Yangilangan sana: 2014-05-09 Ko`rilgan: 7637

Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 9-may – Xotira va qadrlash kuni mamlakatimizda umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanmoqda

Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 9-may – Xotira va qadrlash kuni mamlakatimizda umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanmoqda

Inson xotirasi muqaddas, qadr-qimmati aziz va mo‘tabardir. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda keng nishonlanayotgan Xotira va qadrlash kuni mazmun-mohiyatida ana shunday insonparvar tamoyillar o‘z ifodasini topgan.

Bu sana urushlarda qurbon bo‘lgan millionlab yurtdoshlarimiz xotirasiga ta’zim qiladigan, bugun saflarimizda yurgan, osmonimiz musaffoligi, yurtimiz ravnaqi yo‘lida xizmat qilgan nuroniylarga yuksak hurmat-ehtirom ko‘rsatiladigan ezgu marosimdir.

Bunday kunlarda bugungi tinch va osuda hayot, musaffo osmon, to‘kinlik va farovonlikka qanday og‘ir yo‘qotishlar, sinov va mashaqqatlar evaziga erishilgani xayolimizdan o‘tadi. Bizga nasib etgan mustaqillik, tinchlik va osoyishtalikning ahamiyatini teranroq anglaymiz.

Prezidentimiz Islom Karimovning 2014-yil 18-aprelda qabul qilingan «Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida»gi farmoni urushda halok bo‘lgan yurtdoshlarimiz xotirasiga, olovli janggohlardan omon qaytgan ota-bobolarimizga, og‘ir kunlarni sabr-bardosh bilan yenggan momolarimizga ko‘rsatilayotgan ehtiromning yana bir yorqin ifodasidir. Mazkur farmonga muvofiq urush qatnashchilari va nogironlariga pul mukofotlari va bayram sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi. Ularning holidan xabar olinib, moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatildi.

9-may. Poytaxtimizdagi Xotira maydoni har qachongidan gavjum. Bu yerga urush va mehnat faxriylari, senatorlar va deputatlar, hukumat a’zolari, harbiylar, jamoatchilik vakillari tashrif buyurdi.

Maydon uzra mahzun musiqa taraladi.

Soat 9:00. Maydonga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov kirib keldi.

Davlatimiz rahbari harbiy orkestr sadolari ostida Motamsaro ona haykali poyiga gulchambar qo‘ydi.

Prezidentimiz Ikkinchi jahon urushida jon fido qilgan yurtdoshlarimiz xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

– Bugun barcha vatandoshlarimiz, butun xalqimiz Xotira va qadrlash kuni deb nom olgan ulug‘ ayyomni, fashizm ustidan qozonilgan G‘alabaning 69-yilligini keng nishonlamoqda, – dedi Islom Karimov ommaviy axborot vositalari vakillari bilan suhbatda. – Shu kunlarda barchamiz o‘z insoniy burchimizni ado etib, bugungi tinch hayotimiz uchun, musaffo osmonimiz uchun jang maydonlarida jon berib urushdan qaytmaganlarni eslaymiz, ularning arvohlarini shod etib, o‘chmas xotirasi oldida bosh egamiz.

Bugun oramizda sog‘-salomat hayot kechirayotgan, barchamiz uchun aziz va muhtaram bo‘lgan nuroniy otaxon va onaxonlarimizga, urushda qatnashgan mardlarga, shu bilan birga, front ortida mehnat qilib, G‘alaba kunini yaqinlashtirishga munosib hissa qo‘shgan yurtdoshlarimizga chin qalbimdan hurmatimni bildiraman va ularga o‘z nomimdan, butun xalqimiz nomidan bardamlik, uzoq umr, baxtli hayot tilayman, dedi davlatimiz rahbari.

Hayotimizga, xonadonlarimizga fayz va baraka beradigan faxriylarimizning ko‘nglini ko‘tarish, ularning hayotini uzaytirishga, umrini mazmunli qilishga qo‘limizdan kelgancha hissa qo‘shish, ularga g‘amxo‘rlik va mehribonlik ko‘rsatish bizning insoniy burchimiz ekanini, bu hayot g‘animat ekanini unutmasligimiz zarur, desam, barchaning fikrini ifodalagan bo‘laman.

Aytish mumkinki, kishilik tarixidagi eng qonli, eng katta yo‘qotish va mislsiz qurbonlarga, el-yurtimiz o‘rtasida qancha-qancha musibat va ofatlar, g‘am-alamlarga, beva-bechoralar va yetimlarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘lgan beshafqat urush tugaganidan buyon oradan qariyb 70-yil o‘tmoqda. Lekin yurtimizda birorta xonadon yo‘qki, bu mash’um urushni esidan, xayolidan chiqargan bo‘lsa.

