning ulushi 70 foizdan ziyodni tashkil etmoqda. Tashqi savdo aylanmasidagi ijobiy saldo 1 milliard 120 million dollardan oshdi.

      Inflyatsiya darajasining o‘sish sur’ati prognoz ko‘rsatkichlari doirasida saqlab qolindi va 7 foizdan oshmadi.

      2012-yilda soliq yukini kamaytirish siyosati davom ettirildi. Kichik korxona va mikrofirmalar uchun yagona soliq to‘lovi stavkalari 6 foizdan 5 foizga tushirilgani, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun belgilangan soliq stavkasi esa sezilarli tarzda, ya’ni o‘rtacha ikki barobar kamaytirilgani buni yaqqol tasdiqlaydi.

      Shularga qaramasdan, davlat byudjetining daromadlar qismi bo‘yicha ko‘rsatkichlari to‘liq bajarildi, erishilgan profitsit yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,4 foizni tashkil etdi.

      Davlat jami xarajatlarining asosiy qismi, ya’ni qariyb 59,2 foizi ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy himoya qilish chora-tadbirlarini amalga oshirishga qaratildi, uning 34 foizdan ortig‘i ta’lim, 14,5 foizdan ko‘prog‘i sog‘liqni saqlash sohalarini moliyalashtirishga yo‘naltirildi.

      Bugungi kunda, dunyoning ko‘plab mamlakatlarida davlat qarzining ortib borishi bilan bog‘liq muammolar saqlanib qolayotgan bir sharoitda, O‘zbekistonimiz chetdan qarz olish bo‘yicha puxta o‘ylangan siyosat olib borishi natijasida davlatimiz qarz hajmining ulushini nisbatan past darajada ushlab qolishga va o‘z majburiyatlariga to‘liq javob beradigan mamlakat sifatida barqaror obro‘-e’tiborini saqlab qolishga erishdi. 2013-yilning 1-yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning jami tashqi qarzlari miqdori yalpi ichki mahsulotga nisbatan 16,0 foizdan oshmagani, bu ko‘rsatkich esa xalqaro mezonlar bo‘yicha “o‘rtachadan ham kam” darajada baholangani buni isbotlab bermoqda.

      Mamlakatimiz moliya-bank tizimi barqaror va ishonchli faoliyat yuritib, yuqori ko‘rsatkichlarni namoyon etib kelmoqda. 2012-yilda bank tizimining jami kapitali 24,3 foizga, so‘nggi uch yilda esa ikki barobar ko‘paydi.

      Bugungi kunda kapitalning yetarlilik darajasi 24,0 foizdan oshib, bu esa qabul qilingan umumiy xalqaro standartlardan 3 barobar ortiqdir. 2012-yil yakunlari bo‘yicha bank tizimining likvidligi 65,0 foizdan ortmoqda, bu esa talab etiladigan minimal darajadan 2 barobar yuqoridir.

      2010-yilda mamlakatimizning atigi 13 ta tijorat banki ijobiy xalqaro reytingga ega bo‘lgan bo‘lsa, ayni paytda ularning soni 28 taga yetdi.

      Banklar faoliyatida, o‘tgan yillardagi kabi, investitsiya faoliyatiga katta e’tibor qaratildi.

      2012-yilda iqtisodiyotning real sektoriga yo‘naltirilgan kreditlar hajmi 2011-yilga nisbatan 1,3 barobar oshdi. Ajratilgan kreditlarning 76 foizdan ziyodi uch yildan ortiq muddatga berilgan uzoq muddatli kreditlar ekani, ayniqsa, e’tiborga molik.

      Mamlakatimiz iqtisodiyotining o‘tgan yil natijalarini baholaganda, Xalqaro valyuta jamg‘armasi missiyasi rahbari Veronika Bakalu xonimning ushbu missiyaning O‘zbekistonda 2012-yil noyabr-dekabr oylaridagi ishi natijalari bo‘yicha bildirgan fikrlarini keltirish o‘rinli, deb bilaman. Uning ta’kidlashicha, “O‘zbekiston iqtisodiyoti jadal sur’atlar bilan o‘smoqda. Soliq-byudjet va tashqi faoliyat sohalaridagi mustahkam pozitsiya, bank tizimining barqarorligi, davlat qarzining kamligi va tashqaridan qarz olishga ehtiyotkorlik bilan yondashish mamlakatni global inqirozning salbiy oqibatlaridan himoya qildi”.

      O‘ylaymanki, bunday xolisona baho ko‘p narsadan dalolat beradi.

      Hurmatli majlis ishtirokchilari!

      2012-yilda mamlakatimizning yuqori sur’atlar bilan barqaror o‘sishini ta’kidlar ekanmiz, buning boisi va omilini avvalambor iqtisodiyotimizga yo‘naltirilgan kapital mablag‘lar, investitsiyalar tobora o‘sib borayotganida, bu ko‘rsatkich yalpi ichki mahsulotga nisbatan 22,9 foizni tashkil etganida, deb hisoblashimiz zarur.

      O‘tgan yilda iqtisodiyotimizga 11 milliard 700 million dollar miqdorida ichki va xorijiy investitsiyalar jalb etildi yoki bu boradagi ko‘rsatkich 2011-yilga nisbatan 14 foizga o‘sdi. Jami investitsiyalarning 22 foizdan yoki 2 milliard 500 million dollardan ortig‘ini xorijiy investitsiyalar tashkil etdi, ularning 79 foizdan ko‘prog‘i to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalardir.

      E’tiborga sazovor tomoni shuki, jami investitsiyalarning qariyb 74 foizi ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va yangilashga qaratilgan dastur va loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltirildi.

      Shu borada faqat o‘tgan yilning o‘zida umumiy qiymati 1 milliard 600 million dollardan ortiq bo‘lgan kapital qo‘yilmalar o‘zlashtirilib, 205 ta yirik investitsiya ob’ekti qurib bitkazildi.

      2012-yilda qurilishi nihoyasiga yetkazilgan eng yirik ob’ektlar haqida gapirganda, Navoiy issiqlik elektr stansiyasida Yaponiyaning “Mitsubisi” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan 478 megavolt quvvatga ega bo‘lgan bug‘-gaz qurilmasining ishga tushirilganini alohida qayd etish lozim.

      Ushbu loyihaning amalga oshirilishi yiliga qo‘shimcha ravishda 2 milliard 800 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi. Shuningdek, bu loyiha hisobidan shartli yoqilg‘i iste’molini 1,8-marta kamaytirishga, har yili 400 million kub metr gazni tejash yoki 110 million dollardan ortiq mablag‘ni iqtisod qilishga erishamiz.

      Avtomobil sanoatida Germaniyaning dunyoga mashhur “MAN” kompaniyasi bilan hamkorlikda Samarqand viloyatida yiliga 3 mingta yuk avtomobili ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan yangi kompleksni bunyod etishning ikkinchi bosqichi yakunlandi.

      Ushbu korxonada jahondagi eng yuksak standartlar asosida jihozlangan yuqori texnologik ishlab chiqarish tashkil etildi. Aytish kerakki, katta hajmdagi yuklarni tashiydigan eng zamonaviy avtomobillar ishlab chiqaradigan mazkur korxona nafaqat mamlakatimiz ehtiyojini qoplaydi, balki bu mashinalarni eksport qilishni ham ta’minlaydi.

      Muborak gazni qayta ishlash zavodida 258 ming tonna suyultirilgan gaz va 125 ming tonna kondensat ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan zavodning birinchi navbati foydalanishga topshirildi, “Sho‘rtanneftgaz” korxonasida esa propan-butan qorishmasi asosida 50 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqaradigan qurilma o‘rnatildi.

      Yana bir yirik loyiha – umumiy qiymati 250 million dollardan ortiq bo‘lgan Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodining ikkinchi navbatini qurish ishlari davom ettirilmoqda. Bu boradagi ishlar yakuniga yetgach, korxonada yiliga 600 ming tonnagacha kaliyli o‘g‘it ishlab chiqarish imkoni paydo bo‘ladi va bu mahsulotning 350 ming tonnadan ko‘prog‘i eksport qilinadi.

      Shuni alohida ta’kidlash kerakki, 2012-yilda Surg‘il koni bazasida hatto dunyo mezonlari bo‘yicha ham noyob bo‘lgan, qiymati 25 milliard dollardan ziyodni tashkil etadigan Ustyurt gaz-kimyo kompleksi qurilishi boshlandi. Mazkur ob’ektning qurilishi 2016-yilda nihoyasiga yetkaziladi va bu korxona 4 milliard 500 million kub metr tabiiy gazni qayta ishlash, 400 ming tonna polietilen va 100 ming tonna polipropilen ishlab chiqarish imkonini beradi.

