Yangilangan sana: 2016-03-21 Ko`rilgan: 596

Prezident Islom Karimovning Navro`z bayramiga bag`ishlangan tantanali marosimdagi so`zi

Assalomu alaykum, aziz vatandoshlar!

Muhtaram mehmonlar!

Tabiat uyg`onib, gul-chechaklar ochilib, atrof yashil libosga burkanib borayotgan shu kunlarda yasharish va yangilanish fasli bo`lmish Navro`zi olam yurtimizga kirib kelishi bilan siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda butun xalqimizni chin qalbimdan tabriklash, barchangizga o`zimning chuqur hurmat va samimiy tilaklarimni izhor etish – men uchun katta baxtdir.

Navro`zi olam barchamiz uchun necha ming yillik tarixga ega, ildizlari “Avesto” davrida paydo bo`lgan, qadimiy, asl milliy, har qanday siyosatdan yiroq, kecha va kunduz teng keladigan sharqona yangi yil bo`lib, el-yurtimiz tabiatiga, ongu tafakkuri, qalbi-shuuriga chuqur singib ketgan eng sevimli, eng go`zal bahor bayramidir.

Ayni shu betakror va dilbar faslda ko`klam nafasi va mayin shabadalar kirib kelishi, kurtaklarning ochilishi bilan inson vujudiga bahor nashidasi yugurgandek bo`ladi. Barchamiz o`zimizni yasharib ketgandek, kuch-quvvat, g`ayrat va shijoatga to`lgandek sezamiz, o`zimizni tabiatning uzviy va ajralmas qismi deb his qilamiz.

Ayni shu fayzli, shodiyona damlarda yurtimizning barcha go`shalarida, qir-adirlar, bog`u rog`larda yurtdoshlarimiz sumalak va halim, ko`ksomsa va go`ja kabi tansiq taomlar tortilgan dasturxonlar atrofida to`planib, bu bahor ne`matlarini o`z oilasi, yaqinlari, do`stu birodarlari bilan baham ko`rishga intiladi.

Hech shubhasiz, bunday xursandchilik va sayil-tomoshalarni ko`pchilik xonadon va mahallalarda, markazda, uzoq va chekka qishloqlarda ko`rish, kuzatish qiyin emas.

Aholimiz, qaysi millat va elat vakili bo`lishidan qat`i nazar, bayramona kayfiyatga berilib, bu ajoyib ayyomni katta shodu xurramlik bilan o`tkazadi, bunday damlarda nafaqat tanish, balki notanish odamlarni ham qutlab, bag`riga bosib, sog`lik, baxtu saodat va omad tilashi hech kimni befarq qoldirmaydi, desam, haqiqatni aytgan bo`laman.

Men ham ayni shu daqiqalardan foydalanib, mana shu muazzam va go`zal maydonda to`plangan siz, azizlarga, butun xalqimizga qarata Alisher Navoiy bobomizning tabarruk so`zlari bilan aytmoqchiman: “Barchangizga Navro`z bayrami muborak bo`lsin, har kuningiz Navro`z bo`lsin!” degan samimiy tilaklarimni, mehr-izzatimni qabul qilishingizni so`rayman.

Издательство Укитувчи поздравляет всех С праздником Навруз!

Qadrli do`stlar!

Navro`zning o`lmas ruhi va qadriyatlari avlodlardan-avlodlarga bezavol o`tib kelmoqda, oradan qancha yillar, zamonlar o`tmasin, bu g`oya va odatlar bugungi kunlarda ham xalqimizning ongu tafakkurida chuqur iz qoldirib, kuchayib bormoqda.

Shu o`rinda ba`zi bir misollarni olib kelmoqchiman.

Necha ming yillik tariximizdan ma`lum: Navro`z faslida turli nizo va adovatlar, gina va arazlar unutilib, odamlar, millat va elatlar o`rtasida mehr-oqibat, shafqat va muruvvat, hamjihatlik kabi insoniy tuyg`ular yanada kuchayadi.

Shu borada bir faraz qilaylik: agarki, bugungi kunda xalqaro maydonda tobora avjiga chiqayotgan keskinlashuv, mojaro va qarama-qarshiliklarni, hali-beri davom etayotgan qon to`kishlarning oldini olish, paydo bo`layotgan muammolarni faqatgina tinchlik va siyosiy muzokaralar yo`li bilan hal qilishga qaytsak, xalqimiz iborasi bilan aytganda, olam guliston bo`lardi.

Ishonchim komil, agarki shu kunlarda ko`pni ko`rgan, qancha-qancha sinovlarni boshidan kechirgan, yaxshilik va ezgulikni doimo yuragining to`rida saqlab keladigan, mehr-oqibatli xalqimizdan, sharqona yangi yil kirib kelishi arafasida turib, yangi yilda sizning eng ezgu niyatlaringiz nimalardan iborat, deb so`rasa, xalqimiz, hech ikkilanmasdan, bizga tinchlik va omonlik kerak, deb javob berishi muqarrar.

Bunday yakdillikning sababi va ildizlarini avvalo bizning qadimiy tariximiz, ko`p qirrali buyuk madaniyatimizda, umumbashariy taraqqiyotga o`chmas hissa qo`shgan ulug` olim va mutafakkirlarimiz qoldirgan bebaho merosda, ona yurtimiz ko`p zamonlar davomida bilim, ma`naviyat va ma`rifat markazi bo`lib kelganida ko`rish darkor.

