„O‘qituvchi“ nashriyot-matbaa ijodiy uyida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining murojaatlarini ko‘rib chiqishni va ularning ijro etilishini nazorat qilishni tashkil etish to‘g‘risida NIZOM

I. Umumiy qoidalar

1. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, „Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risida“gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni hamda O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligining „O‘zMAAda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining murojaatlarini ko‘rib chiqishni va ularning ijro etilishini nazorat qilishni tashkil etish to‘g‘risida“gi Nizomiga asosan ishlab chiqilgan bo‘lib, „O‘qituvchi“ nashriyot-matbaa ijodiy uyi (keyingi o‘rinlarda „O‘qituvchi“NMIU deb yuritiladi) tomonidan fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqilishini tartibga soladi.

2. „Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risida“gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 3-moddasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari  va  fuqaroligi  bo‘lmagan  shaxslar  davlat organlariga ariza, taklif va shikoyat bilan murojaat etish huquqiga ega.

„O‘qituvchi“ NMIUda fuqarolar o‘zlarining murojaat etish huquqlarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, jamiyat va davlatning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga putur etkazmasliklari shart.

3. Fuqarolarning murojaatlari og‘zaki va yozma shaklda kiritiladi. Fuqarolarning yozma yoki og‘zaki murojaatlari bir xil ahamiyatga ega. Fuqarolarning murojaatlari yakka tartibda yoki jamoa tomonidan berilishi mumkin.

4. Yozma murojaatlarda fuqaroning ismi, familiyasi, otasining nomi, yashash joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan, ariza, taklif va shikoyatning mohiyati  bayon  etilgan bo‘lishi  kerak. Yozma  murojaatlarda  murojaat  etuvchining imzosi  va  xatning  sanasi bo‘lishi lozim. Murojaatga shaxsiy imzo qo‘yish imkoni bo‘lmagan taqdirda, bu murojaatlar uni yozib bergan shaxsning imzosi bilan tasdiqlanib, uning familyasi, ismi, otasining ismi ham yozib qo‘yiladi.

5. „O‘qituvchi“ NMIUda  fuqaroning  familiyasi (ismi, otasining ismi), yashash  joyi  to‘g‘risidagi  ma’lumotlar ko‘rsatilmagan yoki u haqda soxta ma’lumotlar  ko‘rsatilgan,  shuningdek,  imzo qo‘yilmagan yozma murojaatlar anonim deb hisoblanadi va bu turdagi murojaatlar ko‘rib chiqilmaydi.

II. Murojaatlarni qabul qilish va qayd etish

6. „O‘qituvchi“ NMIUda fuqarolarning yozma murojaatlarini qabul qilish, qayd etish va hisobga olish, shuningdek  ijro  etilishini  nazorat qilish Umumiy bo‘lim (devonxona) tomonidan amalga oshiriladi.

7. Fuqarolarning murojaatlari mazmuniga ko‘ra 3 turda: ariza, taklif yoki shikoyat ko‘rinishida bo‘lishi mumkin. Ariza — fuqarolarning o‘z huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarishda yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi  iltimosi  bayon etilgan murojaatdir. Тaklif — fuqarolarning davlat  va  jamiyat  faoliyatini  takomillashtirishga  doir  tavsiyalarini  o‘z  ichiga olgan murojaatdir. Shikoyat — fuqarolarning buzilgan huquqlari, erkinliklari  va  qonuniy  manfaatlarini tiklash to‘g‘risidagi talabi bayon etilgan murojaatdir.

8. „O‘qituvchi“ NMIUga  kelib  tushadigan  barcha  yozma  murojaatlar  Umumiy  bo‘limda  bir  marotaba  ro‘yxatdan  o‘tkaziladi. Ro‘yxatdan  o‘tkaziladigan  murojaat birinchi varag‘ining pastki o‘ng qismiga muhr (shtamp) qo‘yiladi hamda shartli raqam va kelib tushgan sanasi qayd etiladi.

9. Murojaatning  pochta  shtempelidagi  sanasi va qabul qilish vaqtini, murojaat  qiluvchining  manzilini  aniqlash  maqsadida, shuningdek  boshqa zarur hollarda fuqarolarning  yozma  murojaatlari  xatjild (konvert)lari yo‘q qilib tashlanmaydi.

