Yangilangan sana: 2013-10-01 Ko`rilgan: 1097

O‘zbekiston o‘qituvchi va murabbiylariga

Muhtaram ustoz va murabbiylar!

Qadrli do‘stlar!

Har qaysi odamning hayotda sog‘lom va komil inson bo‘lib voyaga yetishida ota-onasi bilan birga muallim va o‘qituvchining o‘rni va ahamiyati haqida ko‘p yozilgan, ko‘p aytilgan.

Haqiqatan ham, insonni inson qilib kamol toptirishda, unga bilim va odamiylik, mehr-oqibat, ezgu orzu-niyatlar bilan yashash tuyg‘ularini singdirishda, bir so‘z bilan aytganda, jamiyatimizning munosib fuqarosi bo‘lib hayotga kirishi va mustahkam o‘rin olishida o‘qituvchi va murabbiylar, domlalarning, barcha ta’lim sohasi fidoyilarining hissasi beqiyos ekanini xalqimiz yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi.

Ana shunday olijanob vazifani o‘z zimmasiga olgan, yosh avlodimizga ilmu fan va hayot sirlarini o‘rgatishdek mas’uliyatli ishni ado etib kelayotgan insonlarning hech narsa bilan o‘lchab, baholab bo‘lmaydigan mehnatini inobatga olib, bundan 17-yil oldin mamlakatimizda O‘qituvchi va murabbiylar kunini ta’sis etganimiz, avvalambor jamoatchiligimiz, butun xalqimizning xohishi va intilishini o‘zida mujassam etgan, desam, o‘ylaymanki, ayni haqiqatni aytgan bo‘laman.

Aziz yurtdoshlar!

Biz bugun dunyodagi taraqqiy topgan demokratik mamlakatlar qatoriga kirish, xalqimizning hayotini obod va farovon qilish, xalqaro maydonda Vatanimizning o‘ziga munosib o‘rin egallashi, lo‘nda qilib aytganda, “O‘zbekiston – kelajagi buyuk davlat” degan maqsadga erishish kabi o‘ta og‘ir, shu bilan birga, o‘ta sharafli vazifani amalga oshirish yo‘lida bor kuchimiz, butun borlig‘imizni safarbar etib mehnat qilayotganimiz barchamizga ayondir.

Mana shunday ezgu va yuksak marralarga yetishda milliy davlatchiligimizni qurish, iqtisodiyotimizni biz uchun yangi asnoda – bozor munosabatlari negizida tashkil etish, butun hayotimizning ma’no-mazmunini o‘zgartirayotgan keng ko‘lamli islohotlarni joriy qilish, muxtasar aytganda, mamlakatimizning qiyofasini tubdan yangilash maqsadida amalga oshirgan ulkan ishlarimizni bugun dunyo hamjamiyati tan olayotganini g‘urur va iftixor bilan ta’kidlashga to‘liq asoslarimiz bor.

Biz qo‘lga kiritgan, barchaning havasini tortadigan yutuq va natijalarimiz haqida so‘z yuritar ekanmiz, ularga zamin bo‘lgan omil va mezonlar xususida, xalqimizning fidokorona mehnati, ongu tafakkuri, siyosiy-ijtimoiy faolligi yuksalib borayotgani haqida albatta ko‘p gapirish mumkin.

Lekin, shular qatorida avvalambor biz o‘z vaqtida boshlagan va amalga oshirgan ta’lim-tarbiya sohasidagi islohotlar, uzoqni ko‘zlagan, chuqur o‘ylangan Kadrlar tayyorlash milliy dasturi va Maktab ta’limini rivojlantirish davlat umummilliy dasturi hal qiluvchi o‘rin tutganini alohida qayd etish zarur.

Hech shubhasiz, bu borada yangicha fikrlaydigan, o‘zligini, qadr-qimmatini chuqur anglaydigan, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni, chet tillarni puxta egallagan, hech kimdan kam bo‘lmaydigan yoshlarimiz haqiqatan ham bizning suyanchimiz va tayanchimiz bo‘lib, biz boshlagan ishlarni davom ettirishga qodir ekanini bugungi hayotimizda isbotlab berayotganining o‘zi barcha erishgan yutuq va marralarimizning asosiy mezoni va sharti bo‘ldi, desak, aslo xato bo‘lmaydi.

