Yangilangan sana: 2014-06-27 Ko`rilgan: 938

Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga

Qadrli do‘stlar!

Avvalo, Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligini yuksaltirish, mustaqilligimizni mustahkamlash yo‘lida jonkuyarlik va jonbozlik ko‘rsatib mehnat qilayotgan siz, aziz jurnalistlar, radio va televideniye, nashriyot va matbaa sohasi xodimlariga o‘zimning chuqur hurmatimni bildirib, sizlarni bugungi kasb bayramingiz bilan millionlab muxlislaringiz, butun el-yurtimiz qatori chin qalbimdan tabriklashga ijozat bergaysiz. Shu xursandchilik kunda barcha-barchangizni samimiy qutlar ekanman, Sohibqiron Amir Temur bobomizning: “Adolat va ozodlik dasturingiz va rahbaringiz bo‘lsin. Millatning dardlariga darmon bo‘lmoq vazifangizdir”, deb aytgan chuqur ma’noli da’vati xalqimizning fidoyi farzandlariga, avvalambor, hamisha el-yurt tashvishi va manfaati bilan yonib yashaydigan siz, matbuot ahliga qaratilgan, desam, o‘ylaymanki, ko‘pchilik jamoatchiligimizning fikrini ifoda etgan bo‘laman.

Muhtaram do‘stlar!

Hammamizga ma’lum, bugungi kunda jahon miqyosidagi globallashuv, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari zamoni, qolaversa, boshimizdan kechirayotgan hayotning o‘zi oldimizga qo‘yayotgan, tobora kuchayib borayotgan talablarni hisobga olmasak, shiddatli davr bilan hamqadam bo‘lib yashamasak, o‘z-o‘zidan ayonki, strategik maqsad va vazifalarimizni amalga oshirishimiz, taraqqiy topgan zamonaviy demokratik davlatlar qatoriga kirishimiz gumon bo‘lib qoladi. Bu yuksak talabni barchamiz, birinchi navbatda doimo jamiyatning oldingi saflarida bo‘lib kelayotgan siz, matbuot ahli yaxshi tushunasiz, anglaysiz, deb bilaman.

Ayni shu talabni inobatga olgan holda, keyingi yillarda O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalarining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini, ularning faoliyati samaradorligini yanada oshirish, media tarmoqlarining huquqiy, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va yangilash, texnik va texnologik modernizatsiya qilish, jurnalist kasbining ijtimoiy maqomi va nufuzini ko‘tarish, soha xodimlarining mehnatini moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish yo‘lida, aytish mumkinki, katta ishlar amalga oshirildi.

Ayniqsa, Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi doirasida qanday muhim dastur va tadbirlar amalga oshirilayotgani sizlarga yaxshi ma’lum, albatta. Xususan, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi fuqarolarimizning axborot sohasidagi huquq va manfaatlarini ta’minlash, davlat va jamoatchilik o‘rtasida ochiq va samarali muloqot olib borish bo‘yicha ommaviy axborot vositalarining roli va ta’sirini oshirishda yangi, yuksak bosqich bo‘ldi, desak, yanglishmagan bo‘lamiz.

Bu borada ayrim misollarga murojaat qiladigan bo‘lsak, jamiyat hayotining ko‘zgusi bo‘lgan ushbu sohani rivojlantirish bo‘yicha so‘nggi yillarda katta amaliy qadamlar qo‘yganimiz yaqqol ayon bo‘ladi.

Bugungi kunda yurtimizda 1400 ga yaqin ommaviy axborot vositasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning orasida an’anaviy axborot vositalari bo‘lmish gazeta-jurnallar, tele va radiokanallar bilan birga eng zamonaviy va ilg‘or media tarmoqlari – raqamli va mobil televideniye, internet-televideniye, internet-radio, umuman, internet jurnalistikasi milliy axborot maydonida tobora mustahkam o‘rin egallab borayotganini alohida qayd etish lozim.

