Yangilangan sana: 2015-01-17 Ko`rilgan: 1281

O`zbekiston Prezidenti Islom Karimovning mamlakatimizni 2014-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilga mo`ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo`nalishlariga bag`ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma`ruzasi

2015-yilda iqtisodiyotimizda tub tarkibiy o`zgarishlarni amalga oshirish, modernizatsiya va diversifikatsiya jarayonlarini izchil davom ettirish hisobidan xususiy mulk va xususiy tadbirkorlikka keng yo`l ochib berish – ustuvor vazifamizdir.

Hurmatli majlis ishtirokchilari!

Vazirlar Mahkamasining bugungi kengaytirilgan majlisi kun tartibiga qo`yilgan asosiy masala – bu O`zbekistonning o`tgan 2014-yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlarini muhokama etish va mamlakatimizning 2015-yilga mo`ljallangan iqtisodiy dasturining eng muhim ustuvor yo`nalishlarini tasdiqlab olishdan iborat.

O`tgan yil yakunlarini sarhisob qilar ekanmiz, birinchi navbatda, iqtisodiyotimiz va uning yetakchi tarmoqlarini rivojlantirish borasida barqaror yuqori o`sish sur`atlariga erishganimizni ta`kidlash joiz.

Mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti 8,1 foiz, sanoat ishlab chiqarish hajmi 8,3 foizga, qishloq xo`jaligi ishlab chiqarishi 6,9 foiz, kapital qurilish 10,9 foiz, chakana savdo aylanmasi hajmi 14,3 foizga oshdi. Ishlab chiqarilgan mahsulotlarning qariyb 70 foizini yuqori qo`shimcha qiymatga ega bo`lgan tayyor tovarlar tashkil etdi.

Iste`mol tovarlari ishlab chiqarish hajmi 2014-yilda 9,4 foiz, shu jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish 8,7 foiz, nooziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish 10 foizga o`sdi. Inflatsiya darajasi yil yakunlari bo`yicha 6,1 foizni tashkil etdi. Bu prognoz ko`rsatkichlariga nisbatan sezilarli darajada pastdir.

O`tgan yili soliq yuki 20,5 foizdan 20 foizga, daromad solig`i stavkasi esa 9 foizdan 8 foizga kamaytirilgan bo`lsa-da, davlat byudjeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,2 foiz profitsit bilan bajarildi.

Bank tizimidagi islohotlar iqtisodiyotimizning barqaror o`sish sur`atlarini ta`minlashda eng muhim omil bo`ldi. Buning natijasida tijorat banklarining jami kapitali 25 foizga oshdi. Bank tizimining mustahkamlanishi 2014-yilda Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasini 12 foizdan 10 foizga, tijorat banklarining kreditlar bo`yicha foiz stavkasini ham shunga mos ravishda kamaytirish uchun zarur imkoniyatlar tug`dirdi.

Banklar tomonidan faqat ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va texnologik yangilash dasturlarini moliyalashtirishga yo`naltirilgan kreditlar hajmi 2013-yilga nisbatan 1,2 barobar, aylanma mablag`larni to`ldirish uchun ajratilgan kreditlar esa 1,3-martadan ziyod oshdi.

So`nggi yillar davomida «Mudis», «Standart end Purs» va «Fitch reytings» kabi yetakchi reyting agentliklari O`zbekiston bank tizimi faoliyatini «barqaror» deb baholamoqda. Shuni alohida ta`kidlash kerakki, agar 2011-yilda mamlakatimizning 13 ta tijorat banki yuqori reyting baholariga sazovor bo`lgan bo`lsa, bugungi kunda respublikamizning barcha 26 ta banki ana shunday bahoga loyiq ko`rildi.

O`tgan 2014-yilda 500 dan ziyod yangi korxona, birinchi navbatda, kichik biznes subyektlari eksport faoliyatiga jalb etildi. Tashqi savdo balansidagi ijobiy saldo 180 million dollarni tashkil qildi, mamlakatimizning oltin-valyuta zaxiralari 1 milliard 600 million dollarga ko`paydi.

Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki huzurida maxsus tashkil etilgan Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo`llab-quvvatlash jamg`armasining roli bu borada tobora oshib bormoqda.

2014-yilda mazkur Jamg`arma tomonidan 2 ming 400 ta tadbirkorlik subyektiga o`z tovar va xizmatlarini tashqi bozorlarga chiqarish bo`yicha huquqiy, moliyaviy va tashkiliy xizmatlar ko`rsatildi. Jamg`arma ko`magida tadbirkorlik subyektlari tomonidan 1 milliard 250 million dollar miqdoridagi eksport shartnomalari tuzildi. Mazkur shartnomalar asosida o`tgan yili qiymati 840 million dollardan ziyod tovarlar eksport qilindi.

Jamg`arma tomonidan tadbirkorlarga tashqi bozorlarni o`rganish va chet ellik sheriklarni topish, xalqaro tender savdolarida ishtirok etish, shuningdek, eksport shartnomalarini tuzish, xalqaro sertifikatlar, ruxsat berishga oid hujjatlarni olish va bojxona rasmiylashtiruvi bo`yicha faol yordam berilmoqda.

Shu borada ishbilarmonlik muhitini yaxshilash hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivoji uchun yanada qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan chora-tadbirlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash zarurligini barchamiz albatta yaxshi tushunamiz.

Mulkni ro`yxatga olish, yer uchastkalari ajratish, ayrim faoliyat turlari bilan shug`ullanish uchun litsenziya olish, qurilishga ruxsat berish va elektr ta`minoti tarmoqlariga ulanishda «yagona darcha» tamoyilini amaliyotga joriy etish tobora kengayib bormoqda.

Kichik biznes subyektlari tomonidan statistik va soliq hisobotlarini taqdim etish mexanizmlarisezilarli darajada soddalashtirildi. Bugungi kunda tadbirkorlik subyektlarining 98 foizi soliq va statistika hisobotlari topshirishni, bojxona deklaratsiyalarini rasmiylashtirishni eski usuldagi qog`oz to`ldirish yo`li bilan emas, balki bevosita – elektron shaklda amalga oshirmoqda.

Sanoatning yengil, oziq-ovqat va qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi ko`p mehnat talab qiladigan tarmoqlarida ishchilarning eng ko`p soni ilgarigi 100 kishidan 200 kishigacha oshirilgani kichik biznesni rag`batlantirish borasidagi chora-tadbirlar tizimidagi muhim qaror bo`ldi.

2014-yilda tijorat banklari tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga 9 trillion so`mdan ortiq yoki 2013-yilga nisbatan 1,3 barobar ko`p, shu jumladan, 2 trillion so`mga yaqin miqdordagimikrokreditlar ajratildi. Bu o`tgan yilga qaraganda 39 foiz ko`pdir. So`nggi besh yilda kichik biznesni kreditlash hajmi qariyb 5 barobar ko`paydi.

Xususiy tadbirkorlarning xomashyo resurslaridan foydalanish imkoniyati, birinchi navbatda, bunday mahsulotlarni birja va yarmarka savdolarida sotish hajmini ko`paytirish hisobidan sezilarli ravishda kengaytirildi. Masalan, 2014-yilda ular tomonidan Respublika tovar-xomashyo birjasida qariyb 3trillion so`mlik yoki 2013-yilga nisbatan 1,6 barobar ko`p xomashyo va materiallar sotib olindi. Shu bilan birga, xususiy tadbirkorlar birja savdolari orqali o`zlari ishlab chiqargan 1 trillion 500 milliard so`mlik mahsulotni sotdi, bu ko`rsatkich 2013-yilga qaraganda 1,7 barobar ko`pdir.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni rag`batlantirish bo`yicha ko`rilgan chora-tadbirlar natijasida o`tgan yili, fermer va dehqon xo`jaliklarini hisobga olmaganda, 20 mingdan ziyod yangi kichik biznes subyektlari tashkil etildi, ularning umumiy soni esa 195 mingdan ziyodni tashkil etdi. Bu 2000-yilga nisbatan 2 barobar ko`pdir.

Yalpi ichki mahsulotni shakllantirishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasining ulushi 2000-yildan buyon 31 foizdan 56 foizga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishda 12,9 foizdan 31,1 foizga o`sdi.

2014-yilda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida 480 mingdan ortiq yangi ish o`rni tashkil etildi. Bu yaratilgan jami ish o`rinlarining yarmi demakdir. Bugungi kunda iqtisodiyotning ushbu sohasida ish bilan band bo`lgan aholining 76,5 foizdan ziyodi mehnat qilmoqda. 2000-yilda bu ko`rsatkich 49,7 foizga teng edi. Iqtisodiyot sohasida izchil amalga oshirayotgan ana shunday chora-tadbirlarimiz o`zining yuksak samarasini bermoqda.

Jahon banki tomonidan e`lon qilingan, xarid qobiliyati bo`yicha hisoblanadigan yalpi ichki mahsulot hajmiga qarab aniqlanadigan iqtisodiy rivojlanish borasidagi yangilangan reytingda O`zbekiston dunyoning 190 ta davlati orasida 2010-yildagi 72-o`rindan 66-o`ringa ko`tarildi.

Mamlakatimiz 2014-yilda biznesni yuritish sharoiti bo`yicha reytingda 8 pog`onaga, soliqqa tortish borasida esa 61 pog`ona yuqoriga ko`tarildi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturining bahosiga ko`ra, O`zbekiston so`nggi yilda biznes yuritishni yengillashtirish sohasida amalga oshirilgan islohotlar bo`yicha yetakchi o`nta mamlakat qatoridan joy oldi.

