Yangilangan sana: 2013-11-23 Ko`rilgan: 1218

Prezident Islom Karimovning Osiyo quyosh energiyasi forumining oltinchi yig‘ilishidagi nutqi

Hurmatli Forum ishtirokchilari!

Xonimlar va janoblar!

Siz, aziz mehmonlarimizni, nufuzli xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari, xorijiy davlatlar hukumatlari rahbarlari, yirik agentlik va kompaniyalar, tadqiqot markazlari vakillari, mutaxassis va ekspertlarni – Forumning mazkur yilig‘ishida qatnashayotgan barcha ishtirokchilarni Toshkent shahrida qabul qilish va qutlash, hammangizga chuqur hurmat-ehtiromimizni bildirish biz uchun katta sharafdir.

Men Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Takexiko Nakao janoblariga Forum yig‘ilishida shaxsan ishtirok etayotgani, «Quyosh energiyasi bo‘yicha Osiyo tashabbusi»ni hayotga tatbiq etishga qo‘shayotgan ulkan hissasi, Osiyo taraqqiyot banki va uning tuzilmalari tomonidan quyosh energetikasidan foydalanish va uni jadal rivojlantirishni rag‘batlantirish sohasida ko‘rsatilayotgan beqiyos yordam uchun alohida minnatdorlik bildiraman.

Forum majlisida ishtirok etayotgan Xalqaro energetika agentligi (XEA), Birlashgan Millatlar Tashkilotining Sanoatni rivojlantirish tashkiloti (YuNIDO), Islom taraqqiyot banki va boshqa xalqaro markazlar va tuzilmalar vakillariga, mazkur anjumanga katta qiziqish bildirgan barcha mehmonlarimizga samimiy tashakkur izhor etaman.

«Quyosh energiyasi texnologiyalarini rivojlantirish tendensiyalari va istiqbollari» mavzusidagi mazkur yig‘ilish uchun taklif etilgan kun tartibini, birinchi navbatda, «Quyosh energetikasi uchun uskunalar va ehtiyot qismlar ishlab chiqarish sanoatini rivojlantirish va Osiyo uskunalar bozorini kengaytirish istiqbollari» kabi masalalarni har tomonlama muhokama qilish, hech shubhasiz, g‘oyat dolzarb ahamiyatga ega bo‘lib, ko‘plab davlatlar va mintaqalarda katta amaliy qiziqish uyg‘otadi.

Ma’lumki, sivilizatsiyalar tarixida eng samarali energiya manbalarini topish doimo alohida ahamiyatga ega bo‘lib kelgan. Birinchi navbatda, elektr va issiqlik energiyasining asosiy xomashyosi bo‘lgan uglevodorod zaxiralarini o‘zlashtirish uchun so‘nggi o‘n yillikda ulkan miqdordagi investitsiya mablag‘lari yo‘naltirildi va yo‘naltirilmoqda.

Bugungi kunda energiya resurslari manbalari, neft va gaz zaxiralariga ega bo‘lish cheksiz daromad olish va xalqaro maydonda o‘zining mavqei va ta’sirini oshirishda alohida ahamiyat kasb etadigan eng muhim omillardan biri ekani hech kimga sir emas.

Keyingi paytda uglevodorod xomashyosini qazib olish borasida yuz bergan, «slanets inqilobi» deb atalayotgan yangi bosqich ertaga ba’zi qit’alar, mamlakat va hududlarning energetika bozoridagi hamda jahon maydonidagi kuchlarning geosiyosiy joylashuvidagi o‘rni va rolini o‘zgartiradigan jiddiy omilga aylanishi mumkinligiga shubha qilmasa ham bo‘ladi, deb o‘ylayman.

Biroq bunday o‘zgarishlar qayta tiklanadigan energiya manbalariga, birinchi navbatda, dunyodagi eng sof quyosh energiyasidan foydalanishga bo‘lgan, yildan-yilga ortib borayotgan qiziqish va ehtiyojni hech qachon susaytira olmaydi.

Bu haqda gapirganda, quyidagi faktga alohida e’tibor qaratish lozim. Xalqaro energetika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda elektr energiyasi ishlab chiqarishning o‘sish sur’atlari o‘rtacha 3,4 foizni tashkil etayotgan bir paytda, qayta tiklanadigan energiya manbalarining eng istiqbolli tarkibiy qismi bo‘lgan quyosh energiyasi keyingi besh yil davomida har yili misli ko‘rilmagan sur’atlarda, ya’ni 60 foizga oshmoqda.

