Yangilangan sana: 2014-09-30 Ko`rilgan: 955

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning O‘zbekiston o‘qituvchi va murabbiylariga yo‘llagan bayram tabrigi

Muhtaram ustoz va murabbiylar!

Avvalo, sizlarni umumxalq bayrami – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan samimiy tabriklab, barcha-barchangizga o‘zimning yuksak hurmat-ehtiromim va ezgu tilaklarimni izhor etishdan baxtiyorman.

Bugun biz mana shu qutlug‘ ayyomni keng nishonlar ekanmiz, siz, azizlarning bolalarimiz, yosh avlodimizga bilim va tarbiya berishdek o‘ta murakkab, o‘z kasbiga mehr va sadoqatni, butun borlig‘ini bag‘ishlashni, fidoyilikni talab etadigan sharafli mehnatingiz uchun siz, muhtaram muallimlar zoti oldida barchamiz chin qalbimizdan, yuragimizdan sizlarga minnatdorlik bildirishni o‘z burchimiz deb bilamiz.

Ayni shu fikrlarni, ya’ni farzandlarimizni kamol toptirish, ularga ilmu fan sirlarini o‘rgatishdek g‘oyat mas’uliyatli ishni ado etib kelayotgan insonlarning hech narsa bilan o‘lchab, qiyoslab bo‘lmaydigan olijanob mehnatini inobatga olib, bundan 18-yil muqaddam O‘qituvchi va murabbiylar kunini ta’sis etganimiz va uni umumxalq bayrami darajasiga ko‘targanimiz jamoatchiligimiz, butun xalqimizning xohishi va intilishini o‘zida mujassam etadi, desam, o‘ylaymanki, haqiqatni aytgan bo‘laman.

Aziz ustozlar, muallimlar!

Dunyoda “o‘zbek modeli” deb tan olingan, mamlakatimiz milliy taraqqiyot strategiyasining ajralmas qismi bo‘lgan Kadrlar tayyorlash milliy dasturini o‘z vaqtida qabul qilib, amalga oshirganimiz yangi hayot, yangi jamiyat qurishda eng kuchli, aytish mumkinki, eng qudratli omil bo‘lib, nafaqat ta’lim sohasini, balki odamlarimizning dunyoqarashini, butun hayotimizni tubdan o‘zgartirib yuborgani haqida bugun har qancha g‘ururlanib, faxrlanib gapirsak, arziydi, albatta.

Biz o‘z oldimizga qo‘ygan ezgu maqsadlarga erishish yo‘lida, jumladan, eng murakkab, shu bilan birga, hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan ta’lim-tarbiya sohasida g‘oyat muhim masalani yechishda, ya’ni, biz boshlagan ishlarni davom ettiradigan, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallagan, yangilikka intilib yashaydigan, hech kimdan kam bo‘lmaydigan yosh avlodni tarbiyalash borasida haqiqatan ham qiyin va mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tganimiz, avval tajribamizda mutlaqo ko‘rmagan marralarni zabt etishga qanday katta mehnatimiz singganini alohida ta’kidlash o‘rinlidir.

Ta’lim sohasidagi noyob dasturlarimizning ijrosi qancha kuch va imkoniyat, qancha mablag‘ni talab qilgani – bu o‘z yo‘li bilan, lekin mana shunday ulkan va ulug‘vor ishlarni amalga oshirishda aynan sizlar o‘zingizni ayamasdan, sidqidildan mehnat qilganingiz hisobidan biz yurtimizda bu sohada tub burilish va o‘zgarishlarga ham nazariy, ham amaliy poydevor yaratdik.

Qancha-qancha yangi ta’lim standartlari, o‘quv dasturlari, qo‘llanma va darsliklarni ishlab chiqib, amalda joriy etish, ularni har bir o‘quvchi, har bir talabaning ongu shuuriga singdirish uchun butun soha xodimlari, siz, hurmatli muallim va ustozlar bu maktabdan avvalo o‘zingiz o‘tganingiz, beminnat xizmat qilib kelayotganingizni haqiqiy fidoyilik namunasi, desak, hech qanday xato bo‘lmaydi.

Mamlakatimiz, davlatimiz uchun hal qiluvchi murakkab bir davrda sizlar bilan birga ta’lim sohasini tubdan o‘zgartirib, zamon talab qilayotgan darajaga ko‘tarishga erishganimizni ko‘z o‘ngimizdan o‘tkazar ekanmiz, bu yo‘lda siz, azizlarning qanday qiyin bo‘lmasin, qat’iyatlik va fidoyilik ko‘rsatganingizni, bu buyuk maqsad uchun belni mahkam bog‘lab mehnat qilganingizni men chinakam jasorat deb baholayman va mana shunday olijanob fazilatlaringiz uchun barcha-barchangizga ta’zim qilaman.

Qadrli vatandoshlar!

Har bir inson, har bir ota-onaning ezgu orzusi bo‘lmish sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash, shu maqsadda minglab zamonaviy o‘quv maskanlari, bolalar sporti inshootlarini barpo etganimiz, ilg‘or pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini o‘quv jarayoniga joriy etish bo‘yicha amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar, soha xodimlarining mehnatini munosib qadrlash, moddiy va ma’naviy rag‘batlantirishga qaratilgan samarali tizim ishlab chiqib, amalda tatbiq etganimiz va boshqa ko‘pgina chora-tadbirlar bugun o‘z ijobiy natijasini bermoqda. Xususan, birgina so‘nggi besh yilda oylik ish haqi xalq ta’limi muassasalarida 2,9 barobar, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimida qariyb 4-marta, oliy ta’lim sohasida 3,6 karra oshirilgani, minglab ustoz va murabbiylar, professor-o‘qituvchilarimiz Vatanimizning yuksak unvonlari, orden va medallari bilan taqdirlangani ham ana shundan dalolat beradi.

