Yangilangan sana: 2013-07-02 Ko`rilgan: 2748

2-iyul – O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi qabul qilingan kun

Ajdodlarimiz davlat tamg‘asini azaldan muqaddas timsol, deb bilgan. Mahmud Qoshg‘ariy “Devonu lug‘atit turk” asarida tamg‘ani “podshohning hukmdorlik tamg‘asi va muhri”, deb izohlaydi. Mirzo Ulug‘bekning “To‘rt ulus tarixi” kitobida yozilishicha, XIII-XV asrlarda O‘zbekiston hududida savdo karvonlaridan olinadigan soliq “tamg‘a solig‘i”, deb atalgan.

Prezidentimiz Islom Karimov 1992-yil 2-iyulda “O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi to‘g‘risida”gi qonunga imzo chekdi. Bu bilan mamlakatimiz mustaqilligi mustahkamlandi. Xalqimiz o‘zi istagan va tanlagan yo‘l – erkin, obod va farovon hayot barpo etish yo‘lida yana bir muqaddas timsolga ega bo‘ldi. O‘zbekiston xalqi o‘z qadr-qimmatini, tayanchi va suyanchini chuqurroq anglay boshladi.

Sohibqiron Amir Temur tamg‘asida “Kuch – adolatda” ma’nosini anglatuvchi yozuv-muhr bo‘lgan. Ulug‘ bobomiz saltanat asosini ana shu ulug‘ hikmat asosiga qurgan. Bularning barchasi davlat tamg‘asi xalqimiz hayoti va milliy davlatchilik tariximizda ozodlik, g‘urur-iftixor va or-nomus timsoli bo‘lganidan, bobolarimiz uni muqaddas va aziz sanaganidan dalolatdir.

Vatanimiz mustaqilligining dastlabki kunlaridan Prezidentimiz Islom Karimov rahbarligida yangi davlat asosini mustahkamlash, xalqimizga xos va mos yangi jamiyat barpo etish yo‘lida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Davlat ramzlarini, shu jumladan gerb loyihasini ishlab chiqish va qabul qilish jarayoni keng muhokamadan o‘tkazildi. 1992-yil 2-iyul – tariximiz va milliy qadriyatlarimizdan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan davlatimiz gerbi qabul qilingan kun, xalqimiz ozodligining yana bir timsoli sifatida tarixdan joy oldi.

Shu sanadan e’tiboran davlatimiz gerbi tasviri mamlakatimizdagi barcha davlat tashkiloti binolari peshtoqiga o‘rnatildi. Oliy ramzimiz tasviri muhrlarda va davlat idoralari blankalarida, rasmiy nashrlarda, qog‘oz va tanga pullarda, qimmatli qog‘ozlar va fuqarolik pasportida hamda qonunda belgilangan boshqa hujjatlardan joy olmoqda.

O‘zbekiston gerbi davlatimiz chegaralarida o‘rnatildi. Bu mustaqil Vatanimiz tenglar ichra teng bo‘lganining yorqin dalili edi.

Bugun O‘zbekiston yoshlari sport, san’at, ilm-fan yoki boshqa yo‘nalishda xalqaro maydonda g‘alabaga erishar ekan, bayrog‘imiz baland ko‘tarilishi va madhiyamiz baralla yangrashi bilan birga gerbimiz ham o‘zga davlatlar tamg‘asidan yuqoriroq o‘rin egallaydi. Shunday lahzalarda mustaqilligimiz qadr-qimmatini, mamlakatimizdagi tinchlik-osoyishtalikning ahamiyatini yanada chuqurroq anglaymiz.

Gerbimizdagi har bir rang, chiziq, belgi teran ramziy ma’noga ega. O‘ng tomondagi qiyg‘os ochilgan paxta va g‘arq pishgan bug‘doy boshoqlari – xalqimizning mehnati halol, rizqi butun ekanidan dalolatdir.

