Yangilangan sana: 2015-05-28 Ko`rilgan: 3308

Toshkentda O`qituvchi NMIU ishtirokida Kitob bayrami 2015 boshlandi

Toshkentda 2015-yil 28-may kuni “Adabiyotga e`tibor – ma`naviyatga, kelajakka e`tibor” shiori ostida an`anaviy “Kitob bayrami” boshlandi. O`zbekiston Matbuot va axborot agentligi tomonidan bir qator vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu tadbir Toshkent va Nukus shaharlari, barcha viloyat markazlarida bo`lib o`tmoqda.

Shu narsani ta`kidlash joizki, hozirgi kunda O`zbekistonda noshirlik ishini rivojlantirishga katta e`tibor qaratilmoqda. Nashriyotlar sonining o`sganligi kabi ma`lumotlar buning yaqqol dalilidir. Mustaqillik qo`lga kiritilgunga qadar nashriyotlar soni bor-yo`g`i to`qqiztani tashkil etgan bo`lsa, bugungi kunda kelib ularning soni mamlakatimizda yuztadan ortib ketdi. Matbaachilik sohasi ham izchil rivojlanmoqda.

Toshkentda 28-may kuni “Kitob bayrami - 2015” ning ochilishi

Poytaxtimizning G`afur G`ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog`ida o`tkazilgan tadbirda:

  • O`zbekiston Matbuot va axborot agentligi bosh direktori O.Yunusov;
  • O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o`rinbosari S.Sayyid;
  • Jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi I.Halimbekov va boshqalar so`zga chiqdilar.

O`zbekiston Matbuot va axborot agentligi bosh direktori O.Yunusov

Fotosuratda: O`zbekiston Matbuot va axborot agentligi bosh direktori O. Yunusovning tabrik nutqi

O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o`rinbosari S.Sayyid

Fotosuratda: O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o`rinbosari S.Sayyidning kirish so`zi

Ishtirokchilar o`z nutqlarida Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda ma`naviy-ma`rifiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar milliy adabiyotimizni ravnaq toptirish, buyuk ajdodlar yaratgan boy ma`naviy merosni va milliy an`analarimizni asl holicha asrash, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga qaratilayotgan doimiy e`tibor mustaqil fikrli, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega, bilimli va ma`naviyatli yoshlarni kamolga yetkazishda muhim omil bo`layotganini ta`kidladilar.

Noshirlik sohasidagi yutuqlar

“O`qituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyi joriy yilda “ISO-9001” xalqaro sifat standarti sertifikati bilan taqdirlandi. “O`zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyida ham xalqaro sifat standarti sertifikati mavjud. Bu, o`z navbatida, yuksak texnologiyalar vositasida chop etilayotgan kitoblarning sifat jihatidan nafaqat yurtimizda, balki xorijda ham e`tirof etilishiga imkon yaratmoqda. “O`qituvchi” NMIUning bir qator nashrlari xalqaro tanlovlarda sovrinli o`rinlarga sazovor bo`lgani buning isbotidir. An`anaviy ravishda o`tkazilayotgan “Kitob bayrami” bu boradagi milliy an`analarimizning bardavomligini ta`minlash, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarning intellektual salohiyatini yanada yuksaltirish, noshirlik sohasini taraqqiy ettirishga xizmat qiladi.

Stend O`qituvchi NMIU

Fotosuratda: Kitob bayrami - 2015 da “O`qituvchi” NMIU xodimlari

Ma`lumotlarga ko`ra, “Kitob bayrami” qatnashchilari soni yildan-yilga ko`payib borayotir. O`tgan yilda bir yarim million aholi “Kitob bayrami”ga tashrif buyurgan bo`lsa, 2015-yilda uch millionga yaqin aholini qamrab olish mo`ljallangan.

“Kitob bayrami” bo`layotganini eshitib, ota-onalar va bobo-buvilar farzandlari va nabiralari tashrif buyurmoqdalar. Ulug`larimiz aytganidek, kitob yolg`izlikda hamroh, zimistonda ziyo taratuvchi, beminnat ustozlik qiluvchi bebaho ne`matdir. Shu bois oilaviy kitobxonlik an`analarini saqlash, kitobni qadrlash zarur.

G`afur G`ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog`ida nashriyotlarning stendlari va kitob ko`rgazmalari tashkil etildi

Fotosuratda: “O`qituvchi” NMIU stendi ota-onalar va bolalar e`tiborida

Avvalgi ma`naviy-ma`rifiy tadbirlar doirasida aholi o`rtasida o`tkazilgan ijtimoiy so`rov natijalariga ko`ra, bir qator nashriyotlarda o`quvchilar ehtiyojidan kelib chiqib yangi ruknlar tashkil etildi va kitoblar chop etish yo`lga qo`yildi. Jumladan, “O`qituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyida ham qator kitoblar nashr etildi. Ular orasidan:

  • “Vatanning sheryurak bahodiri - Jaloliddin Manguberdi”, muallif Jumaboy Rahimov;
  • “Oy tegrasida yulduzlar”, muallif Yangiboy Qo`chqorov;
  • “В некотором царстве” (Qaysidir bir mamlakatda), muallif-tuzuvchilar Agzamova P.B. va Babayeva L.K. kabi nashrlarni alohida ko`rsatib o`tish mumkin.

