Yangilangan sana: 2014-05-01 Ko`rilgan: 1050

Favvoralar – tinchlik, farovonlik va go‘zallik ramzi

1-may kuni Toshkentda “Favvoralar sayli” yoshlar ommaviy-madaniy tadbirlari o‘tkazildi.

Bayramona kayfiyat butun poytaxtimiz bo‘ylab hukm surdi. Quyosh porlab, mayin esayotgan ko‘klam shabadasi dillarni tetiklashtirdi, musaffolik baxsh etdi, yam-yashil dov-daraxtlar, turfa gullar ko‘zni quvontirdi. Bayramona libos kiygan yurtdoshlarimiz va xorijlik sayyohlar tantanali tadbirlar o‘tkazilgan favvoralar atrofida jam bo‘ldi. “Favvoralar sayli”ning asosiy ishtirokchilari yoshlardir.

Ushbu chinakam yoshlar bayrami milliy qadriyatlarimiz, ona yurtimizning boy tarixi va mustaqilligimiz yutuqlarini qadrlaydigan, Vatanimiz va xalqimizni chin dildan sevadigan barkamol avlodni tarbiyalash, jamiyatda o‘zaro hurmat va ishonch ruhini, tinchlik-totuvlikni mustahkamlash, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishga xizmat qiladi. Sayil O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining shu yil 23-aprelda qabul qilingan “Toshkent shahrida “Favvoralar sayli” yoshlar ommaviy-madaniy tadbirlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq o‘tkazildi.

Toshkent favvoralari yoshlar ommaviy sayli o‘tkaziladigan joy sifatida bejiz tanlangani yo‘q. Markaziy Osiyodagi hech bir shaharda poytaxtimizdagi kabi rang-barang, xushmanzara va betakror favvoralarni uchratmaysiz. Davlat muassasalari, muzeylar, banklar, restoran va kafelar yonida, bozorlarda, o‘quv muassasalarida, istirohat bog‘lari va xalq sayllari o‘tkaziladigan joylarda bir-biridan chiroyli 60 dan ortiq favvora ishlab turibdi. Ular atrofida barcha qulayliklar mavjudligi tufayli favvorlar jajji bolajonlar, yoshlar va faxriylar, poytaxtimiz mehmonlari bilan hamisha gavjum. Bunday xushmanzara joylarda maktab, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari, talabalar uchun sayyor darslar o‘tkaziladi, uchrashuvlar belgilanadi, kelin-kuyovlar va ko‘plab sayyohlar suratga tushadi.

Favvoralar nafaqat tinch va osoyishta hayotimiz, balki mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlarining yorqin ifodasi sifatida xalqimizning ko‘p asrlik tarixini o‘zida mujassam etgan. Sharqda XIV-XV asrlarda ham favvoralar urf bo‘lgan. Sohibqiron Amir Temurning Samarqanddagi Dilkusho bog‘ida bo‘lgan ispan elchisi Rui Gonsales de Klavixo hayrat bilan shunday yozgan edi: “Podshoh saroyida suvi tepaga otilib turuvchi favvora bo‘lib, unda qizil olmalar qalqib turardi...”. Arxeologik qazish ishlari paytida bunday inshootlar Shahrisabzdagi Oqsaroy, Buxorodagi Sitorai Mohi Xosa majmuasi va boshqa tarixiy inshootlardan ham topilgan. Alisher Navoiy asarlari va “Boburnoma”dagi miniatyuralarda ham qadimiy favvoralar suratini ko‘rish mumkin. Bularning barchasi ajdodlarimizning yuksak bunyodkorlik mahorati va yaratuvchanlik salohiyatidan dalolat beradi.

Prezidentimiz rahnamoligida mustaqillik yillarida favvora barpo etishning ko‘p asrlik an’analari mazmunan yanada boyitildi. Zamonaviy ilm-fan taraqqiyoti tufayli an’anaviy favvoralar o‘rnini rang-barang chiroqlar bilan jihozlangan va musiqali favvoralar egalladi. Bunday favvoralarda suv shunchaki bosim bilan otilmaydi, balki dastur yordamida suv oqimi, chiroqlar va musiqa uyg‘unlashib, fusunkor manzara hosil qiladi. Chiroqlar favvoralarning go‘zalligini namoyon etadi, g‘aroyib tarzda ularni o‘zgartiradi va kechki payt yanada ajoyib ko‘rinish oladi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, Toshkent shahar hokimligi tomonidan tashkil etilgan “Favvoralar sayli” yoshlar ommaviy-madaniy tadbirlari ishtirokchilari kundalik hayotimizga yangicha nazar tashlash imkoniyatiga ega bo‘lib, xalqimizning bunyodkorlik salohiyatiga yana bir bor tan beradi.