      Ushbu loyiha texnologik jihatdan dunyodagi eng ilg‘or loyihalardan biri bo‘lib, eng yuksak darajadagi gaz-kimyo texnologiyalarini joriy etishni ko‘zda tutadi. Bu, o‘z navbatida,tabiiy gazdan 97 foizgacha etan, propan va boshqa qimmatbaho komponentlarni ajratib olishni ta’minlaydi.

      Mazkur loyihada yetakchi xorijiy banklar konsorsiumi, davlat kafolatlarini jalb etmagan holda, loyihalarni moliyalashtirish prinsiplari asosida ishtirok etmoqda.

      Dunyodagi yirik “Tomson Reyter” biznes-axborot agentligining moliya sohasidagi jahonga mashhur “Projekt faynens interneshnl” jurnali ushbu loyihaning noyobligi va ishga novatorlik bilan yondashish natijasi ekanini qayd etib, Ustyurt gaz-kimyo kompleksi qurilishini neft-gazkimyo sanoatidagi yilning eng yaxshi loyihasi, deb tan oldi. Bu, hech shubhasiz, barchamizga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi.

      2012-yilda Janubiy Afrikaning “Sosol” kompaniyasi va Malayziyaning “Petronas” korporatsiyasi bilan hamkorlikda qiymati 4 milliard dollardan ziyodni tashkil etadigan, tozalangan metan asosida sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish bo‘yicha katta istiqbolga ega bo‘lgan yirik loyihani amalga oshirish boshlandi.

      Ushbu loyiha asosida barpo etiladigan zavod dunyodagi sanoqli korxonalardan biri bo‘lib, u sintetik suyuq yoqilg‘i – suyultirilgan gaz, aviakerosin va “premium klass” toifasidagi, ya’ni yevro-4 standartidan kam bo‘lmagan dizel yoqilg‘isi ishlab chiqaradi.

      Shu o‘rinda avtomobil, temir yo‘l va kommunikatsiya sohalaridagi qurilish ishlariga qisqacha to‘xtalib o‘tmoqchiman.

      O‘tgan davrda qariyb 500 kilometrlik to‘rt polosali zamonaviy avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari yakunlandi. Shundan 163 kilometri sement-beton va 335 kilometri esa asfalt-beton bilan qoplangan yo‘llardir.

      Uzunligi 116 kilometr bo‘lgan Guliston-Ohangaron avtomobil yo‘li, Qo‘qon shahrini aylanib o‘tadigan avtoyo‘l foydalanishga topshirildi, Samarqandni Toshkent, Qarshi va Olot shaharlari bilan bog‘laydigan yo‘llar rekonstruksiya qilindi.

      Temir yo‘l transport kommunikatsiyalarini yanada rivojlantirish ishlari, temir yo‘l tarmoqlarini elektrlashtirish loyihalari izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Bu ishlar poyezdlardan foydalanish xarajatlarini 20 foizga kamaytirish, yo‘lovchi va yuk tashish tezligini 1,3 barobar oshirish, 830 kilometrlik Toshkent-Termiz temir yo‘lini to‘liq elektrlashtirish imkonini beradi.

      2012-yilda uzunligi 240 kilometr bo‘lgan temir yo‘lni qayta tiklash ishlari davom ettirildi. Uzunligi 70 kilometrdan ortiq bo‘lgan Dashtobod-Jizzax temir yo‘l tarmog‘i bo‘ylab yuk va yo‘lovchi poyezdlar harakati yo‘lga qo‘yildi.

      O‘tgan yili telekommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish va modernizatsiya qilish bo‘yicha ham katta ishlar bajarildi. Bu borada ko‘zda tutilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida uzunligi 180 kilometrdan ziyod bo‘lgan Boysun-Denov, Urgut-Shahrisabz optik tolali aloqa liniyasi ishga tushirildi.

      Farg‘ona, Navoiy, Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlarida teleuzatish moslamalarini o‘rnatish orqali bosqichma-bosqich raqamli televideniyega o‘tish amalga oshirildi. Bu aholini mamlakatimiz bo‘yicha raqamli televideniye bilan qamrab olish darajasini 42 foizga yetkazish imkonini berdi.

      Yangitdan tashkil etilgan “Navoiy” va “Angren” erkin industrial-iqtisodiy zonalari bugungi kunda mamlakatimizning ishlab chiqarish salohiyatini modernizatsiya qilishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishda alohida o‘rin egallamoqda.

      “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasi tashkil etilganidan buyon bu yerda 12 ta korxona qurilib, foydalanishga topshirildi. 2012-yilda ular tomonidan qariyb 80 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Akkumulyator simlari, avtomobil gaz ballonlari, mobil va statsionar telefonlar, modemlar va internet uchun qo‘shimcha moslamalar ishlab chiqarish bo‘yicha korxonalar tashkil etish kabi yuqori texnologiyalar asosidagi yana yettita loyiha amalga oshirish bosqichida turibdi.

      Shu borada to‘plangan tajribani va Toshkent viloyatidagi ishlab chiqarish hamda resurs salohiyatidan foydalanish, Farg‘ona vodiysidagi korxonalar bilan barqaror iqtisodiy aloqalarni yo‘lga qo‘yishning kelajakda muhim ahamiyatga ega ekanini hisobga olgan holda, “Angren” maxsus industrial zonasini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan edi.

      Mazkur industrial zonada faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalarga, kiritilgan investitsiyalar hajmiga qarab, 3-yildan 7-yilgacha bo‘lgan muddatga keng ko‘lamli soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalar berildi, ularning infratuzilma ob’ektlari va kommunikatsiyalarga kafolatli ravishda ulanishi ta’minlanmoqda.

      Hozirgi kunda “Angren” maxsus industrial zonasi hududida qiymati 186,0 million dollarlik 8 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Shular qatorida zarurat va ehtiyoj baland bo‘lgan turli tayyor mahsulotlarni va butlovchi buyumlarni ishlab chiqarish, shuningdek, yangi shakar zavodini qurish, tayyor charm buyumlar ishlab chiqaradigan kompleksni barpo etish alohida o‘rin tutadi.

      Umumiy qiymati 245 million dollarlik yana 22 ta rentabelli loyihani amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqilmoqda va buning uchun zarur hujjatlar tayyorlanmoqda.

      Qo‘lga kiritgan tajribamiz shuni tasdiqlab bermoqdaki, mamlakatimizning boshqa mintaqalarida ham Navoiy va Angren kabi maxsus industrial zonalarni, zamonaviy logistika tizimlari va transport infratuzilmalarini yaratish bo‘yicha boshlagan ishlarimizni davom ettirish maqsadlarimizga javob beradi.

      Hurmatli majlis ishtirokchilari!

      O‘tgan 2012-yilda mamlakatimiz agrar sektorining deyarli barcha tarmoqlarida ulkan yutuq va natijalar qo‘lga kiritildi.

      Albatta, 2012-yilda ham, so‘nggi yillardagi kabi, yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘rish davrida yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lgani, bahorning kech kelgani va namgarchilikning yuqori bo‘lgani, yoz faslida havo haroratining haddan ziyod oshib ketgani qishloq xo‘jalik ishlarini amalga oshirishda jiddiy muammo va qiyinchiliklarni yuzaga keltirdi.

      Shunga qaramasdan, 2012-yilda O‘zbekistonda deyarli barcha qishloq xo‘jalik ekinlari – g‘alla, paxta, sabzavot, poliz ekinlari va uzumdan yuqori hosil olindi. Mamlakatimiz dehqonlari mo‘l hosil yetishtirishdi – 3 million 460 ming tonnadan ortiq paxta, 7 million 500 ming tonna g‘alla, 2 million tonnadan ziyod kartoshka va 9 million tonnadan ortiq sabzavot hamda poliz mahsulotlari yig‘ib-terib olindi.

      Bularning barchasi, avvalambor, dehqonlarimiz, fermer va mexanizatorlarimiz, qishloq xo‘jaligi mutaxassislarining o‘zini ayamasdan qilgan fidokorona mehnati, boy tajribasi va o‘z ishiga bo‘lgan sadoqatining amaliy natijasidir. Bir so‘z bilan aytadigan bo‘lsak, bu yutuqlar barcha resurs va imkoniyatlarimizni to‘la safarbar eta olganimizning natijasidir.

