Yangilangan sana: 2017-12-08 Ko`rilgan: 477

Konstitutsiya - erkin va farovon hayotimiz, mamlakatimizni yanada taraqqiy ettirishning mustahkam poydevoridir

Prezident Shavkat Mirziyoyevning O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligiga bag`ishlangan tantanali marosimdagi ma`ruzasi.

Assalomu alaykum, aziz vatandoshlar!

Xonimlar va janoblar!

Barchangizni, sizlar orqali butun xalqimizni bugungi ulug` ayyom - mamlakatimiz Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yillik bayrami bilan samimiy muborakbod etishga ijozat bergaysiz.

Yigirma besh yil - tarix uchun bir lahza, xolos. Shu qisqa davrda jonajon O`zbekistonimiz mustaqil va suveren davlat sifatida shakllanib, jahon hamjamiyatidan munosib o`rin egalladi, tom ma`noda ulkan taraqqiyot yo`lini bosib o`tdi.

Ana shu mashaqqatli va sharafli yo`lda erishgan barcha yutuqlarimizni, eng avvalo, Konstitutsiyamiz bilan bog`lashimiz, albatta, bejiz emas. Nega deganda, Asosiy qonunimiz xalqimiz uzoq yillar orzu qilgan milliy mustaqilligimiz va rivojlanish yo`limiz, inson huquq va erkinliklari kafolatlarini belgilab berdi.

To`la ishonch bilan aytish mumkinki, O`zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasidir. U hech kimga qaram bo`lmasdan, erkin va ozod, tinch va osoyishta, farovon yashashning qonuniy kafolati bo`lib kelmoqda. Bozor munosabatlariga asoslangan huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish borasida mustahkam poydevor bo`lib xizmat qilmoqda.

Konstitutsiyamiz asosida mamlakatimizda milliy qonunchilik tizimi, davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari shakllandi. Bugungi kunda barcha jabhalarda keng ko`lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va harbiy salohiyatimiz yuksalib, fuqarolarimizning dunyoqarashi tobora o`sib bormoqda. Bularning barchasi, eng avvalo, Bosh qomusimizning hayotbaxsh kuch-qudrati natijasidir.

Qadrli yurtdoshlar!

Bugun Konstitutsiyamizning 25 yillik bayramini nishonlar ekanmiz, Asosiy qonunimizni yaratishda unutilmas xizmat qilgan insonlar nomini chuqur hurmat bilan tilga olamiz.

Birinchi Prezidentimiz muhtaram Islom Abdug`aniyevich Karimov rahbarligida 1990 yil iyun oyida tuzilgan Komissiyaning ikki yillik mashaqqatli mehnati natijasida Konstitutsiyaning birinchi, ikkinchi va so`ngra uchinchi loyihalari ishlab chiqildi. Ushbu Komissiya a`zosi sifatida men ana shu tarixiy jarayonda bevosita ishtirok etganimni doimo faxr bilan eslayman. Konstitutsiyaning yaratilishi bilan bog`liq qizg`in bahs-munozaralar, turli g`oya va fikrlar hali ham xotiramda.

Asosiy qonunimiz ikki marta - 1992 yil sentabr va noyabr oylarida umumxalq muhokamasiga olib chiqildi. Loyihalar muhokamasida keng jamoatchilik, butun xalqimiz faol ishtirok etib, mamlakatimizning taraqqiyot yo`li, uning kelajagiga daxldor ko`plab fikr-mulohazalar va takliflar bildirdi.

Umumxalq muhokamasi yakunlariga ko`ra, Bosh qomusimiz loyihasiga 100 ga yaqin tuzatishlar kiritildi va 1992 yil 8 dekabr kuni Oliy Kengash sessiyasida O`zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilindi.

Mana shu o`tgan chorak asr davomida mamlakatimizdagi tub islohot va o`zgarishlarning barchasi Konstitutsiyamiz asosida amalga oshirilmoqda. Bu esa uning haqiqatan ham xalqimiz manfaatlariga, davlatimizning strategik maqsadlariga to`la javob beradigan, har tomonlama puxta ishlangan muhim siyosiy hujjat ekanidan dalolat beradi.

Bu bilan har qancha faxrlansak, g`ururlansak arziydi, albatta.

Ayni paytda biz Asosiy qonunimiz talablarini to`liq amalga oshirish borasida hali oldimizda ulkan vazifalar turganini yaxshi tushunamiz. Ya`ni, xalqimiz hayot darajasi va sifatini yanada yaxshilash, inson huquq va manfaatlarini amalda ta`minlash bo`yicha hali ko`p ish qilishimiz kerak.

Eng avvalo, odamlarimiz islohotlar samarasini kelajakda emas, balki bugun o`z hayotida his etishlari zarur.

Aynan shu maqsadda biz taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo`yar ekanmiz, salohiyat va imkoniyatlarimizni xolis baholash bilan birga, xato va kamchiliklarimizni ham atroflicha tanqidiy tahlil qildik. Chunki o`zimiz shu ishni qilmasak, hech kim bu xatolarni chetdan kelib bizga aytmaydi. Biz o`z kelajagimizni o`zimiz quramiz. Bu yo`lda xato qilishga haqqimiz yo`q. Shuning uchun har tomonlama chuqur o`ylab, 2017-2021-yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasini qabul qildik. Mazkur hujjat mohiyatiga ko`ra, jamiyat hayotining barcha sohalaridagi tizimli islohotlarning “yo`l xaritasi”ga aylandi.

Harakatlar strategiyasi ijrosi doirasida shu yilning o`zida 20 dan ortiq qonun va 700 dan ziyod qonunosti hujjatlari qabul qilindi. Biz bu borada ko`pgina qonunlar xalqimizga ma`qul emasligini, ular el-yurtimiz manfaati uchun ishlashi kerakligini hisobga olgan holda shunday yo`l tutdik . Bu ishlarni kelgusida albatta davom ettiramiz.

Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e`lon qilingan 2017-yilda “Inson manfaatlari hamma narsadan ulug‘” degan g`oya asosida katta ishlar amalga oshirildi. Bu ishlar Konstitutsiyamizning asosiy tamoyillarini ro`yobga chiqarishda yana bir ulkan qadam bo`ldi. (UzА)

"O‘qituvchi" nashriyot-matbaa ijodiy uyi ("O‘qituvchi" NMIU) umumta`lim maktablari, oliy o`quv yurtlari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari uchun original, tarjima darsliklar, o`quv qo`llanmalar, shuningdek, o`qituvchilar uchun metodik qo`llanmalar nashr etadi. Buyurtma

Batafsil ma`lumot

Prezident Shavkat Mirziyoyevning O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligiga bag`ishlangan tantanali marosimdagi ma`ruzasi

Yangiliklarni o‘qishni tavsiya etamiz

O`zbekiston va Rossiya iqtisodiy hamkorlik istiqbollari

O`zbekiston Respublikasida Rossiya investitsiyalari ishtirokida tuzilgan 960 dan ortiq korxona faoliyat yuritadi...

Maxtumquli "Saylanma"

Bu kitob turkman xalqining ulug` nazmnavisi, turkman adabiy tili asoschisi...

Mashhur yangiliklar

2015-07-06 Bosma uskuna

Войти / Регистрация
Закладки
Корзина покупок
Оформление заказа
Интернет-магазин книги в Ташкенте