Yangilangan sana: 2014-08-31 Ko`rilgan: 903

Prezident Islom Karimovning O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma uch yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi tabrik so‘zi

Assalomu alaykum, aziz vatandoshlar!

Muhtaram mehmonlar!

Bugun xalqimiz ona yurtimizning buyuk tarixidagi haqiqatan ham biz uchun eng ulug‘, eng aziz bo‘lgan Vatanimiz mustaqillikka erishgan kunning yigirma uch yillik bayramini katta shodu xurramlik bilan nishonlamoqda. Ana shu qutlug‘ ayyom bilan siz, azizlarimni, sizlarning timsolingizda butun xalqimizni chin qalbimdan tabriklash, barcha-barchangizga o‘zimning chuqur hurmatim va ehtiromimni bildirishdan baxtiyorman.

Aziz yurtdoshlarim, qadrdonlarim!

Biz o‘ta og‘ir, mashaqqatli sinov va kurashlarda qo‘lga kiritgan Vatanimizning Mustaqillik kunini nishonlar ekanmiz, barchamizning hayotimizda chuqur iz qoldirgan, biz bosib o‘tgan tarixan qisqa davrda nimalarni boshimizdan kechirdik, nimalarga erishdik, ta’bir joiz bo‘lsa, “Biz kecha kim edigu bugun kim bo‘ldik?” degan fikr-mulohazalar beixtiyor xayolimizdan o‘tishi tabiiydir. Mustaqillik, istiqlol degan ulug‘ ne’mat avvalo xalqimizga erkinlik va ozod hayotni bergan, insoniy sha’nimiz, milliy ongimiz, qadr-qimmatimizni tiklab, barchamizga o‘zligimizni anglash tuyg‘usini, tilimiz, muqaddas dinimizni, qadriyat va urf-odatlarimizni qaytarib bergan, Vatanimiz tarixida hech narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydigan buyuk sanadir.

Mustaqillik biz uchun – bu o‘z taqdirimizni qo‘lga olib, yurtimizning yer osti, yer usti boyliklariga ega bo‘lish, beqiyos moddiy va ma’naviy salohiyatimizni amalga oshirish, jahon miqyosida o‘zimizga munosib o‘rin egallash demakdir. Kechagi mustabid tuzumda yashagan insonlar yaxshi biladi: o‘sha paytda O‘zbekiston degan go‘zal bir diyorni, o‘zbek degan buyuk bir xalqni kim tanirdi? Bizni mustaqil davlat sifatida kim tan olardi? Yurtimiz qanday ulkan va noyob boyliklar makoni, aziz-avliyolar, buyuk allomalar, olim va mutafakkirlar vatani ekanini, biz qanday betakror meros, qanday ulug‘ zotlarning vorisi ekanimizni kim bilardi?

Milliy qadr-qimmatimizni, barchamiz uchun muqaddas diniy qadriyatlarimizni, urf-odatlarimizni pisand qilmasdan, ular ayovsiz toptalgan zamonlarda bundan ortiq alam va bedodlik bo‘lishi mumkinmidi? O‘zbekistonimiz faqatgina xomashyo yetkazib beradigan, iqtisodiyoti biryoqlama rivojlangan, paxta yakkahokimligi halokatli tus olgan o‘lkaga aylantirilgan, sobiq SSSR tarkibida eng qoloq agrar respublika emasmidi? Xalqimizni boqish uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarini chetdan, kimlargadir yalinib olib kelganimizni unutib bo‘ladimi? Eski tizim hukmronlik qilgan oxirgi kunlarda yurtimizda atigi bir hafta-o‘n kunga yetadigan un zaxirasi qolganini, deyarli ocharchilik yoqasida turganimizni unutish mumkinmi?

Lekin mustabid tuzum qanday adolatsizlik, zulm va zo‘ravonligini o‘tkazmasin, xalqimiz o‘zligini, iymon-e’tiqodini, dinu diyonatini aslo yo‘qotmadi va boshimizga qanday og‘ir va mashaqqatli sinovlar tushmasin, o‘z qadr-qimmatini yuksak saqlab kelmoqda. Bu haqiqatni hech kim hech qachon esidan chiqarmasligini istardim.