Ana shu 5-yil mobaynida quyosh energetikasi sohasiga yo‘naltirilgan yalpi investitsiyalar hajmi 520 milliard dollarni, jumladan, faqat 2012-yilning o‘zida 143 milliard dollarni tashkil etdi.

Quyosh stansiyalari tomonidan 2012-yilda ishlab chiqarilgan jami elektr energiyasi 113 milliard kilovatt-soatni, jumladan, fotoelektr stansiyalar bo‘yicha 110 milliard kilovatt-soatni tashkil etdi.

Xalqaro ekspertlarning fikriga ko‘ra, dunyoda muqobil va qayta tiklanadigan energiya manbalarini izlab topish va ularning samaradorligini oshirish, xususan, elektr va issiqliq energiyasi olish uchun quyosh energiyasidan foydalanishga bo‘lgan qiziqishning jadal o‘sib borishiga olib kelayotgan sabablar ko‘p.

Birinchi navbatda, bu jahon iqtisodiyotida energiyaga bo‘lgan talabning yil sayin ortib borayotgani bilan bog‘liq. Yana bir sababi shundaki, an’anaviy uglevodorod xomashyosi bo‘lmish neft va gazning yangi manbalarini o‘zlashtirish tobora qiyinlashib borayotgani va shu bilan birga, ularning zaxiralari kamayib ketayotgani xalqaro hamjamiyatda tashvish uyg‘otmoqda.

Ammo shu borada hech qachon e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydigan shunday muhim bir omil borki, u ham bo‘lsa, qazib olinayotgan yoqilg‘idan foydalanish misli ko‘rilmagan darajada kengayib borayotgani atrof-muhitga sezilarli darajada zarar yetkazayotgani, aholining salomatligi va hayot sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani va kelajakda global miqyosda barqaror rivojlanishga xavf solayotgani bilan bog‘liq.

Yuzaga kelgan vaziyatdan chiqish yo‘llaridan biri, bu, avvalo, qayta tiklanadigan energiyaning eng samarali va istiqbolli manbai sifatida quyosh energetikasini rivojlantirish loyihalariga investitsiya yo‘naltirishni yanada ko‘paytirishdan iborat.

Ikkinchidan, muammoni hal etishda ilmiy va tajriba-konstruktorlik ishlanmalarini har tomonlama jadal rivojlantirish va shuningdek, quyosh elektr energiyasi ishlab chiqaruvchilar va uning iste’molchilarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash talab etiladi.

Uchinchidan, bu boradagi yana bir imkoniyat uglevodorod xomashyosidan foydalanishga asoslangan an’anaviy energetika tizimiga nisbatan quyosh energetikasi raqobatdoshligini ta’minlash bilan bog‘liq.

Agar 2008-yilda bir kilovatt-soat quyosh elektr energiyasini ishlab chiqarish 35 sent darajasida bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib bu raqam, ekspertlarning ma’lumotlariga ko‘ra, o‘rtacha 11-12 sentni tashkil etayotgani, Xitoy va Hindiston kabi ayrim mamlakatlarda esa barpo etilayotgan fotoelektr stansiyalarda bir kilovatt-soat elektr energiyasi tannarxini 8-9 sentga qadar tushirish vazifasi qo‘yilayotganini hisobga oladigan bo‘lsak, hech shubhasiz, bu maqsadga erishish mumkin ekani ayon bo‘ladi.

Boshqacha aytganda, ba’zi mamlakatlardagi fotoelektr stansiyalarda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi, unga nisbatan an’anaviy imtiyoz va preferensiyalar qo‘llanmayotgan bo‘lsa-da, uglevodorod xomashyosini yoqish hisobidan olinadigan elektr energiyasi bilan raqobatlasha oladi.

Yana bir masala. Vaqti-vaqti bilan takrorlanayotgan global iqtisodiy inqirozlar sabablarini tahlil qilish asnosida xulosa chiqargan ayrim olimlarning fikr-mulohazalarida muayyan mantiq mavjud. Ya’ni, halokatli inqirozdan chiqish yo‘lini topish jahon hamjamiyatini zamonaviy texnologiyalarning prinsipial jihatdan yangi avlodini o‘zlashtirishga, boshqacha aytganda, ishlab chiqarishning yanada jadal va tejamkor o‘sish sur’atlarini ta’minlaydigan ilmiy-texnik taraqqiyotning yangi bosqichiga olib keladi.