O‘ylaymanki, bu borada ba’zi bir raqamlarni takror va takror esimizga olishimiz, bolalarimizga, yosh avlodimizga yetkazib turish uchun ularni doimo xotiramizda saqlashimiz darkor, deb ta’kidladi Prezidentimiz.

Agar urushdan oldin mamlakatimizda 6,5 millionga yaqin aholi yashagan bo‘lsa, shundan 1,5 milliondan ko‘prog‘i janglarda qatnashgan. Yoki o‘sha paytdagi xalqimizning taxminan uchdan bir qismi qo‘liga qurol olib, jangu jadallarda ishtirok etgan, qonini to‘kkan.

O‘sha yovuz urushda 500 mingga yaqin yurtdoshlarimiz halok bo‘lgan, qancha odam bedarak ketgan, qancha-qancha insonlar mayib-majruh bo‘lib qaytgan.

Bu raqamlar xalqimizning fashizm ustidan g‘alaba qozonishga qanday ulkan, hech unutilmas hissa qo‘shganini ko‘rsatadi va buni birortamiz ham esimizdan chiqarmasligimiz darkor.

Bu haqda gapirganda, urush yillarining og‘ir qiyinchiliklariga mardona bardosh berib, front ortida mehnat qilgan, urush tufayli O‘zbekistonga ko‘chirilgan qancha-qancha odamlarga, ota-onasidan ayrilgan minglab yetimlarga boshpana bergan, hatto oxirgi nonini ham ular bilan baham ko‘rgan xalqimizning fidoyiligi, bag‘rikengligi haqida har qancha faxrlanib gapirsak, arziydi. Chunki el-yurtimizning ma’naviy qudrati, uning odamiylik fazilatlari, mehr-oqibati, mardligi va olijanobligi ayni mana shunday unutilmas voqealarda, tarixiy misollarda yaqqol namoyon bo‘ladi, deb ta’kidladi Yurtboshimiz. Shuning uchun ham urushda halok bo‘lganlarning, urushdan qaytmaganlarning nomlarini azim poytaxtimizning markazida va joylarda barpo etilgan Xotira maydonlarida oltin harflar bilan muhrlab qo‘yib, bundan 16-yil oldin 9-may sanasiga Xotira va qadrlash kuni deb nom berganimiz naqadar to‘g‘ri bo‘lganini bugun hayotning o‘zi yana bir bor tasdiqlab bermoqda.

Vaqt o‘tadi, zamonlar o‘tadi, lekin uzoqni ko‘zlab, hayotning o‘zi o‘rtaga qo‘yayotgan talablarni inobatga olib, odamiylik, insonparvarlik fazilatlarini ulug‘lash, umuman, Vatan uchun, elu yurt uchun xizmat qilgan insonlarning nomlarini saqlash, inson xotirasini e’zozlash yo‘lida qilingan bunday savobli ishlar, o‘ylaymanki, hech qachon unutilmaydi.

Prezidentimiz urush hech qachon qaytarilmasligi uchun bunday fojia va balolarning oldini olish, doimo ogoh va hushyor bo‘lish zarurligini ta’kidladi.

Afsuski, bugungi kunda dunyoning turli hudud va mintaqalarida, olis va yaqin atrofimizda qarama-qarshilik va ziddiyatlar tobora kuchayib borayotganini ko‘rmoqdamiz.

Ayrim joylarda qon to‘kilayotgani, nizo va adovatlar avj olayotgani, fashizm degan balo yana bosh ko‘tarayotgani, millatchilik, shovinizm kabi xavfli ofatlar maydonga chiqayotgani, bir so‘z bilan aytganda, vaziyat tobora keskinlashib, xavf-xatarlar ortib borayotgani barchamizni tashvishga solmasdan qo‘ymaydi.

Bugungi kunda har bir inson albatta bunday g‘oyat xavfli holatlarni, shular qatorida sobiq ittifoq hududlarida paydo bo‘layotgan qarama-qarshiliklarni ko‘rib, kecha yaqin do‘st bo‘lganlar ertaga o‘zaro dushmanga, o‘ta xatarli vaziyat yuzaga kelib qonli urushga aylanib ketmasligini istaydi.

