Yangilangan sana: 2016-07-01 Ko`rilgan: 522

Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga

Qadrli do`stlar!

Avvalo, siz, azizlarni - yurtimizdagi barcha jurnalistlar, teleradio, nashriyot va matbaa sohasi vakillarini 27-iyun - Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etib, barchangizga o`zimning chuqur hurmatim, ezgu tilaklarimni bildirishdan baxtiyorman.

Sizlarning bu yilgi kasb bayramingiz Vatanimizning ko`p asrlik tarixida mutlaqo yangi davr – huquqiy demokratik davlat, erkin fuqarolik jamiyati barpo etish yo`lini ochib bergan buyuk tarixiy voqea – O`zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 25-yilligi arafasida o`tayotgani chuqur ma`no-mazmunga ega, desam, o`ylaymanki, barchangiz bu fikrga qo`shilasiz.

Bu haqda gapirganda, hayotimizni tubdan o`zgartirgan, xalqimizni qaramlik kishanlaridan ozod qilib, toptalgan qadriyatlarimiz, dinu diyonatimiz, oru nomusimizni tiklash, o`zligimizni anglash, farovon turmush va yorug` kelajagimizni o`z qo`limiz bilan qurishdek beqiyos imkoniyat yaratib bergan mustaqilligimizning qanday noyob, oliy va bebaho ne`mat ekanini el-yurtimizning ongu tafakkuriga singdirishda, istiqlolimizning ma`naviy asoslarini mustahkamlashda milliy matbuotimizning munosib hissasi borligini barchamiz yaxshi bilamiz va sizlarning bu olijanob xizmatingizni yuksak qadrlaymiz.

Bu yilgi mustaqillik bayramining bosh g`oyasi sifatida tanlangan “Go`zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O`zbekistonim!” degan so`zlar zamirida qanday teran ma`no mujassam ekanini siz, azizlar yaxshi tushunasiz, albatta.

Bugungi qutlug` ayyomda Vatan uchun jon fido qilishni o`z hayotining mazmuni deb bilgan, milliy matbuotimizga asos solib, mustabid tuzumning tazyiq va ta`qiblariga qaramasdan, “Maslak va maqsadimiz – xalq manfaatiga xizmat etmak” degan ezgu g`oya yo`lida butun borlig`ini bag`ishlagan ma`rifatparvar bobolarimizning ruhi poklarini, soha faxriylarining nomlarini hurmat-ehtirom bilan esga olishimiz ham qarz, ham farz, deb o`ylayman.

Barchangizga yaxshi ma`lum, mustaqillikning birinchi kunlaridan boshlab yurtimizda ommaviy axborot vositalarining jamiyat hayotida tutgan rolini, ularning faoliyati samarasini yanada oshirish, media tarmoqlarining huquqiy, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, jurnalist kasbining nufuzini kuchaytirish, soha xodimlarining mehnatini har tomonlama rag`batlantirishga qaratilgan siyosat izchillik bilan olib borilmoqda.

Davlat va nodavlat ommaviy axborot vositalari mamlakatimizning axborot makonida mutanosib rivojlanib borishiga alohida e`tibor berilmoqda. Buning tasdig`ini oxirgi yillarda elektron va bosma ommaviy axborot vositalarini qo`llab-quvvatlash uchun davlat byudjeti hisobidan kreditlar, ijtimoiy buyurtma va davlat grantlari shaklida 14 milliard so`mga yaqin mablag` ajratilgani va boshqa misollarda yaqqol ko`rish mumkin.

Muhtaram do`stlar!

Tez sur`atlar bilan o`zgarib, oldimizga bir-biridan o`tkir va dolzarb savollarni qo`yayotgan hozirgi murakkab zamonda, jahon miqyosida beshafqat raqobat, qarama-qarshilik va ziddiyatlar, informatsion xurujlar tobora kuchayib borayotgan tahlikali bir vaziyatda xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizni mustaqil fikrlaydigan, oqni qoradan, rostni yolg`ondan ajratishga qodir insonlar etib tarbiyalashda, doimo hushyor, sezgir va ogoh bo`lib, voqelikka daxldorlik tuyg`usi bilan yashashga da`vat etishda mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarining o`rni va mas`uliyati har qachongidan ham ortib borayotgani hech kimga sir emas.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, bugungi bayram munosabati bilan bo`ladigan uchrashuvlar, suhbat va muloqotlarda ijodiy jamoalar va umuman, milliy jurnalistikamiz faoliyatini tanqidiy sarhisob qilib, yangi rejalar, O`zbekiston ommaviy axborot vositalari oldida turgan vazifalar haqida fikr yuritishimiz tabiiy, albatta.