Jadal va mutanosib iqtisodiy o`sish, chuqur tarkibiy o`zgarishlarni amalga oshirish va iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishda faol va aniq yo`naltirilgan investitsiya siyosati yuritish eng muhim omil hisoblanadi.

2014-yilda iqtisodiyotimizga jalb qilingan investitsiyalar hajmi 10,9 foizga o`sdi va AQSh dollari hisobida 14 milliard 600 million dollarni tashkil etdi. Bunda jami kapital qo`yilmalarning 21,2 foizdan ortig`i yoki 3 milliard dollardan ziyodini xorijiy investitsiya va kreditlar tashkil qildi. Ularning to`rtdan uch qismi to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investitsiyalardir.

Investitsiya dasturini amalga oshirishda korxonalarning o`z mablag`lari hisobidan yo`naltirilgan to`g`ridan-to`g`ri xususiy investitsiyalarning yildan-yilga faol ishtirok etayotgani barchamizga alohida mamnuniyat bag`ishlaydi. Birgina o`tgan yilda bunday investitsiyalar hajmi 10,3 foizga o`sib, 4 milliard 300 million dollarni yoki jami investitsiyalar hajmining qariyb 30 foizini tashkil etdi.

O`tgan yili tijorat banklarining investitsiyaviy faoliyati ham kengaydi. Ular tomonidan 1 milliard 700 million dollar yoki 2013-yilga nisbatan 20 foiz ko`p investitsiyalar yo`naltirildi.

Jami investitsiyalarning 73 foizdan ortig`i ishlab chiqarish sohasiga va qariyb 40 foizi mashina va uskunalar xarid qilishga sarflandi.

O`zbekistonda amalga oshirilayotgan investitsiya siyosatining o`ziga xos xususiyati mahalliy xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlashni ta`minlaydigan, yuqori texnologiyalarga asoslangan yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etishga qaratilgan investitsiya loyihalariga ustuvor ahamiyat berilayotganida namoyon bo`lmoqda.

2014-yilda iqtisodiyotimizning yetakchi tarmoqlarida zamonaviy yuqori texnologiyalarga asoslangan uskunalar bilan jihozlangan, umumiy qiymati 4 milliard 200 million dollarga teng bo`lgan 154 ta yirik obyekt foydalanishga topshirildi.

Ularning qatorida yiliga 60 mingta avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga ega bo`lgan «Xorazm avtomobil ishlab chiqarish birlashmasi» mas`uliyati cheklangan jamiyati bazasida «Damas» va «Orlando» rusumidagi yengil avtomobillar ishlab chiqarishni tashkil qilish», «Jizzax viloyatida 760 ming tonna portlandsement yoki 350 ming tonna oq sement ishlab chiqarishni yo`lga qo`yish», «80 ming tonna rux konsentratini qayta ishlash bo`yicha rux zavodini rekonstruksiya qilish», «Mis eritish zavodida yangi sulfat kislota sexini qurish», elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatini 50 megavattga oshirish maqsadida «Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasini to`liq miqyosda modernizatsiya qilish», Qoraqalpog`iston Respublikasidagi «Mang`it» mas`uliyati cheklangan jamiyati bazasida yiliga 5 ming tonna mahsulot chiqarish quvvatiga ega bo`lgan ip-kalava yigiruv korxonasi tashkil etish» va boshqa obyektlarni tilga olish mumkin.

O`tgan yilda yiliga 25 milliard kub metr gazni uzatish imkonini beradigan Markaziy Osiyo – Xitoy gaz quvurining 1 ming 830 kilometr uzunlikdagi uchinchi tarmog`i ishga tushirildi.

Investorlarga keng soliq imtiyozlari va preferensiyalar berilgan «Angren» maxsus industrial zonasi, «Navoiy» erkin industrial-iqtisodiy zonasi, «Jizzax» maxsus industrial zonasining tashkil etilgani yuqori texnologiyalarga asoslangan korxonalarni rivojlantirish imkonini kengaytirdi. Ushbu zonalar uchun zarur tashqi muhandislik va transport infratuzilmasi to`liq respublikamiz mablag`lari hisobidan barpo etilmoqda.

Yo`l-transport infratuzilmasini taraqqiy ettirish sanoatni jadal rivojlantirish va uning salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda. 2014-yilda umumiy foydalanish uchun mo`ljallangan 540 kilometr avtomobil yo`lini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari yakunlandi. 116 kilometrdan iborat ikki polosali yo`l kengaytirilib, to`rt polosali qilib qayta qurildi, bu esa o`z navbatida ushbu yo`llarda qatnovni 3 barobar oshirish imkonini berdi.

O`tgan yili temir yo`llar qurish, rekonstruksiya qilish va elektrlashtirish, yuk va yo`lovchi tashiydigan temir yo`l transportini qayta tiklash va modernizatsiya qilish bo`yicha loyihalarni amalga oshirish maqsadida 630 million dollardan ziyod mablag` o`zlashtirildi.

Bu mablag`ning yarmidan ko`pi Angren – Pop elektrlashtirilgan temir yo`l liniyasini barpo etish loyihasini jadal sur`atlarda davom ettirishga yo`naltirildi. Shu bilan birga, 240 kilometrlik temir yo`l qayta tiklandi, o`zimizda 650 ta yuk va 20 ta yo`lovchi tashish vagonlari ishlab chiqarildi, Qarshi temir yo`l vokzali rekonstruksiya qilindi. Toshkent – Samarqand va Samarqand – Toshkent yo`nalishi bo`yicha qatnaydigan «Afrosiyob» tezyurar poyezdida 2014-yilda 180 mingdan ziyod yo`lovchi o`z manziliga yetkazildi.

Aviatsiya transportida yuk tashish hajmi 126 million 300 ming tonna-kilometrni tashkil qildi yoki 2013-yilga nisbatan 8,5 foizga oshdi. 2014-yilda «O`zbekiston havo yo`llari» milliy aviakompaniyasi dunyodagi 270 dan ortiq aviakompaniyani o`zida birlashtirgan Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasining (IATA) teng huquqli a`zosi bo`ldi.

Navoiy shahri aeroporti negizida tashkil qilingan xalqaro logistika markazi Yevropa, Hindiston, Xitoy va Janubi-Sharqiy Osiyoga aviatsiya orqali yuk tashishni amalga oshirishga xizmat qilmoqda. Ushbu markaz foydalanishga topshirilganidan buyon o`tgan vaqt mobaynida 200 ming tonnadan ziyod yuk tashildi.

Qadrli do`stlar!

Qishloq xo`jaligida erishilgan yutuqlar haqida gapirganda, shuni alohida ta`kidlashni istardimki, bu sohada biz qo`lga kiritgan ulkan marralar, avvalo, fermerlarimiz, qishloq xo`jaligi mutaxassislari va qishloq taraqqiyoti bilan bog`liq tarmoqlarda mehnat qilayotgan yuz minglab yurtdoshlarimizning fidokorona mehnati, bilim va tajribasining samarasidir.

2014-yilda qishloq mehnatkashlari qanday og`ir sinovlarga duch kelganini hammamiz yaxshi bilamiz. Sovuq kunlar odatdagidan ko`proq bo`ldi. Bu, ayniqsa, bahor oylarida yanada ko`proq sezildi. Yozdagi suv tanqisligi, vegetatsiya davridagi kuchli shamol va bo`ronlar, kuzning ancha erta va salqin kelgani soha mehnatkashlari uchun ko`plab jiddiy muammolarni tug`dirdi.

Ana shunday qiyinchiliklarga qaramasdan, dehqon va fermerlarimizning mardonavor mehnati, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish hisobidan 3 million 400 ming tonnadan ziyod paxta, mamlakatimiz qishloq xo`jaligi tarixida birinchi marta 8 million 50 ming tonnalik yuksak g`alla xirmoni bunyod etildi.

Fursatdan foydalanib, ushbu yuksak minbardan turib, paxtakor va g`allakorlarimizga, barcha-barcha qishloq mehnatkashlariga qahramonlik namunasi bo`lgan, mashaqqatli va sharafli mehnati uchun o`z nomimdan, butun xalqimiz nomidan yana bir bor chuqur minnatdorlik izhor etishni ham qarz, ham farz, deb bilaman.

Ma`lumki, biz qishloq xo`jaligini isloh etishda sug`oriladigan yerlarning meliorativ holatini tubdan yaxshilashga alohida e`tibor bermoqdamiz. Bu vazifa eng muhim ustuvor yo`nalishlardan biri bo`lib kelgan va bundan keyin ham shunday bo`lib qoladi. Chunki, qishloq xo`jaligida ishlab chiqarishning samaradorligi, mamlakatimizning iqtisodiy va oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlash, nafaqat qishloq mehnatkashlari, balki butun O`zbekistonimiz aholisining moddiy farovonligini oshirish bebaho boyligimiz bo`lgan yerimizning unumdorligi, uning sifatini muntazam yaxshilab borish bilan uzviy bog`liqdir.

O`tgan davrda bu borada ko`rilgan choralar natijasida 1 million 700 ming gektar sug`oriladigan yerning meliorativ holati yaxshilandi. Bu jami ekin ekiladigan maydonlarning yarmidan ziyodi demakdir. Ana shunday ishlar tufayli sizot suvlari eng og`ir darajada, ya`ni, 2 metrgacha yuzada joylashgan yerlar qariyb 500 ming gektarga yoki uchdan biriga kamaydi, kuchli va o`rtacha sho`rlangan yerlar esa 100 ming gektarga yoki 12 foizga qisqardi. Melioratsiya tadbirlari amalga oshirilgan ekin maydonlarida paxta hosildorligi gektariga o`rtacha 2-3 sentner, boshoqli don ekinlari bo`yicha esa 3-4 sentnerga oshgani bu borada erishgan eng muhim natijamizdir.