Bunday tahlikali vaziyatda bizning yondashuvimiz va qarashlarimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nizomida, xalqaro huquqiy normalarda belgilab, muhrlab qo‘yilgan asosiy prinsiplarni so‘zsiz bajarishdir, zo‘ravonlikka, kuch ishlatishga yo‘l qo‘ymaslikdir.

Yuzaga keladigan qarama-qarshiliklarni, nizolarni faqat siyosiy yo‘l, tinch vositalar bilan hal etish lozim, davlatlarning siyosiy suvereniteti va chegaralari daxlsizligining buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik zarur.

Bu bizning qat’iy siyosatimizdir, dedi davlatimiz rahbari.

Butun dunyo xalqlarining ezgu orzusi, xohish-irodasi bitta. U ham bo‘lsa, urush hech qachon, hech qanday shaklda qaytarilmasin, degan talabdir. Bunday istak, bunday maqsad jahondagi barcha xalqlarning manfaatlariga to‘g‘ri keladi. Chunki, hech qaysi xalq urushni xohlamaydi. Bizning yon qo‘shnimiz bo‘lgan Afg‘oniston xalqi ham, agar o‘z holiga qo‘ysa, o‘zaro kelishib, tinch hayot kechirgan bo‘lardi.

Biz qo‘shni Afg‘onistonda tinchlik barqaror bo‘lishini istaymiz. Afg‘oniston bilan aloqalarimiz va hamkorligimizni ikki tomonlama asosda tashkil qilishni ma’qul deb bilamiz.

Shu fikrlardan kelib chiqib, yana bir bor ta’kidlamoqchiman, dedi Islom Karimov, bizning xalqimizga tinchlik va omonlik kerak. Ko‘pni ko‘rgan xalqimiz yaxshi biladi, faqat tinchlik va osoyishtalik bo‘lgan, mehr-oqibat, o‘zaro hurmat hukm surayotgan davlatda, jamiyatda farovon va baxtli hayot qurish mumkin, eng ezgu orzu-maqsadlarga yetish mumkin.

Biz boshimizdan kechirayotgan zamon barchamizdan, har birimizdan ogoh va sezgir bo‘lib yashashimizni, bugungi va ertangi kunimizni, tinch hayotimizni o‘zimiz asrashimizni talab etadi. Faqatgina tinchlikni niyat qilishimiz, orzu qilishimiz emas, balki tinchlik, osuda hayot uchun, musaffo osmon uchun albatta kurashishimiz darkor.

Mening ishonchim komil: orqamizga qarab, xolisona baho berishimiz zarur. Biz kechirgan hayot oson o‘tgani yo‘q. Biz oldin o‘tmagan katta maktabni o‘tdik. Bugungi odamlarimiz, ularning dunyoqarashi, ongu tafakkuri, siyosiy va ijtimoiy faolligi, hayotning ma’nosiga qarashi yon atrofimizdagi vaziyat o‘zgarishi bilan yaqqol o‘zgarib borayotgani bugun har qadamda namoyon bo‘lmoqda, deb ta’kidladi Prezidentimiz.

Sodda qilib aytganda, bugungi fuqarolarimiz, bugungi insonlar bilan 90-yillardagi odamlar o‘rtasida yer bilan osmoncha farq bor, desak, bu ham haqiqat.

Shu haqda gapirganda, biz, avvalambor, o‘tgan davr mobaynida qanday qiyin, qanday og‘ir bo‘lmasin, qanday mashaqqatli sinovlarni boshimizdan kechirishga to‘g‘ri kelmasin, o‘zimizning oriyatli, g‘urur va iftixor bilan yashaydigan xalq ekanimizni, o‘z tariximizni, kimning avlodlari ekanimizni esimizdan chiqarmadik. Va uzoqni ko‘zlab oldimizga qo‘ygan maqsadlarga erishish uchun o‘zimizni ayamadik, barcha-barcha tahdid va xavf-xatarlardan el-yurtimizni himoya qilishga doimo tayyor bo‘lib turdik.

Aynan shuning hisobidan, ana shunday olijanob, o‘xshashi yo‘q xalqimiz borligi uchun O‘zbekistonimiz bugungi kunda jahondagi kamdan-kam davlatlar qatorida yuksak, barqaror sur’atlar bilan o‘sib, odamlarning kundalik turmushi, hayoti har tomonlama obod va farovon bo‘lib bormoqda. Bir so‘z bilan aytadigan bo‘lsak, biz barchani hayratda qoldiradigan marralarni qo‘lga kiritmoqdamiz va ertangi kunga katta ishonch bilan yashamoqdamiz.