„O‘qituvchi“ NMIU direktori huzuriga og‘zaki murojaat bilan kelgan fuqarolarni  Umumiy bo‘lim ish  yurituvchisi  (kotiba)  qabul qiladi,  uning ismi-sharifi,  qayerdan  kelganligi  haqida  ma’lumot  so‘rab,  fuqarolarni  qabul  qilish  maxsus  jurnalida  qayd  etib  boradi.

10. „O‘qituvchi“ NMIUda  fuqarolarning  yozma  murojaatlari  ariza,  taklif, shikoyat muallif (yoki mualliflari)ga oid ma’lumotlar  Umumiy bo‘limda ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Rahbar rezolutsiyasidan so‘ng, tegishliligi bo‘yicha ijrochilarga beriladi. Ariza, taklif, shikoyatlarni ijrochilarga etkazish „O‘qituvchi“ NMIUga fuqarolardan kelgan yozma murojaatlarni qayd qilish jurnali“gi imzo qo‘ydirish orqali amalga oshiriladi.

11. Fuqarolardan takroriy murojaatlar kelib tushganda Umumiy bo‘lim tomonidan navbatdagi qayd etish raqami bilan ro‘yxatga olinadi, lekin bu murojaat oldingi indeks raqami bilan birga ust xatiga takroriylik belgisi qo‘yiladi,

Тakroriy murojaatlar jumlasiga aynan bir shaxsning birinchi marotaba yozgan arizasi bo‘yicha berilgan javob xatidan, o‘rganish natijasidan yoki ushbu murojaatni o‘rganib  chiqqan  xodimning  xatti-harakatlardan  norozi bo‘lib og‘zaki yoki yozma  murojaat  qilishi  kiradi. Jurnalga  murojaatning takroriyligi to‘g‘risida  ma’lumot  kiritib  qo‘yiladi.

12. Murojaatning dublikati deb bir shaxs tomonidan aynan bir masala yuzasidan berilgan murojaatning nusxasi yoki bir masala bo‘yicha ilgari asoslangan javob  berilgan  bo‘lishiga  qaramasdan  aynan shu mazmunda qayta yozma murojaatlari hisoblanadi.

III. Murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi va muddatlari

13. Murojaatlarda ko‘tarilgan masalalar „O‘qituvchi“ NMIU vakolati doirasiga  kiradigan,  dolzarb va muhim ahamiyatga ega bo‘lgan barcha ariza, taklif va shikoyatlar rahbar topshirig‘iga asosan nazoratga olinadi.

14. Fuqarolarning murojaatlari „O‘qituvchi“ NMIU tomonidan  har  tomonlama mukammal va xolisona o‘rganib chiqilmaganligi, ularni qayta ko‘rib chiqish natijasi  bo‘yicha  yuzaki  javob  berilganligidan  norozi bo‘lib, takroran yozilgan shikoyatlar  rahbariyat  rezolutsiyasiga  asosan qayta  nazoratga olinadi.

15. Fuqarolarning  murojaatlarida qo‘yilgan masalalarni hal etish „O‘qituvchi“ NMIU  vakolat  doirasiga  kirmaydigan  bo‘lsa, uzog‘i bilan 5 kunlik muddat  ichida  asoslantirilgan  tushuntirish  bilan  fuqaroning  o‘ziga  qaytariladi.

16. Fuqarolarning shaxsiy qabuli vaqtida esa murojaatda ko‘tarilgan masalalarni  hal  etish NMIU vakolatiga  kirmagan  taqdirda,  ularga  bu masalada qaysi  davlat  organi  yoki muassasasiga murojaat  qilish  huquqi tushuntiriladi.

17. Murojaatlarda  bir  nechta  bo‘lim  va tahririyatlarning  vakolat  doirasiga  taalluqli masalalar bo‘lsa, ijrochilar orasida birinchi bo‘lib qayd etilgan bo‘lim  boshlig‘i  ijro  uchun   mas'ul bo‘lishi  bilan  bir   qatorda  boshqa  ijrochilar  ham belgilangan muddatda ijrosini ta'minlash va sifatli ijro etilishi uchun javobgar hisoblanadi.