Agarki bu raqamlarni gektarlarga ko`paytiradigan bo`lsak, amalga oshirgan ishlarimizning samarasi yanada yaqqol namoyon bo`ladi.

Qishloq xo`jaligini tarkibiy o`zgartirish haqida so`z yuritganda, avvalo, paxta ekiladigan yerlarni optimallashtirish va boshoqli don ekinlari, sabzavotchilik, bog`dorchilik, uzumchilik uchun ajratilgan maydonlarni kengaytirish hisobidan ekin maydonlari tarkibida o`zgarishlar amalga oshirilganini qayd etish joiz.

Masalan, Andijon, Kosonsoy, Chortoq, O`rta Chirchiq, O`zbekiston va Buvayda tumanlarida paxta ekin maydonlari qisman qisqartirildi, Asaka, Yangiyo`l va Jomboy tumanlarida paxta ekishdan butunlay voz kechildi. Shu asosda paxtadan bo`shagan 30 ming gektardan ortiq sug`oriladigan yerda don ekinlari, sabzavot, kartoshka yetishtirish yo`lga qo`yildi, bog` va uzumzorlar barpo etildi. Natijada 2012-2014-yillarda paxta yetishtirish hajmi saqlangan holda, sabzavot yetishtirish 16,3 foiz, poliz ekinlari 16,6 va meva yetishtirish qariyb 21 foizga o`sdi.

Yangi bog` va uzumzorlar barpo etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga alohida to`xtalib o`tmoqchiman.

2010-2014-yillar davomida qariyb 50 ming gektar maydonda yangi bog`lar, jumladan, 14 ming gektardan ortiq maydonda intensiv bog`lar, 23 ming gektarda uzumzorlar yaratildi. Intensiv bog`lar tashkil etish uchun Polsha, Serbiya va boshqa mamlakatlardan 6 milliondan ziyod ko`chat olib kelindi.

Bunday bog`larning ko`plab afzalliklarga ega ekani bugungi kunda amalda namoyon bo`lmoqda. Misol uchun, oddiy mevali daraxt ekilganidan boshlab dastlabki hosilini berguniga qadar odatda 4-5-yil o`tadi. Intensiv bog`dorchilikda esa daraxt ikkinchi-uchinchi yildayoq hosilga kiradi. 2011-yilda yaratilgan bog`larning har gektaridan 2014-yilning o`zida o`rtacha 300 sentnerdan hosil olingani va hosildorlik yil sayin ko`payib borayotgani buni tasdiqlaydi.

Zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish va fermerlarni yuqori unum bilan ishlaydigan qishloq xo`jaligi texnikasi bilan ta`minlash hisobidan qishloq xo`jaligi ishlab chiqarishida intensiv usullarga o`tish ushbu sohani barqaror va samarali rivojlantirishda eng muhim yo`nalish hisoblanadi.

Shu maqsadda qishloq xo`jaligi mashinasozligi tizimi butunlay qayta tashkil etildi, «O`zagrosanoatmashxolding» kompaniyasi tuzildi, soha korxonalari optimallashtirilib, ular qishloq xo`jaligida talab etilayotgan aniq turdagi texnika va mexanizatsiya vositalari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirildi.

Toshkent traktor zavodining optimallashtirilgan ishlab chiqarish maydonlarida yangi korxona – «Toshkent qishloq xo`jaligi texnikasi zavodi» mas`uliyati cheklangan jamiyati tashkil etildi. Bu erda traktorlar, tirkama va paxta terish mashinalarining yangi modellari ishlab chiqarilmoqda.

Hurmatli majlis qatnashchilari!

Barchamizga ayonki, xizmat ko`rsatish sohasi iqtisodiyotimizni barqaror rivojlantirishning eng muhim manbai va omili hisoblanadi. Jahon tajribasi bugun aynan ushbu soha yalpi ichki mahsulotni shakllantirish, aholi bandligini ta`minlash, odamlarning farovonligini oshirishda yetakchi o`rin tutishini ko`rsatmoqda.

2014-yilda bozor xizmatlari ko`rsatish hajmi 15,7 foizga o`sdi, ularning yalpi ichki mahsulot tarkibidagi ulushi esa 53 foizdan 54 foizga oshdi. Bugungi kunda iqtisodiyotda band bo`lgan aholining 50 foizdan ortig`i ushbu tarmoqda mehnat qilmoqda. Har yili yaratilayotgan yangi ish o`rinlarining, avvalambor, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari uchun tashkil etilayotgan ish o`rinlarining uchdan bir qismidan ko`prog`i aynan mazkur soha hissasiga to`g`ri kelmoqda.

Bu borada xizmatlar tarkibi ham tubdan o`zgarib borayotganini ta`kidlash joiz. Mobil aloqa, yuqori tezlikda ishlaydigan internet, kabelli televizion aloqa, masofaviy bank xizmatlari, qishloq xo`jaligi texnikasi, avtomobillar va texnologik uskunalarni ta`mirlash va ularga xizmat ko`rsatish kabi zamonaviy yuqori texnologiyalar asosidagi xizmat turlari aholi o`rtasida tobora ommalashib bormoqda.

So`nggi besh yilda an`anaviy maishiy va kommunal xizmatlar ulushi 16 foizdan 9,5 foizga tushdi, yuqori texnologiyalar asosidagi xizmatlar ulushi esa 21,2 foizga qadar ko`tarildi.

Yuqori texnologiyalarga asoslangan xizmatlar orasida keyingi yillarda aloqa va axborotlashtirish xizmatlari boshqa sohalarga nisbatan jadal rivojlanayotganini alohida ta`kidlash joiz. Ushbu xizmatlar hajmi so`nggi besh yilda 3,3 barobar, o`tgan yili esa 24,5 foizga o`sdi.

Iqtisodiyotimiz va jamiyatimiz hayotida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining alohida va muhim o`rin tutishini hisobga olib, 2013-yilda 2013-2020-yillarda O`zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish kompleks dasturi qabul qilindi. Ushbu dastur doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar 2014-yilda mamlakatimizda barcha avtomat telefon stansiyalarini raqamli tizimga o`tkazishni yakunlash uchun zamin yaratdi. Bu esa xalqaro axborot tarmoqlaridan foydalanish tezligini sezilarli darajada oshirish imkonini berdi.

Aholi, jumladan, mamlakatimizning olis hududlarida yashayotgan aholining axborot-kommunikatsiya texnologiyalari xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini kengaytirish masalasiga alohida e`tibor qaratilmoqda. Masalan, 2014-yilda yurtimizda, xususan, Qo`ng`irot, Boysun, Uzun, Mo`ynoq kabi olis tumanlarda 2 ming kilometrdan ziyod optik tolali aloqa tarmoqlari barpo etildi.

Mamlakatimizda internetdan foydalanuvchilar soni yil sayin ko`payib bormoqda. Bugungi kunda ular 10 million 200 ming kishidan oshdi yoki mamlakatimiz aholisining uchdan bir qismini tashkil etmoqda. Respublikamizda internetning o`tkazuvchanlik darajasi 4 barobar oshirildi, internetga ulanish tezligi esa 1,5-marta ortdi. Shu bilan birga, undan foydalanish narxi 2013-yilga nisbatan 11,6 foizga kamaydi.

O`tgan yili 500 dan ortiq yangi bazaviy mobil aloqa stansiyalari o`rnatilishi hisobidan aloqaning ushbu zamonaviy, yuqori texnologiyalarga asoslangan tizimi abonentlari soni qariyb 20 million kishini tashkil etdi, ularga ko`rsatilayotgan xizmatlar hajmi qariyb 26 foizga ko`paydi.

Ayni paytda qishloq joylarda xizmatlar sohasi hali-beri yetarlicha rivojlanmaganini ham aytish joiz. Qishloqda aholi jon boshiga to`g`ri keladigan xizmatlar ko`rsatish hajmi shahardagidan hali-hamon sezilarli darajada ortda qolmoqda. Ayni paytda qishloq joylarda aloqa xizmati, bank-moliya va kommunal xizmatlar sohasini rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjudligini ham unutmaslik darkor.

Qadrli do`stlar!

Iqtisodiyotimizning jadal va mutanosib rivojlanib borayotgani aholi hayot darajasi va sifatini izchil oshirish uchun mustahkam zamin yaratmoqda. Byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiya va stipendiyalar hajmi o`tgan yili 23,2 foizga oshdi. Aholining jon boshiga to`g`ri keladigan real daromadlar esa 10,2 foizga ko`paydi.

Aholi daromadlari tarkibida tadbirkorlik faoliyatidan olinayotgan daromadlar ulushi toboraortib bormoqda. Mustaqillik yillarida bu boradagi ko`rsatkich 10,6 foizdan 52 foizga o`sdi. Bu Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi mamlakatlaridagi eng yuqori ko`rsatkichlardan biridir.