      Bugun mana shu yuksak minbardan turib, barcha qishloq mehnatkashlariga ularning mardligi va matonati, mamlakatimizning taraqqiyoti va ravnaqiga qo‘shayotgan ulkan hissasi uchun o‘zimning chuqur hurmatim va samimiy minnatdorligimni bildirish menga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi.

      Mamlakatimizda, xorijiy davlatlar tajribasini chuqur o‘rgangan holda, qishloq xo‘jaligini iqtisodiy isloh etish bo‘yicha o‘ta muhim chora-tadbirlarning amalga oshirilayotgani, qishloqda bozor munosabatlarini joriy etish va xususiy mulkchilik shaklini rivojlantirish, fermerlik harakatini qo‘llab-quvvatlash uchun huquqiy, tashkiliy hamda moliyaviy shart-sharoitlarni tug‘dirib berish bunday yuksak natijalarni qo‘lga kiritishda hal qiluvchi omil bo‘lmoqda, desam, hech qanday mubolag‘a bo‘lmaydi.

      Bugungi kunda fermer xo‘jaligi haqli ravishda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining yetakchi bo‘g‘iniga, uni tashkil etishning asosiy shakliga aylandi. Hozirgi vaqtda fermerlik harakati o‘z tarkibida 66 mingdan ziyod fermer xo‘jaligini birlashtirmoqda. Mamlakatimizdagi jami haydaladigan yerlarning 85 foizdan ortig‘i, yetishtiriladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining asosiy qismi aynan fermerlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

      Kun sayin mustahkamlanib, hal qiluvchi kuchga aylanib borayotgan fermerlik harakati O‘zbekistonda o‘zini to‘la oqladi va bunga hech qanday shubha bo‘lishi mumkin emas, desam, o‘ylaymanki, barchamizning umumiy fikrimizni ifoda etgan bo‘laman.

      Fermerlarimizning ongu tafakkurida o‘z yeri va ishlab chiqarayotgan mahsulotiga nisbatan egalik hissiyoti yildan-yilga tobora mustahkamlanib, ularning o‘z mehnati natijasidan manfaatdorligi oshib bormoqda. Eng asosiysi – odamlarimizning ongi va dunyoqarashi tubdan o‘zgarmoqda, bebaho boyligimiz bo‘lgan yer va suv resurslaridan samarali hamda oqilona foydalanish uchun mas’uliyat tuyg‘usi kuchaymoqda.

      So‘nggi yillarda qabul qilingan qonunlar va me’yoriy hujjatlar fermer xo‘jaliklari vakolatlarini sezilarli ravishda kengaytirdi.

      Shu bilan birga, tan olish kerakki, fermerlik harakatining Fermer xo‘jaliklari uyushmasi shaklidagi tashkiliy tuzilmasi qishloq xo‘jaligini isloh etish va sohada ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, fermerlar oldida turgan vazifalarni hal etish jarayonlariga kuchli ta’sir ko‘rsata olmadi.

      Fermerlik o‘zining tarixiy ildizlariga ega bo‘lgan xorijiy mamlakatlar tajribasini o‘rganish asosida Fermer xo‘jaliklari uyushmasi O‘zbekiston Fermerlari kengashiga, viloyat va tumanlarda esa fermerlar kengashlariga aylantirildi, eng muhimi, ushbu tuzilmalarning huquq va vakolatlari jiddiy ravishda kengaytirildi.

      Bugungi kunda fermer xo‘jaliklarini tashkil etish va qayta tashkil etish, ularga yer uchastkalarini uzoq muddatga ijaraga berish, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari tomonidan fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish va ularning faoliyat ko‘rsatishiga doir me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini qabul qilish bilan bog‘liq deyarli birorta masala fermerlar kengashlarining bevosita ishtirokisiz hal etilishi mumkin emas.

      Mazkur kengashlarning asosiy vazifasi davlat va xo‘jalik boshqaruvi, joylardagi davlat hokimiyat organlari bilan munosabatlar bo‘ladimi, tayyorlov, ta’minot va xizmat ko‘rsatadigan tashkilotlar bilan hamkorlik qilish bo‘ladimi, shuningdek, sudlarda ishlarni ko‘rib chiqish bo‘ladimi – hamma yerda fermerlarning huquqi va qonuniy manfaatlarini himoya qilishdan iboratdir.

      Bir so‘z bilan aytganda, fermerlar kengashlari fermerlik harakatining o‘zagi, yo‘naltiruvchi kuchi bo‘lishi, uni qishloqni rivojlantirish va shu asnoda qishloq aholisi farovonligini oshirishda mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir qudratli ijtimoiy-siyosiy kuchga aylantirishi lozim.

      2012-yilda xizmat ko‘rsatish sohasi ham yuqori sur’atlar bilan rivojlandi. Aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi qariyb 15 foizga o‘sdi, ushbu sohaning mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotidagi ulushi esa bugungi kunda 52 foizdan ziyodni tashkil etmoqda.

      Bu jarayonda xizmatlarning yuqori texnologiyalarga asoslangan va bozor iqtisodiyotiga xos bo‘lgan turlari jadal sur’atlar bilan rivojlanmoqda. Jumladan, aloqa va axborotlashtirish xizmatlari 24,5 foizga, kompyuter dasturlash xizmatlari 18 foizga, texnologik asbob-uskunalarni ta’mirlash va ularga xizmat ko‘rsatish 17 foizga, moliya-bank xizmatlari 17,6 foizga o‘sdi.

      Shu bilan birga, mamlakatimizda, ayniqsa, qishloq joylarda xizmat ko‘rsatish va servis sohasida hali-beri foydalanilmayotgan katta rezerv va imkoniyatlar mavjudligini tan olishimiz hamda bunga alohida e’tibor qaratishimiz zarur.

      Hisobot yilida ta’lim sohasini rivojlantirish va isloh etish masalasi doimiy ravishda e’tiborimiz markazida bo‘ldi.

      Ta’lim-tarbiya sohasining yaxlit, uzluksiz tizimini shakllantirish va mustahkamlash, jumladan, umumiy o‘rta ta’limdan boshlab o‘rta maxsus, kasb-hunar hamda oliy ta’limgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda yuksak bilimli va malakali kasb tayyorgarligiga ega bo‘lgan avlodni tarbiyalash jarayonini takomillashtirish ishlari izchil davom ettirildi.

      Bu borada umumta’lim maktablarining 9-sinf bitiruvchilarini, ayniqsa, qishloq joylarda, olis aholi punktlarida yashaydigan qizlarni kasb-hunar kollejlarida o‘qishga to‘liq jalb etish masalasini tekshirish bo‘yicha olib borilgan keng ko‘lamli ishlar muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.

      Yangi kasb-hunar kollejlari va ularning filiallarini qurish nihoyasiga yetkazildi. 2012–2013 o‘quv yilida mamlakatimizda 12-yillik majburiy ta’limga o‘tish to‘liq ta’minlandi.

      Kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu kollejlarning ish beruvchi korxonalar bilan kooperatsiya aloqalarining turli shakllaridan foydalanishi, bu masalaga tuman va shahar jamoatchiligini jalb etish mazkur vazifani ado etishning eng muhim, hal qiluvchi yo‘nalishi bo‘ldi.

      Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida kollejlarni tugatgan 450 ming nafardan ortiq bitiruvchi ish bilan ta’minlandi, ularning 43 foizi o‘zlari ishlab chiqarish amaliyotini o‘tagan korxonalarga ishga joylashdi.

      Mana shu imkoniyatdan foydalanib, ushbu yuksak minbardan turib, barcha tuman va shaharlar, kasb-hunar kollejlari, korxona va tashkilotlar rahbarlariga bugungi kunda mutlaq ko‘pchilik oilalarimiz uchun g‘oyat muhim ahamiyatga ega bo‘lib borayotgan ushbu mas’uliyatli ishga qo‘shgan hissasi uchun samimiy minnatdorlik bildirmoqchiman.

      O‘tgan davrda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarini malakali, pedagogik va amaliy ish tajribasiga ega bo‘lgan rahbar va o‘qituvchi kadrlar bilan yanada mustahkamlash ishlari davom ettirildi. 2012-yilda 687 ta kasb-hunar kollejining direktori attestatsiyadan o‘tkazildi. Buning natijasida ularning 119 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etildi. O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining barcha o‘quv muassasalari tanlovlar orqali saralab olingan rahbar kadrlar bilan to‘liq ta’minlandi.