Hozirgi vaqtda O‘zbekiston telekanallarining dasturlari global tarmoq orqali real vaqt rejimida dunyoning ko‘plab mamlakatlarida namoyish etilmoqda. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tarkibida keyingi paytda tashkil etilgan “Madaniyat va ma’rifat”, “Dunyo bo‘ylab”, “Bolajon” telekanallari qatorida “Diyor”, “Oilaviy”, “Kinoteatr”, “Navo” kabi yangi telekanallar xalqimizning ilmiy-ma’rifiy, ma’naviy-madaniy saviyasini yuksaltirish, mazmunli hordiq chiqarishga bo‘lgan ehtiyojini qondirish yo‘lida o‘z faoliyatini takomillashtirib borayotgani e’tiborga loyiq.

Ommaviy axborot vositalari, nashriyot va matbaa korxonalari, matbuot tarqatuvchi tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qabul qilingan Prezident qaroriga binoan ular uchun yaratilgan imtiyoz va preferensiyalar mazkur tuzilmalarning mustaqilligini so‘zda emas, amalda ta’minlashda qulay moliyaviy sharoit tug‘dirib, ushbu sohada mehnat qilayotgan ming-minglab ishchi va xodimlarning daromadini, moddiy farovonligini oshirish bilan birga boshqa bir qator tarmoqlar rivojiga ham katta ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Bularning barchasi, hech shubhasiz, mamlakatimiz axborot maydonida sog‘lom raqobat muhitini yaratish, fikrlar xilma-xilligiga erishish, matbuot minbari orqali barcha ijtimoiy qatlamlarning fikr va qarashlarini ifoda etish, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish uchun mustahkam zamin bo‘lmoqda.

Bu haqda gapirganda, birinchi navbatda ommaviy axborot vositalarining fidoyilari bo‘lgan, turli dolzarb masalalarni qalbidan, yuragidan o‘tkazib, bu sohaning boshqa tarmoqlardan kam bo‘lmasligi uchun doimo intilib yashaydigan siz, muhtaram jurnalistlar bir haqiqatni albatta yaxshi anglaysiz, deb ishonaman: bugungi kunda, ayni shu murakkab va qaltis zamonda dunyoda, yon-atrofimizda ro‘y berayotgan voqea-hodisalarni chuqur idrok etish, ularning tub mohiyatiga yetib borish uchun avvalo odamlarda mustaqil fikrlash va yana bir bor mustaqil fikrlashni shakllantirish talab qilinadi.

Turli g‘oya va manfaatlar kurashi tobora kuchayib borayotgan bugungi vaziyatda yolg‘onni rost, rostni yolg‘on, deb ko‘rsatishga urinish, axborot-kommunikatsiya vositalarini o‘zining uzoqni ko‘zlaydigan manfaatlariga xizmat qilishga majbur etish, g‘arazli maqsadlar yo‘lida odamlarni, millatlarni bir-biriga qarama-qarshi qo‘yish, ularni hayotdan norozi qilish, turli soxta ma’lumotlarni tarqatish, o‘zgalarni pisand qilmasdan, kuchi yetadigan davlatlarga po‘pisa va zo‘ravonlik ko‘rsatish, hech kim bilan hisoblashmay kuch ishlatish holatlari avvalambor ommaviy axborot vositalarining bugungi o‘quvchi, tinglovchi va tomoshabinlaridan oqni qoradan, haqiqatni uydirma gaplardan ajratish uchun o‘zining mustaqil dunyoqarashi va fikriga ega bo‘lishini taqozo etadi.

Hozirgi vaqtda yon-atrofimizda o‘zini oqlamagan va umrini o‘tab bo‘lgan eski tizim va mafkuralarni qo‘msashga bo‘lgan urinishlar tobora tarqalib va kuchayib borayotgan bir paytda bunday kuchlarning qarmog‘iga tushib qolmaslik uchun axborot sohasida yetti o‘lchab bir kesish, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizning ko‘zini keng ochib berish, ularni irodasi mustahkam, iymoni baquvvat insonlar etib tarbiyalashda mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarining o‘rni va mas’uliyati tobora ortib bormoqda va bu o‘ta muhim vazifani ado etishda biz avvalo sizlarga, sizlarning bilim va tajribangiz, professional mahoratingiz, grajdanlik pozitsiyangizga tayanamiz.

Yoshlarimizni aynan ana shu ruhda – milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalab, har tomonlama barkamol avlodni kamol toptiradigan bo‘lsak, hech shubhasiz, ertangi hayotimizning eng mustahkam poydevorini qurgan bo‘lamiz.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, yuksak kasb mahoratiga ega bo‘lgan yetuk jurnalistlar, tahlilchi va sharhlovchilarni, muxtasar aytganda, o‘z kasbining haqiqiy ustasi bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlash masalasi hamon dolzarb bo‘lib turibdi, desam, o‘ylaymanki, sizlar ham bu fikrga qo‘shilasiz.