Bu haqda so`z yuritganda, sobiq ittifoq hududidagi boshqa mamlakatlardan farqli ravishda, O`zbekistonda daromadlar darajasi bo`yicha aholining keskin tabaqalanish holati mavjud emasligini alohida ta`kidlash lozim. Eng ko`p va eng kam daromad oladigan aholi o`rtasidagi farq 2000-yildagi 53,3 barobardan bugungi kunda 7,8 barobarga tushdi. Bu o`rinda jamiyatda ijtimoiy barqarorlikning mezoni hisoblangan bu ko`rsatkich xalqaro me`yorlarga ko`ra, 10 barobar qilib belgilanganini aytib o`tish lozim.

Jahon tajribasida jamiyatda ijtimoiy tabaqalanish va xavfsizlik darajasini baholashning yana bir mezoni – Jini indeksidan keng foydalaniladi. Misol uchun, O`zbekistonda mustaqillik yillarida Jini indeksi ko`rsatkichi 0,40 dan 0,296 ga pasaydi. Bu natija, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tavsiyalariga binoan 0,35-0,37 miqdorida belgilangan xalqaro standartlar nuqtai nazaridan qaraganda, aholimizning ijtimoiy farovonligi muttasil o`sib borayotganidan dalolat beradi.

Odamlarning daromadlari ortishi bilan oilalarning moddiy ahvoli ham sifat jihatdan o`zgarib bormoqda. Tadqiqotlarga qaraganda, bugungi kunda yurtimizdagi oilalarning 94 foizi xolodilniklar, 84 foizi turli oshxona elektr jihozlariga, 63 foizi kir yuvish mashinalari, yarmidan ko`pi komputer, changyutgich, mikroto`lqinli pechlarga ega, uchdan bir qismi esa konditsionerlardan foydalanmoqda.

Mustaqillik yillarida aholining televizorlar bilan, ayniqsa, mutlaqo yangi avlod televizorlari – plazma ekranli rangli televizorlar bilan ta`minlanishi 1,6 barobar, yengil avtomobillar bilan ta`minlanishi 3,5-marta oshgani ham oilalarimizning farovonligi yuksalib borayotganining yaqqol tasdig`idir. Bugungi kunda deyarli har ikki oiladan biri shaxsiy transport vositasiga ega va bu mashinalar aynan yurtimizda ishlab chiqarilgani barchamizga mamnuniyat va g`urur bag`ishlaydi.

Qisqa vaqt ichida hayotimizga, deyarli har bir oilaga eng zamonaviy mobil telefonlarning bir necha yangi avlodi, noutbuklar, tyunerlar, DVD pristavkalari, sun`iy yo`ldosh orqali faoliyat ko`rsatadigan va kabelli televideniye, duxovkali elektr pechlar, muzlatgich kameralar, suv isitish boylerlari va boshqa mutlaqo yangi, yuqori texnologiyalar asosida ishlab chiqarilgan mahsulotlar kirib keldi. Bugun biz bu narsalarga unchalik e`tibor ham bermaymiz va ularni odatdagi buyumlar sifatida qabul qilamiz. Holbuki, yigirma yil avval bunday ashyolar haqida hech narsa bilmasdik, hozirgi kunda esa ularsiz hayotimizni tasavvur ham qilolmaymiz. Eng muhimi, ushbu mahsulotlarning aksariyatini mamlakatimiz korxonalarida o`zimiz ishlab chiqaryapmiz.

Fuqarolarimizning uy-joy sharoitlari ham tubdan yaxshilanib bormoqda. Mamlakatimizning barcha hududlarida uy-joylar qurish sur`ati va ko`lami yil sayin kengaymoqda. Mustaqillik yillarida uy-joy fondining umumiy maydoni 1,9 barobar oshdi.

Aholi soni ko`payib borayotganiga qaramasdan, odamlarni uy-joy bilan ta`minlashda jon boshiga to`g`ri keladigan uy-joy maydonini 12,4 kvadrat metrdan 15,4 kvadrat metrga oshirishga erishildi. Uy-joy fondining deyarli barchasi xususiy mulk sifatida aholi tasarrufida ekanini aytish lozim. Vaholanki, ko`plab rivojlangan davlatlarda oilalarning yarmidan ko`pi ijaraga olingan xonadon va uylarda yashaydi.

Qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida yakka tartibda uy-joylar qurish bo`yicha maqsadli davlat dasturining amalga oshirilishi alohida e`tiborga loyiqdir. Ushbu dastur doirasida 2014-yilda 11 mingta yangi turar joylar barpo etildi.

Bugungi kunda shaharlar, ayniqsa, qishloqlarda barpo etilgan, shiftlari baland, xonalari shinam va yorug` yangi uylar pishiq g`ishtdan qurilgan bo`lib, ularni bunyod etishda zamonaviy qurilish va tom yopish materiallaridan foydalanilmoqda, ular zarur xo`jalik binolariga ega. Bunday qishloq uylari sifati va sharoitining qulayligi bilan hech bir jihatdan shahardagi uy-joylardan aslo qolishmaydi.

Shaharlarimizni kompleks qurish bo`yicha qabul qilingan dasturlarning hayotga tatbiq etilishi natijasida Toshkent, Farg`ona, Qo`qon, Marg`ilon, Namangan, Urganch, Qarshi, Termiz, Samarqand va boshqa ko`plab shaharlarimiz qiyofasi tubdan o`zgarib bormoqda.

Buyuk Britaniyaning nufuzli «Ekonomist» jurnalining bergan bahosiga ko`ra, O`zbekiston poytaxti – Toshkent shahri obodligi va yashash uchun qulayligi jihatidan dunyo reytingida 140 shahar orasida 58-o`rinni egalladi va jahon tasnifida yashash uchun eng qulay bo`lgan yirik shaharlar qatoriga kiritildi.

2014-yilda ijtimoiy sohada ham chuqur sifat o`zgarishlari ro`y berdi. Bu sohaning barqaror faoliyatini ta`minlash va rivojlantirishga davlat byudjeti jami xarajatlarining qariyb 60 foizi yo`naltirilmoqda.

Ta`lim sohasida o`quv muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta`mirlash borasidagi ishlar izchil davom ettirildi. O`tgan yili hammasi bo`lib 540 dan ziyod obyekt, shu jumladan, 380 ta maktab, 160 dan ortiq kasb-hunar kolleji va akademik litsey tubdan yangilandi. Mazkur maqsadlar uchun qariyb 550 milliard so`m sarflandi. Ushbu mablag`larning 120 milliard so`mdan ortig`i ta`lim muassasalarini o`quv, laboratoriya va ishlab chiqarish uskunalari, komputer va multimedia vositalari bilan ta`minlash uchun ajratildi.

2011-2016-yillarda oliy ta`lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini modernizatsiya qilish dasturi doirasida 19 ta oliy ta`lim muassasasida qurilish, rekonstruksiya qilish, kapital ta`mirlash va jihozlash bo`yicha qiymati 230 milliard so`mlik ishlar bajarildi. Andijon davlat universiteti, Buxoro muhandislik-texnologiya instituti, O`zbekiston Milliy universitetida yangi o`quv binolari barpo etildi.

2014-yilda bir qator yangi institut va fakultetlar, o`quv-ilmiy markazlar ochildi. Toshkent tibbiyot akademiyasining stomatologiya fakulteti va hududlardagi tibbiyot oliy o`quv yurtlari negizida Andijon, Buxoro, Samarqand va Nukus shaharlarida filiallariga ega bo`lgan Toshkent davlat stomatologiya instituti tashkil etildi.

Toshkent davlat sharqshunoslik institutida xitoyshunoslik fakulteti ochildi, shuningdek, ushbu institut qoshida Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharq qo`lyozmalari markazi tashkil qilindi.

Janubiy koreyalik sheriklar bilan hamkorlikda Toshkent shahrida Inxa universiteti tashkil etildi.Mazkur oliy o`quv yurtida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida, birinchi navbatda, dasturiy ta`minot mahsulotlari ishlab chiqarish, axborot tizimlari va komputer tarmoqlarini boshqarish bo`yicha xalqaro standartlar darajasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlanadi.

O`tgan yili oliy ta`lim muassasalariga qabul qilishning takomillashtirilgan tizimi joriy etildi, ya`ni test sinovlariga informatika bo`yicha savollar kiritildi, mutaxassislikka oid fanlar bo`yicha baholash ballari oshirildi. Bu esa oliy o`quv yurtlariga tanlagan kasbini hisobga olgan holda, eng yaxshi tayyorgarlik ko`rgan abituriyentlarni saralab olish imkonini beradi.

Sog`liqni saqlash sohasida qishloq vrachlik punktlarining faoliyati tubdan qayta ko`rib chiqildi. Bunday tibbiyot maskanlarining sonini yanada optimallashtirish, zamonaviy diagnostika va tibbiyot asbob-uskunalari bilan jihozlash, malakali kadrlar bilan ta`minlash va ularning mehnatini rag`batlantirishni kuchaytirish bo`yicha chora-tadbirlar amalga oshirildi. Optimallashtirish natijasida kamquvvatli va samarasiz faoliyat ko`rsatayotgan 243 ta qishloq vrachlik punkti tugatildi.

Tajriba tariqasida Bo`stonliq, O`zbekiston, Shahrisabz, Xiva va Jomboy tumanlarida patronaj tibbiyot hamshirasining o`z funksional vazifalarini nechog`liq to`liq bajarishi va faoliyatining yakuniy natijalaridan kelib chiqqan holda, uning ish samaradorligini reyting asosida baholash tizimi joriy etildi. Bu yil ushbu tajribani mamlakatimizning yana 18 ta tumanida qo`llash mo`ljallanmoqda.