Ijrochi (yoki ijrochilar) tomonidan murojaat  bo‘yicha  to‘la hajmda o‘rganish o‘tkazilib, yagona topshiriq tayyorlanishi, shuningdek, murojaatga taalluqli javoblarni birinchi ijrochi boshqa (boshchqa ijrochilar o‘rganish natijalari bo‘yicha  o‘z javoblarini murojaatning so‘nggi ijro muddatidan kamida 1 kun oldin taqdim etishlari shart) ijrochilardan olib, dastlabki yoki yakuniy javoblar yuborilishini ta'minlaydi.

18. Murojaatlarning  to‘liq   va  xolisona  hal  etilishini   ta'minlash  maqsadida  zarur  hollarda  tekshirishlarga  tegishli  mutaxassislar  hamda murojaat  mualliflari ham jalb etilishi mumkin.

19. Murojaatlari ko‘rib hal etilgandan keyin, barcha materiallar NMIU Umumiy  bo‘limi  yig‘majildlarida  saqlanadi  va  hujjatlar yig‘majildda indeks raqami bo‘yicha tikib boriladi. Qo‘shimcha murojaat qilinganda yoki qo‘shimcha  hujjatlar  kelib  tushganda, ular  tegishli  indeks  raqamidagi  hujjatlar yoniga tikib qo‘yiladi.

20. Hujjatlarning   saqlanish  muddati  belgilangan  tartibda  amalga  oshiriladi. Fuqarolardan  kelib tushgan murojaatlar  NMIU  Umumiy  bo‘limida qoida tariqasida 2 yil muddatgacha saqlanadi va bu muddat o‘tgach, belgilangan tartibda arxivga topshiriladi.

21. Qonun hujjatlariga muvofiq fuqarolarning murojaatlari ko‘rib chiqishning  quyidagi  muddatlari  o‘rnatilgan: fuqarolarning  takliflari tushgan kundan e'tiboran  1 oygacha  bo‘lgan muddat ichida ko‘rib chiqiladi, qo‘shimcha o‘rganish  talab etiladigan takliflar bundan mustasno va bu  haqda  taklif kiritgan shaxsga 10 kunlik muddat ichida ma’lum qilinadi.

Ariza yoki shikoyatlarda keltirilgan masalani hal etish mohiyatan NMIU vakolati  doirasiga  kiradigan  bo‘lsa,  murojaat  kelib  tushgan  kundan  e'tiboran 1 oygacha bo‘lgan muddat ichida, qo‘shimcha o‘rganishni va tekshirishni talab etmaydigan ariza yoki shikoyatlar esa 15 kundan kechiktirmay ko‘rib chiqiladi.

Ariza yoki shikoyatni ko‘rib chiqish uchun tekshirish o‘tkazish, qo‘shimcha materiallar  talab  qilib  olish  yoki  boshqa  chora-tadbirlar  ko‘rish  zarur  bo‘lgan hollarda, ariza yoki shikoyatni ko‘rib chiqish muddati NMIU direktori yoki uning o‘rinbosarlari tomonidan istisno tariqasida uzog‘i bilan 1 oyga uzaytirilishi  mumkin va bu haqda ariza yoki shikoyai bergan shaxsga ma’lum qilinadi.

Nazoratdagi murojaatlarning ijro muddati aynan nazoratga olgan rahbar tomonidan  uzaytirilishi  mumkin. Ayrim  hollarda, NMIU direktori  tomonidan murojaatlarni  ko‘rib chiqishning  qisqartirilgan  muddati  belgilanishi  mumkin. Murojaatlarning ijro muddati qayd qilingan sanadan boshlab hisoblanadi.

22. Fuqarolar  murojaatlariga  javoblar 3 nusxada tayyorlanadi: dastlabki nusxa bo‘lim, tahririyatning ish faoliyati uchun; 2-nusxa  ijrochi sifatida bo‘lim  boshlig‘ining  imzosi  qo‘yilgan  holda  Umumiy  bo‘limda  qoladi; hujjatning asli nusxasi blankka chiqarilib, u NMIU direktori imzosi bilan ariza, shikoyat,  taklif  muallifining  manziliga  yuboriladi. Fuqarolarning  yozma  yoki og‘zaki shaklidagi murojaatlariga javob yozma shaklda beriladi.

23. Fuqarolarning  murojaatlari  murojaatda  qo‘yilgan barcha masalalar qonun talablariga muvofiq ko‘rib chiqilib, qabul qilingan qaror haqida muallifga xabar berilgandan keyingina tugallangan hisoblanadi.

