Yangilangan sana: 2012-01-02 Ko`rilgan: 993

Prezident Islom Karimoving O‘zbekiston xalqiga yangi yil tabrigi

      Aziz vatandoshlar!

     

      Muhtaram do‘stlar!

      Mana shu fayzli oqshomda bayram dasturxoni atrofida jamuljam bo‘lib, yangi yilni kutib olayotgan siz azizlarni, butun xalqimizni ushbu qutlug‘ ayyom bilan chin qalbimdan tabriklab, barchangizga o‘zimning samimiy hurmat va ehtiromimni bildirishdan baxtiyorman.

      Mana shu shukuhli damlarda yakuniga yetayotgan 2011 yilni kuzatar ekanmiz, mamlakatimiz taraqqiyotida ro‘y bergan ulkan o‘zgarish va yangilanishlar, qo‘lga kiritilgan yutuq va marralar qatorida o‘z oilamiz va yaqinlarimiz boshidan kechirgan tashvish va muammolar, yangilik va xursandchilik yetkazgan kunlar barchamizning ko‘z o‘ngimizda beixtiyor namoyon bo‘lishi tabiiydir.

      O‘ylaymanki, hammamiz bir fikrga qo‘shilamiz – 2011 yil eng avvalo el-yurtimizni yangi, obod va ozod, erkin va farovon hayot qurishga boshlagan buyuk tarixiy va qutlug‘ sana – Vatanimiz mustaqilligining 20 yilligini keng nishonlash yili bo‘lgani bilan xotiramizda saqlanib qoladi.

      Shu ma’noda, 2011 yilni biz bosib o‘tgan 20 yil mobaynida xalqaro maydonda tan olingan, o‘zgalarning havasini tortayotgan, yurtimizning, o‘lkamizning qiyofasini tobora o‘zgartirib borayotgan mamlakatimiz taraqqiyot yo‘lining uzviy bir qismi, mantiqiy davomi, deb qabul qilsak, hech qanday xato bo‘lmaydi.

      Hech kimga sir emas, har qaysi yilning kelishi o‘ziga xos xususiyatlari, tabiat va harorat injiqliklari va o‘zgarishlari, suv tanqisligi va turli alomatlari bilan bir-biridan ajralib turadi. Lekin, poyoniga yetayotgan yil qanday qiyinchilik va murakkablik keltirmasin, 2011 yil mamlakatimiz va xalqimiz uchun samarali va xosiyatli bo‘ldi, deb aytishga to‘liq asoslarimiz bor.

      Dunyodagi eng nufuzli moliyaviy tashkilotlardan biri bo‘lmish Xalqaro valuta fondi tomonidan ta’kidlanganidek, jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozining davom etishi va salbiy ta’sir o‘tkazishiga qaramasdan, O‘zbekiston sanoqli davlatlar qatorida 2011 yilda ham yalpi ichki mahsulotning 8,3 foizga o‘sishini ta’minlab, shu asosda oxirgi 5-6 yil davomida iqtisodiyotimizning barqaror yuqori sur’atlar bilan rivojlanishi bejiz emasligini isbotlab berdi.

      Joriy yil davomida mamlakatimizni yangilash va modernizatsiya qilish, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, hayotimizning barcha jabhalarini erkinlashtirish, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish yo‘lida katta ishlar amalga oshirilganini ko‘p-ko‘p misollarda yaqqol ko‘rish mumkin.

      O‘tgan davr mobaynida ilgari faqat orzu qilish mumkin bo‘lgan marralarga erishganimiz avvalambor biz tanlagan yo‘lning har tomonlama to‘g‘ri ekanini tasdiqlab bermoqda. Xususan, iqtisodiyotimizning lokomotivi bo‘lmish yangi ishlab chiqarish tarmoqlariga asos solganimiz, o‘nlab zamonaviy korxonalar ishga tushirilgani, yoqilg‘i-energetika, tog‘-kon sanoati, kimyo, avtomobilsozlik, kapital qurilish, transport va kommunikatsiya, yengil sanoat kabi yetakchi tarmoqlarning jadal rivojlanib borayotgani ana shunday yutuqlarga mustahkam poydevor bo‘lmoqda, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

      Ayniqsa, fidoyi dehqon va fermerlarimizning bu yilgi mavsumda og‘ir tabiiy qiyinchiliklarni mardonavor yengib, 6 million 800 ming tonna g‘alla, 3 million 500 ming tonnaga yaqin paxta xirmoni bunyod etgani, 8 million 200 ming tonnadan ziyod sabzavot va poliz, qariyb 3 million tonna bog‘dorchilik mahsulotlari yetishtirib, yangi yilni yorug‘ yuz bilan kutib olayotgani har qancha tahsinga sazovordir.