Xotin-qizlar salomatligini mustahkamlash, sog`lom avlodni tarbiyalash masalasi davlatimiz va jamiyatimizning eng muhim ustuvor vazifasi bo`lib qolmoqda. Bu borada skrining markazlari, viloyat ko`ptarmoqli bolalar shifoxonalari, shuningdek, ixtisoslashtirilgan pediatriya tibbiyot muassasalarini zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar va zarur jihozlar bilan ta`minlashga alohida e`tibor qaratilmoqda. Onalar va bolalar tizimli asosda tibbiy tekshiruvdan o`tkazilmoqda.

Faqat 2014-yilda 6 million 500 ming nafar maktabgacha ta`lim muassasalari tarbiyalanuvchilari, maktab, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar o`quvchilari chuqurlashtirilgan tibbiy ko`rikdan o`tkazildi. Bu esa kasalliklarni barvaqt aniqlash va ularni samarali davolash imkonini bermoqda.

Ana shunday amaliy ishlarimiz natijasida so`nggi o`n yilda rivojlanishida tug`ma nuqsonlari bo`lgan bolalar soni 1,3 barobar kamaydi. 6-15 yoshli bolalar orasida o`tkir yuqumli kasalliklar bilan og`rish 34,4 foizga, pnevmoniyaga chalinish 49,7 foizga, bronxit bilan xastalanish 32,8 va skolioz bilan kasallanish 32,7 foizga kamaydi.

2014-yilda 133 ta tibbiyot muassasasi yangitdan qurildi va rekonstruksiya qilindi. Guliston shahridagi viloyat onkologiya dispanseri, Toshkent shahridagi Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy markazi, Andijon shahridagi ko`ptarmoqli viloyat tibbiyot markazi, Nukus shahridagi Respublika silga qarshi kurash dispanseri va boshqalar shular jumlasiga kiradi. Ushbu maqsadlar uchun byudjetdan 400 milliard so`mdan ortiq mablag` va qariyb 30 million dollarlik xorijiy kredit va grant mablag`lari yo`naltirildi.

Koreya Respublikasi bilan yaqin hamkorlikda Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi mamlakatlari hududida yagona bo`lgan, eng yuqori texnologiyalar asosidagi tibbiyot asbob-uskunalari bilan jihozlanadigan ko`ptarmoqli zamonaviy bolalar tibbiyot markazi qurilishi boshlanganidan xabaringiz bor, albatta.

Jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug`ullanish aholimiz, avvalo, yosh avlodimizning sog`lig`ini mustahkamlashda muhim o`rin tutishini inobatga olib, bu sohaga alohida e`tibor qaratmoqdamiz. Bu borada sport inshootlarini har tomonlama rivojlantirish va ularni zamonaviy inventarlar bilan jihozlash uchun barcha zarur sharoitlar yaratilmoqda.

2014-yil mobaynida faqat Bolalar sportini rivojlantirish jamg`armasining mablag`lari hisobidan 18 ta namunaviy sport obyekti va 73 ta maktab sport zali barpo etildi, 24 ta obyektda qariyb 100 milliard so`mlik rekonstruksiya va kapital ta`mirlash ishlari amalga oshirilganini qayd etish lozim.

Bugungi kunda O`zbekistonda 2 millionga yaqin farzandlarimiz, shu jumladan, 840 mingdan ortiq qiz bolalar sportning 30 dan ziyod turi bilan muntazam shug`ullanmoqda.

Nufuzli xalqaro musobaqalarda mamlakatimiz sportchilari erishayotgan g`alabalar tobora ko`payib bormoqda.2014-yilda sportchilarimiz 849 ta medalni qo`lga kiritdi, ularning 266 tasi oltin medallardir.

Bu haqda gapirganda, o`tgan yilning kuzida Janubiy Koreyada bo`lib o`tgan, 45 davlatdan 13 ming sportchi qatnashgan XVII Osiyo o`yinlarida sportchilarimiz 61 ta, jumladan, 12 ta oltin medalni qo`lga kiritib, O`zbekiston terma jamoasi eng kuchli o`nta mamlakat qatoridan joy olganini mamnuniyat bilan ta`kidlashni istardim. Sportchilarimiz ana shunday yutuqlari bilan Vatanimiz shuhratini dunyoga tarannum etishga munosib hissa qo`shdilar va ularning qo`lga kiritgan marralari bilan har qancha faxrlansak arziydi, albatta.

Aholi bandligini ta`minlash, avvalo, kasb-hunar kollejlari va oliy o`quv yurtlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish bo`yicha zarur sharoitlar yaratish ijtimoiy siyosatimizning eng muhim ustuvor yo`nalishi bo`lib qoladi.

Ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va yangilash, transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni taraqqiy ettirishni qo`llab-quvvatlash dasturlarini amalga oshirish natijasida 2014-yilda mamlakatimizda 1 millionga yaqin ish o`rni tashkil etildi. Ularning 60 foizi qishloq joylarda yaratilgani ayniqsa e`tiborlidir.

O`tgan yilda mamlakatimiz ta`lim muassasalarining 600 mingdan ziyod bitiruvchisi ish bilan ta`minlandi. Shunisi quvonarliki, yoshlarimizning aksariyat katta qismi o`z kelajagini kichik biznesda ko`rmoqda.

O`zingiz o`ylang, bir yilning o`zida shuncha yoshlarimizni, o`zimizning farzandlarimizni hayotda o`z o`rnini topishi uchun sharoit yaratib, qo`llab-quvvatlaganimiz – bu bizning eng katta yutug`imiz emasmi?

Biz o`tgan davrda amalga oshirgan ishlarimizga baho berar ekanmiz, “Kecha kim edigu bugun kim bo`ldik?” degan savol asosida ularning mohiyati va ahamiyatini o`zimizga chuqur tasavvur etamiz. Ayni vaqtida “Ertaga kim bo`lishimiz, qanday yangi, yuksak marralarni egallashimiz kerak?” degan savol ustida o`ylashimiz, nafaqat o`ylashimiz, balki amaliy ishlarimiz bilan bunga javob berishimiz lozim.

Bu borada, ish beruvchilar va o`quvchilarni keng jalb etgan holda, mehnat yarmarkalari, biznes g`oyalar tanlovlari o`tkazilayotgani hamda ularning g`oliblariga o`z xususiy ishini boshlash imkonini beradigan imtiyozli kreditlar ajratilayotgani muhim ahamiyat kasb etmoqda. O`z biznesini yo`lga qo`yishga qaror qilgan kollej bitiruvchilariga qariyb 200 milliard so`mlik imtiyozli mikrokreditlar ajratildi. Bu 2013-yilga nisbatan 1,4 barobar ko`pdir.

Hurmatli majlis ishtirokchilari!

Bugungi kunda dunyoning turli mintaqalarida shiddat bilan sodir bo`layotgan jarayonlar va birinchi navbatda, qarama-qarshiliklarning kuchayib borayotgani, jahon bozorlaridagi vaziyatning tez o`zgarayotgani, hali-beri davom etayotgan jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi va uning oqibatlari, dunyoning ko`plab davlatlarida investitsiya faolligining susayishi va o`sish sur`atlarining pasayishi mamlakatimiz iqtisodiyotiga ham o`zining salbiy ta`sirini o`tkazmasdan qolmaydi, albatta.

Shundan kelib chiqib, 2015-yilda yalpi ichki mahsulot hajmining o`sish sur`ati 108 foiz darajasida bo`lishi ko`zda tutilmoqda. Bu borada sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmining 8,3 foizga, qishloq xo`jaligi mahsulotlarining 6 foizga ko`payishi belgilanmoqda.

Biz o`z oldimizga iste`mol tovarlari ishlab chiqarishni 11,7 foizga, shu jumladan, oziq-ovqat mahsulotlarini 11 foiz va nooziq-ovqat tovarlarini 12,1 foizga ko`paytirish, ushbu mahsulotlarni chakana savdo tarmog`i orqali sotishni 14,2 foizga oshirish vazifasini qo`ymoqdamiz.

Joriy yilda xizmat ko`rsatish sohasini yanada jadal sur`atlar bilan rivojlantirish mo`ljallanmoqda. Xizmatlar ko`rsatish hajmini 15,6 foizga oshirish va uning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 54,5 foizga yetkazish nazarda tutilmoqda.

Ayni paytda inflatsiya darajasi 5,5 – 6,5 foizni tashkil etishi kutilmoqda. Bu 2014-yilga qaragandasezilarli darajada pastdir.

2015-yilda ko`zda tutilayotgan kapital qo`yilmalar hajmi AQSh dollari hisobida 15 milliard 960 milliondollarni yoki 2014-yilga nisbatan 110,1 foizni tashkil etadi. Uning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi esa 23,1 foizga yetadi.

Ushbu mablag`larning 74,5 foizga yaqini ishlab chiqarish obyektlari qurilishiga, 43,1 foizi asbob-uskunalar sotib olishga yo`naltiriladi. Chet el investitsiyalari hajmi 3,5 milliard dollardan oshib, ularning umumiy kapital qo`yilmalar hajmidagi ulushi 22,1 foizni tashkil etadi. To`g`ridan-to`g`ri xorijiy investitsiyalar ulushi esa 11,2 foizga ko`payadi.

Yuqori iqtisodiy o`sish sur`atlari har tomonlama chuqur va puxta o`ylangan izchil soliq va pul-kredit siyosatini amalga oshirish orqali ta`minlanadi. Ushbu siyosat, avvalambor, iqtisodiyotda soliq yukini kamaytirish, xo`jalik yurituvchi subyektlar faoliyatida uning rag`batlantiruvchi rolini kuchaytirishga qaratiladi.

