Biz haqimizda

"O'qituvchi" nashriyot-matbaa ijodiy uyi 1936- yilda tashkil etilgan bo'lib, dastlab "O'quvpeddavnashr", keyinroq "Oliy va o'rta maktab", "O'qituvchi" nashriyoti nomi bilan faoliyat ko'rsatib kelgan.

2004- yil sentabr oyidan boshlab O'zbekiston Matbuot va axborot agentligining 2004- yil 24- iyuldagi 95- sonli buyrug'iga muvofiq Toshkent kitob-jurnal fabrikasi bilan birlashib, "O'qituvchi" nashriyot-matbaa ijodiy uyi sifatida faoliyat olib bormoqda.

"O'qituvchi" nashriyot-matbaa ijodiy uyi darsliklar, turli qo'llanmalar, keng kitobxonlar ommasi uchun adabiyotlar, ma'lumotnomalar, lug'atlar, bolalar uchun turli adabiyotlar va boshqa turdagi bosma mahsulotlarni chop etish bo'yicha 70 yildan ortiq tajribaga ega.

Nashriyot-matbaa ijodiy uyi O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, O'rta maxsus kasb-hunar ta'limi markazi, Respublika ta'lim markazi, respublikadagi deyarli barcha oliy o'quv yurtlari, ilmiy tadqiqot va malaka oshirish institutlari, keng mualliflar jamoasi, taqrizchilar, maxsus muharrirlar hamda boshqa turli buyurtmachi tashkilotlar bilan yaqin hamkorlikda ish olib boradi.

"O'qituvchi" nashriyot-matbaa ijodiy uyi o'z nomidan kelib chiqqan holda o'z yo'nalishiga ega bo'lib, respublikamizdagi ko'plab o'qituvchilar — fan fidoyilari bilan hamkorlikda ishlab keladi.

Nashriyot-matbaa ijodiy uyida bir qancha sohalar bo'yicha tahririyatlar mavjud bo'lib, ularda ona tili, adabiyot, fizika, matematika, pedagogika kimyo, tarix, geografiya, rus tili, chet tillar bo'yicha malakali muharrirlar, mutaxassislar faol mehnat qilib keladilar. Nashriyotda shuningdek, kompyuter texnikasi sohasida o'z ishining ustasi bo'lgan malakali kompyuterchilar, rassom-dizaynerlar mavjud.

Nashriyot-matbaa ijodiy uyi umumta'lim maktablari uchun darsliklarni lotin imlosiga asoslangan o'zbek alifbosida, shuningdek, rus, tili, chet tili hamda qozoq, qirg'iz, tojik, turkman va qoraqalpoq tillarida chop etmoqda. Nashriyot maktab darsliklaridan tashqari akade¬mik litsey va kasb-hunar kollejlari hamda oliy o'quv yurtlari uchun ham darslik va qo'llanmalarni nashr etadi. Darsliklar yaxshi qog'ozda chop etilishi, badiiy bezalishi va yuqori matbaa ijrosi bilan ajralib turadi.

"Ona tili", 4- sinf, "O'zbek tili", 4- sinf "Matematika", "Jismoniy tarbiya", 3—9- sinflar, "Ingliz tili" 5—8- sinflar, "Nemis tili", 5—8- sinf, "Astronomiya" darsliklarini hamda Xalq ta'limi vazirligining tanlovlari g'olibi bo'lgan "Algebra" 7—9- sinflar, "Geografiya" 6—7- sinflar darsliklarini hamda shu darsliklarning o'qituvchilarga mo'ljallangan metodik qo'llanmalarini va boshqa bir qator darsliklarni bularga misol qilib keltirish mumkin.

Akademik litsey va kasb-hunar kollejlari uchun chop etilgan darslik va qo'llanmalarning mavzulari ham rang-barangligi bilan ajralib turadi. Jumladan, "O'zbekiston tarixi", "Bolalar adabiyoti", "Xirurgiya", "Texnik chizmachilik", "Kimyo", "Astronomiya", "Algebra", "Fizika" va boshqalar shular jumlasidandir.

Nashriyot-matbaa ijodiy uyi maktab yoshidagi bolalar va kichkintoylar uchun yangi imloni o'rganishga oid "Kichkintoylar alifbosi", "Maktabga tayyorlanamiz" "Sanashni o'rganaman", "Matematika" "Husnixat" singari kitoblar bilan birga bolalar uchun uch jildlik "O'zbek xalq ertaklari", "Rus xalq ertaklari", "O'zbekcha-ruscha rasmli lug'at", "O'zbekcha-inglizcha-ruscha so'zlashgich" va boshqa bir necha xil lug'atlarni, shuningdek, ikki jildlik "O'zbek bolalar adabiyoti antologiyasi", "Qobusnoma", "O'zbek taomlari" singari kitoblarni ko'pchilikka manzur bo'ladigan qilib, sifatli va chiroyli bezakli qilib nashr etdi.

Ayniqsa "Boburnoma" hamda "Boburnoma. Miniaturalar" ikki jildlik kitoblarining hozirgi o'zbek adabiy tilida chop etilishi katta voqea bo'ldi.

Ushbu kitob Moskvada har yili o'tkaziladigan "Kitob yaratish san'ati" xalqaro ko'rgazmasida Nufuzli diplomga ega bo'ldi.

"O'qituvchi" nashriyot-matbaa ijodiy uyi darsliklar, boshqa turdagi xilma-xil kitoblar chop etish, shuningdek, turli matbaa mahsulotlari — plakatlar, daftarlar, albomlar, kundaliklar, turli xil qog'oz mahsulotlari, taklifnomalar, bukletlar, yubiley papkalari, reklama-axborot bosma mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zamonaviy matbaa texnikasiga ega bo'lib, buyurtmalarni tez va sifatli bajarishni kafolatlaydi.

"O'qituvchi" NMIU ning matbaa bazasi to'liq yakunlangan texnologik ishlab chiqarish siklidan iborat. Chop etishgacha bo'lgan jarayonlar "HEIDELBERG" bazasi negizida yaratilgan zamonaviy izostudiyada, chop etish ishlari "RYOBI-754", "RYOBI-754p", "SPEEDMASTER", "PLANETA VARIANT", "ZIRKON 66" "DOMINANT" mashinalarida, muqovalash jarayonlari "KOLBUS" liniyasida bajariladi. Shuningdek, matbaa korxonasidagi dunyoga mashhur bo'lgan "PERFEKTA", "HORISON", "SIGLOCH" va boshqa kompaniyalar tomonidan ishlab chiqarilgan uskunalar matbaa xizmatlarini yuqori darajada bajarishga imkon beradi.

Nashriyot-matbaa ijodiy uyining kitob va risolalar chop etish bo'yicha yillik quvvati 12—13 mln. nusxani tashkil etadi.

Manzillar: Toshkent, 100129
Yunusobod tumani, ЯНГИШАХАР ko'chasi, 1-uy, "O'qituvchi" NMIU; Tel: (+99871) 224-05-61
Navoiy ko'chasi, 30 uy, "O'qituvchi" NMIU; Tel: (+99871) 244-92-65

Войти / Регистрация
Закладки
Корзина покупок
Оформление заказа
Интернет-магазин книги в Ташкенте