Yangilangan sana: 2013-07-08 Ko`rilgan: 3025

Biometrik pasport berish izchil davom etmoqda

Prezidentimiz Islom Karimovning 2009-yil 23-iyunda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida pasport tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan mamlakatimizda aholiga xalqaro standartlarga javob beradigan biometrik pasportlar topshirish davom etmoqda. Mazkur hujjatga muvofiq mamlakatimiz 2015-yil oxirigacha biometrik pasport tizimiga to‘liq o‘tadi.

Nobiometrik pasportlar 2015-yil oxirigacha amal qiladi.

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA muxbiri O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Xorijga chiqish-kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ulug‘bek Toshxo‘jayev bilan ushbu tizimni joriy qilish uchun tashkil etilgan mexanizm, biometrik pasportlarni rasmiylashtirish hamda berish jarayoni qanday amalga oshirilayotgani to‘g‘risida suhbatlashdi.

– Mustaqillik mamlakatimizga barcha soha, shu jumladan xalqaro munosabatlarni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar ochdi, – deydi U.Toshxo‘jayev. – O‘zbekiston qariyb 22-yildan buyon xalqaro hamjamiyatning teng huquqli a’zosi sifatida ko‘plab xalqaro konvensiya hamda hujjatlarni, jumladan, 1944-yilda qabul qilingan Xalqaro fuqaro aviatsiyasi to‘g‘risidagi Chikago konvensiyasi hamda 2004-yildagi Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (IKAO) Monreal assambleyasining rezolyutsiyasi ijrosini ta’minlashda ishtirok etmoqda. O‘zbekiston mazkur hujjatlarga muvofiq va IKAO a’zosi sifatida o‘z majburiyatlariga rioya qilgan holda, biometrik pasport – elektron harakatlanish hujjatini joriy etmoqda. Biometrik pasportlar uning egasi haqida shaxsiy biometrik parametrlar – raqamli fotosurati hamda barmoq izlari tushirilgan biografik ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan maxsus elektron chip bilan ta’minlangan.

Ta’kidlash kerakki, bugungi kunda elektron axborot manbasiga ega biometrik pasportlar dunyoning aksariyat mamlakatlarida joriy etilgan. Ular xalqaro fuqaro aeronavigatsiyasi xavfsizligini ta’minlash, shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarning qalbakilashtirilishiga qarshi himoya darajasini oshirish, davlat chegarasidan o‘tishda shaxsni tezkor va aniq identifikatsiyalash mexanizmlarini takomillashtirish, xalqaro aviatashishlar sifati va samaradorligini yanada oshirish, shuningdek, aviayo‘lovchilar uchun yuqori darajadagi qulayliklar yaratish hamda ularning vaqtini tejash maqsadida joriy etilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2009-yil 23-iyunda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida pasport tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq mamlakatimizda fuqarolarga yangi namunadagi pasportlarni berish ishlari izchil amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning 2011-yil 5-yanvarda imzolangan “O‘zbekiston Respublikasida pasport tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida pasport tizimi to‘g‘risidagi nizom va O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarining biometrik harakatlanish hujjati to‘g‘risidagi nizomda xalqaro talablarga javob beradigan ushbu hujjatlarni berish bilan bog‘liq barcha jarayon batafsil bayon qilingan.

Shunga muvofiq, elektron chipga ega O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining pasporti, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning harakatlanish hujjati belgilandi. Tayyor biometrik hujjatlar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Xorijga chiqish-kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasining hududiy bo‘limlarida berilmoqda. Buning uchun pasport stollarida biometrik ma’lumotlarni to‘plash bo‘yicha tegishli uskunalar bilan jihozlangan punktlar ochilgan va ularda fuqarolarni qabul qilish uchun barcha zarur shart-sharoit yaratilgan.

