Yangilangan sana: 2014-01-14 Ko`rilgan: 1155

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 22-yilligi munosabati bilan Vatan himoyachilariga bayram tabrigi

Hurmatli askar va serjantlar, ofitser va generallar, Qurolli Kuchlarimiz faxriylari, qadrli yurtdoshlar!

Sizlarni mamlakatimiz hayotidagi g‘oyat muhim va qutlug‘ voqea – Vatan himoyachilari kuni va Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining 22-yilligi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etish menga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi.

O‘zbekistonda keyingi yillarda zamonaviy qurol-yarog‘ va texnika bilan har tomonlama yaxshi ta’minlangan, harakatchan, yuksak talab va standartlarga javob beradigan, mamlakatimiz xavfsizligi va hududiy yaxlitligini, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini samarali va ishonchli himoya qilishga qodir bo‘lgan milliy armiyani shakllantirish bo‘yicha ko‘lami va miqyosiga ko‘ra ulkan ishlar tizimli va bosqichma-bosqich ravishda amalga oshirildi.

Bu borada tashkiliy-shtat tuzilmalarini butunlay qayta ko‘rib chiqishga, shuningdek, yuz berishi mumkin bo‘lgan harbiy harakatlar teatrining o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda, Qurolli Kuchlarni tezkor-strategik boshqarishning zamonaviy va samarali tizimini yaratishga, qo‘shin turlarining o‘zaro kelishib harakat qilishini takomillashtirishga, ularni zamonaviy texnika va qurol-yarog‘lar bilan ta’minlashga, jangovar va o‘quv tayyorgarlikning ma’no-mazmunini o‘zgartirishga, harbiy xizmatchilarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni tubdan yaxshilashga alohida e’tibor qaratildi.

Mintaqadagi tez o‘zgarib borayotgan va murakkab harbiy-siyosiy ahvol va vaziyatning yanada keskinlashish ehtimolini inobatga olib, Qurolli Kuchlarimiz tarkibidagi qism va bo‘linmalarning jangovar imkoniyatlari va kuch-qudrati, harakatchanligi va ularni boshqarish samaradorligi sezilarli ravishda oshirildi.

Shu bilan birga, bugungi kunda dunyoda va yon-atrofimizda yuz berayotgan mojaro va to‘qnashuvlar, radikalizmning kuchayishi, Afg‘onistondagi urushning hamon davom etayotgani va bu muammoni hal etish borasida mavhumlik saqlanib qolayotgani, terrorizm va diniy ekstremizmning faollashayotgani, tajovuzkor narkotrafikning keng tus olayotgani, chegaralarimizga bevosita yaqin hududlarda xavf-xatar kuchayib borayotgani – bularning barchasi bizda chuqur tashvish va xavotir uyg‘otmasdan qolmaydi, albatta.

AYSAF deb atalmish tinchlikparvar kuchlarning Afg‘onistondan olib chiqib ketilishi Markaziy Osiyo mintaqasidagi barcha mamlakatlar uchun jiddiy sinovga aylanishi, bizning janubiy sarhadlarimizda va chegaradosh hududlarda keskinlikning yanada kuchayishiga olib kelishi mumkin.

Bunday murakkab va oqibatini oldindan aytib bo‘lmaydigan jarayonlarning barchasi bugungi kunda hammamizdan yuksak darajadagi hushyorlik va ogohlikni, chegaralarimizda keskinlikni keltirib chiqarishga qaratilgan urinishlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha qat’iy choralarni ko‘rishni, mamlakatimizga qarshi qaratilgan har qanday tajovuzkor xurujlarga Qurolli Kuchlarimizning o‘z vaqtida va munosib zarba berish qobiliyatini ta’minlashga doimo tayyor turishimizni talab etmoqda.

Shu munosabat bilan yuzaga kelayotgan murakkab vaziyatda armiyamizni isloh etishni va uning mudofaa qudratini, jangovar salohiyatini, mamlakatimiz suverenitetini himoya qilish, sarhadlarimiz daxlsizligi va xalqimizning tinch hayotini ko‘z qorachig‘idek asrash bo‘yicha tayyorgarligini yanada mustahkamlashni davom ettirish zarur, deb hisoblayman.

Chegaradosh hududlarda va butun mintaqadagi tez o‘zgarib borayotgan ahvolni aniq maqsad asosida tizimli ravishda chuqur tahlil va prognoz qilib borish, sarhadlarimizdagi vaziyatni jiddiy tarzda murakkablashtirishi mumkin bo‘lgan terrorist va ekstremist kuchlar xatti-harakatlarining faollashuv ehtimoli bilan bog‘liq bo‘lgan xavf-xatarlarni o‘z vaqtida aniqlashni ta’minlash Qurolli Kuchlar, Mudofaa vazirligi, Bosh shtab va harbiy okruglar shtablarining asosiy vazifasi hisoblansin.