      Etarli kasbiy ko‘nikma va malakaga ega bo‘lmagan 2 ming 100 nafardan ziyod ishlab chiqarish ta’limi ustasi ishlab chiqarish tajribasiga ega bo‘lgan malakali kadrlar bilan almashtirildi. Barcha rahbar va pedagog kadrlarning 21 ming 700 nafardan ortig‘i yoki 18 foizi o‘tgan yili maxsus kurslarda o‘z malakasini oshirdi.

      O‘tgan yili mamlakatimizda yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha bir pog‘onali tizimni isloh qilish hamda joriy etish ishlari nihoyasiga yetkazildi.

      2013-yilning 1-yanvaridan boshlab biz uchun yangi bo‘lgan oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim, doktorlik ilmiy ishlarini tayyorlash va himoya qilish, ilmiy daraja hamda ilmiy unvonlar berish tizimi joriy etilmoqda.

      Ilmiy kengashlar asosan nafaqat yuqori malakali kadrlar tayyorlash maskani, ayni vaqtda ilmiy tadqiqotlar olib boriladigan markazga aylanishi lozim bo‘lgan yetakchi oliy o‘quv yurtlari qoshida tashkil etiladi.

      Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasining tashkiliy tuzilishi va uning nizomi tubdan qayta ko‘rib chiqildi.

      2013-yilning 1-yanvaridan boshlab mamlakatimizda oliy o‘quv yurtlari faoliyatini baholashning reyting tizimi joriy etilmoqda. Reyting tuzish vazifasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi zimmasiga yuklanadi. Ushbu markaz reyting baholarini tuzishning hozircha vaqtinchalik tasdiqlangan metodikasi asosida Hukumatga mamlakatimizda oliy ta’limning qanday rivojlanayotgani to‘g‘risida har yili tahliliy ma’lumotlar taqdim etadi.

      Oliy o‘quv yurtlari faoliyati baholanadigan mezonlarni shakllantirishda oliy o‘quv yurtlaridagi o‘qitish sifati va ilmiy salohiyat darajasi indeksiga asosiy e’tibor qaratiladi va ularning har biri natijasiga ko‘ra, 35 foizdan eng yuqori ballar qo‘yiladi. Shuningdek, talaba va bitiruvchilarning ish beruvchilar o‘rtasida so‘rov o‘tkazish natijasida aniqlanadigan malaka indeksiga alohida ahamiyat beriladi va bu ko‘rsatkich 20 foiz bilan baholanadi. Qolgan 10 foiz boshqa ko‘rsatkichlar bo‘yicha beriladi.

      Reyting tizimini joriy etishning ma’nosi va ahamiyati faqat har bir oliy o‘quv yurtining mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlari orasida qanday o‘rinni egallab turgani haqida xolis ma’lumotga ega bo‘lishdan iborat emas.

      Eng asosiysi, shu asnoda oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida sog‘lom raqobat va musobaqa muhitini shakllantirish, shuningdek, ishimizdagi e’tibordan chetda qolib kelayotgan jihatlar va rezervlarni baholash, yuqori malakali kadrlar tayyorlash darajasi hamda sifatini yanada oshirish bo‘yicha aniq takliflarni ishlab chiqish imkoniyati paydo bo‘ladi.

      Ta’lim sohasidagi ishlarimizni sarhisob qilar ekanmiz, Fransiyadagi dunyoning eng yaxshi beshta biznes maktabi qatoriga kiradigan “Inssad” xalqaro biznes maktabining 2012-yilgi “Innovatsiyalarning global indeksi” ma’ruzasida bayon etilgan ma’lumotlarni keltirish o‘rinli, deb o‘ylayman. Ma’ruza Jahon intellektual mulk tashkiloti bilan hamkorlikda tayyorlangan.

      Ushbu ma’ruzada dunyoning 141 mamlakatidagi innovatsion rivojlanish kompleks tarzda tahlil qilingan. Tahlilning asosiy tarkibiy qismlaridan biri inson kapitalini rivojlantirish darajasi bo‘lib, mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha bizning mamlakatimiz 35-o‘rinni egallagan. Ta’lim tizimini rivojlantirish darajasi bo‘yicha esa O‘zbekiston – shunga e’tibor beringlar – dunyoning 141 mamlakati orasida ikkinchi o‘rinni band etgan.

      O‘ylaymanki, bu o‘rinda ortiqcha izohga hojat yo‘q.

      Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini yanada isloh qilish va rivojlantirish bo‘yicha ham 2012-yilda izchil va aniq maqsadga qaratilgan ishlar amalga oshirildi.

      Sog‘liqni saqlash muassasalarining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash uchun o‘tgan yili Ta’lim muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash jamg‘armasi Ta’lim va tibbiyot muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash jamg‘armasiga aylantirildi.

      Bu faqat o‘tgan yil davomida Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan 154 ta tibbiyot muassasasini qurish va rekonstruksiya qilishga 255 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirish, 7,5 ming o‘ringa mo‘ljallangan shifoxonalarni va bir smenada 11 ming kishini qabul qila oladigan ambulatoriya-poliklinika ob’ektlarini foydalanishga topshirish imkonini berdi. Tibbiyot muassasalarini zamonaviy diagnostika va davolash uskunalari bilan jihozlash uchun Jamg‘arma tomonidan 8 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratildi.

      Respublika ixtisoslashtirilgan jarrohlik markazida zamonaviy, yuksak texnologiyalarga asoslangan tibbiyot uskunalari bilan jihozlangan, yurak-qon tomir kasalliklariga chalingan bemorlarga jahon standartlari darajasida diagnoz qo‘yish va ularni davolash imkonini beradigan kardiojarrohlik bo‘limining ochilishi o‘tgan yili shu sohada qilgan eng muhim ishlarimizdan biri bo‘ldi.

      Shuni mamnuniyat bilan qayd etmoqchimanki, reproduktiv salomatlikni ta’minlash bo‘yicha o‘zbek modeli BMT tomonidan Sharqiy Yevropa, Boltiqbo‘yi va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari uchun eng yaxshi mintaqaviy dastur sifatida tavsiya etildi.

      Yurtimizda sportni, avvalambor, bolalar sportini rivojlantirishga doimiy ravishda katta e’tibor qaratayotganimiz ham, hech shubhasiz, aholi salomatligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

      2012-yilda 108 ta bolalar sporti ob’ekti, jumladan, 16 ta suzish havzasi, Navoiy shahrida 10 ming o‘rinli yangi stadion, Nukus shahrida tennis maktabi, mamlakatimiz hududlarida 12 ta bolalar va o‘smirlar sport maktabi foydalanishga topshirildi.

      Samarqand shahrida eshkak eshish kanalini rekonstruksiya qilish ishlari nihoyasiga yetkazildi.

      Ayni paytda 6 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan qariyb 1 million 600 ming bola yoki yurtimizdagi bolalarning 35,6 foizi turli sport turlari bilan muntazam shug‘ullanmoqda.

      Toshkent shahrida xalqaro standartlarga javob beradigan zamonaviy “Bunyodkor” va “Lokomotiv”, Bekobod shahrida “Metallurg” futbol stadionlari bunyod etildi. Sport kurashi bo‘yicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabi tashkil qilindi.

      Mamlakatimizda yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholini, birinchi navbatda, yoshlarni ishga joylashtirish muammosiga g‘oyat katta e’tibor berilayotgani haqida bugun ortiqcha gapirishga zarurat yo‘q, deb o‘ylayman.

      2012-yilda mamlakatimizda kompleks chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish hisobidan qariyb 1 millionta yangi ish o‘rni tashkil etildi. Bu ish o‘rinlarining 62 foizga yaqini qishloq joylarda yaratildi. Bu borada kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish evaziga 485 ming kishi, kasanachilikning barcha shakllarini kengaytirish hisobidan esa 218 ming kishi ish bilan ta’minlandi.

      Ushbu ko‘rsatkichlarni mamnuniyat bilan qayd etar ekanmiz, bu vazifa joriy va kelgusi yillarda ham ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarimizning markazida bo‘lishi lozimligini barchamiz yaxshi anglaymiz, albatta.

      Hurmatli majlis qatnashchilari!

      O‘zbekistonni 2013-yilda iqtisodiy rivojlantirish dasturining eng muhim ustuvor yo‘nalishlarini belgilar ekanmiz, biz, avvalo, o‘tgan yillarda iqtisodiyotimizda erishilgan marralar, istiqbolga mo‘ljallangan uzoq muddatli maqsadlar, shuningdek, jahon bozoridagi real va kutilayotgan, prognoz qilinayotgan holatdan kelib chiqamiz.