Ma’lumotlarni to‘plash punktiga kelish uchun jismoniy imkoniyati bo‘lmagan odamlarga ham biometrik pasport berish mexanizmi ishlab chiqilgan. Harakatlanish imkoniyati cheklangan shaxslarga xizmat ko‘rsatish uchun biometrik ma’lumotlarni to‘plash punktlari huzurida ariza beruvchi yashayotgan joyda uning raqamli fotosurati va barmoqlari izini olish imkonini beradigan mobil stansiya tashkil etish rejalashtirilmoqda.

– Biometrik pasport birinchi navbatda qanday hollarda rasmiylashtiriladi?

– Biometrik pasportlar birinchi navbatda shaxsning 16 yoshga to‘lishi, amaldagi pasportning amal qilish muddati tugaganligi munosabati bilan, pasport yo‘qolganda yoki yaroqsiz holga kelganda, biografik ma’lumotlar o‘zgarganda, voyaga yetmagan fuqaro chet elga chiqayotganda rasmiylashtiriladi.

IKAO tavsiyalari inobatga olingan holda, fuqaro pasporti 10-yil muddatga beriladi. Bundan tashqari, mamlakatimizdan chet davlatlarga chiqmoqchi bo‘lgan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga pasportlar 5-yilgacha bo‘lgan muddatga beriladi. Ayrim hollarda xorijga chiqayotgan paytda 15 yoshdan oshgan, ammo 16 yoshga to‘lmagan shaxslarga ham O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi pasporti berilishi mumkin.

Jahon amaliyotini hisobga olgan holda, O‘zbekistonda doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga xorijga chiqish zaruriyati tug‘ilganda biometrik harakatlanish hujjati 5-yil muddatga beriladi.

– Yangi pasportlarni olish tartibi qanday?

– Fuqarolar biometrik pasport olish uchun o‘zlari doimiy yashab kelayotgan joydagi biometrik ma’lumotlarni yig‘ish punktlariga, ya’ni ichki ishlar organlarining xorijga chiqish-kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalariga murojaat qilishlari mumkin. Ular buning uchun Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilangan maxsus shakldagi anketa-arizani to‘ldirishi va unga shaxsini tasdiqlovchi tegishli hujjat – amaldagi pasporti yoki birinchi marta olayotganlar tug‘ilganligi haqida guvohnomani, davlat boji to‘langanligi haqidagi kvitansiyani ilova qilishi kerak. Pasport egasining familiyasi, ismi, otasining ismi, millati, tug‘ilgan sanasi o‘zgarganligi yoki yozuvlarda noaniqliklar mavjudligi aniqlanganligi munosabati bilan almashtirilayotganida, fuqaro ma’lumotlarni yig‘ish punktiga ushbu holatlarni tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etadi.

Biometrik ma’lumotlarni yig‘ish punkti operatori fuqarolarning biografik va biometrik ma’lumotlarini kompyuter umumiy to‘plamiga kiritadi, bunda fuqaroning barmoq izlari olinadi va raqamli fotosuratga tushiriladi. Ushbu ma’lumotlar asosida elektron talabnoma tayyorlanib, maxsus elektron tarmoq orqali O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markaziga yuboriladi. Bu yerda elektron talabnomalar asosida hujjatlar personallashtiriladi, ya’ni biografik ma’lumotlar pasportni vizual tekshirish zonasiga, biografik va biometrik axborot esa chipga kiritiladi. Ta’kidlash kerakki, biometrik pasportlar eng zamonaviy axborot texnologiyalari asosida tayyorlanadi va barcha xalqaro standartlarga to‘liq javob beradi.

Tayyor biometrik hujjatlar hududiy biometrik ma’lumotlarni yig‘ish punktlariga maxsus pochta vositalari orqali yetkaziladi. Hujjat faqat verifikatsiya jarayoni, ya’ni egasining biometrik parametrlari hujjatga tushirilgan ma’lumotlarga mosligi tizimda tekshirilgandan so‘nggina egasiga topshiriladi.

– Yangi namunadagi pasport amaldagi pasportdan elektron chipdan tashqari yana nimasi bilan farq qiladi, unga qanday belgilar kiritiladi?