Shu munosabat bilan quyidagi xulosaga kelish qiyin emas. 2008-yilda boshlangan va hamon davom etayotgan global inqirozdan chiqish ko‘p jihatdan bizning birinchi navbatda energetika sohasida texnologik taraqqiyotning yangi bosqichiga qanchalik tez o‘tishimizga bog‘liq.

Bu o‘rinda so‘z bugungi kunda rivojlanayotgan davlatlar iqtisodiyotini qayta tiklashga to‘sqinlik qilayotgan asosiy sabablardan biri – an’anaviy energiya resurslari, avvalambor, neft narxining asossiz ravishda yuqori bo‘lib qolayotgani haqida bormoqda. Iqtisodiy jihatdan samarali fotoelektr energiyasi manbalarini ommaviy ravishda joriy etish istiqbolda neft narxini optimallashtirish imkonini beradi. Bu esa o‘zining cheklangan valyuta zaxiralarini uglevodorod xomashyosini chetdan sotib olish uchun sarflashga majbur bo‘layotgan rivojlanayotgan mamlakatlarni jadal taraqqiy ettirish borasida rag‘batlantiruvchi vosita bo‘ladi. Shunday ekan, quyosh energetikasi inqirozdan chiqishda lokomotiv vazifasini bajaradigan omillardan biri bo‘lishi mumkin va zarur.

Muhtaram anjuman qatnashchilari!

O‘zbekistonda energetika maqsadlari uchun quyosh energiyasidan foydalanish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va bu jarayonlarning ko‘lami va amaliy yo‘nalishlarini kengaytirishni taqozo etadigan omillarga qisqacha to‘xtalib o‘tishga ijozat bergaysiz.

Bu, birinchi navbatda, mamlakatimizda barqaror yuqori o‘sish sur’atlari ta’minlanayotgani, shuningdek, amalga oshirilayotgan tarkibiy tub o‘zgarishlar, iqtisodiyotni diversifikatsiya va modernizatsiya qilish, sanoatning jadal rivojlanishi, neft-gaz va boshqa xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash bo‘yicha eng ilg‘or texnologiyalar bilan jihozlangan zamonaviy hamda qudratli gaz-kimyo kompleksini shakllantirish bilan bog‘liq.

Bu borada jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozining salbiy ta’siriga qaramasdan, O‘zbekistonda so‘nggi olti yil davomida yalpi ichki mahsulotning yillik o‘sish sur’ati 8 foizdan ziyodni tashkil etayotganini ta’kidlash kifoya, deb o‘ylayman.

2000-2013-yillarda bu ko‘rsatkich 3,8 barobar, yalpi mahsulot esa aholi jon boshiga 3,2 barobar o‘sdi.

Xalqaro moliya institutlarining baholariga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyotining bunday yuqori o‘sish sur’atlari yaqin istiqbolda ham saqlanib qoladi.

Hisob-kitoblar shuni ko‘rsatmoqdaki, sanoatning yuqori darajada jadal rivojlanib borayotganini hisobga olgan holda, mamlakatimizning elektr energiyasiga bo‘lgan talabi 2030-yilda joriy yilga nisbatan 2 barobar oshadi va 105 milliarddan ziyod kilovatt-soatni tashkil etadi.

O‘zbekistonning quyosh energetikasi borasidagi salohiyati va mamlakatimizda ushbu sohani rivojlantirish istiqbollari haqida gapirganda, quyidagi fikrlarni ta’kidlashni istardim.

Birinchi navbatda, O‘zbekiston geografik o‘rni va iqlim sharoitlariga ko‘ra buning uchun g‘oyat qulay imkoniyatlarga ega.

O‘zbekistonda havo bir yilda 320 kundan ziyod ochiq bo‘lib, mamlakatimiz yil davomida quyoshli kunlarning ko‘pligi bo‘yicha dunyoning aksariyat mintaqalariga nisbatan ustunlikka ega.

Osiyo taraqqiyot banki va Jahon banki xulosalariga ko‘ra, O‘zbekistonda quyosh energiyasining yalpi salohiyati 51 milliard tonna neft ekvivalentidan ortiqdir.

Ana shu resurslar hisobidan, ekspertlarning hisob-kitoblariga qaraganda, mamlakatimizda joriy yilda iste’mol qilinadigan elektr energiyasidan 40 barobar ko‘p hajmdagi elektr energiyasi ishlab chiqarish mumkin.