24. Oraliq  javoblar  berilgan va mazmunan to‘liq ko‘rib chiqilmagan murojaatlar nazoratdan olinmaydi hamda nazorat kartochkalari va maxsus jurnallarga  ish  jarayonida yoki muddati o‘tgan murojaatlarga qo‘shiladi va hisobda inobatga olinadi.

25. NMIUda fuqarolar murojatlari bo‘yicha (1—4-ilovalar), NMIUning statistik hisobotida NMIUdan kelib tushgan va ko‘rib chiqilgan murojaatlar sifatida aks ettiriladi (5—6-ilovalar).

IV. Fuqarolarning shaxsiy qabulini tashkil qilish tartibi

26. NMIUning ish yurituvchilari (kotibalar)  fuqarolarni qabul qilish, shuningdek NMIU rahbariyati  qabuliga  kelgan  fuqarolarning  shaxsiy  qabulini tashkillashtirish  bilan  bog‘liq ishlarni amalga oshiradi.

27. NMIUda  fuqarolarning  shaxsiy  qabuli  tegishli  tartibda  tasdiqlangan jadvalga  (7-ilova)  asosan  NMIU  direktori va uning o‘rinbosarlari, shuningdek,  zarur hollarda bo‘lim boshliqlari va mas'ul xodimlar tomonidan amalga oshiriladi.

NMIU direktori va uning o‘rinbosarlari qabuliga fuqarolar belgilangan muddatlarda va asoslarda kiradilar.

Fuqarolarni qabul qilish, ularni og‘zaki murojaatlari bo‘yicha NMIU rahbariyati  qabuliga kiritish uchun qabulxonada fuqarolarni tegishli qayd etish jurnaliga  zarur ma’lumotlar  kotibiyat  xodimlari  tomonidan  qayd etilib, rasmiylashtirib boriladi. Bunda kotibiyat xodimlari har oy yakuni bo‘yicha  ma’lumotlarni  huquq-maslahatchi  va Umumiy  bo‘lim  etakchi  mutaxassisiga  berib boradi. Huquq-maslahatchi hamda Umumiy bo‘lim etakchi mutaxassisi fuqarolarning og‘zaki va yozma  murojaatlari haqida tegishli ma’lumotlarni umumlashtirib, tahlil  qilingan ko‘rinishda O‘zbekiston Matbuot va axborot  agentligiga  axborot tarzida taqdim etadi.

28. NMIU  direktori  va  uning  o‘rinbosarlari  qabulida  bo‘lgan  fuqarolarning yozma va  og‘zaki  murojaatlari fuqarolarni qabul qilish kitobiga tegishli tartibda  qayd  etilib,  ro‘yxatga  olinadi  va NMIU  rahbariyatining rezolutsiyasi bilan  nazoratga olinib, bo‘lim  va tahririyatlarga  ijroga topshiriladi.

29. NMIU rahbari  tomonidan  fuqarolarning shaxsiy  qabuli  vaqtida huquq-maslahatchi (kotib sifatida) va  masalaning  taalluqliligi bo‘yicha korxona kasaba uyushmasi raisi, tegishli bo‘lim boshliqlari, tahririyatlar etakchi muharrirlari hamda muhim masalalar yuzasidan boshqa taklif etilgan mas’ul xodimlar  ishtirok  etishlari  mumkin.

30. NMIU  qabulxonasiga  ariza,  taklif  va  shikoyat   bilan  kelgan  fuqarolarga zarur hollarda murojaatlari bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar beriladi, shuningdek og‘zaki murojaatlari „O‘qituvchi“ NMIUda qabulga keluvchi fuqarolarni ro‘yxatga olish jurnali“ga qayd etilib, ro‘yxatga olinadi.

Mazkur jurnalda fuqaroning familiyasi, nomi, otasining ismi, turar-joyi haqidagi,  shuningdek,  murojaatning qisqacha mazmuni, qabul qilgan mas’ul xodim  va  uning  lavozimi  to‘g‘risidagi  ma’lumotlar  qayd  etiladi.

31. NMIUda fuqaroni  qabul qilish, agar  uning  bir necha bor qilgan murojaati  asossiz, qonunga  xilof  xususiyatda bo‘lsa yoki uning murojaati bo‘yicha  qaror  qabul  qilib  bo‘lingan  bo‘lsa,  rad etilishi mumkin.