Shu borada yuksak kasb mahoratiga ega jurnalistlar, tahlilchi va sharhlovchilarni, muxtasar aytganda, o`z kasbining haqiqiy ustasi bo`lgan mutaxassislarni tayyorlash vazifasi hamon dolzarb bo`lib turibdi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo`lamiz.

Ayniqsa, jurnalistlarimizning hayotga chuqur kirib borishi, jamiyatimizdagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni tub mohiyati va ahamiyati, kerak bo`lsa, murakkabligi bilan ochib berish, taraqqiyotimiz yo`lida to`siq bo`lib turgan muammolarni dadil ko`tarib chiqish, mavzuga xolisona va haqqoniy yondashish kabi mezonlar matbuotimizning o`zgarmas qoidasi va prinsipi bo`lib qolishi darkor.

Buning uchun avvalo zamon talablariga javob beradigan jurnalist kadrlarni tayyorlash, tegishli oliy o`quv yurtlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ta`lim standartlari va o`quv dasturlarini takomillashtirish, professor-o`qituvchilarning saviyasi va malakasini oshirish, ta`lim jarayoniga eng ilg`or pedagogik va innovatsion texnologiyalarni joriy etish bo`yicha amalga oshirayotgan ishlarimizni yangi bosqichga ko`tarishimiz zarur.

Shular qatorida mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarining xalqaro axborot maydoniga kirib borishi, dunyoda nom qozongan nufuzli nashrlar va mediakompaniyalar bilan samarali ijodiy aloqalar o`rnatish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va xorijiy tillarni puxta egallash alohida ahamiyat kasb etadi. Bu haqda so`z borar ekan, keyingi yillarda soha vakillarining 700 nafarga yaqini chet ellarda malaka oshirib kelganini ijobiy baholab, biz uchun g`oyat muhim ahamiyatga ega bo`lgan bu yo`nalishdagi ishlarimizni izchil davom ettirishimiz zarurligini albatta barchamiz yaxshi anglaymiz.

Bugungi globallashuv zamonida, internet asrida axborot uchun hech qanday chegara yo`qligi, bu sohada qandaydir “temir devor” qurib bo`lmasligini kimgadir tushuntirib, izohlab o`tirishning hojati yo`q, deb o`ylayman.

Jahon axborot makonidagi bunday mislsiz integratsiya jarayonlari bugungi yuksak taraqqiyot uchun beqiyos imkoniyatlar ochib berayotganini e`tirof etgan holda, axborot oqimi orqali afsuski, turli buzg`unchi g`oyalar, “ommaviy madaniyat” ko`rinishlari ham hayotimizga kirib kelayotganini inkor etib bo‘lmaydi. Ular yoshlarimizning ongi va ruhiyatiga salbiy ta`sir ko`rsatayotgani, ma`naviy qadriyatlarimizga, avlodlar o`rtasidagi vorisiylik an`analariga bepisand qarash kabi holatlar ham yon-atrofimizda uchrab turishi barchamizni tashvishga solmasdan qo`ymaydi.

Shu o`rinda bir fikrni yana bir bor ta`kidlab aytishga to`g`ri keladi: ma`naviyatni asrash – insonni, avvalo yosh avlodimizni, kelajagimizni asrash demakdir. Shunday ekan, bir qarashda ko`zga yaqqol tashlanmaydigan bunday xavf-xatarlarga qarshi kurashish uchun hammamiz, avvalo, siz, muhtaram ommaviy axborot vositalari xodimlari fikrga qarshi – fikr, g`oyaga qarshi – g`oya, jaholatga qarshi – ma`rifatni qurol qilib, qat`iyat bilan ish olib borishimizni hayotning o`zi talab etmoqda.

Qadrli do`stlar!

Bugun biz 25-yil davomida bosib o`tgan mustaqil taraqqiyot yo`limizga nazar tashlar ekanmiz, “Kecha kim edigu bugun kim bo`ldik, ertaga qanday yangi marralarni egallashimiz kerak?” degan, xalqimiz qalbida aks sado topgan da`vat avvalo doimo hayotning oldingi saflarida bo`lishga intilib yashaydigan siz, hurmatli matbuot ahliga daxldor, desam, yanglishmagan bo`laman.