Hurmatli do‘stlar!

Barchamizga ayonki, bugungi global integratsiyalashuv sharoitida, kundalik hayotimizga komputer texnologiyalari va Internet tizimi jadal kirib kelayotgan bir paytda xorijiy tillarni har tomonlama puxta egallamasdan turib, jahon hamjamiyati bilan hamqadam bo‘lib yashashni tasavvur etib bo‘lmaydi.

Ayni shu maqsadda mamlakatimizda o‘tgan yildan e’tiboran umumta’lim maktablarining 1-sinfidan boshlab chet tillarni o‘qitishning uzluksiz tizimi joriy qilingani yangi amaliy qadam bo‘ldi. Bu sohada ishni to‘g‘ri tashkil etish, kutilgan samaraga erishish uchun avvalo mavjud o‘quv-metodik bazani mustahkamlash, dastur va qo‘llanmalarni yanada takomillashtirish, pedagog xodimlarning bilim va malakasini oshirish zarurligi haqida ortiqcha gapirishning hojati yo‘q, deb o‘ylayman.

Shu bilan birga, ta’lim maskanlarida “Ziyonet” tarmog‘i yordamida o‘quv-tarbiya jarayonlarini bugungi taraqqiyot, milliy va umumbashariy tafakkur yutuqlari bilan uzviy bog‘liq ravishda olib borish, Multimediali umumta’lim dasturlarini rivojlantirish markazi faoliyatini kuchaytirish, o‘quv adabiyoti va qo‘llanmalari elektron turlarining ilmiy-uslubiy saviyasini yuksaltirish muhim vazifamizdir.

Ayni shu yo‘nalishdagi ishlarimizning uzviy davomi sifatida joriy yilda Janubiy Koreyaning dunyoda nom qozongan nufuzli Inxa universitetining Toshkent filialini, shuningdek, ta’lim sohasi bilan bog‘liq bo‘lgan yangi o‘quv va malaka oshirish markazlarini tashkil etganimiz yoshlarimiz uchun yangi imkoniyat va yangi ufqlar ochib berishi muqarrar.

Bugungi kunda dunyoda, yon-atrofimizda qarama-qarshilik va ziddiyatlar ko‘payib, inson qalbi va ongini egallash, birinchi navbatda, yoshlarning ma’naviy olamini izdan chiqarish, ularni o‘z ota-onasiga, el-yurtiga qarshi qo‘yishga qaratilgan tahdid va xurujlar kuchayib borayotgan murakkab va tahlikali zamonda o‘zining kimligini, qanday buyuk zotlarning avlodi, qanday bebaho meros vorislari ekanini teran anglab, ona yurtga muhabbat va sadoqat hissi bilan yashaydigan yosh avlodgina muqaddas zaminimizni yot va begona ta’sirlardan, balo-qazolardan saqlashga, Vatanimizni har tomonlama ravnaq toptirishga qodir bo‘ladi.

Bu haqda gapirganda, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik, o‘zaro hurmat, mehr-oqibat muhitini ko‘z qorachig‘idek asrashda, avvalambor, bolalarimizni mustaqil fikrga ega bo‘lib, oqni qoradan ajratishga qurbi yetadigan insonlar etib, bir so‘z bilan aytganda, yoshlarimizning irodasini mustahkam va baquvvat qilib tarbiyalashda siz, muhtaram o‘qituvchi va murabbiylar bundan buyon ham kuch-g‘ayratingiz, bilim va tajribangizni ayamaysiz, deb ishonaman.

Azizlarim, qadrdonlarim!

Davlatimiz, jamiyatimiz sizlarning Vatanimiz taraqqiyotiga qo‘shayotgan katta hissangizni, mas’uliyatli faoliyatingizni yuksak baholaydi va qadrlaydi. Bu masala kelgusida ham doimiy e’tiborimiz markazida bo‘lib qoladi, deb ishontirib aytmoqchiman.

Fursatdan foydalanib, sizlarni qutlug‘ bayramingiz bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, oilalaringizga baxtu saodat, ezgu ishlaringizda yangi yutuq va omadlar tilayman.

Hech qachon kam bo‘lmang, umringizdan baraka toping, aziz va mehribon ustozlar!

Islom Karimov,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

(UzА)

"O‘qituvchi" nashriyot-matbaa ijodiy uyi ("O‘qituvchi" NMIU) umumta`lim maktablari, oliy o`quv yurtlari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari uchun original, tarjima darsliklar, o`quv qo`llanmalar, shuningdek, o`qituvchilar uchun metodik qo`llanmalar nashr etadi. Buyurtma

Batafsil ma`lumot

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning O‘zbekiston o‘qituvchi va murabbiylariga yo‘llagan bayram tabrigi

Yangiliklarni o‘qishni tavsiya etamiz

Toshkentda AKT-sammit - 2014 axborot-kommunikatsiya texnologiyalari milliy sammiti bo`lib o`tdi

"InfoCOM - 2014" axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi doirasidagi ushbu sammit mamlakatimiz axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi muhim voqealardan biridir.

O‘zbekistonning eng yirik nashriyotlari o‘rtasida saytlar mashhurligi reytingi sentyabr 2014

Bugun 2014 yilning sentyabr oyi uchun "O`qituvchi" nashriyot-matbaa ijodiy uyi, "G`afur G`ulom" nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy...

Mashhur yangiliklar

Войти / Регистрация
Закладки
Корзина покупок
Оформление заказа
Интернет-магазин книги в Ташкенте