      Iqtisodiyot sohasida biz erishgan ana shunday salmoqli natijalar o‘z navbatida 2011 yilda ish haqi, stipendiya va ijtimoiy nafaqalar miqdori 20,2 foizga, pensiyalar 26,2 foizga ko‘payishi, aholining real daromadlari esa 23,1 foizga oshishi uchun imkoniyatlar tug‘dirib berganini alohida qayd etish zarur.

      Shu borada 2011 yilda iqtisodiyotimizni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, ayniqsa, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, fermerlik sohasi uchun keng imkoniyat va imtiyozlar yaratib berish hisobidan mamlakatimizda 1 millionga yaqin ish o‘rni tashkil etilgani bandlik masalasini hal qilishda muhim qadam bo‘ldi.

      Yakuniga yetayotgan yil inson manfaatini birinchi o‘ringa qo‘yadigan ulkan ustuvor loyihalarni amalga oshirganimiz bilan ham tariximizda munosib o‘rin egallaydi. Mustaqillik yillarida aholi salomatligini mustahkamlash yo‘lidagi amaliy ishlarimiz natijasida odamlarimizning o‘rtacha umr ko‘rish darajasi sezilarli ravishda oshgani, onalar va bolalar o‘limi keskin kamaygani, biz qo‘lga kiritgan bunday yutuqlar Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, YUNISEF va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan yuksak e’tirof etilayotgani albatta barchamizga katta g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.

      Biz uchun o‘ta muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ta’lim-tarbiya sohasida 2011 yilda bajargan ulug‘vor ishlarimiz, ularning samarasi haqida ortiqcha gapirishning hojati yo‘q, deb o‘ylayman. Eng muhimi, ana shunday beqiyos imkoniyatlardan bahramand bo‘lib, tobora Vatanimiz istiqbolini belgilab beradigan hal qiluvchi kuchga aylanib borayotgan navqiron o‘g‘il-qizlarimiz o‘zining dastlabki, umidbaxsh yutuqlari bilan barchamizni quvontirmoqda.

      Shu haqda gapirar ekanmiz, bir haqiqatni hech qachon esimizdan chiqarmasligimizni istardim. Ko‘pni ko‘rgan, zahmatkash xalqimizning mashaqqatli mehnati evaziga erishgan, tasavvur etishning o‘zi qiyin bo‘lgan bunday yuksak marralarimizning poydevori, eng katta boyligimiz bo‘lmish – yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlik, mehr-oqibat va bag‘rikenglikni, millatlararo totuvlikni ko‘z qorachig‘idek asrash, bugun biz boshimizdan kechirayotgan notinch va tahlikali zamonda doimo hushyor, ogoh va sezgir bo‘lib yashash, yoshlarimizni milliy g‘oya ruhida tarbiyalash, ularning ongi va qalbini turli zararli ta’sirlardan himoyalash hozirgi kunda naqadar dolzarb va muhim vazifaga aylanayotganini unutmasligimiz darkor.

      Aziz do‘stlarim, qadrdonlarim!

      Biz kirib kelayotgan yangi – 2012 yilga mamlakatimizda «Mustahkam oila yili» deb nom berganimiz bejiz emas, albatta. Buning negizida yurtimizda oila institutini, avvalo, yosh oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, oila tayanchi bo‘lgan ayollarimizning og‘irini yengil qilish, mahalla tizimining bu boradagi rolini kuchaytirish, muxtasar aytganda, oila farovonligini va shu asosda butun xalqimiz farovonligini yanada oshirish kabi maqsadlar mujassam ekanini, o‘ylaymanki, hammamiz yaxshi tushunamiz.