Mamlakatimizda quyosh energiyasidan foydalanish sohasidagi tadqiqotlar o‘tgan asrning 80-yillarida, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Osiyo mintaqasida yagona va ilmiy ishlanmalari yurtimizdan tashqarida ham mashhur bo‘lgan “Fizika-Quyosh” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasining ilmiy-eksperimental markazi tashkil etilganidan keyin jadal rivojlana boshladi.

Bugungi yig‘ilish ishtirokchilari Forum dasturi doirasida ushbu markaz faoliyati bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Mazkur ilmiy majmua tarkibidagi 1 megavatt quvvatga ega bo‘lgan geliokonsentratorli ulkan quyosh pechi 3 ming darajali issiq harorat hosil qilish va o‘ta sof materiallar ishlab chiqarishni ta’minlash, noyob ilmiy tadqiqotlar va issiqlikka oid sinovlar o‘tkazish imkoniyatiga ega.

O‘zbekiston bugungi kunda ilmiy-texnik, eksperiment o‘tkazadigan kadrlar bo‘yicha ulkan salohiyatga ega bo‘lib, mamlakatimizda quyosh energiyasini loyihalashtirish va undan foydalanish bo‘yicha katta hajmdagi konstruktorlik va texnologik ishlanmalar to‘plangan.

“Fizika-Quyosh” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi negizida Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda joriy yilda Toshkentda tashkil qilingan Xalqaro quyosh energiyasi instituti ilmiy va ilmiy-eksperimental tadqiqotlar o‘tkaziladigan mintaqaviy markazga aylanishi ko‘zda tutilmoqda. Mazkur tadqiqotlar natijalari quyosh energiyasidan foydalanish bo‘yicha istiqbolli texnologiyalar sifatida joriy etilishi mumkin.

O‘zbekiston Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda Samarqand viloyatida 100 megavatt quvvatga ega bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasini qurish bo‘yicha pilot loyihani amalga oshirishga kirishdi. Qisqa muddatda uning loyiha-texnik hujjatlari tayyorlandi, 400 gektardan ortiq yer maydoni ajratildi, ob’ekt qurilishini boshlash bilan bog‘liq deyarli barcha masalalar hal etildi.

Biz kelgusida yuqori samara beradigan, yangi texnologiyalarga asoslangan yana bir nechta yirik quyosh elektr stansiyasini barpo etishga kirishishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz. Hozirgi vaqtda shu maqsadda Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda O‘zbekistonning 6 ta hududida eng zamonaviy o‘lchash stansiyalari joylashtirildi va har tomonlama puxta ishlangan loyihalarni tayyorlashda zarur bo‘ladigan barcha ma’lumotlarni yig‘ish ishlari olib borilmoqda. O‘zbekiston fotoelektrik modullar va quyosh energetikasida qo‘llanadigan boshqa uskunalarni ishlab chiqarish uchun boy xomashyo zaxiralariga ega ekanini alohida qayd etishni istardim.

O‘tgan yili mamlakatimizda Janubiy Koreyaning “Neoplant” kompaniyasi bilan hamkorlikda yillik quvvati 12 ming tonnani tashkil etadigan texnik kremniy ishlab chiqaradigan zavod foydalanishga topshirildi. Bugungi kunda “Angren” maxsus industrial zonasida Koreyaning “Shindong Enerkom” kompaniyasi ishtirokida yillik quvvati 5 ming tonna bo‘lgan kremniy ishlab chiqaruvchi ikkinchi zavod qurilishi nihoyasiga yetkazilmoqda. Kelgusida ushbu mahsulot yuqori samarali fotoelektrik quyosh panellari ishlab chiqarish uchun xomashyo manbai bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

Xitoy Xalq Respublikasining yirik kompaniyalari ishtirokida 2014-yilda “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasi hududida dastlabki quvvati 50 megavatt bo‘lgan fotoelektr panellari ishlab chiqaradigan, “Jizzax” maxsus industrial zonasida esa yiliga 50 ming dona quyosh issiqlik kollektorlari ishlab chiqaradigan korxonalar tashkil etiladi.

O‘zbekistonda maishiy va uy-joy-kommunal sohada, xususiy uylarda quyosh energiyasidan foydalanishni keng joriy etishga, bu borada zarur ishlab chiqarish va servis imkoniyatlarini shakllantirishga katta e’tibor qaratilmoqda.

Bizning hisob-kitoblarimizga ko‘ra, bunday texnologiyalarni keng miqyosda qo‘llash yaqin yillarda yurtimiz energiya tizimiga tushayotgan energiya yukini 2 milliard kilovatt-soatga qisqartirish, lokal tarzda qariyb 2 million gigakaloriyaissiqlik energiyasi ishlab chiqarishni ta’minlash imkonini beradi. Bu esa yiliga jami 250 million dollardan ortiq qiymatdagi energiya resursini tejashni ta’minlaydi.