32. NMIUda  qabulga  kelgan  fuqarolar  uchun  rahbarning  familiyasi,  ismi, otasining  ismi  qayd etilgan, shaxsiy qabul kunlari va vaqti haqidagi ma’lumotlar  aks  ettirilgan  devoriy  jadval  bo‘lishi  shart.

V. Fuqarolarning NMIU xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari ustidan bergan shikoyatlarini ko‘rish tartibi

33. Fuqarolarning NMIU direktor o‘rinbosarlari, bo‘lim, sex va tahririyatlar  boshliqlarining  noqonuniy   xatti-harakatlari  ustidan  kelib  tushgan shikoyatlari NMIU direktori  tomonidan  alohida  nazoratga olinib, ijrosini ta’minlash  bo‘yicha tegishli yozma ko‘rsatmalar bilan darhol Kadrlar va mutaxassislar tayyorlash bo‘limi va huquq-maslahatchiga ijroga beriladi.

34. Fuqarolarning mansabdor shaxslarning noqonuniy xatti-harakatlari ustidan  berilgan  shikoyatlarida  ko‘rsatilgan alohida ahamiyatga ega bo‘lgan faktlar  va voqealar bo‘yicha Kadrlar va mutaxassislar tayyorlash bo‘limi va huquq-maslahatchi tomonidan direktor topshirig‘iga asosan xizmat tekshiruvi o‘tkaziladi  yoki  ariza,  shikoyatlar  reja-jadvalga  muvofiq  maqsadli (kompleks) o‘rganiladi.

NMIUda  mansabdor  shaxslarning  xatti-harakatlaridan  norozi  bo‘lib yozilgan  anonim  murojaatlar  Kadrlar  va  mutaxassislar  tayyorlash bo‘limi hamda  huquq-maslahatchi  tomonidan  xodimlarni  hushyorlikka  chaqirish,  ularning intizomini  yaxshilash  va  boshqa  chora-tadbirlarni  belgilab  olish  maqsadida, ma’lumot  sifatida  ko‘rib  chiqiladi.

35. NMIUda mansabdor shaxslarning noqonuniy xatti-harakatlari ustidan kelib tushgan  shikoyatlari  bo‘yicha  topshiriqlarni nazoratdan olish faqat  uning ijrosini nazoratga olish haqida ko‘rsatma bergan NMIU direktori tomonidan amalga oshiriladi.

VI. Murojaatlarni  anonim  deb  topish  va  ko‘rmasdan  qoldirish

36. Murojaatni anonim deb topish uni ko‘rib chiqish uchun mas'ul bo‘lgan xodim tomonidan amalga oshiriladi.

37. Murojaatni  ko‘rib  chiqish  uchun  mas'ul  bo‘lgan  xodim  2  kunlik  muddatda murojaatni  anonim  deb  topish   to‘g‘risida xulosa  tuzadi.  Xulosada  murojaatni anonim deb topish asoslari to‘liq ko‘rsatilishi shart.

38. Anonim deb  topish  to‘g‘risidagi  xulosa  xodim va   bo‘lim  boshlig‘i  tomonidan imzolanadi.

39. Anonim  deb  topilgan  murojaatlar  xulosa  tasdiqlangan  vaqtdan  e’tiboran ijrodan olinadi.

VII. Fuqarolarning murojaatlari  bilan bog‘liq ishlarni nazorat  qilish

40. Umumiy bo‘lim (devonxona) NMIU rahbariyati tomonidan bo‘lim va tahririyatlarga ijroga berilgan fuqarolarning murojaatlari belgilangan muddatlarda  ko‘rib  chiqilishi  ustidan  doimiy  ravishda  nazorat  olib  boradi.

41. Huquq-maslahatchi  tomonidan NMIUda fuqarolarning murojaatlarini qonunchilik  doirasida  ishning  holatini  davriy  tekshirilib  turilishi, maqsadli o‘rganib turilishi mumkin.

Ayrim  hollarda  huquq-maslahatchi  murojaatlar yuzasidan tegishli hujjatlarni olib  o‘rganadi  hamda  bir  vaqtning  o‘zida  murojaatda  keltirilgan vajlarga  aniqlik   kiritish   maqsadida  ijrochi — mas’ul  xodim  bilan  bog‘lanib, undan  tushuntirish   talab   qilishga  haqli,  natijasi  bo‘yicha rahbariyatga tegishli choralar ko‘rish bo‘yicha takliflar kiritadi.