Ayniqsa, yoshlarimiz, farzandlarimizning yonib turgan ko‘zlari, g‘ayrat-shijoati, bilimga intilishi, dunyoda hech kimdan kam bo‘lmayman, degan harakatini yorug‘ kelajagimizning, ezgu maqsadlarimizga erishishning asosiy omili va garovi sifatida ko‘ramiz, dedi Islom Karimov.

Joriy yilga yurtimizda Sog‘lom bola yili, deb nom berganimiz, hech shubhasiz, ayni shu yo‘lda amalga oshirayotgan keng ko‘lamli ishlarimizni yangi yuksak bosqichga ko‘tarishi va ulkan natijalar berishi muqarrar.

Mana shunday niyatlarimiz bugun ro‘yobga chiqayotganiga yaqinda Qoraqalpog‘istonga borganda katta bir qurilish – Surg‘il gaz-kimyo kompleksida bo‘lgan suhbatda guvoh bo‘ldim.

Dunyoda kamdan-kam uchraydigan qiymati qariyb 4 milliard dollarlik ana shu kompleksni qurishga Janubiy Koreyadan kelgan, ko‘p mamlakatlarda bo‘lgan mutaxassislarning yoshlarimiz haqida o‘z taassurotini yashirmasdan, balki g‘ururlanib gapirganini aytishni joiz, deb bilaman.

Ayniqsa, koreyalik ish boshqaruvchi, ya’ni menejerning aytgan so‘zlari esimda qoldi. U biz dunyoning ko‘plab mamlakatlarida mana shunday obyektlarni barpo etishda qatnashganmiz, dedi. Lekin, hech qayerda O‘zbekistondagidek aql-zakovatli, zehni o‘tkir, intiluvchan yoshlarni ko‘rganimiz yo‘q. O‘zbek yoshlarining har qanday murakkab jarayon va texnologiyalarni tez o‘zlashtirib olishi bizda hayrat uyg‘otdi, degan gaplari, o‘ylaymanki, barchamizga mamnuniyat yetkazmoqda.

Haqiqatan ham, bunday yoshlarimizni, ertangi kunimizning tayanchi va suyanchi, davomchisi bo‘lgan, tobora hal qiluvchi kuchga aylanib borayotgan farzandlarimizni ko‘rib, ularning chehrasiga boqib, oldimizda turgan barcha-barcha yuksak marralarni egallaymiz, ezgu maqsadlarimizga erishamiz, o‘z murodimizga yetamiz, degan ishonchimiz yanada mustahkamlanadi.

Ollohdan tinchlik, osoyishtalik berishini, yomon ko‘zlardan asrashini so‘raymiz.

So‘zimning nihoyasida muhtaram faxriylarimizni, butun xalqimizni bugungi qutlug‘ bayram bilan yana bir bor tabriklab, barcha-barchangizga uzoq umr, sihat-salomatlik, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman, dedi Prezidentimiz.

Shu kuni Motamsaro ona haykali poyi gullarga burkandi. Xotira maydoni oqshomga qadar yurt tinchligi va ozodligi, avlodlarning porloq istiqboli uchun jonini fido qilgan vatandoshlarimiz xotirasiga hurmat bajo etish uchun kelgan ziyoratchilar bilan gavjum bo‘ldi. (O`zА)

"O‘qituvchi" nashriyot-matbaa ijodiy uyi ("O‘qituvchi" NMIU) umumta`lim maktablari, oliy o`quv yurtlari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari uchun original, tarjima darsliklar, o`quv qo`llanmalar, shuningdek, o`qituvchilar uchun metodik qo`llanmalar nashr etadi. Buyurtma

Batafsil ma`lumot

Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 9-may – Xotira va qadrlash kuni mamlakatimizda umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanmoqda

Yangiliklarni o‘qishni tavsiya etamiz

Mamlakat bo‘ylab kitob bayrami o‘tkaziladi

22- va 23- may kunlari O‘zbekistonning barcha hududlarida kitob bayrami bo‘lib o‘tadi.

Prezident Islom Karimovning “O‘rta asrlar Sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy merosi, uning zamonaviy sivilizatsiya rivojidagi roli va ahamiyati” mavzusidagi xalqaro konferensiyaning ochilish marosimidagi nutqi

Hurmatli konferensiya ishtirokchilari, xonimlar va janoblar! Siz, konferensiya ishtirokchilarini, avvalo, muhtaram mehmonlarimizni...

Mashhur yangiliklar

Войти / Регистрация
Закладки
Корзина покупок
Оформление заказа
Интернет-магазин книги в Ташкенте