Barchamiz yaxshi tushunamiz, bu vazifani amalga oshirish uchun mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarining xalqaro axborot maydoniga kirib borishi, dunyoda nom qozongan nufuzli mediakompaniyalar, chet ellardagi hamkasblari bilan samarali ijodiy aloqalar o‘rnatishi alohida ahamiyat kasb etadi.

Haqiqatan ham, biz o‘z oldimizga rivojlangan demokratik davlatlar darajasiga ko‘tarilishdek yuksak maqsadni qo‘ygan ekanmiz, boshqa sohalar qatori axborot olamida ham ilgarilab ketgan davlatlardan o‘rganish, ayni shu asosda ommaviy axborot vositalari xodimlarining bilim va tajribasi, kasb mahoratini oshirishga jiddiy e’tibor qaratishimiz zarur.

Shu o‘rinda ilgari ham aytgan bir fikrni takrorlashni joiz deb bilaman.

Bugungi globallashuv asrida har qaysi inson, har qaysi kasb egasining o‘z malakasi va saviyasini oshirishi uchun qandaydir mafkuraviy to‘siq va cheklashlar qolmaganini barchamiz yaxshi bilamiz. Gap faqat o‘qib-o‘rganishdan, izlanishdan tortinmaslik, o‘z oldiga aniq maqsad qo‘yib, bu yo‘ldan qat’iyat bilan ilgarilab borishga bog‘liq.

Bunday dolzarb vazifalar avvalambor oliy o‘quv yurtlarida shu soha bo‘yicha dars beradigan, zamonaviy bilim va texnologiyalarni yoshlarga o‘rgatadigan o‘qituvchi va domlalarga tegishli, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Shu ma’noda, keyingi yillarda mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari xodimlaridan 600 nafardan ziyodi xorijiy davlatlarda malaka oshirib, tajriba almashib qaytgani albatta e’tiborga sazovordir. Ayni vaqtda katta ahamiyatga ega bo‘lgan bu yo‘nalishdagi ishlarimizni izchil davom ettirish va yanada kuchaytirishni bugungi hayotning o‘zi taqozo etmoqda.

Mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari xodimlarining jahon jurnalistikasining ilg‘or ish uslublari va yutuqlarini, shuningdek, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, xorijiy tillarni puxta egallashi uchun zarur ko‘mak va yordam berish, shu bilan birga, siz, hurmatli jurnalistlarning oldida paydo bo‘layotgan turli muammolarni birgalashib yechish uchun davlatimiz tomonidan barcha chora va tadbirlar albatta ko‘riladi.

Mana shunday o‘ta muhim va dolzarb vazifalarni amalga oshirish yo‘lida barchangizga sihat-salomatlik, kuch-g‘ayrat, yangi omadlar tilayman.

Aziz boshingiz doimo omon bo‘lishini istayman.

Islom Karimov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

"O‘qituvchi" nashriyot-matbaa ijodiy uyi ("O‘qituvchi" NMIU) umumta`lim maktablari, oliy o`quv yurtlari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari uchun original, tarjima darsliklar, o`quv qo`llanmalar, shuningdek, o`qituvchilar uchun metodik qo`llanmalar nashr etadi. Buyurtma

Batafsil ma`lumot

Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga

Yangiliklarni o‘qishni tavsiya etamiz

Prezidentlar Samarqandga tashrif buyurdi

Oliy martabali mehmon qadim shaharning muazzam tarixiy obidalari bilan tanishuvni Mirzo Ulug`bek rasadxonasidan boshladi.

O‘zbekistonning eng yirik nashriyotlari o‘rtasida saytlar mashhurligi reytingi iyun 2014

Bugun 2014 yilning iyun oyi uchun "O`qituvchi" nashriyot-matbaa ijodiy uyi, "G`afur G`ulom" nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy...

Mashhur yangiliklar

2014-02-18 Modernizatsiya

Войти / Регистрация
Закладки
Корзина покупок
Оформление заказа
Интернет-магазин книги в Ташкенте