Buning ustiga, azal-azaldan xalqimizga mansub bo`lgan olijanoblik, bag`rikenglik, odamiylik va mehribonlik, muhtoj bo`lganlarni qo`llab-quvvatlash, keksalarning duosini olish, yetim-esirlarning boshini silash kabi savob ishlarni bajo keltirishda bunday xususiyat va alomatlar aholimizning qon-qoniga, suyak-suyagiga singib ketgani hech kimga sir emas.

Bularning barchasi asrlar mobaynida avloddan-avlodga o`tib, boyitilib, oxir-oqibatda ezgu insoniy tushunchalarga aylanib, xalqimizning ma`naviy va amaliy dunyoqarashi uchun mustahkam poydevor bo`lgan.

Tabiiyki, bunday olijanob, noyob xususiyat va fazilatlarga ega bo`lgan, pok orzu-intilishlar bilan yashayotgan, o`zi uchun tinchlik va omonlikni, musaffo osmonni istaydigan xalqimiz, hech shubhasiz, yaqin va uzoq qo`shnilari bilan o`z munosabatlarini o`zaro hurmat, do`stlik, hamjihatlik, bir-birining manfaatlarini hisobga olish asosida quradi. Va yurtimizni, aholimizni har qanday balo-qazolardan omon saqlashni o`zining ustuvor vazifasi deb biladi.

Mana shunday quvonchli damlarda bugun bizga katta hurmat va ehtirom bildirib, shu go`zal maydonda Navro`z shodiyonalarimizda ishtirok etayotgan chet mamlakatlarning elchilari va xalqaro tashkilotlar vakillarini, xorijiy sherik va hamkorlarimizni, barcha muhtaram mehmonlarimizni sizlarning nomingizdan, butun xalqimiz nomidan Navro`z bayrami bilan qutlashga, ularga qizg`in hurmat va salomimizni yo`llashga ruxsat bergaysiz.

Muhtaram yurtdoshlar!

Bugun mana shu fayzli maydonda jamuljam bo`lgan siz, azizlarni qutlab, sizlarning timsolingizda avvalo O`zbekistonimizni yanada obod va farovon qilish yo`lida o`zining mardona mehnati va matonati bilan ulkan hissa qo`shayotgan, erishayotgan yutuq va marralari bilan barchani qoyil qoldirayotgan, yovuz kuchlarga bosh egmaydigan, o`z qadr-qimmatini, mustaqilligini yuksak baholaydigan, bag`rikeng xalqimizni ko`raman. Va shu yuksak minbardan turib, shunday olijanob fazilatlar sohibi bo`lgan xalqimiz oldida ta`zim qilaman.

Bizning tayanchimiz va suyanchimiz bo`lmish O`zbekiston yoshlariga qarata aytmoqchiman: boshimizdan kechirayotgan, shiddat bilan o`zgarib, tobora murakkablashib borayotgan davr barchamizning, birinchi navbatda, siz, aziz farzandlarimizning oldiga zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni, intellektual boyliklarni chuqur egallash, shu bilan birga, mamlakatimizning xalqaro maydonda raqobatdoshligini yangi bosqichga ko`tarish, iqtisodiyotimizni yangilash, modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, bularni taraqqiyotimizning lokomotiviga aylantirish kabi vazifalarni qo`ymoqda.

Ayni shu ulkan dolzarb maqsadlarga erishish yo`lida siz, azizlarning xalqimiz, Vatanimizning ishonchini oqlashga qodir ekaningizga ishonaman va barchangizni doimo qo`llab-quvvatlashga tayyorman.

Aziz va qadrli vatandoshlarim!

Mana shu nurafshon va go`zal ayyomda barchangizni kirib kelayotgan Navro`z bayrami bilan yana bir bor chin yurakdan tabriklayman.

Navro`z har bir oila, har bir xonadonga, butun yurtimizga tinchlik-omonlik, mehru oqibat, baxtu saodat, qut-baraka olib kelsin!

Barcha-barcha orzu-niyatlarimiz ushalsin!

Navro`zi olam barchamizga muborak bo`lsin! (UzА)

"O‘qituvchi" nashriyot-matbaa ijodiy uyi ("O‘qituvchi" NMIU) umumta`lim maktablari, oliy o`quv yurtlari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari uchun original, tarjima darsliklar, o`quv qo`llanmalar, shuningdek, o`qituvchilar uchun metodik qo`llanmalar nashr etadi. Buyurtma

Batafsil ma`lumot

Tabiat uyg`onib, gul-chechaklar ochilib, atrof yashil libosga burkanib borayotgan shu kunlarda yasharish va yangilanish fasli bo`lmish Navro`zi olam yurtimizga kirib kelishi bilan siz

Yangiliklarni o‘qishni tavsiya etamiz

O‘zbekistonning eng yirik nashriyotlari o‘rtasida saytlar mashhurligi reytingi fevral 2016

Bugun 2016 yilning fevral oyi uchun "O`qituvchi" nashriyot-matbaa ijodiy uyi, "O`zbekiston" nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy...

Kitob: Bolalar uchun xrestomatiya, mualliflar: O. Vulf, R. Mirzayev

Ushbu nashr maktabgacha yoshdagi bolalar uchun badiiy matnlar (ertaklar, hikoyalar, she`rlar, topishmoqlar

Mashhur yangiliklar

Войти / Регистрация
Закладки
Корзина покупок
Оформление заказа
Интернет-магазин книги в Ташкенте