Tibbiyot mutaxassislarining fikricha, favvoralar oldida bayram sayllarining o‘tkazilishi sog‘liq uchun ham foydali ekan. Musaffo suv kishiga huzur-halovat bag‘ishlab, kayfiyatini ko‘taradi, toliqishni oladi. Favvora suvi jilosini kuzatadigan insonlarda qon aylanishi va miya faoliyati yaxshilanadi, asab tizimi tinchlanadi.

Sayr qilib yurganlar orasida yosh sportchilarni ham uchratish mumkin. Yunusobod tumanidagi 19-ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari bolalar va o‘smirlar sport maktabi uslubchisi Nuriddin Mahmudovning izoh berishicha, toza havoda sayr qilish sportchining jismoniy va ruhiy tayyorgarligiga g‘oyat ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu asosan jiddiy musobaqalar oldidan o‘tkaziladigan kuchaytirilgan mashg‘ulotlardan keyin quvvatni tez tiklashga yordam beradi.

Bunday tantanali tadbirlar poytaxtimizdagi barcha yirik favvoralar yonida tashkil etildi. Ularning 14 tasida yozuvchilar, shoirlar, san’atkorlar, rassomlar, raqs va teatr guruhlari ishtirokida ommaviy ma’naviy-madaniy tadbirlar bo‘lib o‘tdi. Tashkilotchilar tadbir o‘tkaziladigan joylarning tirixiy-madaniy xususiyatlarini inobatga olgani tufayli barcha tomoshalar o‘ziga xosligi va betakrorligi bilan ajralib turdi.

Jumladan, poytaxtimizning Xadra maydonidagi 12 metr balandlikkacha ko‘tariladigan, rang-barang chiroqlar yog‘dusida jilolanadigan favvora oldida o‘tkazilgan tadbirda milliy-madaniy an’ana va qadriyatlarimizga urg‘u berildi. Betakror karnay-surnay sadolari ostida milliy musiqalarimiz yangrab turdi, dorbozlar o‘z mahoratini namoyish etdi, qulay so‘rilarda oqsoqollar qizg‘in suhbatlashdi.

– Yoshligimda Xadra maydoni qay ahvolda bo‘lganini yaxshi eslayman, – deydi poytaxtimizning Olmazor tumanida istiqomat qiladigan Sharofat aya Toshxo‘jayeva. – Hamma yog‘i beton bilan qoplangan bu maydonda kichkina favvora bo‘lardi. Unda-bunda joylashgan o‘rindiqlarda quyosh nuridan qochib bo‘lmas edi. Bugun esa madaniy hordiq chiqarish uchun barcha sharoitlar yaratilgan, atrof yam-yashil daraxtzor. Nevaralarim bilan bu yerga tez-tez kelib turamiz. Bolalar attraksionlarda o‘ynaydi, biz, keksalar esa zamonaviy Toshkentning go‘zalligidan zavqlanib, tobora ko‘rkamlashib borayotgan shahrimiz qiyofasidan xursand bo‘lamiz. Bunday sharoitlar uchun Yurtboshimizdan minnatdormiz

“International Tashkent” mehmonxonasi yonidagi favvora oldida turfa musiqalar yangrab, san’atkorlarning chiqishlari namoyish etildi. “Bolajon” madaniyat va istirohat bog‘i hududida jajji bolakaylar va ularning ota-onalari uchun zarur barcha sharoitlar yaratildi. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Davlat akademik katta teatri binosi ro‘parasidagi musiqali favvora suvi zamonaviy opera va mumtoz musiqa sadolari ostida bamisoli kamalakdek jilolanadi.

