Yangilangan sana: 2018-12-08 Ko`rilgan: 837

Prezident Mirziyoyevning O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 26 yilligiga bag`ishlangan tantanali marosimdagi ma`ruzasi

Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar! Muhtaram mehmonlar! Xonimlar va janoblar!

Sizlar bilan O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 26 yilligi munosabati bilan mana shu muhtasham saroyda ko`rishib turganimdan mamnunman.

Barchangizni, butun xalqimizni ushbu qutlug` ayyom bilan chin qalbimdan muborakbod etib, ezgu tilaklarimni izhor qilishga ijozat bergaysiz.

Xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasi bo`lgan Konstitutsiyamiz yurtimizda demokratik davlat va fuqarolik jamiyati barpo etish, O`zbekistonning xalqaro maydonda munosib o`rin egallashida mustahkam poydevor bo`lib xizmat qilmoqda.

Mamlakatimiz 26 yil davomida bosib o`tgan g`oyat murakkab va sharafli yo`l Bosh qomusimizning hayotbaxsh kuchi va ulkan salohiyatidan dalolat beradi.

Asosiy qonunimiz negizida yaratilgan Harakatlar strategiyasi bugungi kunda jonajon Vatanimiz taraqqiyotini yangi bosqichga ko`tarishda, innovatsion va industrial rivojlanish sari odimlashda beqiyos o`rin egallamoqda.

Xalq bilan doimiy muloqotda bo`lish, odamlarning tashvish-muammolarini hal etish, ularni rozi qilish faoliyatimiz mezoniga aylanmoqda.

Boshlagan ulkan islohotlarimizni samarali amalga oshirishda ushbu masalalarning ahamiyati kun sayin tobora ortib borayotganini hayotning o`zi ko`rsatmoqda.

Aynan shu sababli Bosh qonunimizni chuqur o`rganish, anglash, hayotga joriy etish va unga so`zsiz amal qilish - barchamizning sharafli burchimizdir.

Inson qadr-qimmatini e`zozlash, buning uchun har qanday holatda ham adolatni qaror toptirishga qodir bo`lgan odil sudlov tizimini shakllantirish biz uchun o`tgan ikki yil davomida eng ustuvor vazifaga aylandi.

Buyuk sohibqiron Amir Temur bobomiz Oqsaroy peshtoqiga “Adolat - davlatning asosi va hukmdorlar shioridir”, degan hikmatli so`zlarni yozdirgani bejiz emas, albatta. Ushbu ulugʻvor g`oya inson qadr-qimmatini oliy darajaga ko`tarish borasidagi amaliy harakatlarimiz poydevoriga aylandi.

Xalqimizning farovon hayot kechirishi uchun munosib sharoit yaratish - Konstitutsiyamizning bosh maqsadidir.

Islohotlar natijasida aholining turmush darajasi va real daromadlari albatta oshib bormoqda. Shunday bo`lsa-da, bu borada hali Hukumat, markaziy iqtisodiy idoralar hamda barcha darajadagi hokimliklar oldida ko`plab vazifalar turibdi.

Mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini ta`minlashning eng samarali yo`li bu - tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlash ekanini hayotning o`zi ko`rsatmoqda.

Konstitutsiyamizda iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik erkinligi, barcha mulk shakllarining tengligi va davlat tomonidan birdek muhofaza etilishi kafolatlangan. Lekin, iqtisodiyotda davlat aralashuvining yuqoriligi va byurokratiya, soliq, bojxona hamda bank tizimidagi mavjud muammolar ichki investitsiyalarni ko`paytirishga va xorijiy sarmoyadorlarni yanada kengroq jalb etishga hali ham to`siq bo`lib kelmoqda.

Mashhur xitoy faylasufi Sun Szining hikmatli bir gapi bor:“Soliqlarni haddan ziyod kuchaytirish turli talon-tarojlikni keltirib chiqaradi, dushmanlarning boyishiga xizmat qiladi, oqibatda, davlat inqirozga uchraydi”.

Xabaringiz bor, bu yil mamlakatimiz aholisi 33 million kishidan oshdi. Bu, albatta, kichkina raqam emas.

Shuning uchun ham, fuqarolarimizning ijtimoiy huquqlarini ro`yobga chiqarish, jumladan, ular uchun munosib sharoit yaratish, yoshlarni o`qitish va kasbga tayyorlash, ish va uy-joylar bilan ta`minlash kabi hayotiy masalalarni hal etishimiz lozim.

Keyingi ikki yilda fuqarolarimizning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini ro`yobga chiqarish, turmush sharoitlarini yaxshilash, yillar davomida to`planib qolgan muammolarni hal etishga qaratilgan 90 ta qonun hamda 2 mingdan ziyod farmon va qarorlar qabul qildik.

Qabul qilingan qonun hujjatlarida belgilangan 13 mingdan ortiq topshiriqlarning 20 foizi muddatida ijro qilinmagan. Bu Vazirlar Mahkamasi, qator davlat va xo`jalik boshqaruvi idoralari rahbarlari va mahalliy hokimliklarning ishga mas`uliyatsiz yondashayotganidan dalolat bermoqda.

Biz markazda va joylarda ortiqcha majlislarni keskin kamaytirib, ko`proq amaliy ishlar va aniq natija bilan shug`ullanishimiz kerak. Nega deganda, odamlar quruq majlisbozlikdan charchadi.

Olib borayotgan islohotlarimiz va davr talabidan kelib chiqqan holda, Vazirlar Mahkamasi faoliyatini tubdan takomillashtirish, uni chinakam ijro hokimiyatining oliy organiga aylantirish vaqti keldi, deb o`ylayman.

Har qanday qonun ma`lum huquq berish bilan birga, zimmamizga majburiyat ham yuklaydi.

Asosiy qonunimiz bilan barcha fuqarolar zimmasiga Konstitutsiya va qonunlarga amal qilish, boshqalarning huquqlari, erkinliklari, shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilish majburiyati yuklatilgan.

Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatning shakllanishi, avvalambor, tarbiya va muhit bilan bevosita bog`liqdir.

Aziz vatandoshlarim!

Sizlarni bugungi Konstitutsiya bayrami bilan yana bir bor samimiy muborakbod etaman.

Barchamizga kelgusi yilda ham sog`-salomat va xush kayfiyatda uchrashish nasib etishini Yaratgandan so`rab qolaman.

E`tiboringiz uchun rahmat. (UzА)

"O‘qituvchi" nashriyot-matbaa ijodiy uyi ("O‘qituvchi" NMIU) umumta`lim maktablari, oliy o`quv yurtlari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari uchun original, tarjima darsliklar, o`quv qo`llanmalar, shuningdek, o`qituvchilar uchun metodik qo`llanmalar nashr etadi. Buyurtma

Batafsil ma`lumot

Bilimli avlod - buyuk kelajakning, tadbirkor xalq - farovon hayotning, do`stona hamkorlik esa taraqqiyotning kafolatidir

Yangiliklarni o‘qishni tavsiya etamiz

O`qituvchi NMIUda yong`in havfsizligi profilaktikasi kuni o`tkazildi

Toshkentda 2018-yilning 10 oyi davomida 1207 ta yong`in sodir bo`lgan, 18 nafar kishi halok bo`lgan...

Bugungi jurnalistlar kasb mas`uliyatini his qilyaptimi?

Xo`sh, ayni jarayonni ommaviy axborot vositalari qanday yoritmoqda?

Mashhur yangiliklar