Muhtaram do‘stlar!

Bugun istiqlolimizning yigirma uch yillik to‘yini o‘tkazar ekanmiz, biz tanlagan demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etish, dunyodagi taraqqiy topgan mamlakatlar qatoriga kirish yo‘lida amalga oshirgan ishlarimizni baholar ekanmiz, hech ikkilanmasdan aytishni o‘zimning burchim deb bilaman: yurtimizda yashayotgan har qaysi yoshu qari inson, millati, tili va dinidan qat’i nazar, boshini baland ko‘tarib, yagona Vatanimiz bo‘lmish O‘zbekistonimizning gullab-yashnashi yo‘lidagi olamshumul ishlarda mening ham munosib hissam bor, deb aytishga haqlidir.

Haqiqatan ham, biz qo‘lga kiritgan yutuqlar – milliy davlatchilik qurilishi, keng ko‘lamli zamonaviy islohotlar natijasida iqtisodiyotimiz erishgan barqaror o‘sish sur’atlari, aholimizning turmush darajasi va sifati yuksalib, yurtimiz qiyofasi tobora o‘zgarib, chiroy ochib borayotgani – bularning barchasi xalqaro maydonda munosib tan olinayotgani, obro‘-e’tiborimiz oshayotgani hammamizga katta iftixor bag‘ishlaydi. Mustaqil taraqqiyot yillarida mamlakatimiz iqtisodiyoti taxminan 5 karra, aholi jon boshiga hisoblaganda 3,7-martaga o‘sgani, xalqimizning hayot darajasi va sifati oshganining dalili bo‘lmish odamlarimizning jon boshiga oladigan daromadlari 8,7 barobar ko‘paygani yurtimizning qisqa davrda kechagi, o‘zini boqishga qurbi yetmagan respublikadan tez sur’atlar bilan o‘sib borayotgan zamonaviy davlatga aylanganining yaqqol tasdig‘idir.

Mana shu yutuqlarning barchasini shu maydonda o‘tirgan siz azizlar, sizlarning timsolingizda mehnatkash, fidoyi xalqimiz o‘z qo‘li bilan yaratib, bugun mustaqilligimizning 23-yillik qutlug‘ bayramini g‘urur va iftixor bilan kutib olayotgani eng yuksak baholarga munosib emasmi?! Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi davom etayotganiga qaramasdan, O‘zbekiston iqtisodiyotining yillik o‘sishi oxirgi 10-yil davomida 8 foizdan oshib, barqaror rivojlanib borayotganini bugungi kunda kamdan-kam davlatlar misolida ko‘rish, kuzatish mumkin. Mamlakatimizni mana shunday yuksak sur’atlar bilan rivojlantirish, modernizatsiya qilish va keng ko‘lamli islohotlarni joriy etish maqsadida iqtisodiyotimizda o‘zlashtirilgan kapital mablag‘lar hajmi 180 milliard dollardan ortiq bo‘lib, buning 60 milliard dollardan ziyodi xorijiy sarmoyalardir.

Ana shu investitsiyalar hisobidan avvalo iqtisodiyotimizning tarkibini tubdan o‘zgartirish, yuksak texnologiyalarga ega bo‘lgan, havas qilishga arziydigan zamonaviy korxonalar qurish, jahon bozorida raqobatdosh bo‘lgan mahsulotlarni ishlab chiqarish, O‘zbekiston salohiyatini yangi bosqichga ko‘tarish imkoniyati yaratilganini ko‘p-ko‘p misollarda kuzatish qiyin emas, albatta. Ayni shu yillarning o‘zida aholimizning soni 10 million 300 ming kishiga ko‘payib, bugungi kunda 31 million kishini tashkil etayotgani O‘zbekistonimizning insoniy salohiyatini oshirib, yangi bosqich va marralarga erishish uchun nafaqat mustahkam zamin tug‘dirmoqda, kerak bo‘lsa, boshqalarni biz bilan hisoblashishga majbur qilmoqda.

