Yangilangan sana: 2017-05-09 Ko`rilgan: 218

O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 9-may - Xotira va Qadrlash kuniga bag`ishlangan qabul marosimidagi nutqi

Assalomu alaykum, aziz vatandoshlar!

Muhtaram faxriylar!

Hurmatli mehmonlar!

Avvalo, barchangizni 9-may - Xotira va Qadrlash kuni bilan, Ikkinchi jahon urushida qozonilgan buyuk G`alabaning 72-yilligi bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

Siz, azizlarga va sizlarning timsolingizda butun xalqimizga o`zimning chuqur hurmat-ehtiromim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.

Barchamizga ma`lumki, Birinchi Prezidentimiz muhtaram Islom Abdug`aniyevich Karimovning tashabbusi bilan 9-may sanasini yurtimizda Xotira va Qadrlash kuni sifatida keng nishonlash yaxshi an`anaga aylanib qoldi.

Mana shu ulug` ayyom kunida hammamiz eng avvalo urush maydonlaridan qaytmagan ming-minglab yurtdoshlarimizning muqaddas xotirasi oldida bosh egib, ularning ruhi poklariga hurmat bajo keltiramiz.

Ayni vaqtda jang maydonlarida mardlik va jasorat ko`rsatgan, front ortida fidokorona mehnat qilib, bugun oramizda sog`-salomat bo`lib yurgan muhtaram faxriylarimizga ta`zim qilamiz. Hozirgi tinch-osoyishta hayotimiz, musaffo osmonimiz uchun ularga cheksiz minnatdorlik bildiramiz.

Hech shubhasiz, bu dahshatli urush, butun insoniyat qatori, bizning xalqimizga ham mislsiz kulfat va yo`qotishlar olib keldi.

Ikkinchi jahon urushida yuzlab yurtdoshlarimiz Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoniga sazovor bo`ldi, minglab otalarimiz, bobolarimiz jangovar orden va medallar bilan mukofotlandilar.

Xalqimiz front ortida fidokorona mehnat qilib, urush maydonlariga juda katta miqdorda harbiy texnika, qurol-yarog`, dori-darmon, kiyim-kechak, oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berdi.

O`ta og`ir va mashaqqatli yillarda xalqimizning insonparvarlik va bag`rikenglik fazilatlari yaqqol namoyon bo`ldi. El-yurtimiz mamlakatning urush bo`layotgan g`arbiy hududlaridan evakuatsiya qilingan turli millatga mansub 1 millionga yaqin bolalar, ayollar va keksalarga boshpana berib, bir burda nonini ular bilan baham ko`rdi.

O`zbekistonga ko`chirib keltirilgan zavodlarda keksalar, ayollar, o`smir bolalar tunu kun mashaqqatli mehnat qilgani – haqiqiy fidoyilik, qahramonlik namunasi, desak, aslo xato bo`lmaydi.

Bunday misollar buyuk G`alaba biz uchun naqadar qimmatga tushgani, xalqimiz dunyoni fashizm balosidan xalos etishga qanday katta hissa qo`shganini yaqqol ko`rsatadi.

Tarixning ana shunday beshafqat va suronli sinovlaridan yorug` yuz bilan, har tomonlama munosib o`tgan xalqimizga har qancha ta`zim qilsak, har qancha tasannolar aytsak, arziydi, albatta.

Siz, muhtaram faxriylarimizning urushdan keyingi og`ir tiklanish yillarida qanday buyuk xizmat qilganingizni xalqimiz aslo unutmaydi. Sizlarning mardlik va matonatingiz, mehnat jasoratingiz bugungi va kelgusi avlodlar uchun hamisha ibrat namunasi bo`lib qoladi.

Aziz do`stlar!

Shu kunlarda odamlarimiz yurtimizda, barcha viloyat va tumanlarda barpo etilgan Xotira maydonlariga kelib, Motamsaro ona haykali poyiga gullar qo`ymoqda. Urushda halok bo`lgan o`z yaqinlari, ota-bobolari xotirasini yod etmoqda. Bugungi yorug` kunlarga yetib kelgan tabarruk keksalarimiz, urush va mehnat faxriylarini ziyorat qilib, ularning duosini olmoqda.

Buyuk G`alabaning 72-yilligi munosabati bilan poytaxtimizda, barcha shahar va qishloqlarimizda ko`plab tadbirlar, urush qatnashchilari bilan uchrashuvlar, xotira marosimlari o`tkazilmoqda.

Ayni paytda hammamiz yaxshi tushunamizki, barchamizni tarbiyalab, voyaga yetkazgan, hayot yo`llarida bizga tayanch va suyanch bo`lgan sizdek tabarruk insonlar oldida biz doimo qarzdormiz. Shuning uchun ham hurmatli nuroniylarimizga e`tibor va g`amxo`rlikni yanada kuchaytirish, ularni ijtimoiy qo`llab-quvvatlash, jumladan, pensiyalarini oshirish, tibbiy xizmat va ijtimoiy-maishiy ta`minotini yaxshilash, yolg`iz qariya va nogironlarga davlat ko`magini kuchaytirish bundan keyin ham doimiy e`tiborimiz markazida bo`ladi.