Birinchi navbatda amalga oshiriladigan vazifalar qatoriga daromad solig`i stavkasini 7,5 foizga kamaytirish kiradi. Shu bilan birga, qurilish sohasida faoliyat yuritayotgan korxonalar uchun yagona soliq to`lovi stavkasi, sanoat korxonalarida bo`lganidek, 6 foizdan 5 foizga tushiriladi.

2010-yilda qabul qilingan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq demokratik va bozor islohotlarini yanada chuqurlashtirish, davlat va ijtimoiy institutlar hamda sud tizimini isloh etish borasidagi vazifalarni izchil amalga oshirish eng ustuvor yo`nalish bo`lib qolayotganini alohida ta`kidlash lozim.

Barchamiz yaxshi anglab olishimiz zarurki, ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilmasdan turib, tashqi bozorlarga chiqish va mahsulotlarimizni sotish borasidagi eksport dasturini amalga oshirish, valyuta daromadlari tushumini ta`minlash, yuqori texnologiyalarga asoslangan yangi ishlab chiqarishni va ish o`rinlarini tashkil etish, pirovard natijada o`z oldimizga qo`ygan yuksak maqsadlarimizga erishish haqida so`z yuritish mumkin emas.

Birinchi navbatda, jahon bozorida teng raqobatlasha oladigan va keyingi bosqichda iqtisodiy o`sishning, iqtisodiyotni yanada modernizatsiya va diversifikatsiya qilishning lokomotiviga aylanishi mumkin bo`lgan tarmoq va korxonalarni jadal rivojlantirish hamda aniq yo`naltirilgan holda qo`llab-quvvatlashni ta`minlash zarur.

Ma`lumki, O`zbekiston jahon bozorida xomashyo resurslarining, masalan, paxta va boshqa turdagi xomashyolarning narxi keskin tushib ketgan holatlarni ko`p marotaba boshidan kechirgan.

Shu bilan birga, to`qimachilik va yengil sanoatning boshqa tarmoqlarida ana shu paxta xomashyosini yanada chuqur qayta ishlashni ta`minlash, bo`yalgan ip-kalava, trikotaj polotnosi va matolar kabi tayyor mahsulotlarni xorijiy mamlakatlarga eksport qilish, keyinchalik, zamonaviy texnologiya va dizaynni faol o`zlashtirish asosida, tayyor to`qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishda ulkan samaraga erisha olamiz.

Mamlakatimizda ishga solinmagan yana ko`plab rezerv va imkoniyatlar mavjudligiga birgina shu misol asosida ishonch hosil qilish mumkin.

Bu o`rinda gap, avvalo, dastlabki xomashyoni va yarim tayyor mahsulotlarni yanada chuqur qayta ishlash texnologiyalarini joriy etish, buning uchun neft-gaz, neft-kimyo va kimyo, yengil sanoat va elektrotexnika tarmoqlarida yangi kompleks va korxonalar tashkil etish, shuningdek, jahon va mintaqa bozorlarida, ichki bozorimizda xaridorgir bo`lgan tayyor to`qimachilik, charm-poyabzal, oziq-ovqat, farmatsevtika sanoati, elektronika va maishiy elektr texnika mahsulotlari, maishiy kimyo tovarlari, qurilish va pardozlash materiallari ishlab chiqarishni yo`lga qo`yish haqida bormoqda.

Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda tegishli vazirlik va idoralar, uyushmalar, kompaniyalar, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari ishtirokida 2015-2019-yillarda ishlab chiqarishni tarkibiy o`zgartirish, modernizatsiya va diversifikatsiya qilishni ta`minlash bo`yicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqsin va qabul qilsin.

Ikkinchidan. Xususiy mulk va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida bu sohaga to`liq erkinlik berish, bu yo`lda g`ov bo`lib turgan barcha to`siq va cheklovlarni bartaraf etish eng muhim ustuvor vazifadir. Barqaror iqtisodiy o`sish va mamlakatimizning kelajak istiqboli, aholining hayot darajasi va sifati ko`p jihatdan ayni mana shu eng ustuvor vazifaning qanday hal etilishiga bog`liq.

Ta`kidlash joizki, mustaqillik yillarida xususiy mulk va investitsiyalar daxlsizligini ta`minlashning ishonchli huquqiy-me`yoriy asoslarini yaratish va ularning himoyasi uchun ko`p ish qilindi. Mulkdorlarga zarur sharoit va kafolatlar berish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirildi.

Qishloq xo`jaligi, qurilish, savdo, xizmat ko`rsatish sohasi singari tarmoqlar, uy-joy fondi to`liq xususiy mulk egalari tasarrufiga o`tkazildi. Iste`mol tovarlari ishlab chiqaradigan, oziq-ovqat, tikuvchilik mahsulotlari, to`qimachilik, charm-poyabzal, mebel va farmatsevtika sanoati tarmoqlarida davlatning ulushi anchaga kamaytirildi.
 
Hurmatli do`stlar!

Bugun hech kimga sir emaski, xususiy mulk va xususiy tadbirkorlik faoliyatining amaliyoti xususiy mulkning davlat mulkiga nisbatan har tomonlama ustunligini ko`rsatmoqda.

Xususiy korxonalarda sidqidildan mehnat qilishga undaydigan omillar va shaxsiy manfaatdorlik darajasi va eng asosiysi, o`zining ishlab chiqarish va moliyaviy faoliyatining yakuniy natijasi uchun mas`uliyat hissi butunlay boshqacha ekani barchamizga yaxshi ma`lum.

Xususiy sektorda mablag`lardan samarali foydalanilmoqda. Bu sohada yuqori sifatli mahsulotlar tayyorlash, ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish va mehnat unumdorligini oshirishni ta`minlashga bo`lgan qiziqish va intilish ancha kuchli bo`lib, ishlab chiqarish tufayli imkon qadar ko`p daromad olish kabi pirovard moliyaviy natijalarga erishilayotganini ta`kidlash joiz. Bularning barchasi bozor iqtisodiyoti sharoitida faoliyat yuritayotgan xususiy korxonalarning asosiy maqsadidir.

Ming afsuski, xususiy mulk va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish yo`lida hali-hanuz turli ma`muriy g`ov va to`siqlar saqlanib qolmoqda, mansabdorlar tomonidan ularning qonuniy manfaat va huquqlari buzilayotgani bilan bog`liq ko`plab misollarni keltirish mumkin.

Shu sababdan biz xususiy mulk munosabatlari borasidagi qarashlarimizni mutlaqo o`zgartirish masalalarini qayta ko`rib chiqishimiz zarur. Shu asosda mustahkam huquqiy bazani xususiy mulk manfaatlariga moslashtirishimiz, mulk huquqining kuchli yuridik norma va kafolatlari tizimini shakllantirishimiz, davlatimizning iqtisodiy va ijtimoiy tayanchiga aylanadigan xususiy mulkdorlarning keng qatlamini yaratishimiz kerak.

Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish yo`lidagi g`ov va to`siqlarni olib tashlashga qaratilgan chora-tadbirlar qatorida, avvalambor, xususiy tadbirkorlar uchun xomashyo resurslaridan foydalanish mexanizmini tubdan qayta ko`rib chiqish, uni yanada soddalashtirish, ochiq va oshkora bo`lishini ta`minlash zarur. Buning uchun esa resurslarni ochiq birja va yarmarka savdolarida sotish hajmini kengaytirish lozim.

Etakchi xalqaro moliya institutlari tomonidan muntazam chop etiladigan, birinchi navbatda, Jahon bankining “Biznes yuritish” deb nomlangan ma`ruzasida e`lon qilinayotgan bizning biznes yuritish bo`yicha ko`rsatkichlarimizni tizimli asosda chuqur o`rganish, mavjud kamchilik va nuqsonlarni bartaraf etishga doir aniq chora va takliflar ishlab chiqish, avvalo, Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi va boshqa manfaatdor idoralarning muhim vazifasiga aylanishi kerak.

Tadbirkorlik subyektlari va xususiy mulk egalari uchun huquq va kafolatlarni qonuniy himoya qilish normalarini kuchaytirish darkor. Bu borada xususiy mulkdorlarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilishda sud organlari rolini oshirish, davlat, huquqni muhofaza qilish va nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarining tadbirkorlik subyektlarining xo`jalik va moliyaviy faoliyatiga noqonuniy aralashuvi uchun javobgarligini kuchaytirish birinchi darajali ahamiyatga ega bo`lishi lozim.

Shuni tan olishimiz kerakki, xususiy mulkni rivojlantirish uchun uning ochiqlik darajasini va bu sohaning mamlakat iqtisodiyotidagi hissasini aniqlash borasidagi baholash mezonlari haligacha ishlab chiqilmagan. Iqtisodiyot vazirligi, Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo`mitasi, Markaziy bank, Davlat statistika qo`mitasi va boshqa iqtisodiy idoralar bu masala bilan jiddiy shug`ullanishi zarur.

Ishonchim komilki, bu vazifalarning amalga oshirilishi, o`z navbatida, xususiy biznesni rivojlantirish, jamiyatimizdagi barqarorlikning mustahkam asosi hisoblangan mulkdorlarning o`rta sinfini shakllantirishda va mustahkamlashda rag`batlantiruvchi yangi omil va imkoniyatlar yaratadi.