– Biometrik ma’lumotli pasportlar IKAO tavsiyalariga muvofiq belgilangan namunalar bo‘yicha tayyorlanmoqda va lotin grafikasidan foydalangan holda o‘zbek va ingliz tilida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi aholisi uchun qoraqalpoq, o‘zbek hamda ingliz tillarida personallashtiriladi. Unga bazaviy ma’lumotlardan tashqari qator qaydlar kiritiladi. Egasining harbiy xizmatga majburligi, nikohning ro‘yxatga olingani yoki bekor qilingani, ro‘yxatga qo‘yilgani yoki chiqqani haqidagi qaydlar, chet elga chiqish, O‘zbekiston Respublikasi davlat chegarasini kesib o‘tganligi to‘g‘risidagi belgilar shular jumlasidandir. Pasport sahifalari eskisiga qaraganda ko‘p bo‘lib, ularga mamlakatdan chiqish va xorijiy davlatlarga kirish uchun ruxsat beruvchi viza qaydlari qo‘yiladi. Bundan tashqari, yangi pasportdagi fotosurat endi yopishtirilmasdan, balki pasportga bosmalash orqali tushiriladi, bu uning qalbakilashtirishdan himoyalash darajasini oshiradi.

– Xorijda yashayotgan fuqarolarimiz biopasportni qayerdan olishlari mumkin?

– O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi konsullik muassasalarida doimiy va vaqtincha konsullik ro‘yxatiga olingan fuqarolar pasportni rasmiylashtirish uchun konsullik muassasasi biometrik ma’lumotlarni yig‘ish punktiga murojaat qilishlari mumkin. Yangi pasportni olish uchun belgilangan shakldagi ariza, ilgari berilgan pasport, tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma (birinchi marta pasport rasmiylashtirilayotganda), 35x45 millimetr o‘lchamdagi fotosurat, pasportni yo‘qotib qo‘yganda uning yo‘qotib qo‘yilganligi haqidagi ma’lumotnoma, konsullik yig‘imi va boshqa yig‘imlar to‘langanligi haqida kvitansiyani taqdim etadilar.

– Keyingi paytlarda abituriyentlar, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarda o‘qishni davom ettirishi lozim bo‘lgan yoshlarimiz va ularning ota-onalari orasida joriy yil oliy o‘quv yurtlari va boshqa ta’lim muassasalariga hujjatlarini topshiradigan fuqarolarimizdan qabul komissiyalarida faqat biometrik pasport talab qilinayotgani haqidagi gap-so‘zlar tez-tez uchramoqda...

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 5-yanvarda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida pasport tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga asosan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining amaldagi pasporti 2015-yil 31-dekabrgacha haqiqiyligi belgilab qo‘yilgan. Shunga asosan, oliy o‘quv yurtlariga hujjat topshirayotgan abituriyentlardan, boshqa ta’lim muassasalariga o‘qishga kirayotgan fuqarolarimizdan biopasport talab qilish ushbu farmon talablariga ziddir. Amaldagi nobiometrik pasporti haqiqiy bo‘lgan fuqarolar o‘quv yurtlariga o‘sha pasport asosida hujjat topshirishlari, o‘qishga kirishlari mumkin.

– Xorijga chiqish uchun aviakassadan chipta olgani borgan fuqarolardan ham biopasport talab qilinayotgan holatlarni qanday izohlaysiz?

– Yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, fuqarolarning amaldagi nobiometrik pasportlari 2015-yil 31-dekabrgacha haqiqiy hisoblanadi va fuqarolar amaldagi pasportlari asosida avia va temir yo‘l chiptalarini sotib olishlari mumkin. Shunga ko‘ra, pasportining amal qilish muddati tugamagan fuqarodan aviakassadan chipta olishda biopasport talab qilish qonunga zid.

– Xorijiy mamlakatlarga chiqishga ruxsat yozuvini (stikerni) yangilash niyatidagi fuqarolar avval biopasport olishi shartmi?