Stend O`qituvchi NMIU

Fotosuratda: “O`qituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyi stendi

G`afur G`ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog`ida tashkil etilgan “Kitob bayrami”da har bir kishi o`zi uchun zarur ma`lumot olish, izlagan kitobini topish, o`zining bilimi, qiziqishi va savodxonligini sinovdan o`tkazish imkoniyatiga ega. Shu maqsadda adib va shoirlar, kitob grafikasi bo`yicha rassomlar, muharrirlar bilan ijodiy uchrashuvlar, “Eng yaxshi kitobxon”, “Kitobxon oila” kabi mavzularda intellektual o`yinlar o`tkazilmoqda.

Stend O`qituvchi NMIU

Fotosuratda: kitobxonlarning kitob muharrirlari, rassomlari va mualliflari bilan uchrashuvi

Chilonzor tumanidagi 138-umumta`lim maktabining 8-sinf o`quvchisi Gulnoza Jo`raboyeva intellektual o`yinda tarix fani bo`yicha faol qatnashib, tashkilotchilarning sovg`asini olishga muvaffaq bo`ldi. Kitob, ayniqsa, tarixiy mavzudagi adabiyotlarni o`qish Gulnozaning eng sevimli mashg`uloti. U ushbu tadbirda o`zini qiziqtirgan ko`plab savollarga javob topgani, yangi adabiyotlar bilan tanishgani, bilim va dunyoqarashini yanada boyitish imkoniga ega bo`lganini aytib berdi.

Fotosuratda: adib Xudoyberdi To`xtaboyev kitobxonlar bilan suhbatlashmoqda

Madaniyat va istirohat bog`ida “O`qituvchi” NMIUning stendi tashkil etildi va u yerda nashriyot-matbaa ijodiy uyining kitob mahsulotlari namoyish etildi. Shuningdek, boshqa nashriyotlarning ham kitob ko`rgazmalari va stendlari tashkil etildi. Bog`ning turli burchaklariga o`rnatilgan telemonitorlarda nashriyotlar faoliyati, kitobxonlik madaniyati, “Namunali kitob do`koni” ko`rik-tanloviga oid lavhalar namoyish etildi.

Kitob bayrami - 2015

Fotosuratda: muallif Jumaboy Rahimov Toshkentdagi Kitob bayrami - 2015 da

“O`qituvchi” NMIU stendi oldida nashriyotda chop etilgan “Vatanning sheryurak bahodiri - Jaloliddin Manguberdi” kitobining muallifi Jumaboy Rahimov so`zga chiqdi. Shuningdek, “O`qituvchi” NMIU kitob mahsulotlari oldida xalq yozuvchisi Xudoyberdi To`xtaboyev ham kitobxonlar bilan suhbat o`tkazdi.

Kitob bayrami boshlandi

Fotosuratda: yozuvchi Xudoyberdi To`xtaboyev “O`qituvchi” NMIU stendi oldida

30-mayga qadar davom etadigan tadbir doirasida “Kitob - millatning bebaho ma`naviy va madaniy merosi” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman tashkil etiladi. Bu bayramning muhim voqealaridan biri “Yilning eng yaxshi kitobi” ko`rik-tanlovi yakunlarining e`lon qilinishi bo`ladi. “O`qituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyiga mazkur ko`rik-tanlovda g`olib bo`lish uchun muvaffaqiyat tilab qolamiz!

"O‘qituvchi" nashriyot-matbaa ijodiy uyi ("O‘qituvchi" NMIU) umumta`lim maktablari, oliy o`quv yurtlari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari uchun original, tarjima darsliklar, o`quv qo`llanmalar, shuningdek, o`qituvchilar uchun metodik qo`llanmalar nashr etadi. Buyurtma

Batafsil ma`lumot

Toshkentda 2015-yil 28-may kuni “Adabiyotga e`tibor – ma`naviyatga, kelajakka e`tibor” shiori ostida an`anaviy “Kitob bayrami” boshlandi

Yangiliklarni o‘qishni tavsiya etamiz

Beg`ubor orzular tasviri

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida navqiron avlodning kamoloti yo`lida g`amxo`rlik va e`tibor ko`rsatish, ularning ijodiy-intellektual salohiyatini yuksaltirish, ijtimoiy holati, millatidan qat`iy nazar, barcha bolalarning ezgu orzulari ijobati yo`lida keng imkoniyatlar eshigini ochib berish davlatimiz siyosatining ustuvor yo`nalishlaridan biriga aylangan.

O`qituvchi nashriyot-matbaa ijodiy uyida Yosh rassom ko`rik tanlovi

"O`qituvchi" nashriyot-matbaa ijodiy uyida 1 iyun xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga bag`ishlab "Yosh rassom" ko`rik tanlovi bo`lib o`tdi.

Mashhur yangiliklar

Войти / Регистрация
Закладки
Корзина покупок
Оформление заказа
Интернет-магазин книги в Ташкенте