Mustaqillik arafasida va mustaqillikning dastlabki yillarida yurtimizda qanday og`ir va tahlikali, ozgina uchqun chiqsa, butun respublika lovullab yonib ketadigan o`ta xatarli va qaltis vaziyat vujudga kelganini esga olaylik. Yigirma milliondan ortiq xalqimizni boqish uchun omborlarimizda bor-yo`g`i 22 ming tonna un zaxirasi qolganini, iqtisodiy yetishmovchilik va qiyinchiliklarni, bizni turli fitna va mojarolar girdobiga tortishga qaratilgan qo`poruvchilik harakatlari, yovuz maqsadlarni ko`zlagan terrorchilik xurujlarini, muxtasar aytganda, xalqimizni o`z tanlagan yo`lidan qaytarishga bo`lgan g`arazli urinishlarni va bunday mashaqqatli sinovlarni faqatgina mardlik va matonat, sabr-bardosh va fidokorona mehnat bilan yengib o`tganimizni hech qachon unutmasligimizni istardim.

Boshimizdan kechirgan mana shunday murakkab tarix saboqlarini odamlarga, avvalo yoshlarimizga yetkazish, ularning ko`zini haqiqatga ochib berish barchamizning nafaqat vazifamiz, balki muqaddas burchimizdir.

Bir so`z bilan aytganda, biz yosh avlodimizni boshlagan buyuk ishlarimizning munosib davomchilari etib tarbiyalamoqchi bo`lsak, hech shubhasiz, qanday og`ir, shu bilan birga, sharafli yo`lni bosib o`tganimiz, dunyo hamjamiyati tan olayotgan yuksak yutuq va marralarimiz tariximiz solnomasida o`chmas iz qoldirishi, xalqimizning ongu tafakkurida muhrlanishi, milliy g`oyamiz, mafkuramiz asosiga aylanishi shart.

Bu vazifani birinchi navbatda kim mahorat bilan amalga oshira oladi? Albatta, xalq manfaati, Vatan taqdirini qalbidan, yuragidan o`tkazib yashaydigan siz, hurmatli jurnalist ahlining da`vatkor so`zi, ibratli faoliyati bu borada hal qiluvchi o`rin tutadi, deb ishonaman.

Ertangi kun haqida, eng muhim va ustuvor vazifalarimiz haqida gapirganda, hammamiz yaxshi tushunamizki, hayot hech qachon bir joyda to`xtab turmaydi, doimo yangi-yangi muammo va talablarni kun tartibiga qo`yadi.

Shu ma`noda, bugun biz o`z oldimizga qo`ygan ulug` maqsadlar, xususan, xalqimiz hayotini yanada farovon va obod qilish, dunyodagi eng rivojlangan, demokratik davlatlar qatoriga kirish, xalqaro maydonda O`zbekistonimizning obro`-e`tiborini yuksaltirish bo`yicha 2030-yilga qadar belgilab olgan dasturlarimizni amalga oshirishda biz butun xalqimiz qatori sizlarga, sizlarning iste`dod va mahoratingizga tayanamiz.

Aziz do`stlar!

Jurnalist mehnatining naqadar mashaqqatli va mas`uliyatli ekanini chuqur anglagan inson sifatida men, bugungi fursatdan foydalanib, sizlarning ezgu orzu-intilish va tashabbuslaringizni doimo qo`llab-quvvatlashga tayyor ekanimni, sizlarni o`zimning eng yaqin yordamchim va maslakdoshlarim deb bilishimni takroran aytmoqchiman.

Sizlarni qutlug` bayramingiz bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxtu saodat, ijodiy yutuqlar tilayman.


Islom Karimov,
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti

"O‘qituvchi" nashriyot-matbaa ijodiy uyi ("O‘qituvchi" NMIU) umumta`lim maktablari, oliy o`quv yurtlari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari uchun original, tarjima darsliklar, o`quv qo`llanmalar, shuningdek, o`qituvchilar uchun metodik qo`llanmalar nashr etadi. Buyurtma

Batafsil ma`lumot

Sizlarning bu yilgi kasb bayramingiz Vatanimizning ko`p asrlik tarixida mutlaqo yangi davr

Yangiliklarni o‘qishni tavsiya etamiz

O‘zbekistonning eng yirik nashriyotlari o‘rtasida saytlar mashhurligi reytingi may 2016

Bugun 2016 yilning may oyi uchun "O`qituvchi" nashriyot-matbaa ijodiy uyi, "O`zbekiston" nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy...

Samimiy qutlovlar

Muborak Ramazon hayiti munosabati bilan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov nomiga xorijiy mamlakatlar...

Mashhur yangiliklar

Войти / Регистрация
Закладки
Корзина покупок
Оформление заказа
Интернет-магазин книги в Ташкенте