      Bugun shuni tan olish kerakki, hamon davom etayotgan global moliyaviy-iqtisodiy inqiroz hamda uning oqibatlarini yumshatish va bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilgan inqirozga qarshi dasturlar va ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan, bu boradagi ahvol, afsuski, yaxshilanmayapti, ayrim ko‘rsatkichlar bo‘yicha esa uning yomonlashish tendensiyasi kuzatilmoqda.

      Dunyoning ko‘plab yetakchi mamlakatlarida davlat qarzi va milliy byudjetlar taqchilligi muammosi deyarli hal etilmasdan qolmoqda, real iqtisodiyotda ishlab chiqarish pasayib bormoqda, jahon bozorida xarid talabining kamayishi davom etmoqda, ishsizlik darajasi yuqoriligicha qolmoqda, ijtimoiy keskinlik kuchaymoqda.

      Kredit oluvchilarning to‘lovga layoqatsizligi, hisob-kitob qilishga qurbi yetmayotgani moliya-bank tizimida jiddiy muammolar paydo bo‘lishiga olib kelmoqda.

      Dunyoning eng yirik davlatlari markaziy banklari tomonidan real aktivlar bilan deyarli ta’minlanmagan pullarni chiqarish davom etayotgani, shuningdek, sun’iy moliyaviy vositalar – derivativlarning nazoratsiz chiqarilayotgani ko‘plab nufuzli xalqaro tahlil markazlari va ekspertlarda jiddiy tashvish uyg‘otmoqda.

      Moliya va bank bozorini ortiqcha likvidlik bilan to‘ldirish, bunday siyosatni davom ettirish ulkan spekulyativ “ko‘piklar” hosil bo‘lishi, zaxira valyutalari va milliy valyutalarning qadrsizlanishi, inflyatsiya darajasining o‘sish xavfini tug‘dirmoqda.

      Tobora o‘sib borayotgan bunday muammolar bugungi kunda global inqiroz keltirib chiqarayotgan chuqur jarayonlarni faqat eski vosita va prinsiplarni tuzatish bilan hal etib bo‘lmasligidan darak bermoqda va avvalambor moliya va bank tizimining yangi tuzilmasini, uni nazorat qilish va tartibga solish mexanizmlarini ko‘p tomonlama asosda ishlab chiqishni taqozo etmoqda.

      Ana shunday murakkab sharoitda 2013-yil va yaqin kelajakda hamon davom etayotgan global inqirozning barcha xavf-xatar va oqibatlarining O‘zbekiston iqtisodiyotiga ko‘rsatadigan ta’sirini hisobga olish alohida prinsipial ahamiyat kasb etadi.

      Bugungi vaziyat o‘tgan yillar mobaynida inqirozga qarshi kurashish borasida to‘plagan tajribamizga suyanib, mamlakatimizni rivojlantirish, isloh etish va yangilash bo‘yicha erishgan sur’atlarni boy bermaslik uchun mavjud resurs va imkoniyatlarni safarbar etishni talab qilmoqda.

      Ana shu vazifadan kelib chiqqan holda, 2013-yilda izchil yuqori o‘sish sur’atlarini, makroiqtisodiy barqarorlikni saqlash va iqtisodiyotimiz raqobatdoshligini oshirish eng muhim ustuvor yo‘nalishimizga aylanishi darkor.

      Joriy yilda mamlakatimiz iqtisodiyotini 8 foizga, sanoatni 8,4 foizga, qishloq xo‘jaligini 6 foizga, asosiy kapitalga kiritilgan investsiyalar hajmini 11 foizga, xizmat ko‘rsatish sohasini qariyb 16 foizga oshirish va yalpi ichki mahsulotda uning ulushi 53 foizgacha o‘sishini ta’minlash vazifasi qo‘yilmoqda.

      Yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirishni ta’minlaydigan kimyo, neft-gaz va neft-kimyo sanoatini, mashinasozlik, metallni qayta ishlash, qurilish materiallari ishlab chiqarish, yengil, oziq-ovqat sanoatining yuqori texnologiyalarga asoslangan tarmoqlarini va boshqa sohalarni yuksak darajada rivojlantirish oldimizga qo‘yilgan maqsadlarga erishishning asosiy manbai bo‘lishi darkor.

      Qishloq xo‘jaligida paxta va g‘allaning barqaror hajmini saqlagan holda, kartoshkachilik, sabzavotchilik, uzumchilik va chorvachilikni jadal rivojlantirish uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratildi.

      2013-yilda mutanosib va barqaror davlat byudjetini shakllantirish maqsadida soliq ma’murchiligini yanada takomillashtirish va erkinlashtirish, mahalliy byudjetlarning daromad qismini mustahkamlash, butun soliq tizimini soddalashtirish va uning oshkoraligini ta’minlash bo‘yicha tegishli tadbirlar ko‘zda tutilmoqda. Shularning hisobidan soliq yuki darajasining oshmasligi ta’minlanib, yalpi ichki mahsulotga nisbatan bu ko‘rsatkich 21,3 foizni tashkil etadi.

      2013-yilda ham Davlat byudjetining ijtimoiy yo‘naltirilganligi saqlab qolinadi. Uning xarajatlar qismining 60 foizdan ortig‘i ijtimoiy ehtiyojlarni moliyalashtirishga qaratilgan.

      Joriy yilda mutanosib qat’iy pul-kredit siyosatini amalga oshirish davom ettiriladi, inflyatsiya ko‘rsatkichlari 7-9 foizni tashkil qiladi, Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasi 12 foiz darajasida saqlanadi.

      Bu borada bank tizimining moliyaviy barqarorligini yanada mustahkamlash, Respublika moliya-bank tizimini yanada rivojlantirish va uning barqarorligini oshirishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha qabul qilingan dasturda ko‘zda tutilgan tadbirlarni so‘zsiz amalga oshirish, bank nazoratini kuchaytirish, bank aktivlari va kredit portfelining sifatini yaxshilashga alohida e’tibor qaratiladi. Bank tizimi jami kapitalini kamida 20 foizga ko‘paytirish mo‘ljallanmoqda.

      Hurmatli do‘stlar!

      2013-yil va yaqin kelajakka mo‘ljallangan dasturimizni amalga oshirishda iqtisodiyotimiz va uning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya qilish, texnik hamda texnologik yangilashni jadallashtirish va uning ko‘lamini kengaytirish, ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish markaziy o‘rin tutishi darkor.

      Bu borada 2013-yil uchun ishlab chiqilgan va 370 dan ortiq strategik muhim loyihani amalga oshirishni ko‘zda tutadigan Investitsiya dasturi g‘oyat muhim ahamiyat kasb etadi.

      Ushbu maqsadlar uchun ajratilayotgan 13 milliard dollarning 75 foizini ichki manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan mablag‘lar, qolgan qismini jalb etiladigan xorijiy investitsiyalar tashkil etadi.

      Ishlab chiqarish qurilishi uchun mo‘ljallanayotgan jami investitsiyalarning qariyb to‘rtdan uch qismini yangi ishlab chiqarish korxonalarini barpo etish, rekonstruksiya va modernizatsiya qilish uchun yo‘naltirishga to‘g‘ri kelmoqda.

      Investitsiya dasturini amalga oshirishda O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tobora muhim o‘rin tutmoqda. 2013-yilda faqat Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan qiymati 780 million dollarlik 34 tadan ortiq muhim loyiha, birinchi navbatda, xorijiy sheriklar bilan hamkorlikda barpo etilayotgan ob’ektlarni moliyalashtirish rejalashtirilmoqda.

      2013-yilda asosiy maqsadimiz – qurilishi boshlangan va mamlakatimizning sanoat ishlab chiqarish tarkibini tubdan o‘zgartirishga xizmat qiladigan ob’ektlarni barpo etish sur’atlarining pasayishiga yo‘l qo‘ymaslik prinsipial ahamiyatga ega. Joriy yilda 115 ta muhim ob’ektni ishga tushirish ko‘zda tutilmoqda.

      Hamkorlarimiz bilan kelishilgan yangi ob’ektlar qurilishini boshlashni tezlashtirish zarur. Shular qatorida Qo‘ng‘irot soda zavodining ikkinchi navbatini, “Rezinotexnika” ochiq aksiyadorlik jamiyati negizida avtomobil shinalari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, bir qancha qo‘shma korxonalarning quvvatini oshirish lozim.

      2013-yilda qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida yakka tartibdagi uy-joylarni qurish ko‘lamini yanada kengaytirish alohida o‘rin tutishi zarur.