– Nobiometrik pasportga ega bo‘lgan fuqaroning amaldagi pasportiga (biometrik pasportni olmagan holda) chet elga chiqish ruxsat yozuvi rasmiylashtirib berilishi mumkin. Bu borada yana shuni aytib o‘tish joizki, fuqaro borishni rejalashtirayotgan muayyan xorijiy mamlakat qonunchiligi taqozo etgan taqdirda ushbu davlat elchixonasi yoki konsullik idorasi viza rasmiylashtirib berish uchun fuqarodan biometrik pasport talab qilishga haqlidir.

– Pensiya, nafaqa puli, oylik maosh kabilarni berish uchun fuqarolardan biometrik pasport talab qilinadimi?

– Yo‘q. Pensiya, nafaqa puli, oylik maosh va boshqalarni olish uchun fuqarolardan biometrik pasport talab qilish butunlay asossiz.

– FHDYo bo‘limlarida nikohdan o‘tish niyatida bo‘lgan fuqarolar biometrik pasportga ega bo‘lishlari shartmi?

– Haqiqiy pasportga ega fuqarolar nikohdan o‘tishlari uchun biometrik pasportga ega bo‘lishlari shart emas. Fuqarolar ham biometrik pasport, ham amaldagi nobiometrik pasport asosida FHDYo hamda notarial idoralariga murojaat etishlari, ishga joylashishlari, pasport asosida bajariladigan har qanday harakatni amalga oshirishlari mumkin.

– Muddatsiz pasportga ega bo‘lgan fuqarolar biometrik pasport olishlari shartmi?

– Prezidentimizning nomi yuqorida qayd etilgan farmoni talablariga muvofiq pasport olish yoshiga yetgan barcha fuqarolar 2015-yilning 31-dekabriga qadar biometrik pasport olishlari zarur.

– Fuqarolarimiz orasida biometrik pasport ham almashtirilishi mumkin ekan, degan gaplar quloqqa chalinmoqda. Bunga nima deysiz?

– O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining biometrik pasporti jahon standartlari hamda andozalari asosida ishlab chiqilgan. Yangi pasportlar amal qilish muddati tugagunga qadar muomalada bo‘ladi. Shuni alohida aytib o‘tish joizki, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi biometrik pasporti namunalari O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan diplomatik kanallar orqali dunyoning barcha mamlakatiga yuborilgan va hozirgi kunda biometrik pasportga ega bo‘lgan fuqarolarimiz ham hech qanday to‘siqlarsiz dunyoning barcha mamlakatida harakatlanmoqdalar.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining pasportiga ega bo‘lish yurtdoshlarimiz uchun katta sharafdir. Ushbu hujjat fuqarolarimizning o‘z Vatani, xalqi taqdiriga daxldorligining o‘ziga xos ifodasi bo‘lib, har birimizning davlatimiz himoyasida ekanimizni kafolatlaydi. Shu bilan birga zimmamizga O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi degan yuksak nomga munosib bo‘lishdek ulkan mas’uliyat yuklaydi.

"O‘qituvchi" nashriyot-matbaa ijodiy uyi ("O‘qituvchi" NMIU) umumta`lim maktablari, oliy o`quv yurtlari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari uchun original, tarjima darsliklar, o`quv qo`llanmalar, shuningdek, o`qituvchilar uchun metodik qo`llanmalar nashr etadi. Buyurtma

Batafsil ma`lumot

Biometrik pasport berish izchil davom etmoqda

Yangiliklarni o‘qishni tavsiya etamiz

2-iyul – O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi qabul qilingan kun

Prezidentimiz Islom Karimov 1992-yil 2-iyulda “O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi to‘g‘risida”gi qonunga imzo chekdi...

Birinchi bosqich yakunlandi

O‘zbekiston Professional futbol ligasi qaroriga binoan birinchi liga bahslari 2010-yildan buyon ikki mintaqada o‘tkazilmoqda...

Mashhur yangiliklar

Войти / Регистрация
Закладки
Корзина покупок
Оформление заказа
Интернет-магазин книги в Ташкенте