Shu munosabat bilan bir fikrni ta’kidlab aytishni o‘rinli deb bilaman: biz bilim va tarbiya berib voyaga yetkazayotgan navqiron o‘g‘il-qizlarimizdek, qiyinchilik va sinovlar oldida bosh egmaydigan, o‘z Vatani, o‘z xalqiga xizmat qilishga bel bog‘lagan, yangilikka intilib yashaydigan, g‘ayrat-shijoatga to‘la, ko‘zlari yonib turgan yosh avlodimizdek avlod dunyoda o‘zi kamdan-kam topiladi.

Ana shunday sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash yo‘lidagi fidoyi mehnatingiz uchun siz, azizlarga – o‘qituvchi va murabbiylar, ustoz va domlalar, olim va olimalarga har qancha tasannolar aytsak, ta’zim etsak, arziydi, albatta.

Hurmatli do‘stlar!

Biz bugun qanday shiddat bilan o‘zgarayotgan, o‘zaro raqobat va manfaatlar kurashi tobora kuchayib borayotgan murakkab bir davrda yashayotganimiz hammaga ma’lum.

Bunday keskin raqobat ayniqsa ilm-fan, ta’lim-tarbiya, ilmiy-texnik taraqqiyot sohasida yaqqol namoyon bo‘layotganini ko‘rish, anglash qiyin emas.

Hozirgi vaqtda dunyodagi yetakchi olimlar va ekspertlar orasida keng tarqalayotgan fikrni inobatga oladigan bo‘lsak, davom etayotgan global moliyaviy-iqtisodiy inqiroz haqida gapirganda, ular, birinchi navbatda inson kapitalini, ta’lim va ilm-fan sohasini hozirgi zamon taraqqiyotining hal qiluvchi kuchi sifatida ko‘rayotgan, ularning rivoji uchun katta mablag‘ ajratayotgan va keng imkoniyat ochib berayotgan davlatgina bu inqirozdan yanada kuchli bo‘lib chiqishini bashorat qilayotgani bejiz emas, albatta.

Bugun o‘tgan davr mobaynida amalga oshirgan ishlarimizni xolisona baholar ekanmiz, ta’lim-tarbiya sohasida hali qiladigan ko‘pgina vazifalarimiz borligini, o‘z yechimini kutayotgan dolzarb muammolarni hal qilish, eng muhimi, bu borada boshlagan islohotlarni mantiqiy yakuniga yetkazish, ularning yarim yo‘lda qolib ketishiga, o‘zibo‘larchilikka yo‘l qo‘ymaslik zarurligini hammamiz yaxshi tushunamiz.

Avvalambor, barcha ta’lim muassasalari, xususan, umumta’lim maktablari va litsey-kollejlarni davr talablariga mos holda rivojlantirish, zamonaviy jihoz va uskunalar, o‘quv laboratoriyalari va ustaxonalar bilan ta’minlashni davom ettirish, yangi ta’lim standartlari, dastur va qo‘llanmalarni joriy etish masalasini eng muhim vazifamiz sifatida ko‘rishimiz darkor.

Mamlakatimizda shakllangan uzluksiz ta’lim tizimining yuqori bosqichi bo‘lmish oliy o‘quv yurtlarining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, yuksak malakali mutaxassis va kadrlar tayyorlash sifatini oshirish maqsadida ularning faoliyatini takomillashtirish ehtiyojini hayotning o‘zi taqozo etmoqda.

Shu borada ko‘zlangan rejalarni amalga oshirish va ularni moliyalashtirish uchun Oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish fondi tashkil etilgani, har yili davlat byudjetidan ayni shu yo‘nalishlarga katta hajmdagi mablag‘lar ajratilayotgani alohida e’tiborga loyiq.

Yurtimizdagi eski, ya’ni, ikki bosqichli attestatsiya tizimidan voz kechib, iqtisodiy rivojlangan davlatlarda qabul qilingan standartlarga mos ravishda, to‘g‘ridan-to‘g‘ri fan doktori unvonini olish bo‘yicha dissertatsiya yoqlash tizimiga o‘tganimiz va bu yo‘nalishda tub o‘zgarishlar amalga oshirilayotgani oliy ta’lim sohasidagi keng ko‘lamli islohotlar yo‘lida yangi bir amaliy qadam bo‘ldi.

