Yangilangan sana: 2015-03-21 Ko`rilgan: 2360

Prezident Islom Karimovning Navro`z bayramiga bag`ishlangan tantanali marosimdagi so`zi

Assalomu alaykum, aziz vatandoshlar! Muhtaram mehmonlar!

Shu kunlarda tabiat uyg`onib, bahor kelishi bilan ona yurtimiz – O`zbekistonimiz zaminiga Navro`zi olam kirib kelmoqda. Hammamiz orziqib kutadigan, yangilanish va yasharish, shodu xurramlik ramzi bo`lgan ana shunday eng ko`hna, olijanob bayram bilan siz, azizlarimni, butun xalqimizni chin qalbimdan tabriklab, barchangizga o`zimning yuksak hurmat-ehtiromimni bildirishdan baxtiyorman.

Shu kunlarda tabiat uyg`onib, bahor kelishi bilan ona yurtimiz – O`zbekistonimiz zaminiga Navro`zi olam kirib kelmoqda.

Qadrli yurtdoshlarim!

Barchamizga ma`lum, dunyoda bir-biridan buyuk, bir-biridan ajoyib bayramlar ko`p. Lekin ular orasida Navro`z ayyomi o`zining qadimiyligi, tabiatimizga uyg`unligi va go`zalligi bilan, ma`no-mazmunining teranligi bilan boshqalardan ajralib turadi. Va ayni shuning uchun ham uyg`onish va yasharish timsoli bo`lmish bu buyuk ayyomni har bir xonadon, har bir oilada bag`rini keng ochib, "Xush kelibsan o`lkamizga Navro`z, qadaming qutlug` bo`lsin!" deb, eng katta orzu-niyatlar bilan kutib oladilar.

Haqiqatan ham, ming yillar avval – "Avesto" davrida paydo bo`lgan Navro`zi olam bizning xalqimiz uchun eng ko`hna, asl milliy, sharqona yangi yil debochasi sifatida doimo sog`inib, ardoqlab qarshi oladigan, har qaysi uyga shodlik va xursandchilik olib kelishi, o`sha zamonlardan buyon xalqimizga mansub bo`lgan an`ana va qadriyatlarni bezavol saqlab kelishi bilan barchamizga qadrli va azizdir. Ko`klam ayyomi kelishi bilan ajdodlarimiz, ota-bobolarimiz rizqu ro`zini tilab, qo`sh haydab, dalaga don sochib, yam-yashil adirlarda ot choptirib, Navro`z sayillarini o`tkazgani xuddi kechagidek bo`lib tuyuladi va barchamizni beixtiyor ana shu bayramona kayfiyatga berilib ketishga undaydi.

Ayni shu kunlarda mahalla-ko`y doshqozonlar atrofida jamuljam bo`lib, ayollarimiz, momolarimiz tunni tun demasdan, hech charchamasdan, ezgu niyat, zavq va xursandchilik bilan insonga kuch-quvvat beradigan sumalak va halim, ko`ksomsa va go`ja kabi tansiq ne`matlarni tayyorlab, ularni o`z oilasi va do`stu birodarlari bilan baham ko`rishi kabi ota-bobolarimiz, ajdodlarimizdan qolgan betakror an`ana va odatlarimiz yurtimizga, uylarimizga kirib qolgandek, o`zimizni esa atrof-tabiatimizning ajralmas bir qismidek his qilamiz.

Ana shu dilbar faslda insonlarning bir-biriga mehribonlik ko`rsatishi, bemorlarga, muhtoj bo`lganlarga beminnat yordam berish, tabarruk keksalarimizning duosini olish kabi noyob fazilatlar albatta odamning ko`nglini yumshatadi, doim yaxshilikka intilishga, o`zaro mehr-oqibatli bo`lishga chorlaydi.

Navro`zi olamning yana bir betakror xislati borki, u har qaysi uy, har qaysi yurtda, butun yer yuzida tinchlik va osoyishtalik bo`lishiga da`vat etadi. Bu ayyomda turli gina va arazlar unutiladi, urush va janjallar to`xtaydi, murosai madora, ahillik, odamiylik qaror topadi.