42. Murojaatlar ijrosini o‘z vaqtida yoki lozim darajada ta’minlanmasligining oldini olish maqsadida, Umumiy bo‘lim murojaatlar bo‘yicha berilgan  topshiriqlarni  bajarilishi kechiktirilayotganligi  haqida  o‘z  vaqtida NMIU rahbariyatiga axborot berib boradi.

43. Huquq-maslahatchi   fuqarolarning   murojaatlarini  ko‘rib  chiqish  jarayonida qonunchilikda belgilangan talablarning buzilishiga yo‘l qo‘ygan xodimlardan tushuntirish  xati oladi va ushbu xodimlarga nisbatan tegishli ma’muriy choralarni ko‘rish to‘g‘risida rahbariyatga taklif kiritadi.

44. Umumiy bo‘lim NMIU bo‘yicha fuqarolar murojaatlarining ko‘rib chiqilishi va ularning ijrosi yuzasidan to‘liq ma’lumotni har oyning 25 sanasiga  rahbariyatga taqlim etadi.

VIII. Murojaatlar ko‘rib chiqilishida fuqarolarning huquqlari va NMIU xodimlarining majburiyatlari

45. Murojaat ko‘rib  chiqilayotganda fuqaro murojaatning ko‘rib chiqilishi jarayoni  haqida  axborot olish, vajlarini  shaxsan  bayon etish va izohlar berish, murojaatni tekshirish materiallari hamda ko‘rib chiqish natijalari bilan tanishish, qo‘shimcha materiallar taqdim etish yoki ularni boshqa organlardan so‘rab olish to‘g‘risida iltimos qilish, advokat yoki o‘z vakili xizmatlaridan foydalanish huquqiga egadir.

46. Murojaatni ko‘rib chiqayotgan NMIU bo‘limining mas'ul xodimlari fuqarolarga ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga daxldor hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini  ta’minlashlari kerak.

47. Fuqaroning   murojaatini   ko‘rib   chiqqan   mansabdor   shaxs  unga  murojaatni  ko‘rib  chiqish  natijalari  to‘g‘risida  va  qabul  qilingan  qarorning mohiyati haqida yozma shaklda xabar qilishi shart.

Ariza yoki shikoyat  yuzasidan  qaror  qabul  qilgan mansabdor shaxs agar fuqaro qarorga  rozi  bo‘lmasa unga qabul  qilingan  qaror  ustidan  shikoyat  berish tartibini javob xatida tushuntirishi lozim.

IX. Murojaatlarga javob berish muddatlari va belgilangan tartibni buzganlik uchun javobgarlik

48. Fuqarolarning  murojaatlarini  qabul  qilish  va  ko‘rib  chiqishni  asossiz ravishda  rad  etish,  ularni ko‘rib chiqish muddatlarini uzrli sabablarsiz buzish, qonunga zid qaror qabul qilish, fuqaroning buzilgan huquqlari tiklanishini  hamda  shikoyat  munosabati  bilan  qabul qilingan qaror bajarilishini ta’minlamaganlik, fuqaroga uning huquq va erkinliklari hamda qonuniy  manfaatlariga daxldor bo‘lgan hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini berishni asossiz ravishda rad etish yoki fuqarolarning shaxsiy hayotiga doir ma’lumotlarni ularning roziligisiz oshkor etish, fuqaroni murojaat qilganligi uchun ta’qib qilish, shuningdek „Fuqarolarning  murojaatlari  to‘g‘risida“gi  O‘zbekiston Respublikasi Qonuni  va  boshqa  qonunosti  hujjatlarni  boshqacha tarzda buzish holatlari qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.

49. „O‘qituvchi“ NMIU  direktori  va direktor o‘rinbosarlari, bosh  muharrir, bo‘lim boshliqlari,  tahririyatlar yetakchi muharrirlari hamda ish yuritish, hujjat ijrosi va  uning nazorati uchun mas’ul xodimlar  ushbu Nizom talablariga qat’iy  rioya etilishi va uning xizmatda to‘g‘ri foydalanilishi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgardirlar.

Войти / Регистрация
Закладки
Корзина покупок
Оформление заказа
Интернет-магазин книги в Ташкенте