Ana shu asosda mamlakatimizning mudofaa sohasidagi qurilish tizimini takomillashtirish jarayonini, harbiy operatsiyalar amalga oshiriladigan har qaysi yo‘nalishning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda davom ettirish g‘oyat muhimdir. Mamlakatimiz xavfsizligiga nisbatan, birinchi navbatda, chegara hududlarida vujudga keladigan xatarlarning oldini olish bo‘yicha, harbiy okruglar va chegara qo‘shinlari bo‘linmalari tomonidan birgalikda olib boriladigan o‘zaro muvofiqlashtirilgan jangovar operatsiyalarni o‘tkazish uchun, doimiy tayyorgarlikni ta’minlash bo‘yicha ta’sirchan chora-tadbirlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratish darkor. Bunday sharoitda Davlat chegaralarini himoya qilish va qo‘riqlash uchun jalb etiladigan bo‘linmalarning bir-birining o‘rnini bosishga har tomonlama qodir bo‘lishi va yuksak darajada kelishib harakat qilishi, shuningdek, ularning birgalikdagi jangovar tayyorgarligi hal qiluvchi rol o‘ynashi zarur.

Bu borada Qurolli Kuchlar va harbiy okruglar qo‘mondonligi tomonidan qo‘shinlarning amaldagi o‘quv va jangovar tayyorgarlik tizimining tanqidiy baholanishi o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu tizim yaqin va o‘rta muddatga mo‘ljallangan istiqbolda mintaqada yuzaga keladigan real harbiy-siyosiy vaziyat talablariga to‘la javob berishi kerak.

Shu munosabat bilan xorijiy mamlakatlarda to‘plangan tajribani atroflicha o‘rganish asosida chegara qo‘shinlari va Mudofaa vazirligi qismlarining, vertolyot-hujum va maxsus operatsiyalarni amalga oshiradigan bo‘linmalarning, birgalikdagi harakatlarga jalb etiladigan boshqa qo‘shin turlarining o‘zaro hamkorligi bo‘yicha, turli model va variantlarni ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratish zarur.

Qism va bo‘linmalarni mazkur tuzilmalarning jangovar qobiliyatini sezilarli ravishda oshirish imkonini beradigan, zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnika turlari bilan ta’minlash bo‘yicha qabul qilingan reja va dasturlarni to‘liq va o‘z vaqtida amalga oshirish asosiy vazifamiz bo‘lib qolishi darkor.

Jangovar tayyorgarlikni saqlash uchun, shuningdek, yangi qurol-yarog‘ va harbiy texnika namunalarini ishlab chiqaradigan va ularni modernizatsiya qiladigan qo‘shma korxonalarni tashkil etish uchun mamlakatimizdagi ishlab chiqarish va ta’mirlash bazasini rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni kuchaytirish lozim.

Jangovar vzvod va guruhlarni har tomonlama puxta tayyorlash borasidagi ishlarni, ushbu bo‘linmalar komandirlariga va butun shaxsiy tarkibning professional tayyorgarligiga bo‘lgan talabning tobora ortib borayotganini nazarda tutgan holda takomillashtirish zarur.

Vzvod va guruhlarni tayyorlashda komandirlar tarkibida mavjud ahvolni har tomonlama baholash va tahlil etish, nostandart qarorlar qabul qilish, mustaqil jangovar vazifalarni bajarish vaqtida bo‘linmalarni mohirlik bilan boshqarish bo‘yicha qat’iy malakani shakllantirishga, mutaxassislarning bir-birining o‘rnini bosa olishi va bo‘linmalarning yuksak darajada uyg‘un harakat olib borishini ta’minlash maqsadida, shaxsiy tarkibning o‘zaro yaqin mutaxassislik turlarini, yangi texnika va qurol-yarog‘larni egallashiga alohida e’tibor qaratish lozim.

Shu munosabat bilan keng bilim va tafakkurga, yuksak professional va ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega bo‘lgan, zamonaviy fikrlaydigan, intellektual jihatdan rivojlangan, shiddatli tarzda amalga oshiriladigan zamonaviy jangovar harakatlar sharoitida, o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni muvaffaqiyatli ado etishga qodir bo‘lgan harbiy kadrlarni samarali tayyorlash masalasi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Serjantlar korpusini tayyorlashni mustahkamlash bo‘yicha boshlagan ishlarimizni davom ettirish va chuqurlashtirish g‘oyat muhim vazifalarimiz qatoriga kiradi.

Serjantlar tayyorlash maktablari faoliyatini yangi, zamonaviy talablarga muvofiq holda har tomonlama yangilashni nazarda tutadigan, kichik komandirlarni tayyorlashning ko‘p bo‘g‘inli yagona tizimini yanada rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish lozim. Professional jihatdan puxta tayyorlangan serjantlar tarkibi so‘zda emas, amalda armiyamizning tayanchi va o‘zagiga aylanishi zarur. Chunki har qaysi harbiy jamoadagi axloqiy-ruhiy va ma’naviy muhit ko‘p jihatdan aynan ularga bog‘liqdir.

Harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish masalalarini hal etish, ularni har tomonlama qulay uy-joylar, zamonaviy sotsial-maishiy shart-sharoitlar, sifatli tibbiy xizmat bilan ta’minlash bo‘yicha qabul qilingan davlat dasturlarini to‘liq ro‘yobga chiqarish va ana shu maqsadlar uchun ajratiladigan byudjet mablag‘larini yanada ko‘paytirish masalalari ham e’tiborimiz markazida bo‘lib qolishi darkor.

Qadrli do‘stlar!

Armiyamizning bo‘lg‘usi askar va ofitserlarini chaqiriqqacha bo‘lgan davrda tayyorlashning o‘rni va ahamiyatini, ularning mazkur mashaqqatli kasbni tanlashga ongli yondashishi naqadar muhim ekanini bugun alohida ta’kidlab o‘tirishning hojati yo‘q, albatta.

Shu munosabat bilan ta’lim muassasalari, mehnat jamoalari va mahallalarda aholining keng qatlamlari, jumladan, harbiy xizmatchilar va Qurolli Kuchlarimiz faxriylarini jalb etgan holda, harbiy-vatanparvarlik yo‘nalishidagi tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha ishlarni faollashtirish, bo‘lg‘usi askarlarning ongu tafakkurini, yurtimiz tarixiga oid bilimlarini oshirish, jismoniy chiniqtirish talab etiladi. Harbiy xizmat, harbiy kadrlarni tayyorlash va armiyamizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlardan mamlakatimiz fuqarolarini xabardor etishda ommaviy axborot vositalari va Internetning milliy tarmog‘i imkoniyatlaridan faol foydalanish zarur. Bu borada rasmiyatchilik va yuzaki yondashuvlarga yo‘l qo‘ymaslik, yoshlarimiz qalbida Vatanimizga chuqur mehr-muhabbat, uning Qurolli Kuchlari bilan g‘ururlanish va harbiy xizmatga hurmat tuyg‘usini tarbiyalash lozim.

Bunday dolzarb va uzoq muddatga mo‘ljallangan vazifalarni amalga oshirishda Mudofaa vazirligi qoshida tashkil etilgan Jamoatchilik kengashi, keng jamoatchilik vakillari, madaniyat, san’at va sport namoyandalari alohida rol o‘ynashi kerak.

Hurmatli vatandoshlar!

Barchamiz uchun alohida qadrli bo‘lgan mana shu qutlug‘ ayyomda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 22-yilligini bayram qilar ekanmiz, hammangizni, butun xalqimizni Vatan himoyachilari kuni bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman.

Mana shu imkoniyatdan foydalanib, barcha harbiy xizmatchilar – askar va serjantlar, ofitser va generallarga, bugungi kunda milliy armiyamiz saflarida murakkab jangovar xizmatni ado etayotgan, o‘zining sharafli va mas’uliyatli harbiy burchini bajarishda jonbozlik ko‘rsatayotgan barcha yurtdoshlarimizga samimiy minnatdorlik bildiraman.

Hammangizga mustahkam sog‘liq, katta yutuqlar, Vatanimizga sadoqat bilan xizmat qilish yo‘lida kuch-g‘ayrat tilayman.

Yangi – 2014-yilda sizlarga, oilalaringizga tinchlik-omonlik, baxt va omad, qut-baraka doimo yor bo‘lsin!

Islom Karimov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti,
Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni

"O‘qituvchi" nashriyot-matbaa ijodiy uyi ("O‘qituvchi" NMIU) umumta`lim maktablari, oliy o`quv yurtlari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari uchun original, tarjima darsliklar, o`quv qo`llanmalar, shuningdek, o`qituvchilar uchun metodik qo`llanmalar nashr etadi. Buyurtma

Batafsil ma`lumot

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 22-yilligi munosabati bilan Vatan himoyachilariga bayram tabrigi

Yangiliklarni o‘qishni tavsiya etamiz

O‘zbekistonning eng yirik nashriyotlari o‘rtasida saytlar mashhurligi reytingi

Bugun 2013 yilning dekabr oyi uchun «O‘qituvchi» nashriyot-matbaa ijodiy uyi, «G‘afur G‘ulom» nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, «O‘zbekiston» nashriyot-matbaa ijodiy uyi,«O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi» Davlat ilmiy nashriyoti, «Cho‘lpon» nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi kabi O‘zbekistonning yirik nashriyotlari o‘rtasidagi eng mashhur saytlar natijasini keltiramiz...

Barkamol avlod tarbiyasi yo‘lida

Davlatimiz rahbari sog‘lom bolani voyaga yetkazishning asosiy omillari xususida so‘z yuritar ekan...

Mashhur yangiliklar

2013-04-05 Oqsaroyda qabul

Войти / Регистрация
Закладки
Корзина покупок
Оформление заказа
Интернет-магазин книги в Ташкенте