– Biz bu saylni intiqlik bilan kutdik, – deydi Zafar va Viloyat Mamajonovlar. – Kechki sayr va favvoralar oldida hordiq chiqarish yosh oilamizning yaxshi an’anasiga aylangan. Bugungi kunda poytaxtmizning barcha tumanlarida bolalar uchun o‘yin maydonchalari mavjud, muzqaymoq, salqin ichimliklar, turli o‘yinchoqlar sotiladigan do‘konchalar, yashil hududlar tashkil etilgan. Farzandlarimizning xursandchiligidan bizning ham ko‘nglimiz yayraydi. Mustaqillik maydoni, Simpoziumlar saroyi oldida bo‘lib o‘tgan sayllarda qatnashdik. Endi “Lokomotiv” madaniyat va istirohat bog‘iga bormoqchimiz.

Xalqimiz azaldan bayramlarni, xursandchilikni xush ko‘radi va qadrlaydi. Bayramlarimiz mehmonlar, milliy musiqa sadolari, kuy-qo‘shiqlar, raqslar bilan xushchaqchaq va jo‘shqin ruhda o‘tadi. “Favvoralar sayli” ham bundan istisno bo‘lmadi.

Ushbu saylni chinakam xalq bayrami deyish mumkin. Sayl ishtirokchilari orasida xorijlik mehmonlar ham ko‘pchilikni tashkil etadi.

– O‘zbekistonda to‘rtinchi bor bo‘lishim, ammo har safar kelganimda ko‘plab yangi binolar, bog‘lar va favvoralar barpo etilganiga guvoh bo‘lmoqdaman, – deydi Janubiy koreyalik mehmon Cho Chankl Yo. – Bu O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan izchil bunyodkorlik ishlaridan dalolat beradi. Toshkentning keng va ravon ko‘chalari, sharqona go‘zallik uyg‘unlashgan binolari menda ajoyib taassurotlar qoldirmoqda. Bu yerda kechki shahar bo‘ylab sayr qilishni, favvoralarning salqin shabadasidan rohatlanishni yaxshi ko‘raman. Bu galgi tashrifim shunday ajoyib bayramga to‘g‘ri kelganidan juda xursandman.

Poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan “Favvoralar sayli” yoshlar ommaviy-madaniy tadbirlari tom ma’noda yoshlik, bahor, shodu xurramlik va ezgu niyatlar bayramiga aylandi. Ona shahrimizning turfa ranglarda tovlanayotgan favvoralari mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalik, barqarorlik va farovonlik hukm surayotganidan dalolatdir. Zero, faqat shunday sharoitdagina taraqqiyot bo‘ladi, bunyodkorlik ishlari amalga oshiriladi. (UzА)

"O‘qituvchi" nashriyot-matbaa ijodiy uyi ("O‘qituvchi" NMIU) umumta`lim maktablari, oliy o`quv yurtlari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari uchun original, tarjima darsliklar, o`quv qo`llanmalar, shuningdek, o`qituvchilar uchun metodik qo`llanmalar nashr etadi. Buyurtma

Batafsil ma`lumot

Favvoralar – tinchlik, farovonlik va go‘zallik ramzi

Yangiliklarni o‘qishni tavsiya etamiz

„O‘qituvchi“ NMIUda buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiyning birinchi marta rus tiliga tarjima qilingan «Жемчужная строфа» („Nazm ul-javohir“) nomli ajoyib asari nashrga tayyorlanmoqda

„O‘qituvchi“ NMIUda buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiyning birinchi marta rus tiliga tarjima qilingan «Жемчужная строфа» („Nazm ul-javohir“) nomli ajoyib asari nashrga tayyorlanmoqda.

O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasida „Sog‘lom bola yili“ Davlat dasturiga bag‘ishlab seminar o‘tkazildi

„O‘qituvchi“ NMIU xodimlari „Sog‘lom bola yili“ Davlat dasturiga bag‘ishlab O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasida o‘tkazilgan seminarda ishtirok etdilar. Seminarda bolalar adabiyotini yanada rivojlantirish rejalari hamda nashr etilgan kitoblarning tahlili bo‘lib o‘tdi.

Mashhur yangiliklar

Войти / Регистрация
Закладки
Корзина покупок
Оформление заказа
Интернет-магазин книги в Ташкенте