Mamlakatimizda Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan Qishloq joylarda uy-joy qurilishini rivojlantirish dasturi doirasida har yili namunaviy loyihalar asosida umumiy maydoni 1,5 million kvadrat metrdan ziyod bo‘lgan 10 mingdan ortiq yakka tartibdagi zamonaviy uy-joylar barpo etilayotganiga e’tiboringizni qaratmoqchiman.

Mazkur dastur doirasida biz texnik jihatdan ilg‘or, quyosh energetikasi texnologiyalari qo‘llangan, yuqori energiya samaradorligiga ega bo‘lgan uy-joylarni dunyodagi, jumladan, Yevropa va Osiyodagi bu sohada eng taraqqiy etgan mamlakatlar tajribasidan foydalangan holda, ommaviy ravishda qurishni ko‘zda tutmoqdamiz.

Biz yaqin yillar mobaynida asosan uzoq va borish qiyin bo‘lgan hududlardagi 1300 ta umumta’lim maktablari va kasb-hunar kollejlarini tajriba tariqasida quyosh kollektorlari bilan ta’minlashni rejalashtirmoqdamiz. Qishloq joylardagi 600 dan ortiq vrachlik punktlarida fotoelektrik panellar o‘rnatiladi.

Yuqorida bayon qilingan fikrlarni umumlashtirgan holda, bir xulosani ta’kidlab aytishga barcha asoslarimiz bor. Ya’ni, bugungi bosqichda quyosh energiyasidan foydalanish muammosi ilmiy tadqiqotlar va tajriba-sinov ishlanmalari sohasidan ularni amaliyotda qo‘llash sohasiga barqaror sur’atda o‘tib bormoqda. Quyosh energetikasi esa, qayta tiklanadigan energiyaning boshqa turlari kabi, to‘liq raqobatdosh, energiyaning, energiya olish usul va vositalarining eng sof turlaridan biriga aylanmoqda.

Ushbu imkoniyatdan foydalanib, mana shu muhtasham zalda yig‘ilgan siz azizlarga, sizlarning timsolingizda zamonaviy taraqqiyotning yuksak va olijanob maqsadlari yo‘lida quyosh energiyasidan foydalanish ishiga munosib hissa qo‘shayotgan barcha insonlarga samimiy minnatdorlik izhor etishga ijozat bergaysiz.

Hurmatli do‘stlar!

Aziz mehmonlar!

Mamlakatimizda qisqa muddat mehmon bo‘lishingizga qaramasdan, o‘zbekona mehmondo‘stlikni, xalqimizning sizga bo‘lgan hurmat-ehtiromini his etasiz, deb ishonaman.

Barchangizga sihat-salomatlik, olijanob faoliyatingizda ulkan yutuq va omadlar, Osiyo quyosh energiyasi forumi yig‘ilishi ishiga muvaffaqiyat tilayman.

"O‘qituvchi" nashriyot-matbaa ijodiy uyi ("O‘qituvchi" NMIU) umumta`lim maktablari, oliy o`quv yurtlari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari uchun original, tarjima darsliklar, o`quv qo`llanmalar, shuningdek, o`qituvchilar uchun metodik qo`llanmalar nashr etadi. Buyurtma

Batafsil ma`lumot

Prezident Islom Karimovning Osiyo quyosh energiyasi forumining oltinchi yig‘ilishidagi nutqi

Yangiliklarni o‘qishni tavsiya etamiz

III Milliy ko‘rgazma

2013 yilning 20-22 noyabr kunlari "О‘zekspomarkaz" Milliy ko‘rgazmalar majmuasi (2-pavilon)da O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi...

O‘zbekistonning eng yirik nashriyotlari o‘rtasida saytlar mashhurligi reytingi

Bugun 2013 yilning noyabr oyi uchun «O‘qituvchi» nashriyot-matbaa ijodiy uyi, «G‘afur G‘ulom» nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, «O‘zbekiston» nashriyot-matbaa ijodiy uyi,«O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi» Davlat ilmiy nashriyoti, «Cho‘lpon» nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi kabi O‘zbekistonning yirik nashriyotlari o‘rtasidagi eng mashhur saytlar natijasini keltiramiz...

Mashhur yangiliklar

Войти / Регистрация
Закладки
Корзина покупок
Оформление заказа
Интернет-магазин книги в Ташкенте