Uchinchidan. Iqtisodiyotimizda davlatning ishtiroki qay darajada ekanini tanqidiy baholash, uni strategik hamda iqtisodiy asoslangan darajaga qadar qisqartirish zarurligini alohida ta`kidlashni o`rinli deb bilaman.

Iqtisodiyot tarmoqlarida davlat ulushining mavjudligi va samaradorligini, boshqacha aytganda, “iqtisodiyotda davlat ishtiroki”ni har tomonlama tanqidiy tahlil qilish va shu asosda iqtisodiyot tarmoqlarida xususiy sektor ishtirokini sezilarli darajada kengaytirish bo`yicha vazifalarimizni belgilab olish vaqti keldi.

Birinchi navbatda, avvalo, zarar ko`rib ishlayotgan, past rentabelli va iqtisodiy nochor, mahsulotlariga talab yo`qligi sababli to`la quvvat bilan faoliyat ko`rsatmayotgan davlat korxonalarini professional xorijiy investorlarga ularni qayta tiklash va ushbu korxonalar negizida yangi, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish majburiyati bilan “nol” qiymatida sotish zarur.

Bu o`rinda so`z iqtisodiyotning real tarmoqlaridagi texnik va texnologik yangilash, ishlab chiqarilayotgan mahsulot turlarini kengaytirish va ularning raqobatdoshligini oshirish talab etiladigan korxonalardagi davlat aktivlari haqida bormoqda. Vazirlar Mahkamasi tomonidan ushbu toifaga kiradigan tarmoqlar, birlashma va korxonalarning ro`yxati tasdiqlanishi lozim.

Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo`mitasi davlat ulushi mavjud bo`lgan barcha korxona va obyektlarni yana bir marta tanqidiy nuqtai nazardan qayta inventarizatsiya qilishi, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining o`tgan yili qabul qilingan «Davlat mulki obyektlarini kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga sotish borasidagi qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida»gi qaroriga qanday obyektlar kiritilmaganini aniqlashi va real iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarida davlat ishtirokini tubdan qisqartirishni nazarda tutgan holda, 2015-2016-yillarda davlat mulkini xususiylashtirish bo`yicha yangi dasturni Vazirlar Mahkamasiga kiritishi zarur.

To`rtinchidan. Korporativ boshqaruv tizimidagi prinsip va yondashuvlarni tubdan o`zgartirish, ishlab chiqarish, tashqi iqtisodiy va investitsiya jarayonlariga zamonaviy xalqaro korporativ menejment standartlarini joriy etish jiddiy e`tiborni talab qiladi.

Eng avvalo, korporativ yoki aksiyadorlik birlashmalarimizning faoliyati samaradorligini tanqidiy baholash, ularni xorijiy davlatlardagi ana shunday korxonalar bilan taqqoslab ko`rish zarur. Chunki, bugungi kunda iqtisodiy rivojlangan mamlakatlarda, ayniqsa, sanoat sohasida mulkchilikning bunday shakli muhim o`rin tutadi.

Mamlakatimizda ham mulkchilikning mazkur shakli tobora katta ahamiyatga ega bo`lib bormoqda. Mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish natijasida ayni paytda respublikamizda 1 ming 100 dan ortiq aksiyadorlik jamiyati tashkil etildi va faoliyat yuritmoqda. Ularning umumiy ustav kapitali 11 trillion 700 milliard so`mdan ortiq bo`lib, so`nggi o`n yilda 5,3 barobar o`sdi.

Bugun shuni tan olish zarurki, aksiyalashtirish jarayonini rivojlantirish ko`lamining o`sib borayotgani korporativ boshqaruv va aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatidan tushadigan daromadlarni taqsimlash tizimi hamda xususiylashtirish jarayonining boshqa bir qator yo`nalishlarida hal etilmagan ko`plab muammolar mavjudligini yaqqol ko`rsatmoqda.

Bu, ayniqsa, aksiyalar paketlariga davlat egalik qilayotgan aksiyadorlik jamiyatlariga taalluqlidir. Bunday jamiyatlarda aksiyadorlar, ayniqsa, minoritariylar kam hajmdagi aksiyalarga egaligi va aksiyalar paketlarining tarqoqligi tufayli boshqaruv va qaror qabul qilish jarayonidan amalda chetda qolmoqda.

Buning natijasida ishlab chiqarish ustidan boshqaruvni ilgarigidek direktorlik korpusi amalga oshirmoqda. Ko`p hollarda direktorlik korpusi, shuni ta`kidlashimiz kerakki, o`z faoliyatida hali-beri eski tizim qolipidan chiqolmasligi, ishni zamon talab qiladigan usulda tashkil qilishdan uzoq bo`lishi ko`zga tashlanadi. Bunday holat boshqaruvchi kadrlarning yuqoridan buyruq kutib o`tirishiga, sustkashligi va tashabbus ko`rsatmasligiga sabab bo`lmoqda.

Bugun mamlakatimizda shunday amaliy tajriba to`plandiki, unga ko`ra, O`zbekiston sharoitida yurtimiz sarmoyadorlari bilan bir qatorda chet ellik investorlar aksiyalarga ega bo`lgan mulkchilik shakli eng maqbul bo`lib, har jihatdan o`zini oqlamoqda.

Hozirgi kunda yurtimizda 90 dan ortiq davlatning xorijiy investorlari ishtirokida tashkil etilgan 4 mingdan ziyod korxona muvaffaqiyatli faoliyat ko`rsatmoqda. Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan ushbu kompaniyalar O`zbekistonda ham, uning tashqarisida ham yaxshi ma`lum.

O`zbekiston hududida to`liq chet el kapitali va korporativ boshqaruvning xorijiy usullariga asoslangan korxonalar muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqda.

Mazkur xorijiy kompaniyalar tajribalarini chuqur o`rganishimiz va ularning tahlili asosida korxonalarimiz uchun korporativ boshqaruvning namunaviy tuzilmalarini yaratishimiz, real iqtisodiyotning barcha tarmoq va sohalaridagi aksiyadorlik jamiyatlarining boshqaruv tizimini ayni shu asosda isloh qilgan holda, ularni amaliyotga faol joriy qilishimiz zarur.

Allaqachon o`z umrini o`tab bo`lgan, boshqaruvning sovet davriga xos eski va yaroqsiz rejali-taqsimot tizimi va lavozimlar nomenklaturasidan qat`iy voz kechishimiz, bozor iqtisodiyoti talablariga javob beradigan tijorat direktori, moliya direktori, mijozlar bilan ishlash va xaridlar bo`yicha loyiha menejeri va boshqa yangi lavozimlarni xalqaro amaliyotga mos ravishda, ularning mansab majburiyati va vazifalarini aniq belgilagan holda, keng joriy etishimiz lozim.

Iqtisodiyot vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi barcha manfaatdor tuzilmalar ishtirokida asosiy lavozim va kasblarning yangi klassifikatorini ishlab chiqishi kerak. Aynan ana shunday klassifikator bugungi yangi avlod professional kadrlarini tayyorlashning asosiy mezoniga aylanishi darkor.

Beshinchidan. Ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni chuqurlashtirish va tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini kengaytirish iqtisodiy o`sish va iqtisodiyotni tarkibiy jihatdan o`zgartirishningeng muhim manbai va omilidir.

Bugungi kunda dunyoda ro`y berayotgan voqealar mavjud mahalliy xomashyo bazasi asosida import o`rnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarishni yo`lga qo`yish mamlakatimizning iqtisodiy mustaqilligini ta`minlay olishini yaqqol ko`rsatib turibdi.

Mahalliylashtirish dasturlarini amalga oshirish borasida to`plagan tajribamiz bizning tashqi omillarga bog`liqligimizni kamaytirish, ichki talabni shakllantirish va bozorlarimizni zarur iste`mol tovarlari hamda butlovchi mahsulotlar bilan to`ldirish, tashkil etilgan ishlab chiqarish quvvatlarining to`liq faoliyat ko`rsatishini ta`minlash, valyuta resurslarini tejash va ulardan oqilona foydalanish, aholi bandligini ta`minlash bo`yicha muhim rol o`ynashini amalda tasdiqlamoqda.

Sanoat ishlab chiqarishida mahalliylashtirilgan mahsulotlar hajmining jadal o`sib borayotgani buning amaliy tasdig`idir. 2005-yilda mahalliylashtirilgan mahsulotlar 9,2 foizni tashkil etgan bo`lsa, 2014-yilda bu ko`rsatkich qariyb 20 foizga yetdi.

Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligiga barcha manfaatdor vazirlik, idora, uyushma va kompaniyalarni keng jalb etgan holda, 2015-2019-yillarga mo`ljallangan tayyor mahsulotlar, butlovchi qismlar va materiallarni mahalliylashtirish va ishlab chiqarish bo`yicha dastur tayyorlash vazifasi topshiriladi.

Oltinchidan. Rivojlangan infratuzilmani tashkil etmasdan, birinchi navbatda, axborot-kommunikatsiya tizimi, yo`l-transport va muhandislik-kommunikatsiya qurilishini taraqqiy ettirmasdan turib, iqtisodiyotimizni tarkibiy jihatdan o`zgartirishga erishish mumkin emas.

Shu nuqtai nazardan biz O`zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini 2013-2020-yillarda kompleks rivojlantirish dasturini amalga oshirishga alohida e`tibor qaratishimiz darkor. Internet tarmog`idan foydalanishning texnik imkoniyatlarini yanada oshirish, keng polosali optik tarmoqlarni kengaytirish va optik tolali aloqa tarmoqlarini qurish ishlarini davom ettirish, barcha hududlarni, shu jumladan, uzoq va chekka hududlarni raqamli televideniyega o`tkazish ishlarini oxiriga yetkazish zarur.

