Yangilangan sana: 2013-11-04 Ko`rilgan: 1166

Tashabbuskor yoshlar uchun media-trening

“Kamolot” yoshlar oromgohida “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati hududiy bo‘limlarining axborot xizmati xodimlari va respublika ommaviy axborot vositalari jurnalistlari uchun yoshlar siyosatini yoritishda ularning faoliyati samaradorligini oshirishga doir uch kunlik media-trening bo‘lib o‘tdi. Tadbir “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

“Kamolot” yoshlar oromgohi Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida, dengiz sathidan bir yarim ming metr balandlikda joylashgan bo‘lib, musaffo tog‘ havosi, atrofdagi ajoyib manzara, tanga rohat bag‘ishlaydigan quyoshli kun va mayin yomg‘ir media-trening ishtirokchilariga o‘zgacha kayfiyat baxsh etdi. O‘qituvchi-murabbiylar, tajribali jurnalistlar va mamlakatimizning barcha viloyatlaridan kelgan, jurnalistika sohasiga endi qadam qo‘yayotgan yoshlar o‘rtasidagi samimiy muloqot, do‘stlik va hamjihatlik tadbirning yanada samarali o‘tishini ta’minladi.

Ishtirokchilar faoliyat yo‘nalishi bo‘yicha bosma ommaviy axborot vositalari, radio, televideniye va internet guruhiga bo‘linib, hakamlar oldida o‘z guruhini taqdim etish uchun uning nomi, shiori hamda ramzini ishlab chiqishga kirishdi. Bunday hamjihatlik ularga yanada uyushqoqlik bilan ijod qilish va jamoa bo‘lib ishlash muhitini yaratishga yordam berdi. Bu yerda ishtirokchilar yangi bilimlarga ega bo‘ldi, malakasini oshirdi va eng muhimi, yangi media-loyihalar ustida ishladi. Ushbu loyihalarning eng yaxshilari kelajakda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan amalga oshiriladi.

“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy kengashi raisi B.G‘aniyev va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida istiqlol yillarida barkamol avlodni tarbiyalash umummilliy vazifaga aylanganini ta’kidladi.

Hozirgi axborot makonining globallashuvi sharoitida hatto, arzimasdek tuyulgan axborot ham yigit-qizlarning ma’naviy-axloqiy tarbiyasiga o‘nglab bo‘lmas zarar yetkazishi mumkin. Aynan shu sababli mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularni milliy qadriyatlarimizni e’zozlash ruhida tarbiyalash, faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish, mafkuraviy va axborot xurujlari, “ommaviy madaniyat”ning salbiy ta’siridan himoya qilishda samarali ishtirok etayotir. Bunday salbiy omillar yosh avlodning ongi, maqsadi, ehtiyoj va qiziqishlari, ma’naviy hamda axloqiy prinsiplari shakllanishiga yomon ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Shuni ta’kidlash joizki, mamlakatimizda besh milliondan ortiq yigit-qizni o‘z safida birlashtirgan “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati ommaviy axborot vositalari bilan ishlash, o‘z faoliyatida ochiq-oshkoralik va transparentlik prinsiplariga rioya etishga alohida e’tibor qaratmoqda. Masalan, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati “Turkiston” va “Molodyoj Uzbekistana” gazetalari, "Yosh kuch" jurnali, “Bunyodkor” teleklubi, kamolot.uz veb-sayti ta’sischisi, shuningdek, “Yoshlik”, “Sinfdosh”, “Gulxan”, “G‘uncha”, “Tong yulduzi” va “Klass” jurnallarining hammuassisi hisoblanadi. Bundan tashqari, yoshlar siyosatini yoritish bo‘yicha o‘nlab ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilib, qo‘shma rejalar ishlab chiqilgan.

Bunday hamkorlik samarasida ommaviy axborot vositalarida ma’naviyati yuksak, mustaqil fikrlaydigan avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning siyosiy va huquqiy madaniyatini oshirish, yoshlar huquq hamda manfaatlarini himoya qilish, ular o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, ijtimoiy yordam ko‘rsatish, yigit-qizlarning jamiyatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash, turli sohalardagi yutuqlari va boshqa yo‘nalishlarga taalluqli turli materiallar chop etilayotir.

“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tashabbusi bilan yoshlarda mamlakatimiz va dunyoda ro‘y berayotgan voqealar xususida mustaqil hamda xolis fikrni, tashqaridan bo‘ladigan turli axborot xurujlariga qarshi aniq fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishga qaratilgan bir qancha media-loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda. Jumladan, “Kamolot” mehmoni” on-layn uchrashuvlari, “Yilning eng faol yosh jurnalisti”, “MIT.uz” milliy internet tanlovi va boshqalar shular jumlasidandir.