      Yangi – 2012 yilga mo‘ljallangan rejalarimizda Davlat budjetining 60 foizi ijtimoiy sohani rivojlantirishga yo‘naltirilgan bo‘lib, uning aksariyat qismi yuqorida zikr etilgan sohalarni ta’minlashga, avvalo sog‘liqni saqlash, ta’lim-tarbiya, ilm-fan, madaniyat tarmoqlarini yuksaltirishga qaratilgan. Ish haqi, pensiya, ijtimoiy nafaqa va stipendiyalar miqdori 20 foizga, aholining real daromadlari esa 22-24 foizga ko‘payishi belgilanmoqda.

      Yangi yilda ikki yil oldin boshlangan va xalqimizni, avvalambor qishloq joylarda yashayotgan aholining kelajagini o‘ylab amalga oshirilayotgan, butun jamiyatimizning e’tibor markazida turgan, ya’ni qishloq infratuzilmasini rivojlantirish, namunaviy loyihalar asosidagi uy-joylarni qurish, kommunal-maishiy sharoitlarni yaratishga qaratilgan dasturni davom ettirish ko‘zda tutilmoqda. 2011 yilda 7 ming 400 ta oila umumiy maydoni 1 million 100 ming kvadrat metr bo‘lgan, har tomonlama qulay uy-joylarga, zamonaviy sharoitlarga ega bo‘lgan bo‘lsa, 2012 yilda 8 ming 510 ta oila shahar sharoitidan hech kam bo‘lmagan ana shunday yangi uy-joylarga ko‘chib kirishi mo‘ljallanmoqda.

      Yangi yilga mana shunday olijanob maqsadlar bilan qadam qo‘yar ekanmiz, kirib kelayotgan yilda barcha xolis niyatlarimiz ijobat bo‘lg‘ay, inshoolloh.

      Aziz va muhtaram vatandoshlarim!

      Barchangizni bag‘rimga bosib, kirib kelayotgan Yangi – 2012 yil bilan yana bir bor samimiy tabriklayman.

      Mana shu hayajonli daqiqalarda qalbimdan, yuragimdan chiqayotgan eng ezgu tilaklarni izhor etaman:

      keksalarimizning umri uzoq bo‘lsin,

      opa-singillarimizning chehrasidan tabassum arimasin,

      yoshlarimizning baxtu iqbolini bersin.

      Yangi yilda ham Yaratganimiz hammamizni o‘z panohida saqlasin, o‘zi asrasin.

      Yurtimiz tinch, xalqimiz omon bo‘lsin!

      Yangi yil barchamizga muborak bo‘lsin!

      Islom Karimov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

     

(O'qituvchi)

"O‘qituvchi" nashriyot-matbaa ijodiy uyi ("O‘qituvchi" NMIU) umumta`lim maktablari, oliy o`quv yurtlari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari uchun original, tarjima darsliklar, o`quv qo`llanmalar, shuningdek, o`qituvchilar uchun metodik qo`llanmalar nashr etadi. Buyurtma

Batafsil ma`lumot

Prezident Islom Karimoving O‘zbekiston xalqiga yangi yil tabrigi

Yangiliklarni o‘qishni tavsiya etamiz

Hasanova Feruza. BOLALAR BOG‘I (ДЕТСКИЙ САД). O‘zbek tilida

      Ushbu jajji kitobchada jahon adabiyoti namunalaridan o‘zbek tiliga tarjima qilingan — bolalar uchun mo‘ljallangan hikoya va ertaklar jamlangan.

      Unda Siz, aziz bolalar, Amerika, Angliya, Afrika, Yaponiya, Daniya yozuvchilari hamda koreys, arab xalq ertaklari bilan tanishasiz.

Vatan himoyachilarining shonli bayrami

      Mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining 20 yilligi va Vatan himoyachilari kuni keng nishonlanmoqda. Joylarda ushbu shonli sanaga bag‘ishlangan tantanali tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda. 14 yanvar. Mustaqillik maydoni. An’anaga ko‘ra bu yerda Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy xavfsizlik xizmati, Davlat bojxona qo‘mitasi vakillari tantanali saf tortdilar.

Mashhur yangiliklar

Войти / Регистрация
Закладки
Корзина покупок
Оформление заказа
Интернет-магазин книги в Ташкенте