Gerbning yuqori qismida mamlakatimiz jipsligining ramzi sifatida sakkiz qirrali yulduz tasvirlangan. Musamman ichidagi yarim oy – qo‘lga kiritilgan mustaqilligimizni, yulduz esa xalqimiz hamisha komillikka intilishi va saodatga eltuvchi yo‘lni tanlaganini bildiradi.

Davlatimiz gerbida yashil vodiy (obod turmush) uzra quyosh (mangu yorug‘lik manbai) nur sochayotgan tasvir tushirilgan. Purviqor tog‘lar oralab oqayotgan daryolar – avlodlar osha yashab kelayotgan mangu quvvat timsoli, xalqimiz ko‘zlagan yuksak marralardan dalolatdir.

Gerbimiz markazida saodat, himmat, olijanoblik, omad timsoli bo‘lgan afsonaviy Humo qushi qanotlarini yozib turibdi. Xalqimiz Humoni azal-azaldan baxt va davlat qushi sifatida tasavvur etgan. Bayrog‘imizni ifodalovchi chambar bandida “O‘zbekiston” so‘zi bitilgan.

“O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi to‘g‘risida”gi qonunda belgilanganidek, mamlakatimiz fuqarolari, O‘zbekistonda istiqomat qiladigan barcha shaxs davlatimiz gerbini hurmat qilishlari shart. 2010-yil 25-dekabrdan kuchga kirgan “O‘zbekiston Respublikasining davlat ramzlari haqidagi ayrim qonun hujjatlariga va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun davlatimiz gerbidan foydalanish qoidalarini ham yanada mustahkamladi.

“O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan 5-1-moddaga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining elementlarini nodavlat tashkilotlari hujjatlarining rekvizitlari yoki reklama materiallariga kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. O‘zbekiston gerbining tasviri tushirilgan belgilardan tijorat maqsadlarida foydalanish va nodavlat notijorat tashkilotlarining ramzlari O‘zbekiston gerbiga o‘xshash bo‘lishi mumkin emas.

O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga kiritilgan 203-1-moddaga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi yoki Qoraqalpog‘iston Respublikasining Davlat gerbi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish fuqarolarga eng kam ish haqining uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa uch baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Mazkur yangi qonun xalqimiz, avvalo, yoshlarimiz qalbida davlatimiz ramzlaridan foydalanish madaniyatini shakllantirishga xizmat qiladi. Muqaddas timsollarga hurmat tuyg‘usini tarbiyalaydi, milliy g‘ururni yuksaltiradi.

Har kuni gerbimiz tasviri tushirilgan milliy valyutadan foydalanamiz, uning yuksakdagi tasviridan g‘urur tuyamiz. Chunki O‘zbekiston gerbi – davlatimiz suverenitetini ifodalaydigan muqaddas timsol, xalqimiz or-nomusi va sha’nini mustahkamlaydigan katta bir darslikdir. Zotan, o‘z qadr-qimmatini, tayanchi va suyanchini anglagan xalq o‘z milliy timsollarini hamisha e’zozlaydi, ma’naviyati butun xalqni hech qanday kuch o‘zi tanlagan yo‘ldan chalg‘ita olmaydi.

"O‘qituvchi" nashriyot-matbaa ijodiy uyi ("O‘qituvchi" NMIU) umumta`lim maktablari, oliy o`quv yurtlari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari uchun original, tarjima darsliklar, o`quv qo`llanmalar, shuningdek, o`qituvchilar uchun metodik qo`llanmalar nashr etadi. Buyurtma

Batafsil ma`lumot

2-iyul – O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi qabul qilingan kun

Yangiliklarni o‘qishni tavsiya etamiz

Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga

27-iyun kuni – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni deb e’lon qilingan bu sanaga bu yil...

Biometrik pasport berish izchil davom etmoqda

Prezidentimiz Islom Karimovning 2009-yil 23-iyunda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida pasport tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi...

Mashhur yangiliklar

2015-07-06 Bosma uskuna

Войти / Регистрация
Закладки
Корзина покупок
Оформление заказа
Интернет-магазин книги в Ташкенте