Aziz yurtdoshlarim!

Biz eski, o‘zini oqlamagan tizimdan yangi tizimga o‘tishda, buning uchun mustahkam poydevor – fundament qurishda shoshilganimiz yo‘q. Ya’ni, biz “Yangi uy qurmasdan turib, eskisini buzmang” degan hikmatli iboraga itoat qildik. Biz tanlab olgan tadrijiy, evolutsion yo‘l – maqsad-muddaolarimizga bosqichma-bosqich, qadam-baqadam yetish yo‘lini o‘zimizga ma’qul topdik, uni katta sinovlardan o‘tkazdik. Yillar o‘tishi bilan, oldimizga qo‘ygan buyuk maqsadlar sari yurishimizda chuqur va atroflicha o‘ylangan, xalqaro maydonda “o‘zbek modeli” deb tan olingan demokratik islohotlar yo‘li naqadar to‘g‘ri ekanini hayotimizning o‘zi oqlab, isbotlab bermoqda va bu haqiqatga bizga xayrixoh bo‘lmagan mutaxassis va ekspertlar, tegishli xalqaro institutlar ham iqror bo‘lmoqda.

Shular haqida gapirganda, mamlakatimiz taraqqiyotida yangi bosqich va ufqlarni zabt etishda barchamizni quvontiradigan, eng katta mezon avvalo yurtimizda hukm surayotgan barqarorlik, osoyishtalik va hamkorlik, o‘zaro hurmat va mehr-oqibat muhiti, vatandoshlarimizning tobora o‘sib borayotgan dunyoqarashi va ongu tafakkuri, huquqiy va siyosiy madaniyati va faolligi, desak, hech qanday xato bo‘lmaydi. Xalqimizning ma’naviyatini yanada yuksaltirish uchun amalga oshirayotgan ishlarimiz o‘z hosilini bermoqda va shu fursatdan foydalanib, aytmoqchiman – bu sohada erishgan marralarimiz bilan biz hech kimdan kam bo‘lmasdan, ko‘pgina manaman degan davlatlardan o‘zib ketganimizni eng muhim yutug‘imiz, deb hisoblayman. Bir payt bildirgan fikrimni yana takror aytaman: moddiy nuqtai nazardan biz eng rivojlangan davlatlardan balki hali orqadadirmiz. Lekin, biz o‘z yo‘limizni tanladik va bu yo‘ldan qaytmasdan, qat’iy ishonch bilan ayta olamiz: moddiy nuqtai nazardan ham bu marra albatta bizniki bo‘ladi, ammo ma’naviy nuqtai nazardan qaraganda, eng yengilmas kuch o‘zi nima? Yuksak ma’naviyatli xalq emasmi? O‘zingiz ayting, bunday xalqni yengib bo‘ladimi?

Bu haqda so‘z yuritganda, boshlagan ishlarimizning davomchilari bo‘lmish aziz farzandlarimizni o‘z fikriga, o‘z qarashlariga ega, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallagan, ertangi kunimizning mas’uliyatini o‘z zimmasiga olishga qodir bo‘lgan, bugungi davr talab qiladigan sog‘lom va barkamol avlod etib tarbiyalash masalasiga o‘z vaqtida ustuvor ahamiyat berib, uni umummilliy darajaga ko‘targanimiz – eng to‘g‘ri, uzoqni ko‘zlagan, hayotimizda o‘zini to‘la oqlagan tarixiy qadam bo‘ldi. Bir faraz qilaylik, biz bundan 17-yil oldin ta’lim sohasini mutlaqo o‘zgartirgan, yangi, zamonaviy bosqichga olib chiqqan dasturlarni qabul qilmasak, bugun tez o‘zgarayotgan globallashuv davri, hayotimizga tobora chuqur kirib borayotgan Internet asrining o‘tkir va murakkab talablariga munosib javob berish, mamlakatimizning taraqqiyotini, istiqbolini ta’minlash, biz ko‘zlagan, kelajagi buyuk davlat qurish degan ulug‘ maqsadni oldimizga qo‘yish mumkinmidi?