Eng asosiysi, bunday ishlarimiz avvalo institut va universitetlarimizdagi o‘quv jarayonlarini, ularning yuksak talablarga javob beradigan malakali kadrlar tayyorlash salohiyatini dunyodagi ilg‘or oliy o‘quv yurtlari darajasiga ko‘tarish, ushbu bilim dargohlarida fidokorona mehnat qilayotgan domlalarni nafaqat moddiy va moliyaviy nuqtai nazardan rag‘batlantirish, balki ularning nufuzi va hurmat-e’tiborini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Bugungi kunda yurtimizda barpo etilgan, o‘zaro uzviy bog‘lanib, bir-birini to‘ldiradigan, uch bosqichdan iborat uzluksiz ta’lim tizimini – bu umumta’lim yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi bo‘ladimi, oliy ta’lim sohasi bo‘ladimi – bularning barchasini yagona bir g‘oya, umumiy bir maqsad birlashtirib turganini hammamiz yaxshi anglaymiz.

U ham bo‘lsa, jondan aziz farzandlarimizni jahon ilm-fani cho‘qqilarini zabt etgan, chuqur bilim va o‘z mustaqil fikriga ega bo‘lgan yetuk inson va mutaxassislar etib tarbiyalash, barcha kuch va imkoniyatlarimizni shu yo‘lda safarbar etishdir, desak, oldimizda turgan buyuk vazifaning ma’no-mazmunini ifoda etgan bo‘lamiz.

Biz siz, azizlar – maktab, litsey va kollejlarda, oliy o‘quv yurtlarida, umuman, ta’lim sohasida mehnat qilayotgan yuz minglab o‘qituvchi va murabbiylar, domlalar timsolida el-yurtimizning kelajagi, hayot-mamotini hal qiluvchi ta’lim va tarbiya sohasiga bamisoli jon bag‘ishlayotgan qudratli kuchni ko‘ramiz va yuksak baholaymiz.

Sizlarning Vatanimiz ravnaqi va taraqqiyoti yo‘lida qo‘shayotgan yuksak hissangiz uchun, yosh avlodni voyaga yetkazish, hayotga yo‘llanma berish yo‘lidagi beqiyos xizmatingiz, beg‘araz mehnatingiz uchun barcha ota-onalar, millionlab o‘quvchi va talabalar, butun xalqimiz nomidan yana va yana bir bor chuqur minnatdorchilik bildirib, sizlarga sihat-salomatlik, oilalaringizga baxtu saodat va fayzu baraka, ishlaringizga yangi omadlar tilashga ruxsat bergaysiz.

Doimo omon bo‘ling, aziz va mehribon ustozlar!

Islom Karimov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

"O‘qituvchi" nashriyot-matbaa ijodiy uyi ("O‘qituvchi" NMIU) umumta`lim maktablari, oliy o`quv yurtlari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari uchun original, tarjima darsliklar, o`quv qo`llanmalar, shuningdek, o`qituvchilar uchun metodik qo`llanmalar nashr etadi. Buyurtma

Batafsil ma`lumot

O‘zbekiston o‘qituvchi va murabbiylariga

Yangiliklarni o‘qishni tavsiya etamiz

Kitobi Аbdurahmon Akbar G‘AROYIB AVTOBUS - СТРАННЫЙ АВТОБУС o‘zbek tilida

Iste’dodli bolalar shoiri va tarjimon Abdurahmon Akbarning usbu kitobchasiga uning, asosan, so‘nggi yillarda yozgan quvnoq she’rlari, tarjimalari, ertak va topishmoqlari, shuningdek, adabiy saboqlari kiritilgan...

O‘zbekistonning eng yirik nashriyotlari o‘rtasida saytlar mashhurligi reytingi

Bugun 2013 yilning sentyabr oyi uchun «O‘qituvchi» nashriyot-matbaa ijodiy uyi, «G‘afur G‘ulom» nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, «O‘zbekiston» nashriyot-matbaa ijodiy uyi,«O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi» Davlat ilmiy nashriyoti, «Cho‘lpon» nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi kabi O‘zbekistonning yirik nashriyotlari o‘rtasidagi eng mashhur saytlar natijasini keltiramiz...

Mashhur yangiliklar

2013-04-18 Oqsaroyda qabul

Войти / Регистрация
Закладки
Корзина покупок
Оформление заказа
Интернет-магазин книги в Ташкенте