      Shu borada barchamiz bir fikrni chuqur anglab olishimizni istardim. Qishloqlarda takomillashtirilgan zamonaviy loyihalar asosida yangi uy-joylar qurish va qishloq aholi punktlarini kompleks ravishda rivojlantirish – bu, avvalo, odamlarimizning turmush tarzi va mentalitetini tubdan o‘zgartirish bo‘yicha ezgu maqsadlarni ko‘zlaydigan qishloq aholisi hayotini sifatli tashkil etish va yaxshilashga doir uzoq muddatli davlat dasturining asosiy ma’no-mazmunini tashkil etadi.

      Zamonaviy muhandislik, transport va ijtimoiy infratuzilmaga ega bo‘lgan yangi va ko‘rkam uy-joy massivlarini barpo etish – mamlakatimiz qiyofasini har tomonlama obod qilishga qaratilgan, istiqbolga mo‘ljallangan muhim vazifamizdir.

      Ana shu istiqbol rejalaridan kelib chiqqan holda, joriy yilda qishloq joylarda yakka tartibdagi yangi uy-joylar qurishni 8,5 mingtadan 10 mingtaga yetkazish ko‘zda tutilmoqda. 2013-yilda bu maqsadlar uchun 1 trillion 400 milliard so‘m, ya’ni o‘tgan yilga nisbatan 54 foiz ko‘p mablag‘ yo‘naltirish mo‘ljallangan.

      Bu borada shuni e’tiborga olish kerakki, mazkur maqsadlar uchun tuzilayotgan pudratchi qurilish-montaj tashkilotlari, barcha hududlarda shakllantirilayotgan ularning kuchli moddiy-ishlab chiqarish bazasi nafaqat uy-joylar, balki sanoat va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini qurishga ham jalb etiladi.

      2013-yil va undan keyingi yillarda dasturiy vazifalarimizni amalga oshirishda yo‘l-transport va kommunikatsiya infratuzilmasini jadal rivojlantirish ustuvor ahamiyat kasb etadi.

      Bugun mamlakatimizni modernizatsiya qilish va yangilash, iqtisodiyotimizning sifat jihatidan yangi, zamonaviy tarkibiy tuzilmasini shakllantirish, hududlarimizni kompleks rivojlantirish bo‘yicha barcha rejalarimizning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi infratuzilma tarmoqlarini yuksak sur’atlar bilan rivojlantirishga uzviy bog‘liq ekani haqida gapirishning hojati yo‘q, deb o‘ylayman.

      Infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan dasturlarda yaqin istiqbolda yangi energetika quvvatlarini, elektr energiyasini uzatish tarmoqlarini barpo etish va mavjudlarini rekonstruksiya qilish bo‘yicha 26 tadan ortiq investitsiya loyihasini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

      Bular, avvalambor, Tallimarjon issiqlik elektr stansiyasida umumiy quvvati 900 megavolt bo‘lgan ikkita bug‘-gaz qurilmasini, Toshkent issiqlik elektr stansiyasida quvvati 370 megavoltni tashkil etadigan bug‘-gaz qurilmasini, Angren issiqlik elektr stansiyasida quvvati 130-150 megavoltdan iborat energoblokni, Farg‘ona vodiysida yangi energetika quvvatlarini barpo etish, Sirdaryo va Yangi Angren issiqlik elektr stansiyalarini bir-biri bilan bog‘laydigan yuqori voltli elektr uzatish tarmog‘ini qurish, Ustyurt gaz-kimyo majmuasining tashqi energiya ta’minotini tashkil etish kabi muhim strategik loyihalardir.

      Mazkur ob’ektlar qurilishining yakunlanishi va ishga tushirilishi mamlakatimiz butun energiya tizimini, avvalambor, texnik jihatdan tubdan qayta jihozlash, o‘z energiya resurslarimiz hisobidan mamlakatimizning barcha hududlarini ishonchli ta’minlash imkonini beradi. Shu bilan birga, mazkur tizim faoliyati samaradorligini oshirish, elektr energiyasi ishlab chiqarish va uzatish jarayonida sarf-xarajatlar va texnik yo‘qotishlarni sezilarli darajada qisqartirish, energetika resurslari tarkibini optimallashtirishga xizmat qiladi.

      “O‘zbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi bug‘-gaz elektr stansiyalarini qurish, muqobil energiya manbalaridan foydalanish, elektr energiyasi iste’moli hisobini yuritish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish, elektr energiyasi ishlab chiqarish va uni transportirovka qilishda texnologik yo‘qotishlarni qisqartirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha choralarni ko‘rishi darkor.

      2013-yilda xalqaro standartlarga javob beradigan 526 kilometrlik avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish, Qamchiq dovonida 71 kilometrlik avtomobil yo‘li uchastkasida rekonstruksiya ishlarini yakunlash, shuningdek, qator ko‘prik va yo‘lo‘tkazgichlarni barpo etish rejalashtirilmoqda.Ushbu maqsadlar uchun 1 trillion 200 milliard so‘m, shu jumladan, Respublika yo‘l jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 870 milliard so‘mdan ortiq hamda xalqaro moliya institutlari – Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Arab Muvofiqlashtirish guruhining qariyb 120 million dollarga teng mablag‘larini yo‘naltirish ko‘zda tutilmoqda.

      “O‘zavtoyo‘l” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, Respublika yo‘l jamg‘armasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash hamda yo‘llar bo‘yida tegishli infratuzilmani rivojlantirishga doir belgilangan vazifalarni so‘zsiz bajarish yuzasidan amaliy choralar ko‘rishi lozim.

      Temir yo‘l kommunikatsiyalari tizimini jadal rivojlantirishga, yuk tashish hajmining asosiy qismini ta’minlaydigan kommunikatsiya tarmoqlari bilan mamlakatimizning barcha hududlarini ishonchli tarzda bog‘lashga biz alohida e’tibor qaratmoqdamiz. Joriy yilda bu borada 16 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda.

      Birinchi navbatda, 140 kilometrlik “Maroqand – Qarshi”, 325 kilometrlik “Qarshi – Termiz” temir yo‘l uchastkalarini elektrlashtirishni tugatish, shuningdek, harakatlanadigan tarkibni modernizatsiya qilish ishlarini amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

      “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi ushbu loyihalarni amalga oshirishning borishini yana bir bor tanqidiy baholashi va tarmoq jadvallariga aniqliklar kiritib, ularning so‘zsiz bajarilishini ta’minlashi lozim.

      Axborot-kommunikatsiya va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi chora-tadbirlar va loyihalarni jadal amalga oshirish tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Biz o‘zimizga shuni aniq tasavvur etishimiz kerakki, iqtisodiyotning barcha sohalariga, kundalik hayotimizga zamonaviy axborot-kommunikatsiya tizimlarini keng joriy etish bo‘yicha tub va ijobiy ma’nodagi portlash effektini beradigan o‘zgarishlarni amalga oshirmasdan turib, istiqboldagi maqsadlarimizga erishish qiyin bo‘ladi. Biz qisqa vaqt mobaynida nafaqat axborot xizmatlari ko‘rsatishning ko‘plab turlari bo‘yicha mavjud kamchiliklarni bartaraf etishimiz, balki axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish borasida yuksak darajaga erishgan ilg‘or mamlakatlar safiga qo‘shilishimiz zarur.

      Joriy yilning o‘zida Jizzax, Toshkent, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida beshta raqamli televizion uzatgich o‘rnatish yo‘li bilan raqamli televideniyeni rivojlantirish loyihalarini amalga oshirish va mamlakatimiz aholisini raqamli televideniye bilan qamrab olish darajasini 42 foizdan 45 foizga yetkazishni ta’minlash lozim.

      Zamonaviy texnologiyalar asosida videotelefonlar, internet-televideniye, yuqori tezlikdagi internet, HDTV kanallarini namoyish qilish va boshqa xizmatlar ko‘rsatish imkonini beradigan 2 ming kilometr uzunlikdagi keng polosali optik tolali aloqa tarmog‘i qurilishini yakuniga yetkazish darkor.

      Yangi tashkil etilgan Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi, bu sohada asosiy muvofiqlashtiruvchi organ sifatida, o‘tgan yilda qabul qilingan Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish va yanada rivojlantirish dasturi bajarilishini qat’iy nazoratga olishi, uning ijrosi natijalari to‘g‘risida Hukumatga muntazam ravishda axborot berib borishi zarur.

      Bu borada “Elektron hukumat” tizimini, shu jumladan, boshqaruv jarayonlari, shuningdek, biznes sohasiga va fuqarolarga davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini shakllantirish konsepsiyasi va kompleks dasturini ishlab chiqishni jadallashtirishga, Axborot tizimlarining idoralararo va idoraviy komplekslarni integratsiya qiladigan milliy tizimini yaratishga alohida e’tibor qaratish lozim.