Vazirlar Mahkamasi ushbu dastur ijrosini qat`iy nazoratga olishi hamda vazirlik va idoralar, pudratchi tashkilotlar tomonidan 2015-yilga belgilangan vazifalarning so`zsiz bajarilishini ta`minlashi darkor.

O`zbekiston milliy avtomagistrali tarkibiga kiradigan avtomobil yo`llari uchastkalarini qurish va rekonstruksiya qilish bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlarning strategik ahamiyatini inobatga olgan holda, «O`zavtoyo`l» davlat aksiyadorlik kompaniyasi, Respublika yo`l jamg`armasi, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga avtomobil yo`llari qurish, rekonstruksiya qilish va ta`mirlash, yo`llar bo`yidagi infratuzilmalarni rivojlantirish yuzasidan 2015-yil uchun belgilangan vazifalarni so`zsiz bajarish bo`yicha amaliy choralar ko`rish vazifasi topshiriladi.

Temir yo`l kommunikatsiyalarini rivojlantirish borasida ham muhim vazifalar oldimizda turibdi. Yo`lovchi va yuklarni ishonchli hamda uzluksiz tashishni ta`minlash maqsadida 2015-yilda 260 kilometr temir yo`llarni qayta tiklash ko`zda tutilmoqda. Sohada 13 ta investitsiya loyihasini amalga oshirishmo`ljallanmoqda. 124,1 kilometrlik Angren – Pop elektrlashtirilgan yangi temir yo`lining qurilishi, 140 kilometrlik Maroqand-Qarshi va 325 kilometrlik Qarshi-Termiz temir yo`l uchastkalarini elektrlashtirish, ikki tomonlama qatnovga ega bo`lgan Jizzax-Yangiyer elektrlashtirilgan temir yo`l tarmog`iqurilishining ikkinchi bosqichini amalga oshirish kabi loyihalar shular jumlasidandir.

«O`zbekiston temir yo`llari» davlat aksiyadorlik temiryo`l kompaniyasi Iqtisodiyot vazirligi, Toshkent va Namangan viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda Angren – Pop temir yo`lining o`z vaqtida va sifatli qurilishi ustidan alohida nazorat o`rnatsin.

Hurmatli majlis qatnashchilari!

Ko`rib turganingizdek, oldimizda o`ta muhim va dolzarb vazifalar turibdi. Ularni faqat o`z kuchimiz va imkoniyatlarimizga tayangan holda hal qilmasak, chetdan birov kelib hal qilib bermaydi. Eng muhimi, shu borada eskicha qolip va yondashuvlardan butunlay voz kechishimiz kerak. Bugungi zamonning talabi shuki, endi eskicha ishlab, eskicha yashab bo`lmaydi.

Bunday kayfiyat bilan yurgan odamlarni, avvalambor, rahbarlarni hayotning o`zi qabul qilmaydi. Bugungi kunda katta umid, orzu-maqsadlar bilan, Vatanim taraqqiyotiga hissa qo`shaman, deb belini mahkam bog`lab maydonga chiqayotgan, mustaqil fikrlaydigan, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallagan, azmu shijoatli yoshlarimizni har tomonlama qo`llab-quvvatlash barchamizning nafaqat vazifamiz, balki burchimizga aylanishi kerak.

Ishonchim komilki, biz iqtisodiyotimizda tub tarkibiy o`zgarishlarni amalga oshirish, modernizatsiya va diversifikatsiya jarayonlarini izchil davom ettirish, xususiy mulk va xususiy tadbirkorlikka keng yo`l ochib berish hisobidan o`z oldimizga qo`ygan marralarga albatta erishamiz.

Qadrli do`stlar!

Aholi farovonligi va turmush darajasini muttasil oshirish bilan bog`liq masalalar doimo e`tiborimiz markazida bo`lib kelgan va shunday bo`lib qoladi.

Ta`lim-tarbiya va tibbiyot muassasalarini yanada rivojlantirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va bugungi kun talablari asosida jihozlash darajasini oshirish, ijtimoiy infratuzilma obyektlarini jadal rivojlantirish, aholini sifatli ichimlik suvi va zamonaviy sanitariya tozalash tizimlari bilan ta`minlash biz uchun ustuvor yo`nalish hisoblanadi.

Ushbu maqsadlar uchun davlat byudjeti jami xarajatlarining qariyb 60 foizi yo`naltiriladi. Bu o`tgan yilga nisbatan 4 trillion 100 million so`m yoki 22,5 foiz ko`p demakdir. Jumladan, ta`lim va ilm-fan sohasini rivojlantirishga 34,3 foiz, sog`liqni saqlash tizimiga 14,2 foiz mablag` sarflanadi.

Joriy yilda keksa avlod vakillariga e`tibor va g`amxo`rlik ko`rsatish, ularni moddiy va ma`naviy qo`llab-quvvatlashni kuchaytirishga, muhtaram faxriylarimiz hayotiga daxldor muammolarni hal etishga alohida ahamiyat qaratiladi.

2015-yilga mamlakatimizda Keksalarni e`zozlash yili, deb nom berganimiz zamirida ham mohiyat e`tibori bilan ana shunday ezgu maqsadlar mujassam ekani, o`ylaymanki, barchamizga yaxshi ma`lum.

Hukumatimiz tayyorlayotgan dasturda keksa avlod vakillari, avvalo, 1941-1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini har tomonlama qo`llab-quvvatlash, ularga ko`rsatiladigan tibbiy va ijtimoiy xizmat darajasi va sifatini oshirish, muhtojlarni yordamchi va reabilitatsiya texnik vositalari bilan ta`minlash, tumanlar va mahallalarda qariyalarimiz uchun muloqot markazlari, ularning qiziqishlaridan kelib chiqqan holda, turli klublar tashkil etish, jismoniy tarbiya va sport bilan shug`ullanishlari uchun sharoitlar yaratish bo`yicha aniq chora-tadbirlar ko`zda tutilishi lozim.

Muxtasar aytganda, bugungi tinch va obod hayotimizni barpo etishga beqiyos xizmatlari singgan, xonadonlarimizning fayzi bo`lgan mo`tabar keksalarimizning farovon va munosib umr kechirishlari uchun keng ko`lamli chora-tadbirlarni amalga oshirish barchamizning nafaqat vazifamiz, balki insoniy burchimiz, deb qabul qilishimiz darkor.

Shu borada mahallalar va fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlarining keksalar va nogironlarga doimiy e`tibor va g`amxo`rlik ko`rsatadigan tuzilmalarini mustahkamlashga alohida ahamiyat qaratish lozim.

Bunda turli muassasa va xizmatlar, birinchi navbatda, pensiya, ijtimoiy ta`minot va tibbiy xizmat ko`rsatish muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish va zarur darajada nazorat qilish masalalari nazarda tutilishi kerak.

Aziz vatandoshlar!

Biz mamlakatimizni isloh etish va yangilash borasidagi ishlarimizni davom ettirish va yanada chuqurlashtirish, iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, xalqimizning hayot darajasi va sifatini izchil yuksaltirib borish bo`yicha 2015-yilda va undan keyingi yillarda o`z oldimizga yuksak, ayni vaqtda aniq maqsad va vazifalarni qo`ymoqdamiz.

Ishonchim komilki, ularning barchasi muqaddas va saxovatli zaminimizda yashayotgan, millati, tili va dinidan qat`i nazar, har qaysi insonning manfaatlariga to`la javob beradigan, chuqur hayotiy asosga, amalga oshirishning real imkoniyatlariga ega bo`lgan vazifalardir.

Ana shunday maqsad-muddaolarimizning ro`yobga chiqishi, mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalik va totuvlik muhitining barqaror bo`lishi barchamizga, har birimizning o`z joyimizda bizga ishonib topshirilgan vazifani qay darajada mas`uliyat bilan ado etishimizga bog`liq ekanini unutmasligimizni istardim.

Mana shu ezgu maqsad yo`lida barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad yor bo`lishini tilayman. (UzА)

Доклад Президента РУз Ислама Каримова на заседании Кабмина, посвященном итогам СЭР страны в 2014 году и основным направлениям экономики на 2015 год

"O‘qituvchi" nashriyot-matbaa ijodiy uyi ("O‘qituvchi" NMIU) umumta`lim maktablari, oliy o`quv yurtlari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari uchun original, tarjima darsliklar, o`quv qo`llanmalar, shuningdek, o`qituvchilar uchun metodik qo`llanmalar nashr etadi. Buyurtma

Batafsil ma`lumot

O`zbekiston Prezidenti Islom Karimovning mamlakatimizni 2014-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilga mo`ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo`nalishlariga bag`ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma`ruzasi

Yangiliklarni o‘qishni tavsiya etamiz

O‘zbekistonning eng yirik nashriyotlari o‘rtasida saytlar mashhurligi reytingi dekabr 2014

Bugun 2014 yilning dekabr oyi uchun "O`qituvchi" nashriyot-matbaa ijodiy uyi, "G`afur G`ulom" nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy...

O`qituvchi NMIU tanlovda birinchi o`rinni egalladi

"O`qituvchi" nashriyot-matbaa ijodiy uyi tanlovda birinchi o`rinni egalladi va faxriy yorliq bilan taqdirlandi....

Mashhur yangiliklar

Войти / Регистрация
Закладки
Корзина покупок
Оформление заказа
Интернет-магазин книги в Ташкенте