Bu masala qayerda, qaysi lavozimda ishlamasin, yurtimizdagi har bir inson, ayniqsa, rahbarlar faoliyatida hamisha birinchi o`rinda turishi, ularning nafaqat vazifasi, balki insoniy burchiga aylanishi kerak.

Aziz do`stlar, mo`tabar otalarimiz, mehribon onalarimiz boshimizdagi toji davlatimiz ekanini hech qachon unutmaylik. Bu g`animat, ko`z ochib yumguncha o`tib ketadigan hayotda ularni qancha qadrlab, imkon qadar umrlarini uzaytirishga qancha harakat qilsak, ikki dunyoda aslo kam bo`lmaymiz.

Agarki mendan, dunyodagi qaysi oila eng baxtli, deb so`rashsa, men hech ikkilanmasdan, keksalari bosh bo`lib, izzat-hurmatda hayot kechirayotgan oila, deb javob bergan bo`lardim.

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Mana shu qutlug` bayram kunlarida butun xalqimiz bunday dahshatli urush endi hech qachon qaytmasin, deb chin dildan niyat qilmoqda. Bugungi tinch va osoyishta, farovon hayot uchun shukrona bildirmoqda.

Dunyoda turli qarama-qarshiliklar keskinlashib, terrorizm, ekstremizm xavfi kuchayib borayotgan hozirgi murakkab va tahlikali zamonda tinchlik degan bebaho ne`matning qadr-qimmati va ahamiyati tobora ortib bormoqda.

Biz “O`zbek xalqiga tinchlik va omonlik kerak”, degan da`vatning mohiyatini chuqur anglagan holda, tinchlik uchun har birimiz mas`ul ekanimizni unutmasdan, doimo hushyor va ogoh bo`lib yashashimiz kerak.

Bizning qabul qilayotgan barcha qonun va qarorlarimiz, reja va dasturlarimiz – bu mamlakatimizni yangilash va modernizatsiya qilish, iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish bo`ladimi, davlat hokimiyati va boshqaruv tizimi, huquq-tartibot, sog`liqni saqlash, ta`lim-tarbiya sohalari faoliyatini takomillashtirish bo`ladimi, Qurolli Kuchlarimizning jangovar salohiyatini oshirish bo`ladimi – bularning barchasi ana shunday ezgu maqsadlarga qaratilganini, o`ylaymanki, sizlar yaxshi tushunasiz.

Bugungi qutlug` ayyomda ota-bobolarimizning shonli an`analarini munosib davom ettirib, Vatan himoyasi yo`lida o`zini ayamasdan, fidokorona xizmat qilayotgan mard va jasur askarlarimizga, ofitser va generallarimizga xalqimiz nomidan, o`z nomimdan samimiy minnatdorlik izhor etaman.

Fursatdan foydalanib, bugungi davramizda ishtirok etayotgan diplomatik korpus vakillariga, barcha chet ellik mehmonlarimizga o`zimning yuksak hurmat va ehtiromimni bildirib, ularning mamlakatlari va xalqlariga tinchlik-omonlik hamda ravnaq tilayman.

Aziz va muhtaram yurtdoshlar!

Barchangizni 9-may – Xotira va Qadrlash kuni bilan yana bir bor qutlab, sizlarga sihat-salomatlik, baxt-saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.

Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, xalqimiz omon bo`lsin!

E`tiboringiz uchun tashakkur. (UzА)

"O‘qituvchi" nashriyot-matbaa ijodiy uyi ("O‘qituvchi" NMIU) umumta`lim maktablari, oliy o`quv yurtlari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari uchun original, tarjima darsliklar, o`quv qo`llanmalar, shuningdek, o`qituvchilar uchun metodik qo`llanmalar nashr etadi. Buyurtma

Batafsil ma`lumot

Avvalo, barchangizni 9-may - Xotira va Qadrlash kuni bilan, Ikkinchi jahon urushida qozonilgan buyuk G`alabaning 72-yilligi bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman

Yangiliklarni o‘qishni tavsiya etamiz

O`zbekiston sanoat korxonalari eksport salohiyati oshmoqda

Yarmarkada mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan tarmoq sanoat korxonalari, kichik biznes subyektlari o`z mahsulotlari va istiqbolda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan yangi loyihalari bilan ishtirok etdi...

Xalq bilan muloqot takomillashmoqda

Texnik taraqqiyot va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining davlat organlari faoliyatiga jadal integratsiyalashuvi yagona portal taqdim etadigan interfaol xizmatlar sifati va miqdoriga bo`lgan talabni o`zgartirdi...

Mashhur yangiliklar

2014-02-18 Modernizatsiya

Войти / Регистрация
Закладки
Корзина покупок
Оформление заказа
Интернет-магазин книги в Ташкенте