      Hurmatli yurtdoshlar!

      Faol investitsiya siyosati mamlakatimizni modernizatsiya qilish va yangilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning eng muhim sharti va manbai bo‘lmog‘i kerak. O‘zbekistonda so‘nggi besh yil mobaynida investitsiyalarning yillik o‘sish sur’ati 9 foizdan ziyodni tashkil etmoqda va bu dunyodagi yuqori, barqaror ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi. Jahon miqyosida global moliyaviy-iqtisodiy inqiroz davom etayotganini inobatga oladigan bo‘lsak, bugungi murakkab sharoitda biz erishgan bu natijaning ahamiyati va mohiyati yanada yaqqol ayon bo‘ladi.

      Keyingi 10-yilda mamlakatimiz iqtisodiyotiga kiritilgan investitsiyalar hajmi 3,2 barobar oshgan bo‘lsa, shu davrda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi 20 barobardan ziyod o‘sgani e’tiborga sazovordir.

      Strategik xorijiy investorlarni jalb etish maqsadida mamlakatimizda investorlarning o‘zi uchun ham, xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar uchun ham noyob kafolatlar tizimi yaratildi.

      Avvalo, davlat tomonidan xorijiy investorlarning barcha huquqlari ta’minlanmoqda, ularning sarmoyalari, mamlakatimiz hududida ular tomonidan yaratilgan mulkning daxlsizligi kafolatlanmoqda, yaratilayotgan imtiyoz va preferensiyalarni kengaytirish va liberallashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar izchil davom ettirilmoqda.

      “Chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish choralari to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, qonunchilik normalarining o‘zgartirilishi investitsiyalash shart-sharoitlarini yomonlashtirishga olib kelgan taqdirda chet ellik investorlarga nisbatan o‘n yil mobaynida investitsiya kiritilgan sanada amal qilgan qonunchilik qo‘llanadi.

      Yana bir qulaylik tomoni shundaki, davlat boshqaruv organlari yoki davlat hokimiyati mahalliy organlari tomonidan chet ellik investorlarning huquqlarini kamsitadigan normativ hujjatlar qabul qilingan, shuningdek, chet ellik investorlarning xo‘jalik faoliyatiga g‘ayriqonuniy aralashishga yo‘l qo‘yilgan taqdirda, bularning oqibatida yetkazilgan zarar sud orqali mazkur organlar tomonidan qoplanadi.

      Mamlakatimizda chet ellik investorning O‘zbekistonda olgan daromadlarini qaytadan investitsiya sifatida kiritish bo‘yicha hech qanday cheklovlar yo‘q – chet ellik investorning daromadi, uning xohishiga ko‘ra, har qanday shaklda ishlatilishi mumkin.

      Mazkur qonunga muvofiq, yurtimizda chet el investitsiyalari va xorijiy investorlarning boshqa aktivlari xalqaro huquqda qabul qilingan umumiy holatlarni (masalan, tabiiy ofatlar, falokatlar va boshqalarni) mustasno etganda, natsionalizatsiya qilinmasligiga yana bir bor e’tibor qaratish o‘rinlidir.

      O‘zbekistonda 2012-yilda mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligini yanada yaxshilashga yo‘naltirilgan bir qator qo‘shimcha muhim qonun hujjatlari va huquqiy normalar qabul qilindi.

      Biz mamlakatimizda xorijiy investorlar uchun muhim ahamiyat kasb etadigan investitsiya loyihalarini amalga oshirish yo‘lida zarur bo‘lgan barcha ishlab chiqarish infratuzilmalarini davlat mablag‘lari hisobidan ta’minlash prinsipini nafaqat qabul qildik, balki uni amalda joriy etmoqdamiz.

      Biz qiymati 50 million dollardan oshadigan va xorijiy investorning ulushi kamida 50 foiz bo‘lgan aniq loyihalarning o‘z muddatida amalga oshirilishini ta’minlaydigan infratuzilmani loyiha hujjatlari asosida o‘z vaqtida qurish majburiyatini zimmamizga olamiz. Surg‘il koni negizida Ustyurt gaz-kimyo majmuasini qurish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyiha buning yaqqol dalilidir. Bu yerda umumiy qiymati 212 million dollarni tashkil etadigan tashqi muhandislik infratuzilmasini barpo etishni davlat o‘z zimmasiga olgan. “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasi va “Angren” maxsus industrial zonasida yaratilgan sharoitlar ham bunga misol bo‘lishi mumkin.

      Mamlakatimizda yaratilgan ishbilarmonlik muhiti qulay investitsiyaviy jozibadorlikning muhim tarkibiy qismi va omilidir.

      O‘zbekistonda Jahon banki tomonidan ishlab chiqilgan metodologiyaga mos va mamlakatimizda biznesni yuritish bilan bog‘liq barcha jarayonlarni yanada liberallashtirish, soddalashtirish, arzonlashtirish va ularning ochiqligini ta’minlashga yo‘naltirilgan kompleks dastur qabul qilindi.

      2012-yil davomida mazkur dastur doirasida oltita muhim qonun, jumladan, “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi, yangi tahrirdagi “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunlar, shuningdek, ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish, soliq va statistik hisobotlarni qisqartirishga qaratilgan qonun hujjatlari va normativ aktlar majmuasi qabul qilindi.

      Ruxsat berishga oid 80 ta tartib-taomil, litsenziyalanishi talab etiladigan 15 ta faoliyat turi bekor qilindi, statistik, soliq va moliyaviy hisobotlarning shakllari va davriyligi bir yarim-ikki barobar qisqartirildi. Davlat va nazorat qiluvchi idoralarning tadbirkorlik sub’ektlari bilan elektron shakldagi bilvosita aloqasi bosqichma-bosqich joriy etilmoqda.

      Bugungi kunda O‘zbekistonda biznesni ro‘yxatga olish jarayoni “bir darcha” tamoyili asosida atigi ikki kun ichida amalga oshiriladi va bu eng yaxshi xalqaro amaliyot talablariga to‘la mosdir.

      Mamlakatimizda tadbirkorlik sub’ektlari huquqlarining ustuvorligi tamoyili joriy etilgan bo‘lib, bunda tadbirkorlik faoliyatini yuritish bilan bog‘liq qonunchilikdagi bartaraf etib bo‘lmaydigan qarama-qarshilik va noaniqliklar tadbirkorlik sub’ekti foydasiga talqin qilinishi belgilab qo‘yilgan.

      Yurtimizda ishbilarmonlik muhitini takomillashtirish borasidagi chora-tadbirlar o‘zining ilk natijalarini ko‘rsatayotganini ta’kidlash joiz. Jahon banki hisob-kitoblariga ko‘ra, 2012-yilda O‘zbekiston biznesni yuritish bo‘yicha reytingda 14 o‘rin yuqoriga ko‘tarildi.

      Ayni paytda mazkur yo‘nalishda yana ko‘p ishlarni amalga oshirish lozimligini ta’kidlash kerak. Mamlakatimizdagi ishbilarmonlik muhiti jahon tajribasida qabul qilingan biznesni yuritish mezonlariga qay darajada mos kelishini doimo kuzatib borishimiz va tegishli qarorlar qabul qilishimiz zarur. Vazirlar Mahkamasi bu ishga rahbarlik qilishi, Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bu masala bilan tizimli asosda shug‘ullanishi maqsadga muvofiq bo‘lur edi.

      Yangi ish o‘rinlari tashkil etish va mamlakatimiz aholisi bandligini ta’minlash 2013-yil va undan keyingi yillarga mo‘ljallangan maqsadli vazifalarni hal qilishning eng muhim ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qoladi.

      Oliy Majlis tomonidan ma’qullangan dasturda 2013-yilda 970 mingdan ortiq yangi ish o‘rni tashkil etish ko‘zda tutilgan. Muhim ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan mazkur masalani hal etishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni, xizmat ko‘rsatish va servis sohasini jadal rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi. Ushbu sohalarda qariyb 500 ming ish o‘rni yaratish rejalashtirilmoqda.

      Band bo‘lmagan aholini ish bilan ta’minlashda kasanachilikning turli shakllarini, birinchi navbatda, kasanachilar va korxonalar o‘rtasidagi kooperatsiyani mehnat shartnomalari asosida kengaytirish, oilaviy biznesni rivojlantirish katta rezerv hisoblanadi. Mazkur sohalar hisobidan 280 mingdan ortiq kishini ishga jalb qilish ko‘zda tutilgan.