Aziz bolalarim, qadrdonlarim!

Bugun mana shu muhtasham maydonda jamuljam bo‘lib o‘tirgan siz, yosh avlodimiz vakillariga, mening farzandlarim bo‘lmish butun O‘zbekiston yoshlariga qalbimda, yuragimda bo‘lgan bir fikrni aytmoqchiman: har qachon sizlar bilan uchrashganda, sizlarning yonib turgan ko‘zlaringizni, navqiron qaddi-qomatingizni, sizlar erishayotgan yutuqlarni kuzatganda, ko‘pchilik qatori men ham o‘zimda xuddiki qanot paydo bo‘lgandek his etaman. Sizlar qayerda, qaysi sohada bo‘lmasin – bilim olish, ilmu fan cho‘qqilarini egallash, eng zamonaviy kasb-hunarlarni o‘zlashtirish, biznes sohasini rivojlantirishda, sport maydonlarida O‘zbekistonning shuhratini tarannum etishda barchaga namuna bo‘layotganingiz, so‘zsiz, hammamizni quvontiradi.

Buning yaqqol tasdig‘ini kuni kecha Xitoy Xalq Respublikasining Nankin shahrida o‘tkazilgan o‘smirlar o‘rtasidagi Ikkinchi Olimpiya o‘yinlarida 28 nafar yosh sportchimiz qatnashib, 4 ta oltin, 3 ta kumush, 3 ta bronza, hammasi bo‘lib – 10 ta medalni qo‘lga kiritgani butun O‘zbekistonimiz yoshlarining mustaqilligimizning 23-yillik bayramiga ulkan hissasi bo‘ldi, desam, ayni haqiqatni aytgan bo‘laman. O‘zingiz bir o‘ylab ko‘ring, 28 nafar navqiron o‘g‘il-qizlarimiz ana shunday nufuzli xalqaro musobaqada hech kimga bo‘sh kelmasdan, azmu shijoat ko‘rsatib, ilgari biz tasavvur qilishimiz ham qiyin bo‘lgan shunday ulkan marralarga erishgan ekan, bu butun Vatanimizning yutug‘i emasmi?

Aziz farzandlarim, hech qachon unutmang: siz erishgan marra va yutuqlaringiz xalqimiz, elimiz erishgan yutuqlar deb hisoblayman, sizning bugungi va ertangi kuningiz yanada yorug‘ bo‘lishi uchun bor kuchimni ayamayman. Yoshlar haqida qancha gapirsam, charchamayman. Bu haqda gapirganda, ochig‘ini aytsam, o‘zimni ham xuddi yasharib ketgandek his qilaman. Bugun biz boshlagan ulug‘ ishlarning davomchilari bo‘lmish mana shunday yigitlar, qizlarimizni, ularning baxtu kamolini ko‘rib, shunday go‘zal yurtda, shunday yorug‘, musaffo osmon ostida yashash nasib etganiga barchamiz shukronalar aytamiz. Bunday baxtli hayotni xalqimiz asrlar, ming yillar davomida havas va orzu qilib yashagan edi. Bizni mana shunday saodatli kunlarga Xudo yetkazyapti. Har tongda pok bo‘lib, chin dildan so‘rasak, Yaratganimizning o‘zi albatta yo‘limizni ochib beradi. Va Ollohning nazari tushgan mana shu muqaddas yurtda hech kim hech qachon kam bo‘lmaydi, inshoollo.

Muhtaram do‘stlar!