Aziz yurtdoshlar, qadrdonlarim!

Shular haqida gapirganda, Navro`zning bunday o`lmas g`oyalari, ruhi va falsafasi hozirgi kunda tobora kuchayib borayotgan qarama-qarshiliklarni, turli mojaro va urushlarni faqatgina siyosiy va tinchlik yo`li bilan yechish kerakligiga da`vat etishini, uni aynan bugungi hayotimizning eng o`tkir, eng dolzarb muammolari bilan uzviy bog`langanini yana bir bor tasdiqlab beradi. Bizga, o`zbek xalqiga nima kerak – tinchlik va omonlik kerak, degan da`vat el-yurtimiz orasida tobora keng tarqalib bormoqda. Buning asosiy ma`nosi – bugungi notinch, keskinlashib borayotgan zamon barchamizdan hushyor va ogoh bo`lishni talab etayotganini, tinch va osuda hayot uchun, mana shu musaffo osmon uchun kurashish, butun dunyo bilan hamjihat va hamkor bo`lib yashashni bildiradi.

Fursatdan foydalanib, bugungi Navro`z shodiyonamizda ishtirok etayotgan barcha chet ellik mehmonlarimizga, xorijiy elchixonalar va xalqaro tashkilotlarning vakillariga sizlarning nomingizdan, butun xalqimiz nomidan chuqur hurmat va minnatdorlik bildirib, ularning mamlakatlari va xalqlariga tinchlik-omonlik, farovonlik va ravnaq tilashga ijozat bergaysiz. Bugun katta umid va ishonch bilan hayotga kirib kelayotgan, o`z fikriga, zamonaviy bilimga ega, Vatanimizning ertangi kuni uchun mas`uliyatni o`z zimmasiga olishga qodir bo`lgan siz, navqiron o`g`il-qizlarimizga, sizlarning timsolingizda butun O`zbekiston yoshlariga qarata aytmoqchiman: biz hech qachon hech kimdan kam bo`lmaganmiz va hech qachon hech kimdan kam bo`lmaymiz!

Ko`zlagan maqsad-muddaolarimizga albatta yetamiz!

Aziz va muhtaram vatandoshlarim!

Barcha-barchangizni bag`rimga bosib, yana va yana bir bor bugungi go`zal ayyom bilan qutlab, qalbimdan, yuragimdan chiqadigan samimiy tilaklarimni izhor etmoqchiman.

Navro`z har bir oila, har bir xonadonga, butun yurtimizga tinchlik-omonlik, baxtu saodat, fayzu baraka olib kelsin! Ezgu orzu-niyatlarimiz ushalsin, O`zbekistonimiz yanada obod va farovon bo`lsin!

Navro`zi olam barchamizga muborak bo`lsin!

"O‘qituvchi" nashriyot-matbaa ijodiy uyi ("O‘qituvchi" NMIU) umumta`lim maktablari, oliy o`quv yurtlari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari uchun original, tarjima darsliklar, o`quv qo`llanmalar, shuningdek, o`qituvchilar uchun metodik qo`llanmalar nashr etadi. Buyurtma

Batafsil ma`lumot

Shu kunlarda tabiat uyg`onib, bahor kelishi bilan ona yurtimiz – O`zbekistonimiz zaminiga Navro`zi olam kirib kelmoqda.

Yangiliklarni o‘qishni tavsiya etamiz

O`qituvchi NMIU Омар Хайям. Рубаи (Umar Xayyom. Ruboilar) nomli chop etdi

"O`qituvchi" nashriyot-matbaa ijodiy uyi "Umar Xayyom. Ruboilar" (Омар Хайям. Рубаи) nomli kitobni chop etdi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ovoz berish jarayoni davom etmoqda

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ovoz berish jarayoni davom etmoqda. Toshkent vaqti bilan soat 17.00 ga qadar saylovda 18 million nafardan ziyod fuqaro ishtirok etdi.

Mashhur yangiliklar

Войти / Регистрация
Закладки
Корзина покупок
Оформление заказа
Интернет-магазин книги в Ташкенте