      Ish o‘rinlarini tashkil qilishda, birinchi navbatda, tarmoq dasturlarini amalga oshirish, korxonalarni modernizatsiya qilish va texnologik yangilash, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashni chuqurlashtirish, transport va kommunikatsiya qurilishini, ijtimoiy va bozor infratuzilmasini jadal rivojlantirish, aholi punktlarini obodonlashtirish ishlarini kengaytirish masalalari muhim o‘rin tutadi va bu sohalarda 250 ming kishini ish bilan ta’minlash belgilangan.

      Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shahar va tumanlar, xo‘jalik yurituvchi sub’ekt va tashkilotlar rahbarlariga murojaat etib, ushbu masalani hal qilish yuzasidan tegishli aniq dasturlarni ishlab chiqish va ularning so‘zsiz bajarilishini ta’minlash zarurligiga e’tiboringizni qaratmoqchiman.

      Barchamiz, avvalambor, katta-kichik rahbarlar bir narsani hech qachon esimizdan chiqarmasligimiz lozim. Har qaysi oiladagi farovonlik, yurtdoshlarimizning hayotga bo‘lgan munosabati, pirovard natijada butun jamiyatimizning barqarorligi, avvalo, odamlarimizning qanday ish bilan ta’minlangani, o‘z mehnatiga yarasha munosib maosh olishiga bog‘liqdir.

      Hurmatli do‘stlar!

      Yuqorida bayon qilingan fikrlarni umumlashtirib, o‘tgan davrda amalga oshirgan keng ko‘lamli ishlarimiz ham, joriy yildagi va undan keyingi yillardagi barcha sa’y-harakatlarimiz ham yagona ezgu maqsadga – xalqimizning hayot darajasi va sifatini yuksaltirishga qaratilganini yana bir bor ta’kidlamoqchiman.

      Bu sohada erishilgan real raqam va ko‘rsatkichlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar va o‘zgarishlarning samaradorligini yaqqol namoyon etayotganini har birimiz o‘zimizga aniq tasavvur qilishimiz lozim.

      Hech kimga sir emaski, hayot darajasi, birinchi navbatda, aholining daromadlari miqdori bilan belgilanadi. O‘tgan 2012-yilda bu ko‘rsatkich yurtimizda 17,5 foizga o‘sdi, eng kam ish haqi 26,5 foizga oshdi.

      Umuman olganda, 2000-yil bilan taqqoslaganda, real daromad aholi jon boshiga 8,6 barobar ko‘paydi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, o‘rtacha ish haqi iste’mol savatchasi bahosidan 4 barobardan ziyod oshdi.

      2013-yilda byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, nafaqa va stipendiyalar miqdorini o‘rtacha 23 foizdan kam bo‘lmagan darajada oshirish, 2013-yilda va keyingi ikki yilda aholi real daromadlarini kamida bir yarim barobar ko‘paytirish vazifasi qo‘yilmoqda.

      Mamlakatimizda aholi daromadlarining oshib borishi bilan uning tarkibi o‘zgarib, tadbirkorlik faoliyatidan olinayotgan daromad barqaror o‘sib borayotgani alohida e’tiborga molikdir.

      O‘tgan 2012-yilda ushbu ko‘rsatkich 51 foizni tashkil qildi, boshqacha aytganda, odamlarimiz daromadining yarmidan ko‘pi birinchi navbatda tadbirkorlik, kichik va xususiy biznes hisobidan shakllanmoqda.

      Ana shu davrda aholining banklardagi omonatlari o‘sishi 34,6 foizni tashkil qildi, so‘nggi o‘n yilda esa 40 barobardan ziyod oshdi. 2012-yilda mamlakatimizdagi barcha investitsiyalarning 20 foizdan ortig‘ini aholi investitsiyalari tashkil etgani, ayniqsa, e’tiborlidir.

      O‘zbekistonda aholining eng ko‘p ta’minlangan 10 foizi va eng kam ta’minlangan 10 foiz qatlami daromadlari o‘rtasidagi tafovut 2012-yilda atigi 8,0 barobarni tashkil etganini alohida ta’kidlashni istardim. Bu jahondagi eng past ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib, mamlakatimizda jamiyatning keskin tabaqalanishiga yo‘l qo‘ymaslik borasida olib borilayotgan ijtimoiy siyosatimizning samarasi, desak, hech qanday xato bo‘lmaydi.

      Odamlarning o‘ziga o‘zi baho berishi, o‘zini aholining muayyan guruhiga mansubligini anglashi ularning turmush darajasi va sifatining umumiy hamda yakuniy indikatori hisoblanadi.

      Bu borada, albatta, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad bilan bir qatorda yashash sharoiti va standartlari, aholining obod va zamonaviy uy-joylar bilan ta’minlangani, odamlar istiqomat qiladigan muhitni rivojlantirish hamda obodonlashtirish, zarur infratuzilmaning mavjudligi va uning samarasi, aholini sifatli iste’mol tovarlari, shu jumladan, mamlakatda ishlab chiqarilgan tovarlar bilan ta’minlash, zamonaviy talablar asosida ta’lim olish hamda sog‘liqni saqlash tizimidan bahramand bo‘lish kabi hayot darajasini belgilaydigan muhim ko‘rsatkichlar inobatga olinadi.

      O‘zbekistonda yuqorida qayd etilgan aksariyat indeks va ko‘rsatkichlar bo‘yicha katta o‘zgarish va yutuqlarga erishildi. Bu haqda so‘z yuritganda, shuni aytish joizki, ayni paytda oilalarning 97 foizi o‘z uyiga ega, aholining 90 foizi uzoq muddat foydalaniladigan barcha asosiy tovarlar bilan ta’minlangan, har uch oiladan biri shaxsiy yengil avtomobilga ega, aholi iste’mol mahsulotlari bilan yetarli darajada ta’minlanmoqda.

      O‘tkazilgan so‘rovlarga ko‘ra, ayni paytda mamlakatimiz aholisining 50 foizga yaqini o‘zini o‘rta toifaga mansub deb biladi. Holbuki, 2000-yilda atigi 24 foiz aholi o‘zini shu toifaga mansub deb bilar edi.

      Shuni unutmaslik kerakki, o‘rta sinf ulushining yuqoriligi fuqarolik jamiyatini shakllantirishning zamini va asosi, davlatning barqarorligi va mustahkamligining, odamlarning o‘z kelajagiga bo‘lgan ishonchining muhim omili sifatida qabul qilinadi.

      O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar muvaffaqiyati, aholi turmush darajasi va hayot sifatini oshirish bo‘yicha erishilgan yutuqlar yetakchi xalqaro tashkilotlar hamda ekspertlar hamjamiyati tomonidan keng e’tirof etilib, xolisona baholanmoqda.

      2012-yilda Buyuk Britaniyaning xalqaro miqyosda tan olingan Legatum instituti o‘zining

"O‘qituvchi" nashriyot-matbaa ijodiy uyi ("O‘qituvchi" NMIU) umumta`lim maktablari, oliy o`quv yurtlari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari uchun original, tarjima darsliklar, o`quv qo`llanmalar, shuningdek, o`qituvchilar uchun metodik qo`llanmalar nashr etadi. Buyurtma

Batafsil ma`lumot

Bosh maqsadimiz – keng ko‘lamli islohotlar va modernizatsiya yo‘lini qat’iyat bilan davom ettirish

Yangiliklarni o‘qishni tavsiya etamiz

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 21-yilligi munosabati bilan Vatan himoyachilariga bayram tabrigi

      Hurmatli askar va serjantlar, ofitser va generallar, Qurolli Kuchlarimiz faxriylari!

      Sizlarni va barcha yurtdoshlarimizni mamlakatimiz hayotidagi qutlug‘ sana – Vatan himoyachilari kuni va Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining 21-yilligi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etish menga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi.

O'zbekistonda yoshlar siyosati - mamlakatni yanada rivojlantirish yo'lida

      Yoshlar ijod saroyida 22-yanvar kuni "O'zbekiston Respublikasida yoshlar siyosatini amalga oshirishning dolzarb masalalari" mavzuida ilmiy-amaliy respublika konferensiyasi boshlandi. Anjuman Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining istiqbolli yosh pedagog va ilmiy kadrlar malakasini oshirish "Iste'dod" jamg'armasi, "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati va O'zbekiston Fanlar akademiyasi tomonidan tashkil etildi.

Mashhur yangiliklar

Войти / Регистрация
Закладки
Корзина покупок
Оформление заказа
Интернет-магазин книги в Ташкенте