Hozirgi kunda dunyoning turli hudud va mintaqalarida, yaqin va uzoq atrofimizda ekstremizm va terrorizm, qarama-qarshilik, qon to‘kilishi, xavf-xatarlar ortib, umuman, vaziyat tobora keskinlashib borayotgani barchamizni xavotir va tashvishga solishi tabiiydir. Ming afsuski, bunday qonli to‘qnashuvlar, nizo va ziddiyatlar o‘z yechimini topib, kamayish o‘rniga ko‘payib bormoqda. Bunday o‘ta notinch, tahlikali sharoitda eng muhim masala – bu ham bo‘lsa, qayerda, dunyoning qaysi chekkasida bo‘lmasin, endi boshlanayotgan qarama-qarshilik va paydo bo‘layotgan mojarolarni e’tiborsiz qoldirmaslik, ular urushga aylanib ketishining oldini olish uchun vaziyat doimo jahon hamjamiyati nazoratida bo‘lishi darkor.

O‘zbekistonning pozitsiyasi bunday holatlar, keskin ziddiyat va to‘qnashuvlarni faqatgina siyosiy yo‘l, tinch vositalar bilan hal etish, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nizomida muhrlab qo‘yilgan asosiy prinsiplarga va xalqaro normalarga itoat qilgan holda, davlatlarning suvereniteti va chegaralarning daxlsizligini buzishga, zo‘ravonlik va kuch ishlatishga yo‘l qo‘ymaslikdan iboratdir. Mana shunday o‘ta murakkab vaziyat barchamizdan avvalo ogoh, hushyor va sezgir bo‘lishni talab qilmoqda. Yaqin va uzoq qo‘shnilarimiz bilan til topib, bizlarni birlashtiradigan umumiy maqsadlar yo‘lida hamkorlikni yanada kuchaytirish, o‘zaro manfaatli aloqalarni o‘rnatish ustuvor vazifamiz bo‘lib qolishini zamonning o‘zi taqozo etmoqda.

Bizga tinchlik va omonlik kerak. Mana shunday ezgu fikr, ezgu intilish barcha-barchamizning yuragimiz, qalbimizdadir, desam, ayni haqiqatni aytgan bo‘laman. Fursatdan foydalanib, bizning bugungi eng ulug‘, eng aziz bayramimizga tashrif buyurgan muhtaram mehmonlarimizga, xorijiy davlatlarning elchilari, xalqaro tashkilotlarning vakillariga o‘zimning yuksak hurmat va ehtiromimni bildirish menga katta mamnuniyat yetkazadi. Sizlarning O‘zbekistonga doimo xayrixoh bo‘lib, amaliy yordam ko‘rsatib kelayotganingiz uchun xalqimiz nomidan chin qalbimdan minnatdorlik bildiraman, barchangizga sihat-salomatlik, yurtingizga ravnaq tilayman.

Muhtaram vatandoshlarim, qadrdonlarim!

Shu munavvar oqshomda barchangizni bag‘rimga bosib, Mustaqillik bayrami bilan tabriklar ekanman, hammangizga tinchlik-omonlik, baxtu saodat, xonadonlaringizga, el-yurtimizga fayzu baraka tilayman.

Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin!

Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!

"O‘qituvchi" nashriyot-matbaa ijodiy uyi ("O‘qituvchi" NMIU) umumta`lim maktablari, oliy o`quv yurtlari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari uchun original, tarjima darsliklar, o`quv qo`llanmalar, shuningdek, o`qituvchilar uchun metodik qo`llanmalar nashr etadi. Buyurtma

Batafsil ma`lumot

Prezident Islom Karimovning O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma uch yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi tabrik so‘zi

Yangiliklarni o‘qishni tavsiya etamiz

Maktablar yangi o‘quv yiliga tayyor

O`zbekiston xalq ta`limi vaziri U.Inoyatov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda ta`lim sohasida olib borilayotgan keng ko`lamli islohotlar yosh avlodni bilimli ...

O‘zbekistonning eng yirik nashriyotlari o‘rtasida saytlar mashhurligi reytingi avgust 2014

Bugun 2014 yilning avgust oyi uchun "O`qituvchi" nashriyot-matbaa ijodiy uyi, "G`afur G`ulom" nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy...

Mashhur yangiliklar

Войти / Регистрация
Закладки
Корзина покупок
Оформление заказа
Интернет-магазин книги в Ташкенте