Keng jamoatchilikni yoshlar harakati faoliyati haqidagi axborot bilan o‘z vaqtida va to‘liq ta’minlash maqsadida joriy yildan boshlab uning tashkiliy tuzilmasiga ayrim o‘zgartishlar kiritildi. Chunonchi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining 14 hududiy kengashida hududiy ommaviy axborot vositalari bilan yaqin hamkorlik qiladigan axborot xizmatlari tashkil etildi. “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy kengashi huzurida Yoshlar media markazi tashkil etilayotir. Buning natijasida yoshlar tomonidan o‘z tengqurlari uchun mo‘ljallangan yanada sifatli radioeshittirishlar va teleko‘rsatuvlar efirga uzatiladi, bosma nashrlar va internet tarmog‘ida maqolalar e’lon qilinadi.

Shu bois media-trening o‘tkazilishi nihoyatda dolzarb ahamiyatga ega. Birinchidan, tadbir “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining joylardagi axborot xizmatlari xodimlari uchun o‘ziga xos mahorat maktabi vazifasini o‘tadi. O‘z faoliyatini endi boshlagan yigit-qizlar tashkilot faoliyatida axborot xizmatining roli, omma oldida so‘zlash va notiqlik mahorati, axborot xizmati ishida internet-resurslardan foydalanish, media-loyihalarni ishlab chiqish texnologiyasi kabi va boshqa mavzular bo‘yicha muhim bilimlarga ega bo‘ldi.

Media-trening respublika ommaviy axborot vositalari jurnalistlari uchun ham foydali bo‘ldi. Ular jurnalistika sohasida va “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati faoliyati to‘g‘risida o‘z bilimini yanada boyitdi, yoshlar tashkilotlaridagi mavjud kamchiliklarni muhokama etib, ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar kiritdi, tavsiyalar bildirdi, axborot xizmatlari xodimlari bilan tajriba almashdi.

Tadbir davomida matbuot, radio, televideniye va internet uchun media-loyihalar ham ishlab chiqildi. Bu loyihalar yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, iqtisodiy, huquqiy, ekologik, sport madaniyatini rivojlantirish, turli mavzu bo‘yicha tezkor hamda qiziqarli axborotga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, ularda yoshlar harakati faoliyatiga nisbatan qiziqishni shakllantirishga qaratilgan.

Ushbu vazifalarni amalga oshirishda bunday tadbirlar uchun maxsus tanlab olingan o‘qituvchi-murabbiylarning yuksak mahorati alohida o‘rin tutdi.

Ishtirokchilarning ayrimlari media-trening foydasi haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

– Tadbir yuksak tashkiliy saviyada o‘tdi va shaxsan menga “Yoshlar harakatida axborot xizmati qanday bo‘lishi kerak?” degan savolga javob topish imkonini berdi, – deydi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Farg‘ona viloyati kengashi axborot xizmatining yetakchi mutaxassisi, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibi Dilnavoz Qo‘ldosheva. – O‘quv mashg‘ulotlari va mahorat saboqlarida amaliy jurnalistika sohasida qimmatli bilimga ega bo‘ldik. “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati uchun media-loyihalarni ishlab chiqish jarayonida kamolot.uz saytini yoshlar portaliga aylantirishni taklif etdim va bu tadbir ishtirokchilari hamda tashkilotchilari tomonidan ma’qullandi.

Poytaxtimizda media-trening yakuni bo‘yicha axborot xizmatlari xodimlari tomonidan yuksak saviyada tashkil etilgan hisobot-ko‘rgazma matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu ularning kelajakdagi faoliyatiga xizmat qiladigan dastlabki va muhim qadam bo‘ldi. (UzA)

"O‘qituvchi" nashriyot-matbaa ijodiy uyi ("O‘qituvchi" NMIU) umumta`lim maktablari, oliy o`quv yurtlari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari uchun original, tarjima darsliklar, o`quv qo`llanmalar, shuningdek, o`qituvchilar uchun metodik qo`llanmalar nashr etadi. Buyurtma

Batafsil ma`lumot

Tashabbuskor yoshlar uchun media-trening

Yangiliklarni o‘qishni tavsiya etamiz

O‘zbekistonning eng yirik nashriyotlari o‘rtasida saytlar mashhurligi reytingi

Bugun 2013 yilning sentyabr oyi uchun «O‘qituvchi» nashriyot-matbaa ijodiy uyi, «G‘afur G‘ulom» nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, «O‘zbekiston» nashriyot-matbaa ijodiy uyi,«O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi» Davlat ilmiy nashriyoti, «Cho‘lpon» nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi kabi O‘zbekistonning yirik nashriyotlari o‘rtasidagi eng mashhur saytlar natijasini keltiramiz...

O‘zbekistonning eng yirik nashriyotlari o‘rtasida saytlar mashhurligi reytingi

Bugun 2013 yilning oktyabr oyi uchun «O‘qituvchi» nashriyot-matbaa ijodiy uyi, «G‘afur G‘ulom» nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, «O‘zbekiston» nashriyot-matbaa ijodiy uyi,«O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi» Davlat ilmiy nashriyoti, «Cho‘lpon» nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi kabi O‘zbekistonning yirik nashriyotlari o‘rtasidagi eng mashhur saytlar natijasini keltiramiz...

Mashhur yangiliklar

Войти / Регистрация
Закладки
Корзина покупок
Оформление заказа
Интернет-магазин книги в Ташкенте